O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim



Yüklə 11,04 Mb.
səhifə371/450
tarix25.09.2023
ölçüsü11,04 Mb.
#148395
1   ...   367   368   369   370   371   372   373   374   ...   450
IQTISODIYOT NAZARIYASI darslik

Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadi iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, mavjud tuzumni mamlakat ichida va xalqaro maydonda mustahkamlash va uni o‘zgarib turuvchi sharoitga moslashtirish hisoblanadi. Bu asosiy maqsaddan bir qator aniq maqsadlar kelib chiqadi. Ular jumlasiga iqtisodiy siklni barqarorlashtirish; milliy xo‘jaliklarning tarmoq va mintaqaviy tuzilishini takomillashtirish, atrof-muhit holatini yaxshilash kabilarni kiritish mumkin. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning maqsadi uning vazifalarida aniq namoyon bo‘ladi. Bozor xo‘jaligi sharoitida davlatning iqtisodiy vazifalari asosan bozor tizimining amal qilishini engillashtirish va himoya qilish maqsadiga ega bo‘ladi. Bu sohadagi davlatning iqtisodiy vazifalaridan quyidagi ikki turini ajratib ko‘rsatish mumkin:

  1. bozor tizimining samarali amal qilishiga imkon tug‘diruvchi huquqiy asos va ijtimoiy muhitni ta’minlash;

  2. raqobatni himoya qilish.

Davlatning boshqa vazifalari iqtisodiyotni tartibga solishning umumiy tamoyillaridan kelib chiqadi. Bu yerda davlatning uchta vazifasi alohida ahamiyatga ega:

  1. daromad va boylikni qayta taqsimlash;

  2. resurslarni qayta taqsimlash;

  3. iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiy tebranishlar vujudga keltiradigan inflyatsiya va bandlilik darajasi ustidan nazorat qilish hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish.

