O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati davlat rahbarining 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi matnini to‘liq holda keltirdi



Yüklə 43,96 Kb.
səhifə3/3
tarix12.12.2019
ölçüsü43,96 Kb.
#29903
1   2   3
Prezident murojaatnomasi[1]

Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, Hukumat va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralar faoliyatini optimallashtirish va takomillashtirish, ish samaradorligini oshirish, rahbar kadrlarning shaxsiy javobgarligi va mas'uliyatini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va ijrosini ta'minlash vazifasi yuklatiladi.

Prezident qabulxonalarining ikki yillik ish tajribasi shuni ko‘rsatdiki, biz yaqin o‘tmishda xalqdan, uning tashvish va muammolaridan ancha uzoqlashib qolgan ekanmiz. 

Biz fuqarolar bildirgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olib, davlat boshqaruv tizimini isloh qilishimiz, ilg‘or davlat menejmenti va “aqlli” boshqaruv prinsiplariga bosqichma-bosqich o‘tishimiz lozim. 

Bu shuni bildiradiki, endi davlat muassasalari bevosita fuqaro bilan ishlashga o‘tadi. 

Davlat idoralari xalqqa, jumladan, tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lishi zarur.

Davlatning boshqaruv sohasidagi ba'zi funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida jumladan, “autsorsing” shaklida xususiy sektorga topshirish lozim.

Uchinchidan,  davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish maqsadida davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini shakllantirish zarur.

Bugun oddiy bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Davlat idoralarida malakali va yetuk kadrlar yetishmayapti.

Hanuzgacha davlat xizmatchilarining maqomi belgilanmagan, davlat xizmatiga qabul qilishning oshkora mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

Bu boradagi muammolarni hal etish uchun, avvalo, davlat xizmatchilari faoliyatini xolisona baholash bo‘yicha samarali tizim joriy etish zarur.

E'tiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman.

Davlat organlarida ertaga, istiqbolda qanday vazifalar dolzarb bo‘lishi, sodda qilib aytganda, besh, o‘n, yigirma yildan keyin qanday muammolar oldimizda ko‘ndalang bo‘lishini prognoz qiladigan tizim hali shakllangani yo‘q. 

Prezident Administratsiyasiga tarmoqlar faoliyatini samarali boshqarishda strategik tahlil, rejalashtirish va prognoz tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli davlat siyosati Kontseptsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatiladi. 

Bunda davlat boshqaruvi idoralarida strategik tahlil va prognozlashtirish tuzilmalarini tashkil etish lozim.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida alohida Ekspert kengashi tashkil etilib, unga xorijiy mamlakatlarning nufuzli olimlari va amaliyotchilari jalb qilinishi lozim.

To‘rtinchidan, mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va mas'uliyatini qayta ko‘rib chiqishimiz, ularning mustaqilligini yanada oshirishimiz lozim. 

Hududlarni rivojlantirishga oid masalalarni hal etishda aksariyat hokimlarda mas'uliyatni o‘z zimmasiga olib, mustaqil qaror qabul qilish va tashabbuskorlik yetishmayapti.

Ma'lumki, 2018 yilda Toshkent shahrida eksperiment tariqasida davlat boshqaruvining yangi tartibi joriy etilib, shahar hokimi va tuman hokimlariga moliya, iqtisodiyot, investitsiya, qurilish, uy-joy va kommunal xizmat sohalari rahbarlarini tayinlash vakolati berildi. 

Natijada 30 dan ortiq komissiya va kengashlar tugatilib, ularning vakolatlari tegishli hududiy organlarga berildi. Samarasiz ishlayotgan 12 ta davlat unitar korxonasi tugatildi.

Davlat byudjyetiga tushadigan mablag‘larning bir qismini mahalliy byudjyetlar ixtiyorida qoldirish tartibi o‘rnatilgani tufayli Toshkentda soliq tushumi prognozga nisbatan 2 trillion so‘mga ko‘paydi. 

Davlat boshqaruvi sohasida ijobiy natija berayotgan ana shu eksperimentni endi boshqa hududlarda ham joriy etishimiz zarur. 

Kelgusida hokimning ayni vaqtda Xalq deputatlari kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatishiga doir tartib bekor qilinishi lozim.

Oliy Majlis palatalari rahbarlariga (N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov) 2019 yil davomida ushbu masalalarni parlamentda atroflicha muhokama qilib, amaliy choralar dasturini qabul qilish tavsiya etiladi.

Kelgusi yili mamlakatimizda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga navbatdagi saylov o‘tkaziladi. 

Yurtimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada o‘tkazish uchun har tomonlama tayyorgarlik ishlarini boshlashimiz zarur.

Beshinchidan, xalq bilan uzluksiz muloqot va inson manfaatlari uchun xizmat qilish, barcha darajadagi rahbarlar uchun nafaqat majburiyat, balki hayotiy tamoyilga aylanishi shart.

Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotlar tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish yangi yilda ham faoliyatimizning muhim va ajralmas qismi bo‘lib qoladi.

Hurmatli senator va deputatlar!

Sizlarga ma'lumki, yurtimizda so‘nggi yillarda qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Bu o‘zgarishlar inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, odil sudlovga erishish, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.

Men bu masalaga Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan anjumanda atroflicha to‘xtalib o‘tganim uchun bu haqda batafsil gapirmoqchi emasman. 

Faqat mazkur sohada oldimizda turgan asosiy ustuvor vazifalarga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash maqsadida, sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish lozim.

Sudyalar korpusini shakllantirish tizimini sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga to‘liq moslashtirish, bu jarayonda keng jamoatchilik ishtirokini ta'minlash zarur. 

Buning uchun tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tanlash va tayinlash vazifasini Sudyalar oliy kengashi to‘liq o‘z zimmasiga olishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada jamoatchilik fikri va sudyalarning ular oldida hisobot berish masalasi o‘z ifodasini topishi zarur.

Ikkinchidan, xalqimiz tinchligi va xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish talab etiladi.

Joriy yilda ushbu yo‘nalishda ko‘pgina ishlar qilindi. 

Jumladan, soha xodimlari uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish maqsadida profilaktika inspektorlari uchun 6 yarim mingdan ziyod xizmat uylari, 1 ming 100 ta shaxsiy uy-joy, 7 mingta shaxsiy avtomobil berildi.

Shu bilan birga, Milliy gvardiya xodimlari uchun ham 1 ming 800 ta uy-joy quriladi.

2018 yilda 3 ming 205 ta mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmagani ham shu ishlarimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin xotirjamlikka berilishga hali erta. 

Odamlar tinch yashashi uchun butun mamlakatimizda jinoyatdan xoli muhit yaratishimiz shart.

Biz ichki ishlar vazirligi tizimida vakolat va funksiyalarni quyi bo‘g‘inga tushirib, uni chinakam xalqchil tizimga aylantirishimiz zarur.

Bu borada ilmiy yondashuv va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etamiz. 

Har bir jinoyat yoki huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha har qaysi hudud o‘z tajribasini yaratishi kerak.

Bu boradagi ishlar samarasini oshirish uchun Ichki ishlar vaziri, Milliy gvardiya qo‘mondoni va Bosh prokuror respublika hududlariga shaxsan mas'ul etib belgilanadi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashda, birinchi navbatda, ijobiy natijaga erishgan profilaktika inspektorlari va mahalla faollarini rag‘batlantirishni kuchaytirish zarur. 

Vazifasini sidqidildan bajargan xodimlarga yangi tuzilgan Maxsus jamg‘arma hisobidan ustama haq to‘lanadi va ularning mehnatlari qo‘shimcha rag‘batlantiriladi. 

Bugungi kunda nomiga faoliyat ko‘rsatayotgan “Mahalla posboni” lavozimini tugatish vaqti keldi. 

Uning o‘rniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etiladi. 

Bu lavozimga joylarda malakali huquqshunos, masalaga qonun nuqtai nazaridan yondashadigan fidoyi kadrlar ishga olinadi.

Biz qanchalik qiyin bo‘lmasin, chekka-chekka hududlarda ham “Jinoyat haqiqati va adolati” tamoyilini albatta joriy etishimiz kerak. Ya'ni, jinoyat so‘zsiz fosh etilishi va aybdor jazolanishi shart. 

Bu masalaga faqat huquq-tartibot organlarining vazifasi, deb qaramasdan, butun jamiyatimiz birlashib, qattiq kurash olib borishi zarur. 

Uchinchidan, jinoyat qonunchiligini yanada takomillashtirish va liberallashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish lozim.

Nega deganda, Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslari qariyb 25 yil oldin qabul qilingan. O‘tgan davrda jamiyatdagi munosabatlar, odamlarning yashash tarzi, ongi, dunyoqarashi o‘zgardi. 

Shu sababli bu kodekslar bugungi davr talablariga javob bermay qoldi. 

Ma'lumki, qonunchilikda jazoni og‘irlashtirish yoki yengillashtirishga oid moddalar bor. 

Lekin ular tergovchi yoki sudyaning ixtiyoriga, ya'ni, inson omiliga to‘liq bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. 

Aks holda biz uchun muqaddas bo‘lgan adolat mezoni buziladi.

Shuning uchun jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur.

