Miyachaning turli qismlariga ta’sir etish effektlari. Miyachaning turli qismlariga elektr toki bilan ta’sir etilganda katta yarim sharlar po’stlog’ining muayyan qismlaridagi neyronlar, oraliq miya, o’rta va uzunchoq miya hamda retikulyar formatsiya yadrolarining elektr faolligi o’zgaradi. Miyacha yuzasiga yoki undagi ayrim yadrolarga kuchli elektr toki bilan ta’sir etilganda ko’z, bosh, qo’l-oyoq harakatga keladi. Miyacha ta’sirlanganda ro’y beruvchi harakatlar katta yarim sharlar po’stlog’i ta’sirlangandan kelib chiquvchi harakatlardan farq qilib, sust va tonik xarakterda bo’ladi. Ta’sir etish effekti uzoq vaqt saqlanadi.
Miyachaning turli qismlari har xil muskul guruxlarining qisqarishini boshqarishda qatnashdi. Shu sababli detserebratsion rigidlik mavjud bo’lganda miyachaning oldingi bo’lagiga ta’sir etilsa yozuvchi muskullar tonusi pasayadi, orqa miyaning kesishma yozish reflekslari kamayadi va katta yarim sharlar po’stlog’idagi motor zona bo’laklariga elektr toki bilan ta’sir etish tufayli kelib chiqadigan muskul qisqarishlari susayadi. Miyachaning orqadagi bo’lagiga ta’sir etilganda ko’z harakatlari qayd qilinadi va katta yarim sharlar po’stlog’idagi motor zonaning qo’zg’aluvchanligi o’zgaradi. Miyachaning sharsimon yadrosi ta’sirlanda o’sha tomondagi oyoqlar bukiladi, chodir yadrolari ta’sirlanganda esa ikkala oldingi oyoq bukiladi.
Miya katta yarim sharlari po’stlog’ining muayyan qismlari ta’sirlanganda miyacha po’stlog’ida yuzaga chiqqan elektr potentsiallarini qayd qilish yoki, aksincha, miyacha po’stlog’ining turli qismlari ta’sirlanganda miya katta yarim sharlari po’stlog’ida yuzaga chiqqan potentsiallarni qayd qilish ularning muayyan qismlari o’zaro ikki tomonlama bog’langanligi ko’rsatdi. Masalan, oldingi oyoqlarning miyacha po’stlog’idagi vakillik zonasi oldingi oyoqlarning katta yarim sharlar po’stlog’idagi vakillik zonasiga bog’liq. Miyachaning ko’ruv zonasi katta yarim sharlar po’stlog’ining ko’ruv zonasiga, miyachaning eshituv zonasi esa katta yarim sharlar po’stlog’ining eshituv zonasiga bog’liq. Miyacha bilan katta yarim sharlar o’rtasida retsiprok xarakterdagi shunday bog’lanishlar borligidan, organizmdagi harakat sistemalarini boshqaruvchi mexanizmlar juda nozik korrelyatsiya qilinadi (uyg’unlashtiriladi).