Har qanday ilmiy tadqiqot xulosasi amaliyot ehtiyoji uchun xizmat qilmog‘i lozim. Kriminologiyada ilmiy bashorat o‘tkazishda o‘ziga xos maqsad ko‘zda tutiladi. Jinoyatchilikka qarshi kurashni amalga oshirishda ilmiy bashoratning tashkil etilishi ham o‘z maqsadiga ega.Kriminologiyada ilmiy bashoratni amalga oshirishdan ko‘zda tutilgan maqsad, birinchi galda, jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini takomil- lashtirishga qaratilgan bo‘lishi, ikkinchidan, har qanday ish chuqur va atroflicha ishlab chiqilgan reja asosida amalga oshirilmog‘i lozim. Shunday ekan, ilmiy bashorat jinoyatchilikka qarshi kurashni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan rejalarni puxta ishlab chiqilishiga dastlabki manba bo‘lib xizmat qiladi. O‘z navbatida, bunday rejalarga kriminologiya nuqtai nazaridan ma’lum talablar qo‘yiladi. Shunga ko‘ra, kriminologiyada jinoyatchilikka qarshi kurashni rejalashtirish ma’lum bir davrga mo‘ljallash (joriy yoki istiqbolli) asosida tashkil etiladigan maqsad va vazifalarni hal etishning vositalari hamda yo‘nalishlarini ilmiy tahlil etish, shuningdek, o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tadbirlarning uslubiy va sarf-xarajatlar manbasini (moliyaviy, mutaxassislarni jalb etish, moddiy texnika ta’minoti kabilar) ta’minlash orqali amalga oshiriladi.Kriminologiyada rejalashtirish subyektlari sifatida jinoyatchilikka qarshi kurash olib boruvchi davlat organlarining xodimlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ushbu ilmiy muassasalarning olimlari, mutaxassislari e’tirof etilgan.
Rejalashtirish asosan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi
Ma’lum hudud yoki miqyosda - alohida bir ishlab chiqarish yoki sanoat obyekti, tuman, viloyat, biror-bir hududiy birlik yoki davlat miqyosida; ijrochilar va ishtirok etuvchi shaxslar hamda ularning u yoki bu vazifani bajarishlariga ko‘ra tarmoqlar bo‘yicha, tarmoqlararo yoki umumdavlat tomonidan belgilanadigan tadbirlarni bajarish bo‘yicha; rejalashtirish predmeti va bajariladigan vazifalarga ko‘ra; muddatiga asosan uzoq muddatli (10-20 yil); o‘rtacha muddatli (35 yil), qisqa muddatli (oy, chorak, yil, 1-2 yil). Shu bilan birga, davlatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha (masalan, aholi migratsiyasi bilan bog‘liq jarayonlar, ta’lim tizimi, maorif, madaniyat va sport kabi ijtimoiy yo‘nalishlardagi rivojlantirish bilan bog‘liq hollarda), huquqni muhofaza qilish organlarining aniq vazifalari belgilangan rejalarida (ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati, adliya, prokuratura kabi idoralar), shuningdek, ularning hamkorlik ishlarini olib borishdagi o‘zaro ishlab chiqilgan rejalarida yuzaga keladigan mavjud tadbirlarni rejalashtirilishi ham kriminologiya tavsiyalari asosida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.Eng muhimi, jamiyat a’zolarining ayrim toifalari o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashni yo‘lga qo‘yish va shu maqsadda aniq chora- tadbirlarning belgilanishi katta ahamiyatga ega (voyaga yetmaganlar, yoshlar, retsidiv jinoyatchilar, guruhiy jinoyatchilar yoki mastlik orqasida jinoyat sodir etganlar va h. k.).