(ismi-sharifi) (imzo)
4-mavzu. Amaliyot obyektida amalga oshirilgan byudjet yoki korporativ xaridlarni tahlil qilish
Byudjet tashkilotlarida va ustavida davlat ulushi 50% dan yuqori bo’lgan korporativ tashkilotlarning pul mablag’laridan oqilona foydalanish maqsadida ularning ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan tovar, ish yoki xizmatlarni elektron savdolar orqali amalga oshirilishiga bugungi kunda katta ahamiyat qaratilmoqda. Chunki, samarali davlat xaridi tizimini shakllantirilmasa byudjet mablag’laridan maqsadli va oqilona foydalanishga erishishning imkoni yo’q. Davlat byudjeti mablag’larining asosiy qismi byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag’ oluvchilarning tasdiqlangan ehtiyojlarini tovar, ish va xizmatlar bilan ta’minlashga sarflanishini hisobga olgan holda optimal narx va sifatda davlat xaridlarini amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.
O’zbekiston Respublikasida davlat xaridlari “Davlat xaridlari to’g’risida”gi qonun asosida amalga oshiriladi va qonunda belgilanishicha: “Davlat xaridlari - davlat buyurtmachilarining tovarlarga, ishlarga va xizmatlarga bo’lgan ehtiyojlarini pullik asosda ta’minlash jarayoni bo’lib, davlat buyurtmachisi va davlat xaridi ijrochisi o’rtasida davlat xaridlari bo’yicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, o’zgartirish yoki bekor qilinishi to’g’risidagi kelishuv esa davlat xaridlari to’g’risidagi shartnoma hisoblanadi”1. Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari ochiqlik, shaffoflik, raqobat, xolislik va korrupsiyaga yo’l qo’ymaslik ekanligiga qaramasdan, davlat xarid va buyurtmalarida korrupsion holatlar keng tarqalganligi hech kimga sir emas. Byudjet tashkilotlarida davlat xaridlari va tender savdolari asosida tuzilgan shartnomalar bo’yicha audit tekshiruvlarini o’tkazish davlat xaridlari sohasida yuzaga kelayotgan kelishib olingan tenderlar, qonunlardagi bo’shliqlar va ularni aylanib o’tish kabilarning oldini olishga va bartaraf etishga qaratilgan muhim choradir. Bu esa tadqiqot mavzusining dolzarbligini belgilaydi.
Byudjet tashkilotlarida davlat xaridlari mavzusida Y.Vinokurtseva va T.Avdyushkinalar tomonidan keltirilgan fikrlar o’rinli. Chunki, davlat xaridlarining tartibga solinish tizimi samarali tashkil etilganligi, nazoratning doimiy ravishda olib borilishi va qonun ustuvorligi ta’minlanishi byudjet mablag’larining suistemol qilinishining oldini olishga yordam beradi. Bundan tashqari, davlat xaridi jarayonlarida korrupsion riskni kamaytirishda audit tekshiruvlarini o’tkazilishi muhim, ammo xarid jarayonlarining qaysi bosqichida tekshiruv o’tkazilishi samaraliroq ekanligi tahlili muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy iqtisochi olimlardan D.Gofurov tomonidan davlat va korporativ xaridlar jarayonini takomillashtirish bo’yicha “buyurtmachilar tomonidan to’g’ridan -to’g’ri shartnoma tuzish orqali xarid qilinadigan tovarlar ro’yxatini shakllantirish”, “auksion va tanlov savdolari o’tkazilishi to’g’risidagi e’lonlarni joylashtirish muddatini auksion bo’yicha 5 kun, tanlov bo’yicha 10 kun etib belgilash orqali ushbu savdolarning muddatlarini muvofiqlashtirish”2 kabi taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan. Shuningdek, hozirgi kunda davlat xaridlari tizimi amaliyotida mavjud muammolar S.Turabov tomonidan asosiy yo’nalishlarga ajratib chiqilgan va bular: “davlat xaridlarini rejalashtirish jarayonidagi muammolar, davlat organlarining xaridlar jarayonida byudjet mablag’larini samarasiz foydalanishi, davlat xaridlaridagi “vijdonsiz” ishtirokchilar, yagona buyurtmachidan xarid qilish amaliyotining suiste’mol qilinishi hamda davlat xaridlarining subyektlari o’rtasi da til biriktirish holatlari”3dir.
A.To’rayev o’z ilmiy izlanishlarida “ichki audit xizmati natijalaridan tashqi auditorlarning foydalanishi auditorlik tekshiruvi uchun sarflanadigan vaqt sarfini kamaytirish orqali auditorlik tashkilotida mehnat resurslariga bo’lgan xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, auditorlik dalillarining yetarliligi tamoyili asosida qo’shimcha dalillar olish imkonini beradi”4 deb ta’kidlagan.