1.3.Qashqadaryo vohasining Naxshab to‘g‘risidagi yozma manbalar tahlili
Mil.avv. IV – III asrlarda O‘rta Osiyoga yurish qilgan Makedoniyalik Aleksandrning solnomachilari Branxitlar shahri haqida yozib qoldirganlar. Akademik E.V. Rtveladze Yerqo‘rg‘on shahrini yunon manbalaridagi Branxitlar shahri bilan aynanlashtiradi5. O‘sha davrda zarb etilgan “bronza davridagi hukmdor tasviri”6 orqali buni izohlashga harakat qiladi. III – IV asrlardan to VIII asrgacha bo‘lgan “Naxshab” hamda “Kesh podshosi” tangalari Yerqo‘g‘on shahrining o‘sha davrda Kesh mulki tasarrufida bo‘lganligini ko‘rsatadi7.
Qadimgi yunon muarrixlaridan Arrian, Gerodot, Plutarx, Kvint Kursiy Ruf, Konstantin Bagryanorodniy asarlarining chop etilishi katta ahamiyat kasb etgan edi. Bu asarlar birinchi manba sifatida o‘ziga xos ilmiy tasavvur shakllanishiga xizmat qiladi. Ularda miloddan burungi davrda Makedoniyalik Iskandarning Markaziy Osiyoni istilo etishi sabab, mazlum etilgan xalqlar, ularning ushbu zarblari bilan bir qatorda shahar va qishloqlari, odamlari haqida ma’lumot berilgan. Makedoniyalik Aleksandrning asosiy janglari Qashqadaryo vohasida kechgan. Iskandarning o‘zi Navqat (Nautaka) viloyati va uning asosiy shahri bo‘lgan Naxshobda uzoq muddat to‘xtab turgan. Iskandar tarixini bitgan qadim Yunon muarrixlari shu munosabat bilan bu vohaning bir qancha shahar va qishloqlarini tilga olib o‘tganlar. Sharq va G‘arb o‘tmishi va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan asarlar8 ana shu jihatlarga ko‘ra, Nautaka – Kesh tarixini yaratishda birlamchi manbalar doirasiga kiritilishga loyiq.Qashqadaryo vohasi haqidagi ilk xabarlar zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da uchraydi. “Avesto” matnlarining eng qadimiylari milodga qadar bo‘lgan IX – VIII asrlarga oid bo‘lib, u to‘la ravishda milodning IV asrlarida yozib olingan. Otashparastlik dinining ilohiy matnlari majmuasi milodgacha bo‘lgan IX asrlardan to yangi milodning III – IV asrlariga qadar yozilgan, to‘ldirilgan va to‘plangan. “Avesto”da Boxtar o‘lkasi (Surxondaryo va Afg‘onistonning shimoliy qismi), Sug‘diyona (Zarafshon va Qashqadaryo vohalari), Xorazm kabi joylar ta’rif qilinadi9.
Qadimgi yunon muarrixlari Makedoniyalik Aleksandrning markaziy Osiyoga qilgan yurishi, harb-zarblari haqida hikoya qilganlarida, Sug‘d va uning janglar kechgan viloyatlari haqida ham yo‘l-yo‘lakay so‘zlab o‘tadilar. Jumladan, Doro III hokimiyatdan chetlatib, undan podshohlikni va shohona anjomlarni tortib olgan Bess haqida gap ketganda, birinchi bor Navtoq (Nautaka) tilga olinadi. Arrian bu haqda: “Bessga Aleksandr yaqinlab qolganligini aytganlariga, u Oksdan suzib o‘tadi, qayiqlarni esa yondirib, Sug‘d yeriga, Navtoqqa ketadi”10, deydi.
Fransiyalik tadqiqotchi Frans Grene boshqa bir qator olimlarning fikriga tayangan holda Nautakaning nomlanishiga quyidagicha ta’rif beradi:
–mil.avv. 329 yilning bahorida Bess Aleksandrning yaqinlashishidan qochib “sug‘diylar diyori”ga qochadi;
–mil.avv. 328 – 327 yillarda bu hudud satrap Sisimitr tomonidan boshqarilgan. Aleksandr qo‘shinlari “Sisimitr qoyasi”ni bosib olganidan keyin “Xorien qal’asi”ni qo‘lga oladi;
–Bundan so‘ng Aleksandr va uning qo‘shinlari qishki qarorgoh Nautakaga joylashadi.
Bu ma’lumotdan shuni ko‘rish mumkinki, Nautaka viloyat yoki boshqaruv markazi ham bo‘lishi mumkin11.
