Ertaklar Xalq og`zaki poetik ijodidagi eng boy va rang-barang janrlardan biri ertakdir.
Xalq tomonidan yaratilgan ko`plab ertaklarda bolalarning o`ziga xos hayoti chetlab
o`tilmagan. Hatto, turli yoshdagi bolalar uchun juda ko`p maxsus ertaklar
yaratilgan.
Ertakning muhim xususiyatlaridan biri uning hamisha xalq hayoti, kurashi,
tarixi, ruhiy olami, dunyoqarashi, urf-odatlari bilan chambarchas bog`lanishi,
insonlarga axloqiy va ma‘naviy yo`ldosh bo`lib ketishidadir. Ertaklar insonning
ma‘naviy va jismoniy kuchiga ishonch ruhi bilan sug`orilgan bo`lib, ijobiy kuchlar
tabiat va ijtimoiy hayotda o`ziga dushman bo`lgan kuchlarga qarshi kurashda
doimo g`olib chiqadi. Xalq ertaklarida uni yaratuvchilarning dunyoqarashi, axloq
normalari va boshqa ijtimoiy muhim masalalar odilona hal etiladi. Ertaklar sodda
va tushunarli bo`lgani uchun har qanday kitobxonga tez etib boradi. Ular orqali
ham insonning ijtimoiy axloq normalari shakllanadi.
Bu hol ayniqsa, hayvonlar haqidagi ertaklarda aks etgan. O`tmishda
yaratilgan ertaklarda xalqchillik kurashi o`zining haqqoniy badiiy ifodasini
topgandir. Xalqning kelajakka bo`lgan komil ishonchi, adolatning adolatsizlik
ustidan g`alabasi, yorug`likning zulmatni engishi, ozod va baxtiyor hayotga
erishish g`oyalari yorqin obrazlar orqali tasvirlangan.
Xalq ertaklarida el-yurtni ko`z qorachig`iday avaylab saqlovchi ajoyib
qahramonlar ulug`lanadi; ayollarning haq-huquqlari himoya qilinadi; uzoq
masofalar yaqin qilinadi; kishilar xarakteridagi yaramas odatlar, noma‘qul illatlar
tanqid ostiga olinadi; mardlik, epchillik, dovyuraklik, mehnatsevarlik, halollik,
vafodorlik, saxiylik g`oyalari ulug`lanadi.
27
Xalq ertaklari o`z xususiyatlariga ko`ra bir necha turga bo`linadi: hayotiy
ertaklar, hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli – afsonaviy ertaklar, ijtimoiy-maishiy
ertaklar.