Davlat dasturining navbatdagi muhim yo‘nalishi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishdir. 2018-2021 yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqish, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Jinoiy va ma’muriy javobgarlikni liberallashtirish, protsessual normalarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish uchun tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya berish vakolati sudga o‘tkaziladi.
Inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida tergov izolyatorlari va jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.
Ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlarini ular fuqarolar bilan muomala qilayotganda foydalaniladigan video-fiksatorlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu nafaqat fuqarolar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi, balki tinchligimiz posbonlari tomonidan o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi holatlarining ham oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat dasturida propiska va pasport tizimini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqarolar ikkilamchi bozorda ko‘chmas mulk xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Davlat dasturining uchinchi yo‘nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan.Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida ilg‘or g‘oyalar, "smart" texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan innovatsion taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilmoqda.
Venchur fondlar, venchur moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish uchun huquqiy asoslar, shuningdek, iqtisodiyotga innovatsiyalar va yangi texnologiyalar joriy etishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ishlab chiqiladi.
2023 yilning 1 yanvariga qadar venchur fondlar, yuqori texnologik startap-loyihalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsiya markazlari va loyiha-konstruktorlik byurolariga o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotish (foydalanish uchun taqdim etish)dan tushgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi.
Er uchastkalari berishda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida internet tarmog‘ida elektron savdolar o‘tkazishni joriy qilish rejalashtirilgan. Davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Banklar va bank faoliyatiga doir qonunchilik tubdan qayta ko‘rib chiqilib, sohada "raqamli banking", "internet-banking" va boshqa zamonaviy texnologiyalar tatbiq etiladi.
Soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish va optimallashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Turizm sohasini rivojlantirish, kirish turizmi va ichki turizmni rivojlantirishni rag‘batlantirish, sayyohlar uchun ma’muriy va viza bilan bog‘liq tartibotlarni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.