Shu maqsadda Bosh prokuror rahbarligidagi idoralararo komissiya 2019 yil 1 iyulga qadar Jinoyat va Jinoyat- protsessual kodekslarining yangi loyihalarini tayyorlashi lozim.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Mamlakatimizning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini turli tahdidlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash – barcha yutuqlarimizning bosh garovidir.

Bu borada quyidagi vazifalar dolzarb ahamiyatga ega.

Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish, milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish, har qanday xavf-xatarga qarshi doimo shay turishimiz lozim.

Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshlangan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish kerak. 

Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda mudofaa sanoati kompleksiga kiradigan korxonalarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanib, davlatimiz chegara xavfsizligini kuchaytirish va nazorat sifatini oshirish lozim.

Qurolli Kuchlarimizda jangovar ruhni yuksaltirish, askar va ofitserlarimizni jismoniy va ma'naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashga e'tiborni yanada kuchaytirishimiz kerak.

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini har tomonlama takomillashtirish muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi lozim. 

Ikkinchidan, ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish e'tiborimiz markazida turishi zarur.

Suv xo‘jaligi vazirligi 2019 yil davomida mintaqadagi davlatlar ekspertlari bilan birgalikda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Hozirgi vaqtda Orol fojiasi tufayli 5,5 million gektardan ortiq maydonda Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. 

Har yili 100 million tonna qum va tuz havoga ko‘tarilmoqda. Bu esa Orol halokati global muammo ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida “Trast fondi”ning tuzilishi, o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘i bo‘ldi.

Biz O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrish hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlaridan, hamkor davlatlardan minnatdormiz. 

Biz Orol dengizining suvsiz qolgan hududida yashil o‘rmonlar barpo etishga alohida e'tibor bermoqdamiz. 

Agar mustaqillik yillarida O‘zbekiston bo‘yicha 1 million 220 ming gektarga yaqin o‘rmonzor yaratilgan bo‘lsa, shundan 400 ming gektardan ortig‘i aynan Orolbo‘yi hududida barpo etilgan.

Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga ko‘ra, Orol dengizining suvsiz hududida kelgusi yilda yana 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etiladi. 

Aholining hayot sharoitini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va qishloqlarida yangi qurilishlar amalga oshiriladi.

Xususan, Mo‘ynoq tumanida barcha zarur infratuzilmalarga ega bo‘lgan zamonaviy shaharcha bunyod etiladi.

Uchinchidan, ochiqlik, o‘zaro teng va manfaatli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni davom ettirish va uning samaradorligini yanada oshirish choralarini ko‘rishimiz zarur.

Siyosiy-iqtisodiy munosabatlar doirasini kengaytirish uchun chet davlatlarda O‘zbekistonning yangi vakolatxonalarini ochish, xodimlar sonini ko‘paytirish kerak.

Xalqaro maydonda mamlakatimiz siyosiy-iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun davlatimizning tashqi iqtisodiy va siyosiy faoliyatiga doir qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish lozim.

Vazirlar Mahkamasi va Xavfsizlik kengashi apparatiga ushbu masalaga doir qonun loyihasini 1 aprelgacha ishlab chiqish topshiriladi.

Biz kelgusi yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlar, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Koreya Respublikasi va Yaponiya bilan munosabatlarimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib boramiz.

Bizni o‘zaro mushtarak tarixiy-madaniy va ma'naviy qadriyatlar bilan bog‘lab keladigan musulmon dunyosi mamlakatlari bilan hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga alohida e'tibor qaratamiz.

Ayni shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, biz xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni barcha sohalarda amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz.

Biz o‘z tashqi siyosatimizda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan aniq va ravshan strategiyaga tayanamiz. 

Bu borada O‘zbekiston mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron bilan amaliy va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishni muhim vazifa, deb biladi.

Ushbu strategiyani amalga oshirishda qo‘shni Afg‘oniston alohida o‘rin egallaydi. 

Biz xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston hukumati rahbarligida tinchlik muzokaralarini boshlash zaruratini qo‘llab-quvvatlashga da'vat etdik.

Shu munosabat bilan, 2018 yilning mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi zamonaviy Afg‘oniston tarixida xalqaro miqyosdagi eng qamrovli anjuman bo‘lganini ta'kidlash lozim. 

Konferentsiya yakuni bo‘yicha qabul qilingan, uning barcha qatnashchilarining yakdil pozitsiyasi ifoda etilgan “Toshkent deklaratsiyasi” Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha o‘ziga xos Dastur bo‘ldi.

Aynan ushbu konferensiyadan so‘ng Afg‘onistondagi barcha siyosiy kuchlar, jumladan, “Tolibon” harakati ishtirokida muzokaralar jarayonini boshlashga qaratilgan xalqaro harakatlar yanada faollashdi.

O‘zbekiston Afg‘oniston rahbariyati va mamlakatning yetakchi siyosiy kuchlari, jumladan, “Tolibon” harakati vakillari bilan bir qator muhim muzokaralar o‘tkazdi.

Ushbu siyosiy kuchlar afg‘on muammosini hal qilishda O‘zbekiston samarali vositachi bo‘la olishi mumkinligini e'tirof etdilar.

Ma'lumki, Afg‘onistondagi vaziyatni barqaror etishning muhim sharti – mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklashdan iborat. 

Bu borada biz Afg‘onistonda transport va logistika, energetika, savdo va ta'lim sohalarida yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kirishdik.

O‘zbekiston tomonidan qurilayotgan Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasi, Termiz shahrida afg‘on fuqarolarini o‘qitish uchun ochilgan Ta'lim markazi, bojxona terminaliga ham ega bo‘lgan “Termiz-kargo” logistika markazi, Mozori Sharif – Hirot va Mozori Sharif – Kobul – Peshavor temir yo‘l liniyasi loyihalari ishlab chiqilayotgani shundan dalolat beradi.

O‘zbekiston afg‘on muammosini yechish uchun bundan buyon ham har tomonlama yordam ko‘rsatadi. 

Biz uchun eng muhim pirovard natija – Afg‘onistonda tinchlik muzokaralarini boshlash va milliy yarashuvga erishishdan iborat.

Hurmatli do‘stlar!

O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an'analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi.

Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e'tibor qaratiladi. 

Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir.

Xabaringiz bor, yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yalpi majlisi tomonidan muhim bir hujjat – “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. 

Ushbu rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi 2017 yil sentabr oyida Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan edi.

Bizning taklifimizni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo‘lgan 193 ta davlat keng qo‘llab-quvvatlagani jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning sa'y-harakatlariga berilgan yuksak baho va e'tirof sifatida barchamizga katta mamnuniyat va g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, bugungi anjumanimizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz.

Aziz vatandoshlar!

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida har bir yil ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish, yurtimizni ravnaq toptirish bo‘yicha yangi-yangi yutuqlar, bilim va tajribalar davri bo‘lib qolmoqda.

Biz yangi yildan boshlab siyosiy hayotimizda yana bir amaliyotni joriy etamiz. Kirib kelayotgan yilning bosh hujjati bo‘lgan Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Bosh vazir va hukumat a'zolari amalga oshirilgan ishlar haqida Senat va Qonunchilik palatasi oldida har chorakda hisobot berib boradi. 

Bu jarayon ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishi lozim.

Shu tariqa fuqarolar Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha, hukumat qanday ish olib borayotganidan xabardor bo‘ladi.

Ya'ni, hukumat faoliyatiga xalqning o‘zi baho beradi.

Hammamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz, 2019 yil uchun belgilab olgan reja va dasturlarimizni amalga oshirish, albatta oson bo‘lmaydi. 

Hali faqat qog‘ozda bo‘lgan bu reja va dasturlarni amaliy ishlarga, real natijaga aylantirish uchun barchamiz birgalikda qattiq mehnat qilishimiz kerak.

Bu yo‘lda bizga ishonch va ilhom, g‘ayrat va shijoat beradigan beqiyos bir kuch-qudrat borki, biz unga tayanib, o‘z maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Bu – hayot sinovlarida toblangan, so‘zida qat'iy turadigan, ishning ko‘zini biladigan, mehnatkash, mard va matonatli xalqimizdir. 

Biz bugun ko‘pmillatli xalqimizga, barchamizning umidimiz va suyanchimiz bo‘lgan yoshlarimizga ishonib, marrani katta olmoqdamiz. 

Aziz farzandlarimiz, nabiralarimiz baxtini, kamolini o‘ylab, el-yurtimizning, xalqimizning yorug‘ kelajagini ko‘zlab, oldimizga ulkan vazifalar qo‘ymoqdamiz.

Niyati ulug‘ xalqning – ishi ham ulug‘, hayoti yorug‘ va kelajagi farovon bo‘ladi.

Biz demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, faqat oldinga – yangi, yuksak marralar sari boramiz.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shish – Yaratganning o‘zi bizga bergan tarixiy imkoniyat, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Barchamiz buni chuqur anglashimiz, qadriga yetishimiz zarur.

Jonajon Vatanimiz oldidagi farzandlik burchini sharaf bilan bajarish hammamizga nasib etsin!

Fursatdan foydalanib, sizlarni, butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan yangi – 2019 yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ishlaringizda omad va muvaffaqiyatlar tilayman.



Ezgu orzu-niyatlarimizni, rejalarimizni amalga oshirishda Yaratganning o‘zi barchamizga madadkor bo‘lsin.

E'tiboringiz uchun rahmat.
Yüklə 43,96 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin