Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori bo‘lgan kabel tarmoqlarini (keyingi o‘rinlarda — KT) ekspluatatsiya qilishga topshirishda QMQ “Tugatilgan qurilish obyektlarini ekspluatatsiyaga qabul qilish”, “Elektrotexnik qurilmalar”da va sohaning qabul qilish qoidalarida ko‘zda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagi texnik hujjatlar bor bo‘lishi va buyurtmachi uchun rasmiylashtirilishi shart:
KTning tuzatilgan loyihasi, kuchlanishi 110 kV va undan yuqori bo‘lgan KT uchun kabelni ishlab chiqaruvchi zavod va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan bo‘lishi shart;
ushbu hududda kommunikatsiyalar rivojlanganligidan kelib chiqib, 1:200 yoki 1:500 masshtabda bajarilgan, birlashtiruvchi muftalar o‘rnatilgan joylar ko‘rsatilgan trassaning
ijro chizmasini;
kuchlanishi 35 kV va undan yuqori bo‘lgan va trassasi o‘ta murakkab 6 va 10 kV kuchlanishli KTlarning yo‘llar va boshqa kommunikatsiyalar bilan kesishish joylari profili chizmasi;
kabellarning barabandagi holati dalolatnomalari, zarur bo‘lganda namunalarni qismlarga ajratish va ko‘rikdan o‘tkazish dalolatnomalari (import kabellar uchun qismlarga ajratish majburiy);
kabel jurnali;
KT barcha elementlarining inventar ro‘yxati (kuchlanishi 1000 V dan yuqori bo‘lgan KT uchun);
qurilish va yashirish ishlar dalolatnomalari, barcha yer osti kommunikatsiyalar bilan kesishish va yaqinlashish joylari ko‘rsatilgan holda;
kabel muftalarini montaj qilish dalolatnomalari;
xandaqlar, bloklar, quvurlar, kanallar, tunnellar va kollektorlarni montaj uchun qabul qilish dalolatnomalari;
KTni elektr kimyoviy zanglashdan himoyalash qurilmalari montaji dalolatnomalari, shuningdek, loyihaga muvofiq zanglash bo‘yicha sinovlar natijalari to‘g‘risida hujjatlar;
kabel o‘tkazilganidan keyin uning izolatsiyasini yuqori kuchlanish bilan sinash bayonnomalari (kuchlanishi 1000 V dan yuqori KT uchun);
izolatsiya qarshiligini o‘lchash natijalari to‘g‘risida hujjatlar;
xandaqlar va kanallarda o‘tkazilgan kabellarni yopishdan oldin ko‘rikdan o‘tkazish dalolatnomalari;
past haroratlarda kabellarni o‘tkazishdan oldin ularni barabanda qizdirish dalolatnomalari;
avtomatik yong‘in o‘chirish qurilmalari va yong‘in signalizatsiyasini tekshirish va sinash dalolatnomalari.
Kuchlanishi 110 kV va undan yuqori KTni ekspluatatsiya qilishga qabul qilishda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlardan tashqari, montaj tashkiloti, buyurtmachiga qo‘shimcha quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
kuchlanishi 110 — 220 kV bo‘lgan, past bosimli, moy to‘ldirilgan kabellar uchun kabelni va uni to‘ldirib turuvchi apparatlarni yuqori ijro belgisini;
tarmoqlarning barcha elementlari moyini (suyuqligini) sinash natijalari hujjatlarini; shimdirish sinovlari natijalarini;
yuqori bosimli moy to‘ldirilgan kabellar uchun qo‘shimcha moy bilan ta’minlovchi agregatlarni sinash va tekshirish natijalarini;
bosim signalizatsiyasi tizimini tekshirish natijalarini;
kabelni o‘tkazishda tortish kuchlari haqida dalolatnomalarni;
kabellar o‘tkazilgandan keyin himoya qoplamalarini yuqori elektr kuchlanishi bilan sinash haqida dalolatnomalarni;
kabellarni, muftalarni va qo‘shimcha moy bilan ta’minlovchi apparaturalarning zavod sinovlari bayonnomalarini;
tugallovchi muftalarni avtomatik qizdirish qurilmalarini sinash natijalari haqida hujjatlarni;
moy to‘ldirilgan past bosimli kabellarning va 110 kV kuchlanishli plastmassa izolatsiyali kabellarning har bir fazasi tok o‘tkazuvchi tolalari va qobiqlari (ekranlari) bo‘ylab tokni o‘lchash natijalarini;
kabellar sig‘imini o‘lchash natijalarini;
quduqlarni va tugallovchi muftalarni yerga ulash qarshiligini o‘lchash natijalarini; kadastrni;
qo‘llanilayotgan elektrotexnik materiallar va apparaturaga muvofiqlik sertifikatlarini.
Hududida KT yaqinida yer qazish ishlari o‘tkazilayotgan korxona rahbari KTning butunligini kuzatish uchun javobgar shaxslarni ajratadi.
Qaramog‘ida KT bor korxona, elektrlashtirilgan relsli transport boshqarmalari va xizmatlari amaldagi Qoidalar va NTH talablariga muvofiq yerdagi daydi toklar qiymatini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilishi shart.
KTni ta’mirlash, uni ko‘rikdan o‘tkazish va sinash asosida ishlab chiqilgan hamda elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan ish jadvali bo‘yicha bajariladi.
Kabellarda ta’mirlash ishlarini boshlashga faqat u o‘chirilganidan va ikki tomonidan yerga ulangandan keyin ruxsat beriladi.
Yig‘malarda (yacheykalarda) kabelning tugallovchi muftalarini (birikmalarini) ta’mirlash yig‘malar (yacheykalar) to‘liq o‘chirilganda va yerga ulanganda bajariladi.
Kabel trassalarini qazish yoki ularga yaqin joylarda yer qazish (kavlash) ishlari, faqat KTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yozma ruxsati bilan o‘tkazilishi kerak. Bunda bajaruvchi barcha ishlar mobaynida kabellarning butunligi ustidan nazoratni ta’minlashi shart. Ochilgan kabellarni ular osilib qolishining oldini olish uchun mahkamlash va mexanik shikastlanishdan himoya qilish shart.
Ish joylarida signal chiroqlari va ogohlantiruvchi plakatlar o‘rnatilishi shart.
Qarmog‘ida KT bo‘lgan korxona davriy ravishda kabel trassalari o‘tayotgan hududdagi tashkilotlar va aholini ushbu trassalar atrofida yer qazish ishlarini o‘tkazish tartibi haqida xabardor qilishi shart.
KTlar elektr uskunalarni SQ va M talablariga binoan, o‘zgarmas tokning yuqori kuchlanishi bilan davriy ravishda profilaktik sinovdan o‘tishi kerak.
KTlarni navbatdan tashqari sinash zarurligi, masalan, ta’mirlash ishlaridan keyin yoki trassani ochish bilan bog‘liq qazish ishlaridan keyin, shuningdek, KT avtomatik o‘chganidan keyin tarmoq qarmog‘ida bo‘lgan tashkilot rahbariyati tomonidan belgilanadi.
Kuchlanishi 110 — 220 kV bo‘lgan KTni sinash faqat elektr ta’minoti tashkiloti ruxsati bilan o‘tkaziladi.
Kabel tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 3-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |