Konfutsiychilik va Daosizm.
Qadimgi Xitoyda Lao-Szi falsafiy ta’limoti bilan deyarli bir davrda Kun-Szi
(Konfutsiy-miloddan avvalgi 551-479)ning falsafiy ta’limoti ham paydo bo’ldi.
Konfutsiy-Qadimgi Xitoy faylasufi va pedagogi, Konfutsiychilikning asoschisi.
Konfutsiy, garchi, samoni oliy ruhiy qudrat, ajdodlarga qurbonlik keltirishni ularni
e’zozlashning asosiy ifodasi deb bilsa ham, o’z ta’limotida osmon sirlari
muammolarini deyarli tilga olmagan hamda ruhlar va narigi dunyo kabi
tushunchalarga kam e’tibor bergan. Konfutsiyning falsafiy va axloqiy g’oyalari
markazida inson, uning aqliy va ma’naviy qiyofasi, olamdagi hamda jamiyatdagi
o’rni, vazifasi muammolari turadi.
Konfutsiy fikricha olamdagi barcha mavjudot singari insonning taqdiri ham
samoviy qudratga bog’liq. Shuning uchun odamlarning oliyjanobligi yoki
tubanligi, oily yoki past tabaqaga mansubligini o’zgartirib bo’lmaydi.
Binobarin,
podshoh-podshohligicha,
fuqaro-fuqaroligicha,
ota-otaligicha,
farzand-farzandligicha qolishi kerak. Bu g’oya, ko’ramizki, mavjud tuzumni saqlab
qolishni nazarda tutar edi. Shu bilan birga, Konfutsiy ideal, oily inson, asl, mard
kishi konsepsiyasini ishlab chiqqan. Bu konsepsiyaga ko’ra, odamlar ijtimoiy kelib
chiqishi yoki jamiyatdagi mavqei orqali emas, balki odamiylik, adolatgo’ylik,
haqgo’ylik, samimiyat, farzandlik izzat-hurmati kabi yuksak ma’naviy fazilatlarga
erishish tufayli yuksak kamolotga yetishuvi mumkin.
Konfutsiyning falsafiy ta’limoti keyinchalik Xitoyda hukmron dinlarning biriga
aylangan va Konfutsiychilik deb nom olgan dinning asosi bo’ldi (milodning
boshlarida). Konfutsiychilik manbai-Konfutsiy izdoshlari yozgan “Lung-Yuy”
(Suhbatlar va mulohazalar, miloddan oldingi VI asr) kitobidir. Konfutsiychilik
Lao-Szi ta’limotidan tubdan farq qiladi. U jamiyatni ijtimoiy larzalardan asrab
qolishga intilgan feodal amaldorlarning qarashlari va manfaatlarini himoya qilgan.
Konfutsiychilikning maqsadi-xalqni mavjud tartib-qoidalarni hurmat qilish ruhida
tarbiyalashdir. Bu din aqidasiga ko’ra, jamiyatda osmondan yuborilgan “Jeng”
(Insonparvarlik) qonuni amal qiladi. Bu qonunni o’rganib olish uchun inson “Li”
ga, ya’ni ijtimoiy ahloq normalariga, qoidalariga, an’anaviy marosimlarga amal
qilishi, o’zining jamiyatdagi darajasiga qarab ish tutishi zarur.
Konfutsiychilik belgilangan diniy tartiblarga qattiq amal qilishni talab etadi.
Konfutsiyning o’zi hayotligida diniy tartiblarni sidqidildan bajargan.
Endilikda, har bir oilaning o’z ibodatxonasi bo’lishi zarur bo’ldi. Har bir oila o’z
ibodatxonasiga ajdodlarining timsoli bo’lgan “Chju” tasvirini qo’yadi va diniy
marosimlarni ijro etadi.