Davlat bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishining shart-sharoiti hisoblangan huquqiy asosni ta’minlash vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. Bozor iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan huquqiy asosni ta’minlash quyidagi tadbirlarning amalga oshirilishini taqozo qiladi: xususiy korxonalarning huquqiy mavqeini mustahkamlash; xususiy mulkchilik huquqini ta’minlash va shartnomalarga amal
qilishni kafolatlash; korxonalar, resurslarni yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonuniy bitimlarni ishlab chiqish va boshqalar. O‘zbekiston Respublikasining «Korxonalar to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risida» va «Aksionerlik jamiyatlari to‘g‘risida»gi qonunlari hamda ularga kiritilgan qo‘shimcha va tuzatishlar, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha tadbirlari bozor iqtisodiyoti uchun zarur huquqiy asosni ta’minlashga qaratilgan.
Davlat tomonidan ijtimoiy muhitni ta’minlash o‘z ichiga ichki tartibni saqlash, mahsulot sifati va og‘irligini o‘lchash standartlarini belgilash, tovar va xizmatlar ayirboshlashni engillashtirish uchun milliy pul tizimini muomalaga kiritish kabilarni oladi.
Raqobat bozor iqtisodiyotida asosiy tartibga soluvchi mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Bu shunday kuchki, u xaridorlar yoki iste’molchilarning ehtiyojlariga ishlab chiqaruvchi va resurs yetkazib beruvchilarni bo‘ysundiradi. Raqobat sharoitida ko‘plab xaridorlar tomonidan bildirilgan talab va sotuvchilarning taklifi bozor narxlarini belgilaydi. Bu shuni bildiradiki, ishlab chiqaruvchilar va resurs yetkazib beruvchilar iste’molchilarning faqat bozor orqali hisobga olinadigan xohishlariga moslashishi mumkin. Bozor tizimining irodasiga bo‘ysunuvchi, raqobatlashuvchi ishlab chiqaruvchilar foyda olishni va o‘z mavqelarining mustahkamlanishini kutadi, kim bozor qonunlarini buzsa, zarar ko‘radi va oxir-oqibatda sinadi. Raqobat sharoitida xaridor – bu xo‘jayin, bozor ularning gumashtasi, korxona esa ularning xizmatkori hisoblanadi.
Iqtisodiyotda sotuvchilar o‘rtasidagi raqobat o‘rnini monopoliyalar egallaganda, ularning bozorga ta’sir ko‘rsatish yoki undagi narxlarni o‘z manfaatlarini ko‘zlab o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Monopoliyalar o‘zlarining takliflari umumiy hajmini tartibga solish layoqatidan foydalanib, mahsulot hajmini sun’iy cheklash orqali ularga ancha yuqori narx belgilash va shu orqali ancha barqaror foyda olishi mumkin.
Bozor munosabatlari rivojlangan sharoitda monopoliyalar ustidan ikki usulda nazorat o‘rnatiladi. Birinchi usulda, texnologiya va iqtisodiy sharoitlar raqobatli
bozor mavjud bo‘lish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradigan tabiiy monopoliyalar deb nomladigan tarmoqlarda davlat narxlarini tartibga soladi va ko‘rsatiladigan xizmatlarga standartlarni o‘rnatadi. Transport, aloqa, elektr energiyasi ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy foydalanishdagi korxonalar ma’lum darajada shunday tartibga solinadi. Ikkinchi usulda, samarali ishlab chiqarish juda ko‘pchilik bozorlarda raqobat rivojining juda yuqori darajasida ta’minlanishi sababli davlat raqobatini kuchaytirish va himoya qilish maqsadida monopoliyalarga qarshi qonunlar qabul qiladi.
Respublikamizda ham monopol faoliyatni cheklash, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar va tadbirkorlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilingan.
Bozor tizimi kishilarning tabiiy qobiliyati, orttirgan bilimi va malakasi hamda mulkka egaligini hisobga olib, ularning yuqori daromad olishini ta’minlaydi. Shu bilan birga jamiyatning moddiy vositalarga ega bo‘lmagan, bilim va malaka darajasi past, layoqati ham yuqori bo‘lmagan a’zolari, qariyalar, nogironlar, ishsizlar yolg‘iz va qaramog‘ida bolalari bo‘lgan ayollar juda kam daromad oladi yoki bozor tizimi doirasida ishsizlar kabi umuman daromadga ega bo‘lmaydi. Qisqasi, bozor tizimi pul daromadlarini va milliy mahsulotni jamiyat a’zolari o‘rtasida taqsimlashda birmuncha tengsizliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli davlat o‘z zimmasiga daromadlar tengsizligini kamaytirish vazifasini oladi. Bu vazifa bir qator tadbir va dasturlarda o‘z ifodasini topadi. Birinchidan, transfert to‘lovlari muhtojlarni, nogironlarni va birovning qaramog‘ida bo‘lganlarni nafaqalar bilan, ishsizlarni ishsizlik nafaqalari bilan ta’minlaydi. Ijtimoiy ta’minot dasturlari orqali pensionerlar va qariyalarga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Bu barcha dasturlar davlat budjeti mablag‘larini jamiyatning kam daromad olgan yoki umuman daromadga ega bo‘lmagan a’zolari hisobiga qayta taqsimlaydi. Ikkinchidan, davlat bozorni tartibga solish yo‘li bilan, ya’ni talab va taklif ta’sirida o‘rnatiladigan narxlarni o‘zgartirish yo‘li bilan ham daromadlarning taqsimlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Me’yordagi oziq-ovqat tovarlariga o‘rnatiladigan imtiyozli narxlar va ish haqining eng kam (minimal) darajasi haqidagi qonunchilik
davlatning, aholining ma’lum qatlami daromadlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarining yana bir misolidir.
Davlat jamiyat a’zolari o‘rtasida daromadlarni qayta taqsimlashda soliq imtiyozlarini belgilash orqali soliq tizimidan ham keng foydalanadi.
Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiyotning barcha sohalarini resurslar bilan ta’minlash, to‘la bandlik va narxlarning barqaror darajasiga erishishda yordam berish hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish davlatning eng muhim vazifasi hisoblanadi.
Iqtisodiyotda to‘la bandlikni ta’minlash uchun umumiy sarflar, ya’ni xususiy va davlat sarflarining hajmi yetarli bo‘lmasa, davlat bir tomondan ijtimoiy ne’matlar va xizmatlarga o‘z sarflarini ko‘paytiradi, boshqa tomondan xususiy sektor sarflarini rag‘batlantirish maqsadida soliqlarni qisqartiradi. Agar jami sarflar to‘la bandlik sharoitida taklif hajmidan oshib ketsa, bu narxlar darajasining ko‘tarilishiga olib keladi. Jami sarflarning mazkur ortiqcha darajasi inflyasion xususiyat kasb etadi. Bunday holda davlat soliqlarni oshirish orqali xususiy sektor sarflarini qisqartirish va shu yo‘l bilan ortiqcha sarflarni tugatishga harakat qiladi. Iqtisodiyotda ishsizlik mavjud bo‘lganda davlat sarflarining ko‘payishi jami sarflar, ishlab chiqarish hajmi va bandlilikning o‘sishiga olib keladi. O‘z navbatida, soliqlarning qisqarishi yoki transfert to‘lovlarining ko‘payishi daromadlarni ko‘paytiradi. Bu daromadlar shaxsiy sarflarning o‘sishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Davlat o‘z ishlab chiqarishini moliyalashtirishdan tashqari ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy ta’minotning bir qator dasturlarini amalga oshiradi, iqtisodiyotning xususiy va kooperativ sektorida daromadlarni qayta taqsimlaydi. Davlat tartibga soluvchi xususiyatga ega bo‘lgan bir qator vaziyatlarni ham amalga oshiradi. Bularga atrof-muhitni himoya qilish, aholi sog‘lig‘ini saqlash, bo‘sh ishchi o‘rinlariga ega bo‘lishning teng sharoitini ta’minlash va ma’lum sohalarda narx belgilash amaliyoti ustidan nazorat qilish va shu kabilarni kiritish mumkin.


    1. Yüklə 11,04 Mb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   367   368   369   370   371   372   373   374   ...   450




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin