Qon ivishining mexanizmlari. Gemostaz tizimi. Qon tomirlarda qon suyuq holatda xarakatda bo’ladi. Qon tomirlar jarohatlanganda uning bir butunligi buziladi, natijada qon iviydi. Bu holatni organizmning qonning agregat holatini boshqaruvchi tizimi ta’minlaydi. Qonning agregat holatini boshqarish jarayoni qon ivishini ta’minlovchi va ivishga qarshi omillar, fibrinolitik tizimlar kabi murakkab mexanizmlardan iboratdir. Mazkur tizimning birorta funktsional holati o’zgarsa, boshqa tizimlarda kompensator siljishi kuzatiladi. Shu tizimlar o’rtasidagi o’zaro funktsional bog’liqlikning buzilishi qon ketishining og’ir ketuvchi turli shakllari, to’xtamasligi yoki qon tomirlarda tromb hosil bo’lib qolishi kabi patologik xolatlarga olib kelishi mumkin.
Tomirlarda qonni suyuq holatda ushlab turuvchi omillarga quyidagilar kiradi:
1) qon tomirlari ichki yuzasi va shaklli elementlarining manfiy zaryadga egaligi;
2) trombotsitlar agregatsiyasi ingibitori prostatsiklin PGI – 2 ning qon tomir endoteliysida ishlab chiqarilishi;
3) qon tomirlarda qon ivish tizimi omillarining noaktiv holda bo’lishi;
4) antikoagulyantlarning bo’lishi;
5) qon oqish tezligi yuqoriligi. Qon ivish mexanizmlari. Qon ivishi (gemokoagulyatsiya) tomirlarda qonni saqlashga, jarohatdan so’ng qon yo’kotish natijasida halok bo’lishdan himoya qilishga yo’naltirilgan organizmning xayotiy zaruriy javobidir.
Qon oqishini to’xtatish jarayonida quyidagi tuzilmalar ishtirok etadi: qon tomirlar, to’kimalar, plazmadagi fiziologik aktiv moddalar, qonning shaklli elementlari-asosan trombotsitlar. Bularning barchasi neyrogoumoral mexanizmlar yordamida boshqarib turiladi.
Qon plazmasida qon ivishida ishtirok etadigan fiziologik aktiv moddalar plazmaning qon ivish faktorlari deb ataladi. Ular ochilgan vaqtiga qarab rim raqamlari bilan belgilanadi. Ayrimlari birinchi marotaba qaysi kasalning qonida etishmovchiligi aniqlangan bo’lsa, usha kasalning familiyasi bilan nomlangan. Plazmaning qon ivish faktorlariga quyidagilar kiradi: