O„zbekiston respublikasi oliy va o„rta maxsus ta‟lim vazirligi samarqand davlat universiteti baxtiyar Ergashev manbashunoslik va tarixshunoslik darslik


«Turkestanskoe selskoe xozyaystvo» jurnali qishloq xo„jaligi tarixinio„rganish



Yüklə 2,94 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə77/112
tarix22.09.2023
ölçüsü2,94 Mb.
#146972
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   112
«Turkestanskoe selskoe xozyaystvo» jurnali qishloq xo„jaligi tarixinio„rganish 
manbasi sifatida (XIX asr oxiri - XX asr boshlari). 
«Turkestanskoe selskoe 
xozyaystvo» jurnali Turkiston o‗lkasi qishloq xo‗jalik hayotining hamma 
jabhalarini qamrab olgan jurnal bo‗lib, uning birinchi soni 1906 yilning yanvarida 
nashr etilgan. Bu oylik jurnalning jami 129 ta soni chiqqan va ba‘zi sonlari 
bizgacha yetib kelgan. Ushbu jurnal 1884 yili Toshkentda tashkil etilgan Turkiston 
qishloq xo‗jaligi jamiyatining organi edi, u aholiga yordam berish hamda qishloq 
xo‗jaligidagi yangiliklarni targ‗ib qilish, shu sohadagi mahalliy yutuqlarni 
o‗rganish maqsadida chop etilgan. Jurnal faoliyatida ko‗zga ko‗ringan agronomlar, 
shu jumladan, mevachilik bo‗yicha mutaxassis A.A. Dilevskiy, Turkiston 
ziroatchiligini yaxshi o‗rgangan N.N. Aleksandrov va S.V. Ponyatovskiy, tajriba 
maydonlarida uzoq vaqt ishlagan entomologlar I.A.Sevastyanov va professor 


158 
N.G.Zaprometov, asalarichilik bilan shug‗ullangan mutaxassislar I.A.Bojeziskiy va 
F.F.Pospelov ishtirok etganlar. 
1906 - 1918 yillarda jurnalga faqat ikki kishi: 1906 yil 1-sonidan 1910 yil 3-
sonigacha, 1911 yil 1-sonidan 1914 yil 4-sonigacha N.N. Aleksandrov va 1914 yil 
5-sonidan 1918 yil 3 - 6-sonlarigacha (iyun) R.R. Shreder muharrirlik qilgan. 1910 
yili jurnal faoliyatida inqiroz yuz berib, yarim yil chiqmay qo‗ygan va muharrir 
N.N.Aleksandrov tahririyatdan ishdan ketgan. Jurnalning 1910 yil 4- va 5-6-
sonlariga veterinar shifokor A.Ye. Skvorsov muharrirlik qilgan. 
Turkiston qishloq xo‗jaligi jamiyatining rahbari akademik R.R. Shrederning 
jurnaldagi faoliyati alohida o‗rin tutadi. Rixard Rixardovich 1867 yil 15 oktabrda 
Moskvada tug‗ilgan, uning otasi - Rixard Ivanovich Shreder Petrovskiy Yer va 
o‗rmon akademiyasi professori bo‗lgan. 
Rixard Rixardovich 1887 yili gimnaziyani tugatib, Moskva davlat 
universiteti fizika-matematika fakulteti tabiiy fanlar bo‗limiga o‗qishga kiradi va 
uni 1891 yili birinchi darajali diplom bilan yakunlaydi. 1894 yili Petrovskiy 
Qishloq xo‗jalik akademiyasini ham muvafaqqiyatli bitirib, Dehqonchilik 
departamentida ish boshlaydi. 
1895-1900 yillarda xususiy dehqonchilik kafedrasida assistent sifatida 
xizmat qiladi va ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi. 1900 yili Moskva davlat 
universitetida magistrlik imtihonlarini topshirib, agronomiya privat-dotsenti 
unvonini oladi hamda Germaniya va Shveysariyaga uch yilga ilmiy safarga 
jo‗natiladi. Leypsigda professor Pfeffer rahbarligida o‗simliklar fiziologiyasi, 
Syurixda professor Shuls rahbarligida o‗simliklar fiziologik kimyosi bo‗yicha 
tadqiqotlar olib boradi. 
Ilmiy safardan qaytgan olim 1902 yili dehqonchilik vazirligi tomonidan 
1898 yili tashkil etilgan Turkiston qishloq xo‗jaligi tajriba stansiyasiga mudir qilib 
jo‗natiladi. Bu stansiya Toshkentdan 16 kilometr uzoqlikda Achchi qishlog‗ida 
joylashgan bo‗lib, unda dastlab asosiy e‘tibor paxtaning turli navlarini tajribadan 
o‗tkazishga qaratilgan, keyinchalik boshqa ekinlar ustida ham tajriba olib borilgan. 
1935 yili bu stansiya O‗zbekiston mevachilik va subtropik xo‗jaligi tajriba 
stansiyasiga aylantirildi, 1939 yilda stansiyaga R.R.Shreder nomi berildi. 1947 
yilda Shreder nomidagi mevachilik institutiga, 1957 yilda R.R.Shreder nomidagi 
bog‗dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirildi. 2013 
yilda muassasaga 1949-2000 yillarda institutga rahbarlik qilgan, Shrederning 
shogirdi Mahmud Mirzaev nomi berilgan. 
Bir qancha Yevropa tillarini (ingliz, fransuz, nemis va italyan) bilgan R.R. 
Shreder Turkistonda birinchi navbatda o‗zbek tilini o‗rgandi. Bu esa mahalliy 
aholining asrlar mobaynida qishloq xo‗jaligi bo‗yicha to‗plangan bilim va 
tajribalari bilan tanishish imkonini berdi. 


