O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta
maxsus ta’lim vazirligi
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi
M.H. RUSTAMBOYEV, B.J. AHROROV
JINOYAT HUQUQI
(UMUMIY QISM)
Kollejlar uchun darslik
KIRISH
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki davrlaridan boshlab olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining mohiyati, avvalo, qonunlarni, shu jumladan, jinoyat qonunlarini ham takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilishning oliy darajasini yaratish bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov davlatimizning ichki va tashqi siyosati, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalardagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha asosiy vazifalar to‘g‘risidagi ma’ruzasida uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturulamal nazariy fikr va g‘oyalarni bildirdi1.
Jamiyatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yanada rivojlantirish va ularni takomillashtirish asoslarining tub zaminiga to‘xtalib, Prezidentimiz jamiyatimizni demokratlashtirish va yangilanish konsepsiyasini, shuningdek, mamlakatimizni 2005-yil va kelgusi davrda modernizatsiya va isloh qilish bo‘yicha oldimizga qo‘yiladigan asosiy vazifalarga to‘xtalib, bizning asosiy uzoq muddatli va strategik vazifamiz — demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish jarayonlari va bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lidan og‘ishmay, izchil va qat’iyat bilan borish lozimligini ta’kidlagan edi. Prezidentimizning 2005-yil 1-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi hamda 2005-yil 8-avgustdagi «Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmonlari sud-huquq tizimini liberallashtirish yo‘lidagi muhim bosqichga asos solindi. Farmonlarda 2008-yil 1-yanvardan boshlab, o‘lim jazosini bekor qilish va jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlar vakolatiga o‘tkazilishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Тa’lim to‘g‘risida»gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ga muvofiq, yuksak malakali, bilimli yetuk kadrlarni tayyorlashning asosiy bo‘g‘ini oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash hisoblanadi. Yurisprudensiya yo‘nalishidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar kolleji talabalari uchun «Jinoyat huquqi» fanining «Umumiy» va «Maxsus» qismi bo‘yicha yozilgan darslik ham yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarga xizmat qiladi.
Jamiyatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining tarkibiy qismi bo‘lgan jinoiy jazolarning liberallashtirilishi jinoyat huquqi fani va jinoyat qonunlarining yanada chuqurroq o‘rganilishini taqozo etadi. Ushbu darslik ham talabalarga jinoyat huquqi «Umumiy» qismidan keng, batafsil bilim berishga mo‘ljallangan. Darslikdagi mavzular Jinoyat kodeksida 2006-yil 1-yanvargacha kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda yoritilgan. Xususan, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan jinoyatlarning tasnifi, yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, jazo tizimini liberallashtirish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi qarorlarini, sud-tergov amaliyotini tahlil etish asosida yoritib berilgan. Shuningdek, «Maxsus» qismiga taalluqli bo‘lgan shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar, iqtisodiy sohadagi jinoyatlar, ekologiya sohasidagi jinoyatlar, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar, harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarning tushunchasi, turlari, yuridik tahlili va javobgarlik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati qurishning zaruriy sharti — bu qonunlarning so‘zsiz bajarilishi. Qonunlarning bir xilda va so‘zsiz bajarilishi bo‘lajak huquqshunoslarning o‘z vazifasiga munosabati va zimmasidagi mas’uliyatni his qilishiga bog‘liqdir. Ayniqsa, jinoyatchilikka qarshi kurash olib boruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bo‘lajak xodimlari, huquqshunoslarga jinoyat huquqining «Umumiy» qismiga taalluqli bo‘lgan mavzular talabalarga tushunarli, sodda va ravon tilda bayon qilib berilgan.
Darslik adolatli, odil, fozil huquqshunoslarni tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shadi, degan umiddamiz. Ushbu kitob mualliflarning qator darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarni tayyorlash jarayonida orttirgan tajribasi, chet ellik olimlarning mazkur sohada erishgan yutuqlari, sud-tergov amaliyoti xulosalariga asoslanilgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining «Umumiy» qismi bo‘lim va boblari bo‘yicha yozilgan, har bir mavzudan keyin talabalarning olgan bilimlarini sinab ko‘rishlari uchun nazorat savollari berilgan. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, ilm-fan, qonunlar doimo rivojlanishda, shu sababdan kelajakda yanada mukammal darslik, o‘quv adabiyotlari yaratilishini nazarda tutib, mualliflar har qanday taklif va mulohazalarni minnatdorchilik bilan qabul qilishadi.
1-bob. JINOYAТ HUQUQI ТUSHUNCHASI, VAZIFALARI, PRINSIРLARI VA ТIZIMI
Dostları ilə paylaş: |