Analiz yordamida predmet fikran uni tashkil qiluvchi qismlar, tomonlarga
ajratilib, har qaysisi alohida o„rganiladi.
Sintez analizga teskari usul bo„lib, u analiz davomida ajratilgan qismlar,
tomonlarni fikran birlashtirib, predmetni bir butun holiga keltirishdan
iborat. Sintez bo„lmasa predmet haqida yaxlit fikr hosil qilib bo„lmaydi.
Analiz va sintez uzviy bog„liqdir.
Tushuncha hosil qilish uchun predmetning yuqoridagi usullar bilan
aniqlangan umumiy va individual belgilarining muhimlari ajratilishi,
nomuhimlari chetlashtirilishi lozim. Bu esa abstraksiyalash yordamida
amalga oshiriladi.
Umumlashtirishda predmetlar ularning ayrim umumiy, muhim
xususiyatlariga ko„ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa bitta
tushunchada bir jinsli predmetlarning barchasini fikr qilish imkoniyati
yaratiladi.
Tushunchalar so„z va so„z birikmalari yordamida ifoda qilinadi.
Masalan “talaba”, “universitet,”, “muhandislik texnologiyalari fakulteti”,
“Toshkent davlat texnika universiteti”. Lekin bundan tushuncha va so„z
aynan bir xildir, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Bitta tushuncha har
xil tillarda, ba‟zan bir tilda ham turli xil so„zlar bilan ifoda qilinadi.
Tilimizdagi omonim va sinonim hodisalari so„z va tushunchaning nisbiy
mustaqil holda mavjudligidan dalolat beradi.
Tushuncha o„zining mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning
mazmunini unda fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari yig„indisi
tashkil etadi. Masalan, “fan” tushunchasining mazmunini fanning muhim
belgilari, ya‟ni uning amaliyot bilan aloqada ekanligi, predmetlarning
birorta sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, prinsiplar shaklidagi obyektiv
chin (haqiqiy) bilimlar sistemasidan iborat bo„lishi, dunyoqarashning
shakllanishida ishtirok qilishi va shu kabilar tashkil qiladi.
Tushunchaning hajmi esa unda fikr qilinayotgan predmetlar
yig„indisidan iborat. Masalan, yuqorida misol qilib keltirilgan “fan”
tushunchasining hajmi mavjud barcha fanlarni: matematika, fizika, mantiq
va hokazolarni o„zida qamrab oladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog„liq bo„lib, u
tushunchaning mazmuni va hajmi o„rtasidagi teskari nisbat qonuni
15
yordamida ifodalanadi. Bu qonunga muvofiq tushunchaning hajmi
kengaytirilsa, mazmuni torayadi va aksincha hajmi toraytirilsa, mazmuni
kengayadi. Masalan, “Fan” tushunchasining mazmuniga “mantiqqa oid
bo„lish” belgisini qo„shish bilan hajm jihatidan undan torroq bo„lgan
“mantiq fani” tushunchasiga o„tiladi.
“Fan” tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan
unga nisbatan torroq bo„lgan “ijtimoiy ong shakli” tushunchasi hosil
qilinadi. Bunda faqat fanga xos bo„lib, boshqa ijtimoiy ong shakllarida,
masalan san‟atda bo„lmagan spetsifik belgilar tushuncha mazmunidan
chiqarib tashlanadi.
Mantiqda tushunchalar mazmuni va hajmi bo„yicha bir qancha turlarga
bo„linadi. Xususan, hajmiga ko„ra alohida va umumiy tushunchalar farq
qilinadi.
Alohida tushunchaning hajmida bitta predmet fikr qilinadi. Masalan,
“Yer planetasi”, “ToshDTU asosiy kutubxonasi” va shu kabilar alohida
tushunchalardir. Umumiy tushunchalar predmetlar guruhini aks ettiradi.
“Planeta”, “Kutubxona” tushunchalari umumiy tushunchalar hisoblanadi.
Mazmuni bo„yicha tushunchalar, avvalambor, abstrakt va konkret
tushunchalarga bo„linadi. Konkret tushunchalarda predmet o„zining belgilari
bilan birgalikda fikr qilinadi. Abstrakt tushunchalarda esa predmetning
belgilari undan fikran ajratib olinib, alohida aks ettiriladi. Masalan “Inson”,
“Tabiat” tushunchalari konkret tushunchalar, “qahramonlik” (insonga xos
xususiyatni aks ettiradi), “go„zallik” (borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni
ifoda qiladi) tushunchalari abstrakt tushunchalardir.
Mazmuni bo„yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham
ajratish mumkin. Nisbatsiz tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud
bo„lgan predmetlarni aks ettiradi. “Davlat”, “badiiy asar” ana shunday
tushunchalardir.
Nisbatdosh tushunchalar esa zaruriy ravishda bir-birining mavjud
bo„lishini taqozo qiladigan predmetlarni aks ettiradi. Masalan,
“o„qituvchi” va “o„quvchi”, “ijobiy qahramon” va “salbiy qahramon”,
“sabab” va “oqibat” tushunchalari nisbatdosh tushunchalar qatoriga kiradi.
Ba‟zi hollarda ijobiy va salbiy tushunchalar ham farq qilinadi. Ijobiy
tushunchalarning mazmunida predmet unga xos belgilar orqali fikr qilinsa,
salbiy tushunchalarning mazmunida predmet unga xos bo„lmagan belgilar
orqali fikr qilinadi. Masalan, “savodli kishi”, “vijdonli kishi” – ijobiy
tushunchalar, “savodsiz kishi”, “vijdonsiz kishi” esa salbiy
tushunchalardir.
|