Pedagogik psixologiya-psixologiya ilmining tarmog‘i sifatida, ta’lim va tarbiyaning shaxsga samarali ta’sir etuvchi omillari, qonuniyatlari va mexanizmlarini o‘rganuvchi fandir. Bolalar va yoshlarning maktabdagi hamda ta’lim-tarbiya muassasalaridagi faoliyat va hatti-harakatlarining psixologik qonuniyatlarini o‘rganuvchi pedagogik psixologiya ikki fanni, ya’ni psixologiya va pedagogika fanlarining tutashgan joyidan o‘rin egallagandir. Pedagogik psixologiyaning predmeti maktabda bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash qonuniyatlarini, bu jarayonlarda sodir bo‘ladigan individual tafovutlarni, o‘quvchilarda faol, mustaqil va ijodiy tafakkurni tarkib toptirish qonuniyatlarini tadqiq etishdir. Shuningdek, pedagogik psixologiya-ta’lim tarbiyaning ta’siri oqibatida o‘quvchilar psixikasida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni, o‘quv materiallarining o‘quvchilarning yosh davrlariga mos kelishini, turli ta’lim metodlarining psixologik jihatdan samaradorligini, darsliklar, o‘quv qurollari, asbob-uskunalar va maktab ishlarining tartibiga nisbatan bo‘lgan psixologik talablar kabi muammolarini ham pedagogik psixologiya o‘rganadi.
Mamlakatimizdagi mavjud barcha o‘quv yurtlari ta’lim-tarbiyani to‘g‘ri, ilmiy asosda tashkil etish uchun bu jarayonning o‘ziga xos psixologik qonuniyalarini, uning mexanizmlarini, shunigdek, faol, mustaqil hamda ijodiy tafakkur jarayonini zamonaviy bilimlar asosida tarkib toptirishning samarali usullarini bilishi lozim bo‘ladi. Bu borada yosh davrlari psixologiyasi va pedagogik psixologiya- hozirgi zamon psixologiya fanining rivojlangan sohalaridan bo‘lib, bu o‘rinda muhim o‘rin egallaydi, zero u inson ruhiy olamining tabiati va uning qonuniyatlarini o‘rganuvchi sohadir.
Yosh davrlari psixologiyasi va pedagogik psixologiya fanlari mushtarak,bir-biriga uzviy bog‘liqdir, chunki ularning har ikkisi bitta umumiy jarayonni-ulg‘ayib borayotgan insonning psixik faoliyati hamda uning hulq-atvorini tadqiq etadi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, bu ikki faol psixologiya ilmining mustaqil sohalari hisoblanib, ularning har biri o‘z predmeti va tadqiqot vazifalariga egadir. Yosh davrlari psixologiyasi ontogenezdagi turli yosh davrlari psixik taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini, psixik rivojlanishi hamda psixologik xususiyatlarni o‘rganadi.
Ontogenez-(yunoncha, ontos-mavjud, jon zot; genezis- kelib chiqish, paydo bo‘lish)–individning paydo bo‘lishidan umrining oxirigacha psixik rivojlanish jaryoni.
Yoshning ulg‘ayib borishi, psixik jarayonlarning inson rivojlanishidagi qonuniyatlari, undagi etakchi omillar hamda inson hayot yo‘lining turli bosqichlarida uning shaxsiga xos xususiyatlar yosh davrlari psixologiya fanining tadqiqot predmeti hisoblanadi. Ma’lumki, shaxs tarkib topish jarayonining psixologik qonuniyatlarini, uning ilmiy asoslarini mukammal bilmay turib, ta’lim va tarbiyaning nazariy hamda amaliy masalalarini muvaffaqiyatli hal etib bo‘lmaydi. Yosh davrlar psixologiya fani bu borada ham o‘ziga tegishli masalalarni tor eksperimental ravishda o‘rganish bilan cheklanib qolmay, balki o‘z muammolarini inson hayoti va faoliyatining tabiiy sharoitlarida bolaga beriladigan ta’lim va tarbiyaning mazmun va mohiyatidan kelib chiqqan holda o‘rgansa, yanada muvaffaqiyatli rivojlanishi.
Hozirgi vaqtda pedagogik psixologiyaning muhim vazifalaridan biri-maktabdagi ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishning psixologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat bo‘lib, bu hol yangi ta’lim dasturiga o‘tish munosabati bilan bog‘liqdir. Pedagogik psixologiya shu bilan birga o‘quvchilar shaxsining tarkib topish jarayonini turli tarbiyaviy tadbirlarning o‘quvchilarga ko‘rsatadigan ta’sirini o‘rganadi hamda o‘quvchilarning o‘z-o‘zini tarbiyalashning psixologik asoslarini tadqiq etadi.
Shunigdek, «Pedagogik-psixologiya» ta’lim va tarbiya jarayonining tashkilotchisi bo‘lgan o‘qituvchi shaxsini, uning pedagogik faoliyat xususiyatlarini ham o‘rganadi. Bunda o‘qituvchining ta’lim-tarbiya ishlaridagi yutuqlarni ta’minlovchi sifatlariga urg‘u berish bilan birga, uning bilim, ko‘nikma, malaka va qobiliyatlarining tarkib topishi hamda taraqqiyotining psixologik jarayonlari aniqlanadi.
Yosh davrlari psixologiyasi ham pedagogik psixologiya singari umumiy psixologik qonuniyatlarni yoritib beradigan, psixik jarayonlarni, holatlarni va shaxsning individual psixologik xususiyatlarini o‘rganadigan umumiy psixologiyaga asoslanadi.
Pedagogik psixologiya fanini o‘rganish ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, u boshqa fanlar singari taraqqiyotning umumiy tamoyillariga; oliy nerv faoliyati va psixofiziologiya qonunlariga, bu sohada to‘plangan ilmiy ma’lumotlariga tayanib, inson psixikasining kechishi, rivojlanishi, o‘zgarishi yuzasidan bahs yuritadi.
2.Yosh davrlari psixologiyasining asosiy vazifasi shaxsning kamol topishi qonuniyatlari va turli yosh davridagi odamlar psixik taraqqiyoti jarayonida yuz beradigan o‘zgarishlarning sabablari, xolat va shart sharoitlarning o‘zaro ta’siri xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir.
Yosh davrlari psixologiyasi fanining vazifalarni mazmuniga ko‘ra ikki guruhga ajratish mumkin. Yosh davrlari psixologiyasi fanining nazariy vazifalari g‘oyat muhim va murakkab bo‘lib, u shaxsning kamol topishi qonuniyatlari va turli yosh davridagi odamlarda vujudga keladigan psixik faoliyat, holat va shart-sharoitlarining o‘zaro ta’siri xususiyatlarini o‘rganishdan iboratdir.
Yosh psixologiyasi fanining amaliy vazifalarini esa psixik jarayonlarning namoyon bo‘lishi va taraqqiy etishi hamda inson shaxsi psixologik xususiyatlarining tarkib topishi qonuniyatlarini o‘rganishda qo‘lga kiritilgan ilmiy dalillarni ta’lim-tarbiya sohalariga tadbiq qilish tashkil etadi.
Yosh davrlari psixologiyasi ana shu vazifalarni xal qilish bilan quyidagi amaliy maqsadlarni ruyobga chiqaradi:
- ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtiriladi;
- shaxslararo muloqotni to‘g‘ri yo‘naltiriladi:
- jamoada ijobiy psixologik iqlim yaratiladi:
- uzoq umr ko‘rish sirlari ochiladi;
- oilaviy munosabatlarni mustahkamlanadi;
- ajralishlarning oldi olinadi;
- farzand tarbiyasi oqilona amalga oshiriladi.
3.Markaziy Osiyo mutafakkirlaridan Abu Nasr Farobiy, Ibn Sino, Yusuf Xos Xojib, A.Navoiy va boshqa bir qator allomalar yosh davrlari psixologiyasi mavzusiga doir o‘z qarashlarini bildirganlar.
Ibn Sino inson yoshi va yosh o‘sishi bilan bog‘liq xolda kechadigan psixik taraqqiyot masalalari xususida hamda inson shaxsini shakllantirish muammolari to‘g‘risidagi fikrlarini “Odob haqida” risolasi orqali bayon qilgan. Shuningdek, Ibn Sino “Tib qonunlari” nomli asarida inson organizmining tuzilishi, undagi nerv tolalari va nerv yo‘llari, fiziologik jarayonlar bilan bog‘liq psixik jarayonlar xususida bir qancha ma’lumotlar keltirgan.
Mashoyixlardan eng ulug‘i Xoja Ahmad Yassaviy insonning komil inson sifatida shakllanishida yosh o‘sishi, turli yoshdagi bolalarni tarbiyalashda yosh o‘sishi va u bilan bog‘liq xolda yuzaga keladigan differensial tafovutlarni xisobga olish muhim ahamiyat kasb etishi xaqidagi fikrlarni bayon qilgan. Uning etuk insonni shakllantirish g‘oyasida ta’lim-tarbiya masalasini insonning yoshlik davridan boshlab qo‘lga olish zarurligi, buning uchun tarbiyani bolalarning yosh xususiyatlari bilan bog‘liq xolda olib borishni, ularga yosh davrlariga mos keladigan tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish zarurligini tushuntiradi. Shu boisdan ham mutaafakkir “Devoni hikmat” asarida bolaning inson sifatida shakllanishida har bir yilning alohida bosqich ekanligini ta’kidlaydi.
Ilmiy psixologik adabiyotlarda qayd еtilishiga ko‘ra yosh davrlari psixologiyasi fani 19-asrning boshlarida vujudga kelgan, lekin dastlabki ildizi qadimgi Yunon madaniyatiga borib taqaladi. Uning predmeti va qonuniyatlari to‘g‘risida jaxon psixologiyasi olamida turli qarashlar va nazariyalar mavjud. Ularning juda keng tarqalganlari biogenetik (V.Shtern), sotsiogenetik (K.Levin) bixevioristik (E.Torndayk) psixoanalitik (Z.Freyd) nazariyalaridir. Shuningdek, mazkur fan metodlarga asoslanib tadqiqotlar olib borgan olimlar ham juda ko‘p. Ilmiy psixologik adabiyotlarda keltirilgan emperik ma’lumotlar asosida yosh davrlari psixologiyasining mustaqil fan sifatida ajralib chiqishiga qator omillar va xolatlar sabab bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin. Ana shu kabi omillar tarkibiga psixolog E.G‘.G‘oziyev quyidagilarni kiritgan:
1.Barcha fanlar negiziga kirib borgan evolyusiya g‘oyasining (Ch.Darvin) inson psixikasining rivojlanish jarayonida o‘rganish zarurligi;
2.Umuminsoniy, umumpsixik qonuniyatlar turli yoshdagi odamlar xatti harakatini, psixik xususiyatlarini va bolalarning o‘sishiga biror bir faoliyatning ta’sirini aniqlash uchun etarli emasligini e’tirof etish;
3.Yosh davrlari psixologiyasi insonning (tug‘ilganidan yoshining oxirigacha) kamoloti uchun metodologik va nazariy ahamiyatga ega ekanligi tan olinganligi;
4.Turli yoshdagi odamlar (maktabgacha yoshdagi bolalar, maktab o‘quvchilari, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining talabalari, ishchilar, xodimlar qariyalar xar xil psixologik xususiyatlarga ega ekanligi sababli tarbiya, ishlab chikarish, ijtimoiy ta’minot muassasalari, etimxonalar, bolalar uylari, koloniyalar, maxsus maktablar, internatlar, psixonevrologik dispanserlar, qariyalar uylari, shifoxonalar, va boshqalar)ning extiyojlari ortib borayotganligi;
5.Tibbiyot fani va uning tarmoqlari rivojlanishi psixiatriya, psixonevrologiya, psixogigiena, neyroxirurgiya, bolalar va kattalar potologiyasi, genetika, oliy nerv faoliyati va xokozolar bo‘yicha kopleks tadqiqotlarning vujudga kelishi hamda psixologiya biologiya, meditsina, sotsiologiya fanlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilishi;
6.Yuridik psixologiya va uning sohaari ijtimoiy hayotimizda sezilarli o‘rin egallayotganligi hamda yoshlar o‘rtasida qonunbuzarlikning ortib borayotganligi (sud ishi psixologiyasi, kriminal psixologiya, voyaga etmagan qonunbuzarlar muammosi va jinoyatning oldini olish masalasi);
