Bibliografik yozuv — bibliografik axborot elementi va bibliografik qidirish maqsadida hujjatning tarkibi va mazmuni haqidagi rasmiy ma’lumot bo‘lib, odatda, o‘ziga xos ahamiyatga, funksiyaga, aniq axborot berishga mo‘ljallangan bir qancha elementlardan tashkil topadi. Bibliografik yozuv turli xil bibliografik qo‘llanmalarni tuzish, kutubxona kataloglarini tashkil etish va boshqa maqsadlarda qo‘llaniladi. Shuning o‘zi uning turlitumanligini va xususiyatini ko‘rsatadi. Xususan, an’anaviy va elektron kataloglarda qo‘llaniladigan bibliografik yozuvlarda, albatta, nashrni fondda saqlash shifri ko‘rsatiladi. Umumlashma bibliografik yozuvda qayta nashr haqidagi, bir nashrning yoki hujjatning bir necha xil tarjimalari va unga berilgan taqrizlar haqidagi ma’lumotlar to‘planadi. Masalan, taqrizlar haqidagi bibliografik yozuv ikkita yozuvni birlashtiradi: hujjatning bibliografik yozuvi va taqrizning bibliografik yozuvi. Bibliografik yozuvlar unga kiritilgan elementlarning tarkibiga ko‘ra ham ajratiladi. Bular: tafsiv boshi, bibliografik tavsif, annotatsiya yoki referat, indekslash tushunchalari, hujjatni saqlash shifri, yo‘naltirish, xizmatga oid ma’lumotlar. Har bir element hujjat xarakterini u yoki bu darajada ochib beradi. Bibliografik axborotning murakkab shakli bibliografik qo‘llanmalardir.