O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi o
Auditorlik tashkilotlarining majburiyatlari. Auditorlik tashkilotlarining majburiyatlari «Auditorlik faoliyati to’g’risida» gi qonunning 7-moddasida belgilangan. Unda ta’kidlanishicha, auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyati bilangina shug’ullanishi mumkin. Ushbu qonunning 3-moddasiga muvofiq «auditorlik faoliyati deganda auditorlik tashkilotlarining auditorlik tekshiruvlarini o’tkazish va boshqa shu bilan bog’liq professional xizmatlar ko’rsatish borasidagi tadbirkorlik faoliyati tushuniladi»
Shuningdek, auditorlik tashkilotining zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:
auditorlik faoliyatini amalga oshirayotganida ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi;
auditorlik tekshiruvi o’tkazilishga doir shartnoma tuzishdan oldin buyurtmachining talabiga binoan auditorlik faoliyatini o’tkazish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani, auditor (auditorlar)ning malaka sertifikatini taqdim etishi;
xo’jalik yurituvchi sub’ektning so’roviga binoan auditorlik tekshiruvini o’tkazish bo’yicha qonun hujjatlarining talablari to’g’risidagi, auditorning e’tirozlari asoslanilgan qonun hujjatlarining normalari to’g’risidagi axborotni taqdim etishi;
auditorlik hisobotida moliyaviy-xo’jalik operatsiyalarining qonuniyligi buzilishi faktlarining hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni aks ettirishi;
o’tkazilgan auditorlik tekshiruvlari natijalariga doir auditorlik xulosalari va auditorlik hisobotlarining nusxalari auditorlik tashkilotida mavjud bo’lishini hamda ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishini ta’minlashi;
auditorlarning bir yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o’tishlarini ta’minlashi;
auditorlik tashkilotlarini majburiy reyting baholash uchun auditorlarning respublika jamoat birlashmasi so’roviga ko’ra axborot taqdim etishi;
xo’jalik yurituvchi sub’ektga uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari zarar etkazganligini aniq tasdiqlab turgan faktlarni aniqlagan taqdirda bu haqda xo’jalik yurituvchi sub’ektning rahbariyatiga (mulkdoriga) ma’lum qilishi hamda auditorlik hisobotiga tegishli qaydni kiritishi shart. Zarur xollarda auditorlik tekshiruvining natijalarini ma’lum qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatnashchilarning (aktsiyadorlarning) umumiy yig’ilishi chaqirilishini talab qilishi shart.
Auditorlik tashkiloti zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.