7. Amaliy psixologiyaning ijtimoiy siyosiy tus olayotganligi va turmushning xar bir jabhasiga kirib borishi, shuningdek o‘z o‘rnini topayotganligi (psixologik konsultatsiyalar, maslahatlar auto va sotsial treninglar, ishbilarmonlik o‘yinlari, professiogramma, psixodiagnostika va xokozolarga talabning ortishi);
8.Psixologiya fani sohaarining inson ontogenezidagi o‘zgarishlariga doir, bilimlarga extiyoji va talabi ortayotganligi (harbiy, sport, savdo, mehnat, kosmik, injenerlik, ijod, aviatsiya) psixologiyaga aniq ma’lumotlarning zarurligi;
9.Ekologiya muammolari, zoopsixologiya va etologiya vazifalari, millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirish, insonparvarlik g‘oyalarini turmush tarziga olib kirish masalalarining dolzarbligi;
10. Moddiy ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sanoatda va qishlok xo‘jaligida kishilarning xaqiqiy xo‘jayinlik tuyg‘usini uyg‘otish, aqliy va jismoniy imkoniyatlarni qidirish, ishlab chikarish samaradorligini oshirish, “inson-inson”, “inson-texnika”, “er-inson”, munosabatlarini izchil o‘rganish zarurligi;
11. Oilaviy munosabatlarni yaxshilash, ajralishlarning oldini olish. Inoq oila yaratish, yoshlarni oilaviy turmushga tayyorlash, o‘z joniga qasd qilish xollarini bartaraf etish, oilada teng xuquqlilikni qaror toptirish va bolalar tarbiyasini yaxshilish vazifalari;
12.Inson uzoq YOsh ko‘rishining sirlarini – gerontopsixologik qonuniyatlarni ochish va targ‘ib qilish, davlat muassasalarida psixologik bilimlarlardan o‘z o‘rnida foydalanish, uzoq YOsh ko‘rishga zamin tayyorlash, qariyalar uylarida ularning ruhiyatiga mos munosabatda, odilona muloqotda bo‘lish kerakligi yosh davrlari psixologiyasi fanini rivojlantirishni taqozo etmokda.
O‘qituvchilarning yosh davrlari psixologiyasi fanini o‘rganishlari muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega, chunki pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish o‘qituvchidan o‘z o‘quvchilarining psixologik hususiyatlarini bilishni, ta’lim faoliyatining muayyan bosqichida bola psixikasida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar va taraqqiyotni xisobga olgan xolda ta’lim-tarbiyani tashkil etishini talab qiladi. 4. Yosh davrlar psixologiyasining tarixiy rivojlanishi jarayonining tahlili mazkur fan boshqa fanlar bilan bog‘liq xolda rivojlanishi, bunda fiziologiya, eksperimental biologiya va genetika, meditsina, sotsiologiya kabi fanlarning xizmati katta ekanligini ko‘rsatdi. Yosh davrlari va differensial psixologiya fani dialektika prinsiplariga, oliy nerv faoliyati qonunlariga, differensial psixofiziologiya qonuniyatlariga, psixologlar to‘plagan materiallarga tayanib, inson psixikasining kechishi, rivojlanishi, o‘zgarishi yuzasidan baxs yurishi, ijtimoiy turmushning barcha jabhalaridagi amaliy masalalarni hal qilishdagi faol ishtiroki tufayli psixologik fanlar ichida o‘ziga xos o‘ringa ega.
Yosh davrlari psixologiyasi o‘zining predmeti hamda vazifasini umumiy psixologiyaning asosiy tamoyillari va qoidalariga tayangan xolda belgilab, quyidagi tamoyillarga rioya qiladi:
1. Psixika yuksak darajada tashkil topgan materiyaning xususiyati va yoki miyaning mahsulidir. Odatda psixika tashqi dunyoning sezgi organlari orqali insonning miyasiga bevosita ta’sir etishi asosida vujudga kelib, sezgi, idrok, tassavur, xotira tafakkur, nutk xayol kabi bilish jarayonlarida , shuningdek shaxsning xususiyatlari va xolatlarida diqqati xis-tuyg‘usi va xarakter xislatlarida, qizikishi va ehtiyojlarida o‘z ifodasini topadi.
