Siyosiy funksiyasi. Konstitutsiya jamiyat siyosiy tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi; siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalarining davlat hokimiyati bilan munosabatlarini muvofiqlashtiradi;
saylovlar va referendum kabi bevosita demokratiya institutlarini mustahkamlash orqali jamiyatda siyosiy barqarorlikni, fuqarolararo totuvlik, hamjihatlik va tinchlikni ta’minlaydi;
davlat yuritadigan ichki va tashqi siyosatning asoslari va barcha muhim yo‘nalishlarini aks ettiradi.
Yuridik funksiyasi. Konstitutsiya yuridik mazmun va mohiyatga ega bo‘lgan huquqiy hujjat bo‘lib, davlatning Asosiy qonuni sifatida butun huquqiy va qonunchilik tizimlarining o‘zagini tashkil etadi, jamiyat va davlat hayotining, davlat organlari tashkil etilishi va faoliyatining asosiy prinsiplarini mustahkamlaydi. Shu sababli jamiyatdagi barcha huquqiy hayot va yuridik amaliyot, shu jumladan odil sudlov amaliyoti konstitutsiyaviy qoidalar asosida shakllanadi.
Tarbiyaviy-mafkuraviy funksiyasi. Konstitutsiya xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Unda jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi, muhim ma’naviy omil bo‘lib xizmat qiluvchi g‘oyalar o‘z ifodasini topadi. Konstitutsiyada mujassamlashgan mafkura jamiyatni, xalqni muayyan maqsadlar sari yetaklaydi, ularni uddalash uchun safarbar qiladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi milliy istiqlol g‘oyasi va mustaqillik mafkurasining huquqiy asosini tashkil etib, xalqimizning istiqlolga, erkinlikka bo‘lgan intilishini, milliy axloqiy-ma’naviy qadriyatlarini aks ettirgan hamda ularni jamiyat ongiga, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirishga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari Davlat suvereniteti. "Suverenitet" atamasi ilk bor Fransiyada (XVI asr) vujudga kelgan. Bu atama lotincha superareitas (cupra, superios) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, aslida "eng oliy", "oliy hokimiyat" degan ma’noni anglatadi. Suverenitet mustaqil davlatning umumiy va ajralmas belgisi bo‘lib, uning to‘la huquqliligini hamda ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda boshqa davlatga qaram emasligini anglatadi.