[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Intellektual mulk. Fuqarolik muomalasi qatnashchilarini individuallashtirish vositalari]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, uning raqobatbardoshligini ta’minlash, faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlarni yaratish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining o‘tkazilgan tahlili shuni ko‘rsatdiki, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat xizmatlari ko‘rsatish
tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi, shuningdek patent bojlari va to‘lovlarining yuqori darajada ekanligi ushbu sohani rivojlantirishga salbiy ta’sir etmoqda.
Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:
1. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va ushbu sohadagi umum e’tirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00
Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar]
2. O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilsin va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) etib qayta nomlansin.
Belgilansinki:
Agentlik, shu jumladan Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazi mavjud shtat birliklari va moddiy-texnik bazasi bilan to‘liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi PF-5997-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, transport va tibbiy ta’minot shartlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi PF-5997-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son)
Agentlik direktorining o‘rinbosarlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
3. 2019-yil 1-martdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalar topshirilgandan so‘ng, Agentlik bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar e’lon qilingandan so‘ng Agentlikka ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma e’tirozlarini
taqdim etishlari mumkin;
tovar belgisiga va xizmat ko‘rsatish belgisiga doir mutlaq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi (keyingi o‘rinlarda — tovar belgisi) o‘sha kunning o‘zida tovar belgisi haqidagi ma’lumotlarni Agentlikning rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;
tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi O‘zbekiston Respublikasi hududida so‘nggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019-yil 1-sentabrdan boshlab tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalarni faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston
Respublikasi Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlar loyihalarini kiritsin.
5. Intellektual mulkning samarali himoyasini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, 2019-yil 1-sentabrdan boshlab patent vakillari har besh yilda kamida bir marta keyinchalik attestatsiyadan o‘tkazilgan holda intellektual mulk sohasida o‘z malakalarini oshirishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda ilg‘or ta’lim standartlari va texnologiyalari hamda Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv va ilmiy salohiyatidan foydalangan holda intellektual mulk sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-maydagi PF-5446-son “Budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga “xufiyona iqtisodiyot” shakllanishi holatlarini aniqlash,
yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo‘yish funksiyalari yuklangan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda:
2019-yil 1-iyuliga qadar O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hammaga ma’lum tovar belgilarining nohalol ro‘yxatdan o‘tkazilishini aniqlash nuqtai nazaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha tovar belgilarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini ko‘rsin;
intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rsin.
8. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar quyidagilarni ta’minlovchi intellektual mulk obyektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini ishlab chiqsin va joriy etsin:
huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lgan intellektual mulk obyektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;
intellektual mulk obyektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish va chiqarish;
intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini, shu jumladan Mulk huquqini himoya qilish xalqaro indeksi mezonlarini inobatga olgan holda ta’minlashning zamonaviy baholash va tahlil qilish tizimini joriy etish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
tasdiqlash uchun kiritsin;
Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020-yil 1-yanvardan boshlab intellektual mulk sohasidagi integratsiya jarayonini inobatga olgan holda patent bojlari va to‘lovlarini, shuningdek norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Agentlikning faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish, shu jumladan uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritsin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasiga takliflar kiritsin, shuningdek o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-fevral,
PQ-4168-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-fevraldagi PQ-4168-son qaroriga
ILOVA
Intellektual mulkning samarali himoyasini ta’minlash bo‘yicha