2. Psixikaning negizida miyaning reflektor faoliyati yotadi. Tashqi dunyodan kirib keladigan qo‘zg‘atuvchilarga ichki yoki tashqi biologik organlar javob reaksiyasini bildiradi. Bosh miya katta yarim sharlarida vujudga keladigan muvaqqat nerv bog‘lanishlari psixik xodisalarning fiziologik asoslari xisoblanadi va ular tashqi ta’sirning natijasida xosil bo‘ladi. Bosh miya po‘stlog‘ida vujudga keladigan muvaqqat nerv bog‘lanishlari I.P.Pavlovning nerv jarayonlarining irradiatsiyasi, konsentratsiyasi hamda o‘zaro induksiyasi qonunlari zamirida ro’y beradi. Bu qonunlar turli yo‘sinda muvaqqat bog‘lanishlar, assotsiatsiyalar qanday yuz berayotganini, qanday shart-sharoitda tormozlanish va qo‘zgalish sodir bo‘lishini, muvaqqat nerv bog‘lanishlarining yo‘qolayotgani yoki paydo bo‘layotganini tushuntirish imkonini beradi.
Psixofiziologik qonuniyatlarga binoan miyaning funksiyasi muvaqqat nerv bog‘lanishlarining birlashish mexanizmi hamda analizatorlar faoliyati mexanizmlari ta’sirida xosil bo‘ladi. Yuqoridagi ta’limotga ko‘ra har ikkala mexanizm xayvonlarning tashqi olamga munosabatini aks ettiradi. SHuning uchun psixik faoliyat vokelikni aks ettirishdan, oliy nerv faoliyatining tashqi olamni timsollar sifatida ifodalanishidan iboratdir.
3.Psixikani tadqiq etish insonning butun ongli faoliyatini - uning nazariy hamda amaliy hayot faoliyatini o‘rganishdan iboratdir. Odam zotining ongliligi uning turli tuman faoliyatida, hatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Inson shaxsi xar xil shakl va mazmunga ega bo‘lgan nazariy va amaliy faoliyat jarayonida tarkib topa boradi. Bunda muhit, irsiy belgilar, tarbiya asosiy omillar xisoblanadi.
Inson o‘zi yashab to‘rgan davrni, moddiy turmushni aks ettiradi, ijtimoiy-siyosiy muhit ta’siri ostida bilimlarni o‘zlashtirib boradi, ijtimoiylashadi, tarixan o‘zgaradi. Ontogenezda uning his-tuygulari, xarakteri, qobiliyati, iqtidori, tafakkuri, extiyojlari, e’tiqodlari, uni faollikka da’vat qiluvchi harakat motivlari, xoxishlari, pozitsiyasi ham asta-sekin o‘zgarib boradi.
4. Insoning bilish faoliyati rivojlanishi unga o‘zini qurshab to‘rgan borliqni yanada chuqurroq, to‘g‘riroq, to‘larok va aniqrok aks ettirish imkoniyatini yaratadi va u borliqning asl moxiyatini, turli yo‘sindagi o‘zaro bog‘lanishlari, murakkab munosabatlair va aloqalarini tabora aniqrok yoritadi. SHu bilan birga mazkur jarayonlarda shakllanib kelayotgan insonning borliqka, vokelikka, jismlarga, kishilarga va o‘ziga munosabati vujudga keladi.
5. Inson ongining rivojlanishi uning tashqi olamni faol aks ettirishda namoyon bo‘ladi. Tarixiy materializm ta’limotiga ko‘ra, insoning moddiy turmushi, u hayot kechirayotgan tuzumning moddiy asosigina emas, balki uni qurshab olgan odamlarning turmush tarzlari, umuminsoniy qiyofalari, extikodlari, dunyoqarashlari, ijtimoiy vokelikka munosabatlari, intilishlari, faoliyatlari, ijod maxsullari va xatti-harakatlarining majmuasidir.
6. Insoning borliqni aks ettirishi faol jarayon xisoblanadi. Inson zotining rivojlanishi ob’ektiv borliqka va o‘ziga faol ta’sir ko‘rsatishida sodir bo‘ladi. Bolaning katta yoshdagi kishilar tashkil qiladigan amaliy faoliyati, masalan uyini, kuzatishi, mexnati, o‘qishi, adabiy asarni mutoala qilishi hamda qiziqishining barqarorlashuvi, iqtidorning takomillashishi va boshqalar uning psixik jihatdan rivojlanishini ifodalaydi.
Psixologiyada psixik taraqqiyot inson shaxsining tarkib topishi jarayoni sifatida qaraladi. Psixik taraqqiyot bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘liq qator bosqichlarda amalga oshadi. Jumladan, bola aql-zakovatining ko‘rsatkichi, sifati, xarakteri uning atrofdagi odamlar bilan o‘zaro kundalik munosabatlari va u bajaradigan amaliy faoliyat jarayonida vujudga keladi. Bunday o‘zaro ta’sirlar natijasida bolada turli sifatlar tarkib topa boradi. Masalan, savol-javob, baxs-munozara ta’sirida aqlning ijodiy maxsuldorligi, tezligi va teranligi ortadi. Taraqqiyotning yangicha jihatlari ochilayotgan xozirgi tarixiy davrda shaxs psixik taraqqiyotini yanada jadallashtiruvchi omillarning roli ortmoqda. Buni bolalar aqliy faolligi va ijodiy qobiliyatlarining yuksalib borishi bilan izohlash mumkin. Ushbu maqsadlarda bolalarning aqliy o‘sish darajasini turli murakkablikda tuzilgan verbal, noverbal, fazoviy, matematik testlar bilan aniqlash mumkin.
Yosh davrlari psixologiyasi predmeti ta’lim va psixik taraqqiyot muammosining o‘zaro munosabatini ilmiy asosda talqin etib, bu ikki jarayon bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekanligini e’tirof etadi. Mazkur muammo yuzasidan tadqiqotlar olib borgan olimlarning fikricha, ta’lim bolaning psixik taraqqiyotidan oldinda borib, uni o‘z ortidan ergashtirishi lozim (L.S.Vigotskiy, B.G.Anan’ev va boshqalar). Ammo xozirgi davr nuqtai nazaridan tahlil qilganimizda ta’limning yuqori bosqichlarida o‘quvchi va talabalarning o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustaqil rivojlantirish imkoniyatlarini ishga solishi muammoga nisbatan boshqacha qarashlarni ham vujudga keltirmoqda.
Ontogenez-(yunoncha, ontos-mavjudot, jonzot; genezis-kelib chiqish, paydo bo‘lish)-individning paydo bo‘lishidan Yoshining oxirigacha psixik rivojlanish jarayoni bo‘lib, shaxsning tarkib topishi, turli ijtimoiy, ma’naviy, madaniy hamda tabiy-biologik o‘sish bilan tavsiflanadi..
Ma’lumki shaxs tarkib topishi jarayonining psixologik qonuniyatlarini, uning ilmiy asoslarini mukammal bilmay turib, ta’lim va tarbiyaning nazariy hamda amaliy masalalarini muvaffaqiyatli hal etib bo‘lmaydi. YOsh davrlari psixologiyasi fani ham o‘z navbatida o‘ziga tegishli masalalarni tor eksperimental ravishda o‘rganish bilangina cheklanib qolmay, balki o‘z muammolarini inson hayoti va faoliyatining tabiiy sharoitlarida, bolaga beriladigan ta’lim va tarbiyaning mazmun va mohiyatidan kelib chiqqan holda o‘rgansa yanada muvaffaqiyatli rivojlanishi tabiiydir.
Tabiat va jamiyatning qonunlari singari kamol topayotgan inson shaxsi rivojlanishining ham o‘z qonunlari mavjud. Bu qonunlar yosh psixologiyasi fanining turli tarmoqlarida o‘rganiladi. Bular: bolalar psixologiyasi, kichik maktab yoshidagi o‘quvchilari psixologiyasi, o‘smirlar psixologiyasi, o‘spirinlar psixologiyasi, katta yoshdagi kishilar psixologiyasi va qariyalar ( gerontopsixologiya) psixologiyasidir.
Jamiyat a’zosi bo‘lgan bolaning rivojlanishi qonuniyatlarini, uning psixikasini, ongining rivojlanishini, umuman, bolaning tug‘ilganidan boshlab voyaga etgunicha bo‘lgan psixik rivojlanishini psixologiyaning alohida sohasi bo‘lgan bolalar psixologiyasi fani o‘rganadi.
Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar psixologiyasini alohida predmet sifatida o‘rganish shaxsning ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanishidagi qiyinchiliklar, ta’lim jarayonida yuz berishi muqarrar bo‘lgan taraqqiyot shakllari hamda ta’lim faoliyatida o‘qituvchining tarbiyaviy ta’siri kabi muhim psixologik omillarni tahlil qilish imkonini beradi.
Ma’lumki, o‘smirlik yoshi psixik taraqqiyotning o‘ziga xos tarzda, inqirozlar ta’sirida ro‘y berishini yaqqol ko‘rsatib beradi. SHu nuqtai nazardan yosh davrlari psihologiyasida o‘rganiladigan psixik taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari masalasini yoritishda o‘smirlik davri xarakteristikasi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘spirinlik davri mustaqil hayotga qadam qo‘yish, o‘z-o‘zini anglashdagi muhim siljishlarining ro‘y berishi, kasb tanlash bilan bog‘liq psixologik muammolar echimini topish, aqliy kamolotdagi sifat o‘zgarishlari bilan xarakterlanadi. Shu tufayli o‘spirinlik davri shaxsning ma’naviy etuklikka erishishining negizi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Tabiat va jamiyat qonuniyatlari ichida bola psixikasining rivojlanishi qonuniyatlari tarkibida, o‘sib kelayotgan bola shaxsining rivojlanishi qonuniyatlari ham mavjuddir. Mana shu qonuniyatlar umumiy psixologiyaning maxsus tarmog‘i bo‘lgan bolalar psixologiyasining predmetini tashkil qiladi. Yosh davrlari psixologiyasi, bolaning psixik xususiyatlari miqdor jihatidangina emas, sifat jihatidan ham rivojlanadi va o‘zgaradi, degan qoidaga asoslanadi. Shu tufayli yosh davrlari psixologiyasi bolaning psixik rivojlanishi qonuniyatlari va psixikaning namoyon bo‘lishi xususiyatlarini taraqqiyotning turli yosh bosqichlardagi xolatini tadqiq etadi.
Shunday qilib, yosh davrlari psixologiyasining asosiy vazifasi shaxsning kamol topishi qonunlarini va turli yosh bosqichlaridagi bolaning rivojlanishida vujudga keladigan psixik faoliyat xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir.
Mamlakatimizda qabul qilingan «ta’lim to‘g‘risidagi qonun» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» hamda barkamol shaxsni tarbiyalash xususidagi davlat xujjatlari ta’limning turli bosqichlarida ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga, barkamol shaxsni kamol toptirishga qaratilgan. Bu dolzarb vazifani amalga oshirish, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini to‘g‘ri, ilmiy asosda tashkil etishni talab qiladi. Buning uchun esa talim jarayoni va bola shaxsi taraqqiyotining o‘ziga xos psixologik qonuniyatlarini yaxshi bilish kerak bo‘ladi.
Bola jamiyatning a’zosi, mukammal shaxs sifatida muayyan ijtimoiy muhitda kamol topar ekan, uning butun bilish jarayonlari o‘ziga xos xususiyatlari va ruhiy holatlari, ongi ham rivojlanadi. Ana shu rivojlanish natijasida uning ongi go‘dakning dastlabki oddiy aks ettirish (in’ikos) tarzdagi sodda ongidan balog‘atga etgan insonlarga xos tevarak-atrofni, borliqni, odamlarni aniq, yaqqol to‘la va anglab aks ettirish darajasigacha rivojlanadi.
Xulosa sifatida aytish joizki, agar umumiy psixologiya psixika haqidagi, psixikaning zohir bo‘lish va taraqqiyot qonuniyatlari haqidagi fan bo‘lsa, yosh davrlar va differensial psixologiya turli yoshdagi bolalarning o‘qish faoliyatini, ularning psixik taraqqiyoti va psixologik xususiyatlari haqidagi fan bo‘lib, shaxsning kamol topishi jarayonida psixik faoliyatning individual xususiyatlari taraqqiyoti, fe’l-atvorlarini va umuman shaxsni kamol toptiradigan shart-sharoitlarini ham o‘rganadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.