Aralash mulk – turli mulk shakllaridan tashkil topib, shunga muvofiq tarzda o‘zlashtiriluvchi vosita va nе'matlar
Yakka tartibdagi xususiy mulk – alohida olingan mulkdor tomonidan o‘zlashtiriluvchi vosita va nе'matlar
Korporativ xususiy mulk – ma'lum maqsad yo‘lida o‘zaro birlashgan mulkdorlar mablag‘iga asoslangan korxonalar tashkil etish orqali o‘zlashtiriluvchi vosita va nе'matlar
Mulkchilik turli shakllarining mavjud bo‘lishi va ularning iqtisodiy mezoni, avvalo, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi va ishlab chiqarishning umumlashuvi darajasi bilan bog‘liq. Shu bilan birga mulkchilik shakllari ishlab chiqaruvchi kuchlarning holati, ijtimoiy mehnat taqsimoti va tashkiliy-iqtisodiy munosabatlarining etuklik darajasi bilan mos kelishi zarur.
Davlat mulki – egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish davlat ixtiyorida bo‘lgan mulk obyektlaridan iborat. Davlat mulki asosan ikki yo‘l bilan hosil bo‘ladi:
xususiy mol-mulkning milliylashtirilib, davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi;
davlat mablag‘lari hisobidan korxonalar qurish, davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda investitsiyalarni amalga oshirish.
Davlat mulki haqiqatda ham xalqqa qarashli bo‘lgan, bo‘linmaydigan yoki umumiy resurslardan foydalanish uchun juda mosdir. Bunga misol qilib takror ishlab chiqarib bo‘lmaydigan tabiiy resurslarni, yirik inshootlar va transport vositalari, yo‘llar kabi iqtisodiy tuzilmaning kattagina qismini ko‘rsatish mumkin.
O‘zbekistonda Fuqarolik Kodeksiga muvofiq davlat mulki Respublika mulkidan va ma’muriy-hududiy (munitsipal) tuzilmalar mulkidan iborat bo‘ladi. Yer, yer osti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar, respublika hokimiyati va boshqaruvi tuzilmalari mol- mulki, davlatga qarashli madaniy va tarixiy boyliklar, budjet mablag‘lari, oltin zaxirasi, valyuta fondi va boshqa davlat fondlari respublika mulki hisoblanadi.
Ma’muriy-hududiy (munitsipal) tuzilmalar mulkida davlat hokimiyati mahalliy organlari mol-mulki, mahalliy budjet mablag‘lari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xo‘jaligi korxonalari va boshqa mulkiy majmualar, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash muassasalari kabilar mol-mulki bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |