2. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Fanni o‘rganishning nazariy-uslubiy asoslari. Tarixiy haqiqat to‘la ro‘yobga chiqishida, haqqoniy tarix yozilishida tarix fani predmetining to‘g‘ri belgilanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlardan farqli o‘laroq mustaqil fan. Bu uning o‘rganish predmeti hamda vazifasida to‘la namoyon bo‘ladi. U fan sifatida o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosi chiqaradi, ajdodlarimiz yaratgan madaniy, ma’naviy-mafkuraviy qadriyatlarni o‘rganadi. O‘zbekiston tarixi fanining o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi.O‘zbekiston tarixini o‘rganish predmetiga Vatanimiz hududidagi jamiki xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyatiga kiradi.
Aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, shular doirasidagi voqea va hodisalarni yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun zamon va makon ichidagi aniq tarixiy-madaniy jarayondir.
O‘zbekiston tarixi fanining ilmiy-nazariy uslublari v uning tamoyillari quyidagilardan iborat:
tarixni o‘rganishga vorisiylik va uzviylikka, eng muhimi mantiqiylikka amal qilish.
O‘zbekiston tarixi jahon tarixi bilan hamda dinlar bilan bog‘liq. Ijtimoiy hayotni dindan ajratib bo‘lmaganidek, tarixni dindan ajratib bo‘lmaydi. Tarixni soxtalashtirmasdan, qanday bo‘lsa, shundayligicha o‘rganish kerak, degan tushuncha hamisha ustuvor bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston tarixi fanining uzviy va mantiqiy davomi sifatida “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitish xaqida so‘z ketganda, avvalo mustaqillik qo‘lga kiritilganidan keyingi, ya’ni 1991 yildan beri mamlakatimiz bosib o‘tgan tarixiy yo‘lning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushunish kerak. Ushbu jarayon qanday o‘tganini, mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar va mustaqillikning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch kelganligini tushunish muhimdir.
“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitishning maqsadi – mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida yuz bergan muhim o‘zgarishlar, tub islohotlarning mazmun-mohiyatini ko‘rsatish va jamiyat hayotida aholining, jumladan, talaba-yoshlarning o‘rnini, o‘zligini anglatishdan iborat.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitishning vazifalari– mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab vaziyatni hamda mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hamda boshqa sohalardagi islohotlarning mazmun-mohiyatini talabalarga tushuntirib berish, ularni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalash hamda milliy g‘ururni shakllantirishdan iborat.
“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘rganishning nazariy-uslubiy asoslari O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va murakkab vaziyatlar tarixini, shuningdek mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hamda boshqa sohalardagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yoritishda ilmiy tadqiqotlar olib borishning ilmiylik, tizimlilik, tarixiylik, ob’ektivlik va qiyosiy tahlil usullaridan foydalanildi.