159 
Shreder bug‗doyning minglab mahalliy navlarini to‗pladi va ularni ekib 
ko‗rdi, ularning hosildorligini aniqladi. 
Bu jurnalning butun faoliyati davrida bosib chiqargan maqola va xabarlari 
ko‗rsatkichini tuzib chiqqan mashhur bibliograf Ye.K. Betger jurnal faoliyatiga 
katta baho bergan holda «bu jurnal O‗rta Osiyodan tashqarida ham ma‘lum bo‗lib, 
XX asr boshidagi Rossiya agronomiya jamiyati u bilan hisoblashar edi, bu 
toifadagi mahalliy jurnallarning eng mavqei balandi hisoblanar edi», deb yozgan 
edi. 
Jurnal faoliyati davomida moliyaviy qiyinchiliklarga ham duchor bo‗ldi. 
1910 yilning ikkinchi yarmida mablag‗ yetishmasligi sababli Turkiston qishloq 
xo‗jaligi jamiyati «Turkestanskoe selskoe xozyaystvo» jurnalini bosishni vaqtincha 
to‗xtatishga majbur bo‗lgan. 
Jurnal chop etishga ketadigan mablag‗ni oqlay olmasdan o‗z zarariga 
faoliyat yuritgan vaqtlar ham bo‗lgan. Jumladan, 1906 yili uni chop etishdan 
jamiyat 1150 rubl zarar ko‗rgan. Bu haqda Turkistondagi birinchi gazeta 
«Turkestanskie vedomosti» sahifalarida yozilganidek, ko‗rgan zarardan 
afsuslanishga hojat yo‗q edi, chunki ushbu jurnal Turkiston o‗lkasi iqtisodiy 
hayotini yaxshilashga alohida hissa qo‗shayotgandi. 
Umuman, «Turkestanskie vedomosti» gazetasi «Turkestanskoe selskoe 
xozyaystvo» jurnali faoliyatini kuzatib borgan hamda uning mundarijasi bilan 
mushtariylarni muntazam ravishda tanishtirib borgan. 
Jurnal 1911 yildan yana o‗z faoliyatini davom ettira boshlagan. Jurnal 1911 
yili 700 nusxada chop etilgan, uning 600 ta obunachisi bo‗lgan. Shu yili Turkiston 
general-gubernatorligi jurnalni nashr etish uchun 2200 rubl ajratgan. 
Jurnal sahifalari mazmunan ancha boy bo‗lgan hamda imkon qadar qishloq 
xo‗jaligidagi, xususan, yer sug‗orish ishlari, paxtachilik, ipakchilik, bog‗dorchilik 
sohasidagi yangiliklar bilan aholini tanishtirib borishga harakat qilgan, shuningdek, 
Turkiston qishloq xo‗jaligi jamiyati faoliyatini ham yoritib borgan. Bibliograf 
Ye.K. Betger tomonidan 4277 ta maqola va xabarlar ro‗yxatga olingan. Masalan, 
faqat uzumchilik to‗g‗risida 15 dan ortiq maqola chop etilgan. 
Jurnal sahifalarida XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Turkistonda qishloq 
xo‗jalik ekinlarining yangicha turlari kirib kelganligi haqida ma‘lumotlar olish 
mumkin. Masalan, 1906 yil 1-sonida I.Mamontovning «Suli ekish to‗g‗risida» 
nomli maqolasida yozilishicha, bu davrda suli ekini Turkistonda kam tarqalgan, 
uni asosan bu yerga Rossiyadan ko‗chib kelgan dehqonlar ekishgan. Turkiston 
mahalliy aholisi esa arpa ekkan (otlarga yemish sifatida). Muallif Turkistonda suli 
ekishni kengaytirishni taklif etar ekan, suli ekish uchun yerga kamroq ishlov 
beriladi hamda yer kuchsizlanib qolishiga olib kelmaydi, hosildorligi yuqori 
bo‗lishi bilan ajralib turadi, shuningdek, uni otlarga yemish sifatida ham bersa 


160 
bo‗ladi deb hisoblagan. Ushbu maqolada Turkistonda suli ekishning amaliy 
tomonlari ochib berilgan. 
Jurnal sahifalarida xalq xo‗jaligining turli jabhalaridagi o‗zgarish va 
yangiliklar haqida ham qiziqarli ma‘lumotlar o‗qish mumkin. Jurnal sahifalarida 
40 dan ortiq asalarichilikka bag‗ishlangan maqolalar chop etilgan. Jumladan, 
«Samarqandda Amerika asalarichisi» nomli maqolada 1905 yil noyabr oyida bir 
turkistonlik asalarichilik bilan shug‗ullanuvchi kishi Amerikaning mashhur 
asalarichi mutaxassisi Frank Benton uning xo‗jaligini borib ko‗rganini bayon 
qilgan. Maqola muallifi Turkistonda ham asalarichilikni rivojlantirib, iqtisodiy 
hayotda o‗zgarishlar qilishga umid bildirgan edi. 
Ushbu jurnal sahifalarida paxtachilik sohasiga doir masalalarga alohida 
e‘tibor berilgan, shuning uchun uning sahifalarida 500 ga yaqin paxtachilikka 
bag‗ishlangan maqola va xabarlar chop etilgan. Ularda paxtachilikning holati, 
uning hosildorligi, yangi navlarning tajribadan o‗tkazilishi, undan olinadigan 
mahsulotlar, bu sohadagi jahon tajribalari kabi masalalarga urg‗u berilgan. 
Jurnalga Turkistonning turli joylaridan xabarlar kelardi, ularda qishloq 
xo‗jaligi yil yakunlari va boshqa ma‘lumotlar mavjud edi. Jurnal tahririyatiga 
o‗quvchilar o‗z savollari bilan murojaat qilishi mumkin bo‗lgan. Bu savollar 
amaliy xarakterga ega bo‗lib, o‗g‗itlar, qishloq xo‗jaligi texnikalari, urug‗larni 
qaerdan olish mumkinligi va boshqa ma‘lumotlarni olish mumkin edi. Bularga 
imkon qadar javob qaytarilib, ko‗p hollarda yo‗llanmalar ham berilgan. Masalan, 
jurnalning sonlaridan birida Kishinyovdan V.K. Laskari degan bir kishi qorako‗l 
qo‗yni qaerdan, qanday narxda sotib olish mumkinligi va uni Kishinyovga 
yetkazish yo‗llari to‗g‗risida ma‘lumot so‗rab murojaat qiladi. Unga javoban 
jurnalda qorako‗l qo‗ylarni, odatda, Buxorodan sotib olish mumkinligi, ammo 
buning uchun maxsus ekspeditsiyalar talab etilishi, shunday ekspeditsiya 1910 yili 
Poltava qishloq xo‗jaligi jamiyati tomonidan tashkil etilgani xabar qilinadi. 
Buxoroda qorako‗l qo‗ylar 15-20 rubl, qo‗zichoqlar 5 rublga sotib olinib, 
Poltavada qo‗ylar 40 - 50 rubl, qo‗zichoqlar 20 rubldan sotilishi ma‘lum qilingan. 
Ushbu jurnal 1909 yilning aprelida Rostov Donda bo‗lib o‗tgan 
ko‗rgazmada o‗z eksponatlari bilan muvaffaqiyatli qatnashganligi uchun «kichik 
oltin medal» bilan mukofotlangan. 
Bundan tashqari, mazkur jurnal tahririyati orqali qishloq xo‗jaligiga oid 
kitoblarni buyurtma berib olish mumkin edi. Tahririyatga nafaqat Turkistonda, 
balki Rossiyaning markaziy qismida, jumladan, Sankt-Peterburg va Moskvada 
nashr qilingan qishloq xo‗jaligiga oid kitoblar taqrizga jo‗natilgan. Masalan, 1907 -
1908 yillarda Sankt-Peterburg va Moskvada chop etilgan 10 ta kitob taqrizga 
yuborilgan. 


161 
Jurnalning amaliy ahamiyati haqida jurnal o‗quvchilari yozib, boshqa 
kishilarni ham unga obuna bo‗lishga da‘vat etgan. Jurnalning 1909 yil 1-sonida 
Chimkent uezdi Mamaevka qishlog‗idan Trifon Tkachuk degan asalari boquvchi 
qishloq xo‗jaligining barcha sohalari bilan shug‗ullanuvchi kishilar jurnaldan 
foydali maslahatlar olishi mumkinligi haqida yozadi. Masalan, xo‗jalik uchun 
kerak bo‗ladigan asbob-uskunalar, qoramollar, qo‗ylar, asalari yoki urug‗lar, 
o‗g‗itlarni qaerdan olish mumkinligi haqidagi xabarga ega bo‗lish mumkinligiga 
alohida e‘tibor qaratadi. O‗quvchilar o‗zlarini qiziqtirgan savol bilan tahririyatga 
murojaat qilishi mumkinligini ta‘kidlaydi. Jurnalga obuna bo‗lish boshqa 
kishilarga qaraganda qishloq xo‗jaligi bilan shug‗ullanuvchi kishilarga ikki baravar 
arzonligini bildiradi. Bir yillik obuna 2 rubl bo‗lsa, 4 nafar kishi birgalikda 50 
kopeykadan pul to‗plab jurnalga obuna bo‗lsa, koni foyda bo‗lishiga e‘tibor 
qaratadi. 
«Turkestanskoe selskoe xozyaystvo» jurnali XX asr boshida Turkistonda 
qishloq xo‗jaligi bilimlarini yoyishga hamda matbuot orqali qishloq xo‗jaligining 
turli sohalariga doir bilim va yangiliklarni tarqatishga hamda qishloq xo‗jaligi 
bilan shug‗ullanuvchi kishilarga amaliy yordam berishga intilgan. Uning 
sahifalarida iqtisodiyotning turli jabhalariga oid qiziqarli ma‘lumotlar yoritib 
borilgan. Jurnalda qishloq xo‗jaligiga oid kitoblarga taqrizlar berib borilishi ham 
uning ancha salohiyatli matbuot organi bo‗lganligidan dalolatdir. Bu jurnal o‗sha 
davr qishloq xo‗jaligi tarixi masalalarini o‗rganishda tadqiqotchilar uchun muhim 
manbalardan biri bo‗lib xizmat qiladi. 

Yüklə 2,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   112




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin