Ma’muriy-huquqiy shartnomalar ijro etuvchi hokimiyat organlarining kontrol-nazorat vakolatlarini, shuningdek, shartnoma munosabatlariga kiruvchi ikkinchi tomonga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash mumkinligini nazarda tutadi.
Ma’muriy-huquqiy shartnomalarga ijro etuvchi hokimiyat organlarining turli xil mahsulotlar yetkazib beruvchi korxonalar bilan tuzgan shartnomalarini ham kiritish mumkin. Lekin bunda korxonalarning soliq sohasida, kredit olishda, ma’lum bir budjet mablag‘laridan foydalanishda imtiyozlarga ega bo‘lishi nazarda tutilishi lozim.
Ijro etuvchi hokimiyat sohasida vakolatlarni taqsimlash va quyiga berish bo‘yicha tuzilgan hamda o‘z vakolatlarini beruvchi ijro etuvchi hokimiyat yuqori organining bevosita nazorati ostida va shartnoma shartlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan tomonning javobgarligi nazarda tutilgan shartnomalarni ma’muriy- huquqiy shartnomalarga kiritish mumkin.
Ma’muriy-huquqiy shartnomalarni huquqiy tartibga solishda quyidagilarni inobatga olish kerak:
ma’muriy-huquqiy shartnomalar kompetensiya doirasida ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan yoki bunday shartnomalarni tuzish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs
(boshqaruv organi rahbari yoki maxsus ishonchnoma asosida boshqa mansabdor shaxs) tomonidan tuzilishi mumkin, agar, shartnomaning ishtirokchisi sifatida kollegial organ namoyon bo‘lsa, shartnoma tuzilganidan so‘ng, u vakolatli organ mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim;
shartnoma munosabatlari ishtirokchilarining biri tomonidan majburiyatlar bajarilmagan yoki yetarli darajada bajarilmaganida, ijro etuvchi hokimiyat organi shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishi va aybdor tomonga nisbatan mazkur shartnomada nazarda tutilgan iqtisodiy va boshqa sanksiyalarni qo‘llash vakolatiga ega bo‘lishi kerak;
ijro etuvchi hokimiyat organi shartnoma munosabatlariga kirishganida, uning ijro etilishini nazorat qilish, barcha hujjatlar bilan tanishib chiqish, shartnoma subyektlarining faoliyatini tekshirish vakolatiga ega bo‘lishi kerak. Nazoratni amalga oshirish tartibi va uslublari shartnomaning o‘zida nazarda tutilishi lozim;
ijro etuvchi hokimiyat organi nazarda tutilmagan holatlar- ning vujudga kelishi bilan shartnomani bir tomonlama tartibda, uning moliyaviy va boshqa muhim shartlarini buzmagan holda, o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Mazkur shartnoma bo‘yicha vujudga keladigan barcha nizolar ma’muriy va sud tartibida hal qilinishi darkor;
shartnoma munosabatlari subyektlari ustidan shikoyat qilish va prokurorning mazkur shartnoma va uning ijrosi ustidan protesti
ma’muriy sudlar tomonidan, ularning tashkil etilishiga qadar esa, tegishli sudlar (masalan, xo‘jalik sudlari) tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Shartnomalarni tuzish va ijro etishda, belgilangan doirada, fuqarolik qonunchiligi bilan o‘rnatilgan shartnomalarning umumiy talablaridan foydalanish kerak. Masalan, shartnoma shakli; shartnomalarda o‘rnatiladigan muddatlar; shartnoma ishtirokchilari va ularning ma’muriy-huquqiy holati; shartnomalarni ijro etish; shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash; shartnoma shartlarini buzganlik uchun javobgarlik; shartnoma shartlarini o‘zgartirish va uni bekor qilish va hokazo.
Boshqaruv faoliyatida ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan barcha
harakatlarni ham huquqiy aktlarni qabul qilish yoki ma’muriy- huquqiy shartnomalarni tuzishga (ya’ni huquqiy shakllarga) kiritish mumkin emas. Boshqaruv faoliyatida amalga oshiriladigan ko‘pdan-ko‘p harakatlar (nohuquqiy shakllar) mavjudki, ular huquqiy shakllarning amalga oshirilishida xizmat qiladi.
Boshqaruv faoliyatining nohuquqiy shakllari – ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat-hokimiyat vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq emas. Bunday shakllarni qo‘llash yuridik oqibatlarni keltirib chiqarmaydi, ma’muriy-huquqiy munosabat- larni vujudga keltirmaydi yoki ularni o‘zgartirmaydi. Shu sababli ham, bu shakllar «nohuquqiy» deb ataladi. Nohuquqiy shakl – huquqqa (qonunga) xilof shakl degani emas, balki biron-bir huquqiy oqibatni keltirib chiqarmaydigan shakldir.
Deyarli barcha adabiyotlarda, nohuquqiy shakllarga bir xil ta’rif berilgan, ya’ni nohuquqiy shakllar — davlat organlarining hokimiyat vakolatini amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lma- gan va yuridik oqibatlarni vujudga keltirmaydigan boshqaruv fao- liyatining shakli hisoblanadi. Boshqaruv faoliyatining nohuquqiy shakllari ikkiga: tashkiliy va moddiy-texnik harakatlarga bo‘linadi.
Boshqaruv faoliyati (harakatlari)ning nohuquqiy shakllari: Tashkiliyharakatlaryokitadbirlarniamalgaoshirish(masa-
lan, majlislar o‘tkazish, ilg‘or va namunali tajribani, boshqaruv- ning salbiy holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatish); uslubiy ko‘rsatmalarni tayyorlash; joylarda ijrochilarga ko‘maklashish va boshqalardan iborat.
Tashkiliy harakatlar yoki tadbirlar boshqaruv faoliyati jarayo- nida qo‘llanilib, huquqiy munosabatlarni vujudga keltirmaydi, o‘zgartirmaydi yoki bekor qilmaydi. Ular boshqaruv funksiyalarini amalga oshirmaydi.
Moddiy-texnik harakatlar, ya’ni davlat-xizmat faoliyati sa- maradorligini ta’minlashga qaratilgan va ish yuritish, ro‘yxatga olish, rasmiylashtirish, hujjatlar, ma’lumotlar, materiallarni ko‘paytirish va yuborish, axborotlar bilan ishlash, analitik hisob yuritish, moddiy-texnik ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan bosh- qaruv faoliyatining shakllari.
Boshqaruv faoliyatining bu shaklini amalga oshirish nafaqat xodimlarning yuqori tayyorgarlikka ega bo‘lishiga, balki davlat
boshqaruvi organlarining ma’lum bir texnika bilan jihozlanganligiga ham bog‘liqdir.
Moddiy-texnik harakatlar boshqaruv tizimini samarali tashkil etish va moddiy ta’minlashga, boshqaruv harakatlarini shakllantirishga, maxsus texnikani qo‘llashga xizmat qiladi.
Moddiy-texnik operatsiyalar ko‘p qirrali bo‘lib, boshqaruv jarayonini tayyorlash va amalga oshirishning muhim xususiyatlarini o‘z ichiga oladi. Bu nafaqat ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifalari va funksiyalarini amalga oshirish jarayonini ta’minlovchi tayyorlov-texnik faoliyat hisoblanadi, balki ular huquqiy va maqsadga muvofiq yo‘naltirilgan xususiyatga ham egadir.
Ba’zi yuridik adabiyotlarda, moddiy-texnik operatsiyalar tashkiliy harakatlardan farq qilgan holda, boshqaruv faoliyatining shakli sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emasligi eslatib o‘tilgan. Chunki ular ko‘maklashish (yordam berish) xususiyatiga egadir. Bundan tashqari, ular ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirishni ifoda etmaydi; bu harakatlarni boshqaruv xodimlari emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi xodim amalga oshiradi1.
Nazorat uchun savol va topshiriqlar
Boshqaruv shakli deganda nimani tushunasiz?
Boshqaruv shakllarining o‘ziga xos xususiyatlari nimada?
Ma’muriy-huquqiy shakllarni tasniflab bering.
Boshqaruvning huquqiy shakllari haqida so‘zlab bering.
Boshqaruv huquqiy aktlari deganda nimani tushunasiz?
Boshqaruv huquqiy aktlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aytib bering.
Boshqaruv huquqiy aktlarining yuridik ahamiyati haqida so‘zlab bering.
Normativ-huquqiy aktlar va ularning o‘ziga xos xususiyatlari nimalarda ifodalanadi?
Individual (yakka) huquqiy aktlar deganda nimani tushunasiz?
Ma’muriy-huquqiy shartnomalar qanday xususiyatlarga ega?
Boshqaruv nohuquqiy shakllarining huquqiy shakllardan farqini aytib bering.
Tashkiliy harakatlar nima?
Moddiy-texnik harakatlar deganda nimani tushunasiz?