Klinik enzimologiya va uning yo’nalishlari. Klinik enzimologiya quyidagi 3 yo‘nalishda rivojlanadi:
1. Enzimopatologiya.
2. Enzimodiagnostika.
3. Enzimoterapiya.
Enzimopatologiya. Ko‘pchilik kasalliklarning rivojlanish mexanizmi to‘qima va a’zolarda fermentlar faolligining o‘zgarishiga asoslangandir. Ma’lum guruh kasalliklar borki, ularda organizmning normal ferment statusi o‘zgargan bo‘ladi. Kasalliklarda fermentlar faolligining o‘zgarishi quyidagi omillarga bog‘liq bo‘ladi: 1. Fermentativ jarayon ayrim zvenolarining konstitutsional pasayishi (irsiy enzimopatiyalar) natijasida fermentlar sintezining yo‘qolishi.
2. Fermentlar biosintezini pasaytiruvchi toksik omillar.
3. Alimentar omillar (vitamin, oqsil, mikroelementlarning yetishmasligi, ovqat ratsionida o‘zgarishlar).
4. Fermentativ jarayonlarning hujayra ichida sodir bo‘lishining buzilishi. Enzimopatologiya o‘z ichiga inson patologiyalarining deyarli barchasini oladi, chunki fermentativ o‘zgarishlar bo‘lmagan kasalliklarni mumkinligini tasavvur etish qiyin. Enzimopatologiya nuqtai nazaridan patologik jarayonning kelib chiqishini quyidagicha tasavvur etish mumkin: kasallikni vujudga keltiruvchi etiologik omil, bir yoki bir necha ferment sistemalarining ishini izdan chiqaradi. Tegishli modda almashinuv jarayonlarining kechishi to‘xtaydi, natijada o‘ziga xos simptomga ega bo‘lgan kasallik vujudga keladi. Yurak qon-tomir kasalliklari, onkologik patologiya, diabet, homiladorlar toksikozi, asab kasalliklari patogenezida a’zo va to‘qimalardagi oqsil, nuklein kislota, uglevod, lipid, aminokislotalarbiokimyoviy o‘zgarishlarining yemirilib borishi isbotlangan. Pankreatit, kuyish travmasi, nefroz, allergik va boshqa kasalliklarda kallikrein – kinin sistemasi funksiyasining buzilishi aniqlangan. Enzimopatologiyani tekshirish bo‘yicha ishlar kengaymoqda, xususan patologik holatlarda fermentlar faolligi va sintezini boshqarishning o‘ziga xos tomonlari o‘rganilmoqda:
Etiologik omil ↓ Ferment sistemalari ishining buzilishi ↓ Metabolik yo‘llarning bloklanishi ↓ Kasallikning rivojlanishi.Irsiy enzimopatiyalar. Hozirgi vaqtda 500 dan ortiq ferment yoki izofermentlarning genetik sintezlanishi buzilishi natijasida vujudga kelgan modda almashinuvining buzilishi bilan boradigan kasalliklar ma’lumdir. Bularga qon kasalliklari, gemolitik anemiya, koagulyatsiya va fibrinolizning buzilishi, uglevod, oqsil, aminokislota almashinuvining buzilishi kiradi. Enzimopatiyalar ichida asosiy o‘rinni to‘planish kasalliklari egallaydi, ular lizosomal fermentlarning yetishmasligi yoki kam sintezlanishi natijasida vujudga keladi (masalan: glikogenoz 1.4 – glyukozidaza fermentining yetishmasligi sababli, Farbi kasalligi – αgalaktozidaza fermentining yo‘qligidan va boshqalar). Bu kasalliklar umumlashtirilib, lizosomal kasalliklar deb ataladi. Fermentodiagnostika. Qonni plazmasida kasalliklarni tashxis qilish maqsadida fermentlarni aniqlash. Qon plazmasining ferment tarkibi sog‘lom organizmda doimiy bo‘lib, ayrim patologik holatlarning vujudga kelishida sezgir va nozik indikator hisoblanadi. Turli holatlarda kuzatiladi: · Giperfermentemiya. · Gipofermentemiya. · Disfermentemiya. Tashxisning fermentativ usullari tibbiyotda ishonchli vositalardan hisoblanadi va shifokorga, qiyin holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.Fermentativ tahlil o‘ta nozik jarayon bo‘lib, boshqa diagnostik testlardan qolishmaydi. Shuning uchun, hozirgi vaqtda qon plazmasidagi fermentlarning faolligini aniqlashda, kasalliklarga tashxis qo‘yishda keng foydalanilmoqda. Hozirgi vaqtda fermentativ tahlil avtomatlashtirilgan va maxsus apparatlarda o‘tkaziladi. Bunday apparatlarga «Texnikon», «Lab – sistema» va boshqalar kirib, ular orqali bir ish kuni davomida ikki yuzga yaqin kasallikni aniqlash mumkin. Tashxisning fermentativ usullari boshqa tashxis usullaridan farqli ravishda spetsifik bo‘lib, kasallikning turli bosqichlarida foydalaniladi. Bu usullar quyidagi afzalliklarga egadirlar: qondagi ferment spektorlarining yuqori darajadagi a’zoga nisbatan spetsifikligi. Qonda qator fermentlar faolligining ortishi hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolarning og‘ir jarohatlanishi, hujayralarning halok bo‘lishi, membranalar o‘tkazuvchanligining buzilishi haqida xabar berishi mumkin. Bunday fermentlarga kiradi: LDG, β-oksibutiratDG, izotsitratDG, MDG, α-glitseratdegidrogenaza, fosfogeksoizomeraza, 1,6 – fruktozodifosfataza, AST, ALT va boshqalar. Hozirgi vaqtda ayrim kasalliklarning ishonchli ferment simptomlarini aniqlashga keng imkoniyatlar yaratilgan. Masalan: o‘tkir gepatitlar AST va ALTlarnin faolligi oshishi bilan xarakterlanadi. Mexanik (obturatsion) sariqlik uchun ishqoriy fosfataza, aminotransferazalar faolligining oshishi xosdir. Qonda fermentlar faolligini aniqlash differensial-diagnostik ahamiyatga egadir. Fermentodiagnostika yordamida infarkt miokard yurak faoliyati funksional o‘zgarishlaridan farqlanadi. Yurak infarkt miokardi uchun LDG, AST, izotsitrat–DG, 1,6 – fruktozo–difosfataldolaza va kreatinkinazalar faolligining oshishi xarakterlidir. Ferment testlarining izofermentlarini aniqlash orqali tashxis qiymatini oshirish mumkin. Qon va orqa miya suyuqligida glikoliz, aminokislota almashinuvi fermentlarini aniqlash, o‘simtalar bilan jarohatlanishning tashxis imkoniyatlarini kengaytiradi va biopsiya materialida biokimyoviy o‘zgarishlarni topish morfologik o‘zgarishlardan avval vujudga kelishini hisobga olganda bu kasalliklarga barvaqt tashxis qilishga imkoni tug‘iladi. Turli kelib chiqish sabablariga ega bo‘lgan leykozlarni tashxis qilishda purin nukleotidlari almashinuvida ishtirok etadigan adenaza fermentining faolligi trombotsitlarda aniqlanadi. Ushbu ferment sog‘lom odamlar trombotsitida bo‘lmaydi va faqat leykozdagina mavjuddir. Bu test kasallikni boshlang‘ich davrida aniqlashga imkon beradi va o‘z,vaqtida davolashni o‘tkazish mumkin. Davolashning samaradorligini ham trombotsitlarda adenazaning faolligini aniqlash orqali ko‘rish mumkin. Davolash yaxshi natija bersa fermentning faolligi sezilarli darajada pasayadi.