Mil.avv. IV asrda Qashqadaryo hududida uchta viloyat – Nautaka, Ksenippa va Gabaza bog‘lanadi. Bu haqda yunon tarixshunosi Arrian va rimlik Kursiy Ruf ma’lumot berishadi. Yunon mualliflarining asarlari biz ko‘rib chiqayotgan
Nautaka (Navtaka) Sug‘diyona viloyatidan biri bo‘lib, bu so‘z “yangi qurilish”, “yangi joy” deb tarjima qilinadi. Arrian asarida Nautaka – “Sug‘diylar yeri” ma’nosida yoritilgan.
Tadqiqotchi Frans Grene “Nautaka” toponimini “nava-taka” – “to‘qqiz daryo diyori” deb izoh beradi. Samarqanddan temir darvozagacha Jom, Podayoqtepa, Kaltaminor va Oqrabot orqali o‘tgan. Ular o‘z navbatida to‘qqizta daryo (shimoldan janubga Qumdaryo, Ayoqchidaryo, Qashqadaryo, Oqsuv, Tanxozdaryo, Qizildaryo, Langar, Katta O‘radaryo, Kichik O‘radaryo) bilan o‘zaro kesishgan12.
B. G‘. G‘ofurov “Tochikon” nomli asarida Nautakani joy, qal’a ma’nosida qo‘llaydi: “Aleksandr Nautakani ishg‘ol qilganidan keyin Sug‘d poytaxti Maroqandga qarab yurdi va uni zabt etdi”13.
“O‘zbekiston tarixi manbalari” kitobini tuzgan olim B.K. Lunin “Navtoq”qa: “Hozirgi vaqtda Navtaka (Nautaka) xarobasini Markaziy Osiyoning eng katta shaharlaridan biri – Yerqo‘rg‘on deb qarashga barcha asoslar yetarli, chunki uning o‘rnida antik davr So‘g‘d shahriga xos bo‘lgan madaniy qatlamlar saqlanib qolgan”14, degan izohni beradi. Qashqadaryo viloyatining quyi qismida o‘tmish obidalarini aniqlash va tadqiq etish bobida uzoq yillar ish olib borgan qadimshunos olim S.K. Kabanov yozma manbalardagi bu ikki qarashga munosabat bildirmaydi, ammo Nautaka va Ksenippaning hozirgi Qashqadaryo viloyatining yuqori yoki quyi qismiga to‘g‘ri kelishi masalasida bahs yuritadi. S.K. Kabanov Nautakani ham Ksenippani ham shaharlar tarzida emas, viloyatlar sifatida qaraydi. Yozma manbalarda ikki viloyat – Nautaka va Ksenippalar ma’lum, - deydi S.K. Kabanov, - ularni tarixchilar va qadimshunoslar Qashqadaryo vohasida deb ko‘rsatadilar. Bu viloyatlar, albatta, vohaning yuqori va quyi qismidagi ikki qadimiy dehqonchilik vodiylari – Shahrisabz va Qarshiga to‘g‘ri keladi. Biroq bu nomlarning hozirgi joylariga to‘g‘ri kelishi masalasida tadqiqotchilarning qarashlarida tafovut bor. S.K. Kabanov fikriga ko‘ra Nautaka vohaning yuqori qismi, Ksenippa esa quyi qismi, ya’ni Ksenippa – Naxshob (Qarshi), Nautaka esa Kesh (Shahrisabz)ga to‘g‘ri keladi15.
M.Ye. Masson esa bunga zid fikrni qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni, uningcha, Ksenippa vohaning yuqori qismi, Nautaka bo‘lsa quyisida joylashgan. Qadimshunos olim bunda Navtoqning – quyi viloyatning asosiy shahri Yerqo‘rg‘on xarobasi o‘rniga to‘g‘ri kelishini ham qayd etadi16.
Yuqoridagi fikrlardan ham ko‘rinib turibdiki, Nautakaning joylashuvi haqida turli fikrlar mavjud. Jumladan, Nautaka bu – Shahrisabz shahridan Amudaryogacha cho‘zilgan keng viloyatning nomi (V.V. Grigorev), Shahrisabz atrofi yerlari (V. Tomashek, F. Shvars), Qashqadaryo vohasi (K.V. Trever), Qarshi yoki Shahrisabz (I.G. Drayzer), Qashqadaryoning sharqiy qismi (S.K. Kabanov), Qarshi vohasi (M.Ye. Masson), Chimqo‘rg‘on – Yakkabog‘ tumani va Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy yonbag‘ri (E.V. Rtveladze), Zarafshon tizmasidan boshlangan O‘radaryogacha bo‘lgan hudud (A.S. Sagdullaev)17.
Nautaka va Ksenippaning qaysi biri Kesh yoki Naxshobga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida olimlar izlanishlar olib borib, bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Nautaka – Kesh shahri tarixini xitoy yozma manbalarida ham uchratishimiz mumkin. Xitoy tarixchilari Keshni turlicha nomlar bilan tilga olishgan
Dostları ilə paylaş: |