O'zbekiston respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi



Yüklə 312,5 Kb.
səhifə7/29
tarix02.01.2022
ölçüsü312,5 Kb.
#38108
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   29
Shoira normatova jahon adabiyoti

ROMEO VA JULETTA

Shekspirning ilk tragediyasi «Romeo va Juletta» dir. Asar 1595-yilda yozilgan. Bu davrda Shekspir asosan komediyalar yaratgan bo'lib, ularning aksariga ishqiy mavzu asos qilib olingan. Shekspir komediyalarida muhabbat yovuzlik ustidan g'alaba qozonadi. «Romeo va Juletta» ham muhabbat mavzusida. Biroq bu asarda sevgi fojia bilan yakun topadi. Tragediyadagi fojianing asosiy sababchisi ikki oila o'rtasidagi eski adovatdir. Bunday mavzu qadimdan mavjud bo'lib, uni barcha xalqlarda kuzatish mumkin. Ularda tarixiy faktlar afsonaga asos bo'lib xizmat qilgan. Masalan, Italiyada ikki dushman oila — Montekki va Kapuletti yashab o'tgani ma'lum. Keyinchalik ingliz shoiri Artur Bruk shu asosda doston yozgan. Shotlandiyada ham dushman qabilalardan bo'lgan ikki yoshning fojiali muhabbati haqida «Duglaslar fojiasi» balladasi mavjud. Bulardan tashqari ikki yoshning anglashilmovchilik qurboni bo'lganligini tasvirlovchi Piram va Fisba haqidagi qadimgi yunon afsonasi ham mavjud. Unda Piram sevgilisi bilan uchrashishi lozim bo'lgan yerda qizning qonga belangan, parchalangan yoping'ichini ko'radi. Fisbani yirtqich hayvonlar nobud qilgan, degan dahshatli xulosaga keladi va o'zini o'ldiradi. Bu orada Fisba qaytib keladi, u o'lmagan, yoping'ichini sher hujumidan qochayotganda tushirib qoldirgan edi. Sevgilisining jasadini ko'rgach, uning qilichi bilan o'zini o'ldiradi. Shekspir bu afsonalardan yaxshi xabardor edi, o'z tragediyasida ulardan unumli foydalanadi hamda yangi ruh bilan boyitadi.

Romeo va Juletta muhabbati kutilmaganda bir ko'rishdayoq tug'iladi va alanga oladi. Bu Sharqda mashhur Qays va Layli ishqining uyg'onishini yodga soladi. Biroq har ikki asarda bo'lganidek, bu muhabbat yo'lida darhol g'ovlar paydo bo'ladi. Sevishganlarning oilalari bir-biriga dushman, Romeo go'zal Rozalindaga ham xushtor, Julettaga esa Paris uylanishi lozim, Juletta hali juda yosh...

Biroq muhabbat to'siqlarga qaramaydi, qahramonlarni butkul o'zgartirib yuboradi. Romeo o'zining Rozalindaga xushtorligini oddiy o'yin, havas ekanligini tushunib yetadi. Juletta esa yosh, soddadil qizdan irodali, o'z hissiyotlari uchun kurashishga qodir ma'shuqaga uylanadi. U sevgidan boshi aylangan yigitga birinchi bo'lib turmush qurishni taklif qiladi.

Bu ikki yoshning muhabbatiga xayrixoh faqat ikkita odam bor — enaga va rohib Lorenso. Juletta oilada o'z hissiyotlariga hamdard odam topa olmaydi. Ota shafqatsiz va zolim odam, onasi esa farzandi dardlariga befarq. Faqat enagagina Julettaning sirlaridan voqif. Biroq enaga o'z qarashlarida sobit emas, kimdan sovg'a olsa, o'shanga xizmat qilaveradi. Julettaning Romeoga xufyona turmushga chiqqanini bila turib, uni Parisga tegishga undaydi. Shundan so'ng Juletta faqat rohib Lorensogagina ishonib qoladi.

Lorenso o'rta asr ma'rifatparvarining yorqin obrazidir. U ezgulik, toza hissiyotlar himoyachisi. Ayni paytda ikki yoshning muhabbati oilalar o'rtasidagi ixtilofga ham barham beradi, deya orzu qiladi. Shu sababli ham ularni yashirincha nikohlab qo'yadi. Romeo Tibaltni, ya'ni Julettaning qarindoshi akasini o'ldirib qo'ygach, qochishga majbur bo'ladi, Juletta esa Parisga turmushga chiqishga rozi bo'lishi lozim edi. Shunda Lorenso hiyla ishlatmoqchi bo'ladi, ya'ni o'zining bilimlariga tayanib o'tlardan tayyorlagan dorisi bilan Julettani uxlatib qo'ymoqchi bo'ladi. Bu Romeo yashirincha kelib Julettani olib ketishi uchun yagona chora edi. Bunday vaziyat o'z vaqtida boshqa asarlarda ham qo'llangan. Shekspir unga realistik ruh baxsh etadi. Juletta ota-onasiga sirini ocha olmas, chunki akasining o'limi, judolik alami ularning insofga kelishiga mutlaqo yo'l qo'ymasligi aniq edi. Buning ustiga qizning alamzada onasi Romeoni zaharlamoqchi ekanligi Julettaning Lorenso taklifiga ko'nishi yagona chora, degan xulosaga kelishiga sabab bo'ladi.

Keyingi hodisalar ham hayotiy. Romeoga Lorenso tomonidan yuborilgan chopar shaharda tarqalgan o'lat kasali tufayli vaqtida yetib bora olmaydi. Oqibatda Romeo Juletta o'limi to'g'risidagi yolg'on xabarni eshitadi va bu fojiaga sabab bo'ladi.