Konfutsiychilikda ijtimoiy-axloqiy masala alohida o’rin egallaydi. Shu ma’noda
Konfusiy ta’limotini inson hatti-harakati, hayoti me’yorlari haqidagi ta’limot
deyish ham mumkin. Insonlar o’rtasidagi hayot tarzi an’anaviy besh munosabatdan
iboratligi qayd etilgan:
-davlat boshlig’i bilan amaldorlar o’rtasidagi munosabat;
-ota-onalar bilan farzandlar o’rtasidagi munosabat;
-er bilan xotin o’rtasidagi munosabat;
-katta va kichik aka-ukalar o’rtasidagi munosabat;
-do’st-birodarlar o’rtasidagi munosabat;
Bu ta’limotda shunday qadriyatlar ham borki, unga qoyil qolmay iloj yo’q.
Birgina misol keltiramiz:
O’g’il ota-onasi oldida quyidagi beshta vazifani bajarishi shart edi:
Har doim ota-onani to’la hurmat qilish;
Ularga eng suyukli taomni keltirish;
Ular betob bo’lib qolganlarida chuqur qayg’urish;
Ular vafot etganlarida yurak-yurakdan achinish;
Ular xotirasiga tantanali ravishda qurbonliklar qilish.
Konftusiychilikda diniy marosimlarning asosiy mazmuni konfutsiychilikka
qadar mavjud bo’lgan an’analarni, urug’-qabilaviy marosimlarni mustahkamlash,
qonunlashtirishni tashkil etardi. Chunki Konfutsiy o’zining hech qanday yangi
ta’limot yaratmaganligini tan olib, faqat eski marosimlarga, tartib-qoidalarga qattiq
rioya etishni talab qilardi. Bu o’rinda uning quyidagi so’zlarini keltirishni
maqsadga muvofiq deb bildik: “Qadimdan joriy etilgan marosimlar saqlanmas yoki
ular bekor qilinar edi, unda hamma narsa aralashib ketadi, izdan chiqadi. Nikoh
marosimini yo’q qilinishi, unda er-xotinlik bo’lmaydi, bu bilan bog’liq katta-katta
jinoyatlarga yo’l ochiladi yoki dafn etish va qurbonlik qilish marosimini yo’q
qilingchi, unda bolalar vafot etgan ota-onalari to’g’risida o’ylamay, tiriklarga esa
xizmat qilmay qo’yadilar; Pin-Szin marosimini yo’q qilingchi-unda podshoh bilan
amaldor o’rtasidagi farq yo’q bo’lib ketadi, kichik-kichik knyazchalar
o’zboshimchalik qila boshlaydilar, natijada ta’qib etish va zo’ravonlik boshlanadi”.
Xitoy xalqi tarixida qadimgi marosimlar katta o’rin tutganligini Konfutsiy
yaxshi bilar edi. Shuning uchun ham Xitoy xalq an’analarini, marosimlarini
o’zining ta’limotida asosiy mazmunga aylantirgan. Xitoyliklar uchun eng yomon
fojea-erkak tomonidan avlodning qolmasligidir. Ular avlodlari qolmasa, biz
o’lganimizdan so’ng kim bizlarni yod etadi, deb qattiq qayg’uga tushadilar.
Konfutsiychilikning bosh xudosi-osmon Xudosi edi. Keyinchalik Konfutsiyning
o’zi ham ilohiylashtirilgan. Uning sharafiga, hatto imperatorning o’zi ham diniy
marosimlarni bajo keltirar edi. Bu bejiz emas edi, albatta. Chunki, Konfutsiychilik
oddiy xalq ustidan “aslzodalar”ning hukmronligini oqlardi. Bu dinga ko’ra ayni
paytda imperatorning o’zi oliy Xudoning yerdagi vakili edi. Konfutsiychilikda
imperatorga qarata yozilgan quyidagi maslahat ham bor edi: “Agar imperator biror
katta maqsadni amalga oshirmoqchi bo’lsa, u albatta ajdodlari ibodatxonasiga
borishi lozim. Qilmoqchi bo’lgan ishidan, o’zining maqsadidan avlodlarini
xabardor etmog’i kerak. Shu paytda u osmonda yulduzlarning holatiga qaramog’i,
ular qulay joylashganligiga ishonch hosil qilganidan so’ng maqsadini amalga
oshirmog’i mumkin”.
Daosizm - aslida falsafiy ta’limot bo’lib, u miloddan avvalgi IV-III asrlarda
Xitoyda paydo bo’lgan. Uning asosida miloddan avvalgi II asrda Daosizm dini
shakllangan.
Daosizmning falsafiy prinsiplari “Dao Deszin” kitobida bayon etilgan. Bu asar
o’tmishdagi yarim afsonaviy Xitoy donishmandi Lao-Szi qalamiga mansubdir. Bu
kitob g’alati va jumboqli aforizmlar, hikmatli so’zlar to’plamidan iborat.
Asarning asosiy tushunchasi “dao” (yo’l) bo’lib, u olamning mohiyati va bosh
sababi, dunyoning turli-tumanligi manbai, barcha narsalarning onasi deb
tushunilgan. Bu, go’yo qandaydir yo’l bo’lib, atrofni o’rab olgan olam va barcha
kishilar shu yo’l bilan borishi lozim. “Dao” diniy mazmun kasb etgan yo’lgina
bo’lib qolmay, ayni paytda, u hayot tarzi, usuli, prinsiplari ham edi.
Daosizm dinida uch xudo-Shan-Di, Lai-Szi hamda dunyoning yaratuvchisi Pant-
Gu boshchiligida xudolar panteoni shakllangan.
Shan-Di osmon xudosi, oliy ruh, qudrat va osmon o’g’illari bo’lgan
imperatorlarining otasi hisoblanadi.
Daosizm dini o’z ibodatxonalariga, muqaddas kitoblariga, diniy xizmatni
bajaruvchi ruhoniylariga ega.
Bu dinning diniy tashkiloti ierarxiya prinsipiga asoslangan. Ierarxiyaning
boshida oliy ruhoniy (patriarx) - Tyan-Shi (samoviy ustoz) turadi. Uning sulolasi
milodning II asrida vujudga kela boshlagan. Oliy ruhoniy oilaviy turmush qura olar
eda. U o’z dindorlari orasida juda katta obro’ga ega bo’lgan. Bu dinning boshqa
ruhoniylari ham oilaviy turmush qura olgan. Ayni paytda bu dinda rohiblar ham
mavjuddur.
V asr boshiga kelib, daosizm diniy ta’limoti va marosimlari rasmiylashgan, u
davlat diniga aylangan. Biroq, uning zamirida juda ko’p sektalar vujudga kelganki
ular ilohiyot masalalari, aqidalar, marosimlarni mustaqil talqin etishlari, dindorlar
burchlariga turlicha qarashlari bilan bir-biridan farq qiladi.
Daosizm muxlislari orasida dunyodan mutloqo yuz o’girgan zohidlar ham, oliy
huzur-halovatga erishish uchun bu dunyo ne’matlaridan voz kechish shart emas
deb biladigan dindorlar ham bor.
Daosizm ruhoniylari shaxsning axloqiy o’z-o’zini takomillashtirish g’oyasini
targ’ib qilib, dindorlarga uzoq umr ko’rishga erishishning muayyan usulini ham
taklif etadilar. Bu usullar parhezni, jismoniy mashqlar tizimini va boshqalarni o’z
ichiga oladi. Ayni vaqtda ular “yovuz ruhlar”ni haydash, fol ochish bilan
shug’ullanadilar.
Daosizm ta’limoti shakllangan paytda ijobiy xarakterga ega edi. Keyinchalik u
o’zining bu xususiyatini yo’qotgan. Nega? Bu dinda dunyoda 4 ulug’likdan biri
podshohdir deb hisoblanishini biz yuqorida aytib o’tgan edik. Shuning uchun ham
bu dinning V asrda davlat diniga aylangani bejiz emas. U Xitoy imperatorlari
manfaatiga mos edi.
Lao-Szi, ya’ni inson ham bu dinda xudo darajasiga ko’tarilgan. Imperatorlarga
huddi shu narsa kerak edi. Bundan tashqari, bosh xudo-Shan-Di, yuqorida
aytganimizdek, “Osmon o’g’illari” bo’lmish imperatorlarning otasi edi. Shunday
qilib, bu din hukmdor sinfning manfaatiga moslashtirildi, ularga xizmat qila
boshladi. Bu bilan o’zining progressivlik xarakterini yo’qotdi. Qolaversa, bu din
eskilikni qattiq himoya qiladigan, ba’zi hollarda tarkidunyochilikni targ’ib etadigan
din bo’lganligi uchun ham uning tarafdorlari bora-bora kamaygan.
Braxmanlik Vedalar dini asosida miloddan avvalgi I mingyillik boshlarida
vujudga kelgan. U mohiyatan vedalar dinining rivojlangan shaklidir.
Braxmanlik-qadimgi hind dini bo’lib, uning
nomi Vedalar kitobida zikr etilgan
hind oliy tabaqa vakillari-brahmanlar nomidan olingan. Brahmanlar qadimdan
kohinlik (Ruhoniylik) vazifasini o’tab, qurbonlik islariga rahbarlik qilish, xalq
orasida Vedalarni targ’ib etish bilan shug’ullanishgan va ular hukmron sinf
vakillari sanalgan.
Eramizdan avvalgi birinchi ming yilliklarga kelib, oriylar Hindistonda
o’zlarining knyazliklariga ega bo’ldilar. Shu davrga kelib aholi o’rtasida
brahmanlarning nufuzi oshib ketdi. Ular oldingi diniy ta’limotlarni isloh qilib,
yangicha diniy qonun-qoidalarni ishlab chiqdilar va braxmanlik diniga asos
soldilar.
Braxmanlik ta’limoti ijtimoiy tabaqalar-kastalarga asoslangan. Ya’ni insonlar
o’zlarining kelib chiqishlari, mansablari va hunarlariga ko’ra turli tabaqalarga
bo’linadilar. Braxmanlikda eng yuqori kasta braxmanlardir. Ular go’yo xudoning
tilidan yaratilgan bo’lib, xudolar nomidan gapirish huquqiga ega bo’lganlar.
Ikkinchi kasta kshatriylar. Ular xudoning qo’lidan yaratilgan deb hisoblanganlar.
Podshohlar, knyazlar, jangchilar shular jumlasiga kirgan.
Uchinchi kasta vayshlar. Ular xudoning sonidan yaratilgan insonlar deb
hisoblanib, unga savdogarlar va hunarmandlar kirgan.
To’rtinchi, oxirgi eng quyi kasta tabaqasi shudra bo’lib, unga oddiy xalq kirgan.
Ular xudoning oyog’idan yaratilgan, deb hisoblangan.
Braxmanlikning muqaddas kitoblariga Vedalar, ularga yozilgan sharhlar,
Braxmanlar, Arn’yaklar, Upanishadlar kiradi.
Braxmanlikda Vedalar dinidagi ko’pgina xudolarning o’rniga asosan uch xudo -
Braxma, Shiva, Vishnu qabul qilingan. Bulardan Braxma koinotning yaratuvchisi,
unga jon ato etuvchi, Vishnu (muruvvatli degani) tabiatni saqlovchi, Shiva (yovuz
degani) esa tabiatni vayron etuvchi xudolardir:
Braxmanlikda hayvonlar: sigir, maymun, ayrim o’simliklar va hokazolar
muqaddaslashtirilgan.
Bu dinda butun borliq xayoliy bo’lib, jonli narsalar, shu jumladan, inson ham
qayta tirilish xususiyatiga ega deb qaralgan. Brahma xudosi belgilagan hayot
me’yorlari, qonunlarning bajarilishi yoki bajarilmasligiga qarab, inson axloqiga
baho berilgan. Kambag’al mehnatkashlar, mazlumlarning qiynalib yashashi hayot
me’yori hisoblangan. Ularning ahvoli og’irligiga o’zlari, o’zlarining niyatlari,
xislatlari, yomon hatti-harakatlari, axloqi sababchidir deb uqtiriladi.
Jonni xalos qilish, uni bundan keyin paydo bo’lishdan, yana bu dunyoga qayta
kelish mashaqqatidan saqlab qolishning birdan-bir yo’li jonning Braxma bilan
qo’shilib ketishidir. Bunga erishmoq uchun Braxmaning ilohiy mohiyatini to’la
bilib olish, butun o’y-xayolini xudoga qaratish va tashqi olamdan butunlay voz
kechish talab etilgan. Braxmanlik jonning ko’chib yurishi to’g’risidagi ta’limotni
diniy jihatdan asoslab bergan.
Hindaviylik ko’p xudolik dini bo’lib, bunda brahmanlikning asosan uchta xudosi
tan olinadi: koinotning yaratuvchisi Braxma; dunyo nizomini ushlab turuvchi
Vishnu; koinotni halok qilish qudratiga ega bo’lgan Shiva.
Hindaviylik dinining ta’limotiga ko’ra, olamni va hayotning barcha shaklini
xudo - Braxma yaratgan. Biroq bu dinda u ikki xudoning nomigagina boshlig’i
sanaladi. Hozir Braxmaga sig’inish deyarli yo’q. Hindaviylar asosan Vishnu va
Shivaga sig’inadilar. Bu dinda jannat va do’zax haqidagi tushunchalar ham
mavjud. Ular marhumlarni kuydirib, kulini Gang daryosiga sochib yuboradilar.
Bu dinni qabul qiluvchilar asosan, Hindistondagi kasta tuzumini qabul qilish
talab etiladi.
Hindaviylik hozirgi Hindistonda keng tarqalgan dindir. Bu dinga e’tiqod
qiluvchilarning 95 % Hindistonda, qolgan 5 % Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri-
Lankada, shuningdek, Janubiy Afrikada, Janubiy-Sharqiy Osiyoda yashaydi.
Hindiston aholisining 80% shu dinga e’tiqod qiladi.
Jayniylik-miloddan avvalgi VI asrda Hindistonda paydo bo’lgan din. “Jayniylik”
atamasi Jinna ismidan olingan. Bu ta’limot asrlar osha 24 ustoz - “payg’ambar”
orqali yetib kelgan va bularning eng so’nggisi-Jinna taxallusini olgan Vardxamana
Maxavira (“Jinna”ning ma’nosi “g’olib”) nomidan olingan. Jinna karmani yenggan
g’olib hamda diniy najot yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etgan shaxs sifatida tanilgan.
Jayniylik rohiblar o’zlarining yarim afsonaviy “payg’ambar”iga Xudoga
sig’ingandek sig’inadilar.
Falsafiy tizim sifatida jayniylik miloddan avvalgi II-I asrlarda shakllangan. Bu
falsafaning asosiy manbai “Jaynasutra”(Jayna aforizmlari) hisoblanadi.
Jayniylik tarafdorlari olamni ilohiy kuch yaratgan degan fikrni rad etib, olam
abadiy, o’z-o’zidan mavjuddir deb hisoblaydilar. Ular olam ikki xil - jonli va
jonsiz moddiyatdan iborat deydilar. Yagona jon yoki oliy xudo yo’q deydilar.
Sikhalik(sanskritcha “shogird”) –XVI asrda Shimoliy-G’arbiy Hindistonda
sikhlar qabilasi orasida vujudga kelgan din. Asoschisi-guru (ustoz) Nanak (1469-
1539) dir.
Bu dinda yagona, qiyofasiz Xudoga e’tiqod qilinadi. Ular Borliq va olamdagi
barcha hodisalar yaratuvchining oliy qudratining natijasidir, barcha odamlar esa
Xudo oldida tengdirlar deb bilib, hindaviylikdan yuz o’girganlar.
Sikhalik ta’limoti, ibodat qoidalari, guru Nanakning pand-nasihatlari va hayoti
“Granth Sohib”(“Janob Kitob”)da yozilgan.
Bu dining asosiy muqaddas kitobi “Adigranth”(Panjobcha “boshlang’ich kitob”)
sikhlar orasida 5-guru murabbiy deb tanilgan Arjuna (1584-1606) tomonidan
yozilgan. Kitobda Nanak, undan keyingi 3-guru matallari, Arjunaning o’z asarlari,
Kabir va bhakti sektalarining boshqa ayrim rahnamolari asarlari yozilgan. 10-
oxirgi guru Govind (1675-1708) “Adigranth”ga o’zining qo’shimchalarini kiritgan.
Bu kitobning asl nusxasi sikhlarning Amritsar shahridagi asosiy “Oltin
ibodatxona”sida saqlanadi.
Dostları ilə paylaş: |