Asardagi ikki zodagon oilasi o'rtasidagi ixtilof tufayli Veronaning asl yoshlari Juletta, Romeo, Romeoning do'sti Merkutsio, Julettaning akasi Tibalt halok bo'ladi. Hatto Julettaga oshiq-u beqaror bo'lgan go'zal Paris ham nobud bo'ladi. Biroq sevgi g'alaba qozonadi, sevishganlarning jasadlari ustida ularning otalari bir-birlariga qo'l uzatadilar. Oshiq-ma'shuqni bir qabrga qo'yadilar. Bu ham Navoiyning mashhur «Layli va Majnun» dostoni xotimasini yodga soladi:



Bir na 'shqa soldilar ikkovni,

Jonsiz kelin-u o 'lik kuyovni.

Bu esa o'lmas mavzular, sof muhabbat barcha davrlar uchun birdek yuksak tuyg'u bo'lganligini yana bir karra tasdiqlaydi.

«Romeo va Juletta» tragediyasi tilining shiraliligi va musiqiyligi bilan ajralib turadi. Shekspir bu asarida ingliz tilining imkoniyatlari naqadar kengligini namoyon qilgan. Romeo va Julettaning birinchi dil izhori dunyo xalqlari orasida mashhur bo'lib ketgan. Julettaning Romeoni quvg'in qilinishi oldidan tongni chorlayotgan turnaga shikoyati Shekspir tomonidan O'rta asrga xos tong qo'shig'i usulida yozilgan. Bunday qo'shiqlarni trubadurlar ijro etganlar. Shekspirning bu asari o'z davrida ham g'oyat mashhur bo'lgan.

1601- yilda Shekspirning yana bir buyuk asari «Gamlet» dunyoga keladi.


GAMLET

Bu tragediya asosida XII asr solnomachisi Sakson Grammatik tomonidan yozib qoldirilgan afsona yotadi. Unda shahzoda Gamlet otasining o'limi uchun amakisidan qasos oladi. Bu niyatini yashirish maqsadida u o'zini aqldan ozgan qilib ko'rsatadi. Asar nihoyasida Gamlet g'alaba qozonadi va taxtni egallaydi.

Ushbu qissa fransuz yozuvchisi Belforening «G'aroyib voqealar» kitobiga ham kiritilgan. Bundan tashqari T.Kid tomonidan yozilib, bizgacha yetib kelmagan asarda ham «Gamlet» haqida ma'lumotlar bor. Shekspirga, albatta, bu asarlar tanish bo'lishi kerak. Shekspirning Gamleti afsona qahramonlaridan ancha farq qiladi. Shekspir qahramoni hayoti afsonadagidan farqli o'laroq fojiali tugaydi, bundan tashqari u ayyor va epchil qasoskor ham emas. Shekspir yaratgan Gamlet murakkab fikrlovchi qahramon, u qasos olishga shoshilmaydi. Boshida arvohning so'zlariga ishonmaydi, chunki u xudoning emas, shaytonning elchisi bo'lishi mumkin. U holda Gamlet og'ir jinoyatchiga aylanadi. Gamlet O'rta asrlar ma'rifatparvarlik davri kishisi. U qilmishini tahlil qila oladi. Shu sababli amakisining chindan gunohkorligini tekshirib ko'rmoqchi bo'ladi. Sayyoh aktyorlarga qirol qoshida hayotda bo'lib o'tgan o'sha jinoyatni qayta tiklab o'ynashlarini topshiradi. Klavdiy o'z gunohi dahshatidan hushdan ketadi. Gamlet uchun ortiq shubha qolmaydi, biroq xudoga ibodat qilayotgan amakisiga shafqat qiladi. Endi uni gunoh ustida, mast holda jinoyat qilayotgan chog'ida o'ldirishga qaror qiladi. Nihoyat shunday fursat keladi, Gamlet amakisidan jinoyat ustida, zaharlangan onasi o'limi oldidan qasos oladi. Lekin o'zi ham zaharlangan qilich yarasidan halok bo'ladi.

Gyote o'zining «Vilgelm Meysterning talabalik yillari» romanida Gamletga chiroyli ta'rif beradi. Roman qahramoni aktyor Gamlet


rolini o'ynaydi va uni baquvvat eman daraxti o'tqazilgan nafis hamda qimmatbaho guldonga o'xshatadi. Emanning ildizlari chuqurlashib borib guldonni chil-chil qiladi. Ya'ni, otasi uchun qasos olish burchi nozikqalb Gamletga og'irlik qiladi. Gyote ta'rifi chiroyli, biroq u Gamletni zaif xarakter qilib ko'rsatadi. Gyote fikri keyinchalik rivojlantirilib, bu qahramon irodasi kuchsiz, deya baholana boshlagan. Shundan kelib chiqib rus yozuvchisi Turgenev Gamletni faoliyat kishisi Don Kixotga qarama-qarshi qo'ygan. Gamlet obrazida ziyoli insonning azaliy fojiasini ko'ra boshlaganlar.

Gamletni tabiatan zaif, ojiz qahramon deyish uncha to'g'ri emas. U, aksincha, fikrlovchi, hayot mohiyatini izlovchi inson. Gamlet insonlarni qadrlaydi, o'zidan keyin yomon nom qoldirishdan qo'rqadi. O'limidan so'ng u haqidagi haqiqatni xalqqa do'sti Goratsio yetkazadi.

Shekspir yaratgan o'lmas durdonalar, u ilgari surgan gumanistik g'oyalar kelgusi asr kitobxonlarini ham ezgulikka, ma'rifatga chorlovchi asarlar bo'lib qolaveradi.


Yüklə 312,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin