MALAKA TALABLARI Mazkur Malaka talablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilariga o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar bo‘yicha malaka talablarini (bundan buyon matnda Malaka talablari deb yuritiladi) belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Asosiy tushunchalar
1. Malaka talablari o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida beriladigan kasblar bo‘yicha 10-11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatishning zaruriy bilimlar mazmuniga va amaliy ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablar, o‘quv yuklamalari hajmi va bajarilishining nazoratini belgilab beradi.
Malaka talablari kasbga o‘rgatish sifati va darajasini baholashda asosiy mezon hisoblanadi.
Malaka talablari o‘zining idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tomonidan tatbiq etilishi majburiydir.
Kasbga o‘rgatish ta’lim dasturining nazariy va amaliy mashg‘ulotlarini to‘liq o‘zlashtirgan, mazkur Malaka talablarini to‘liq bajargan va yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quv-ishlab chiqarish majmualari bitiruvchilariga (bundan buyon matnda bitiruvchi deb yuritiladi) mehnat qilish huquqini beruvchi kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.
2. Mazkur Malaka talablarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
kasbga o‘rgatish dasturi — kasb-hunar ta’limi tayyorgarligining asosiy mazmunini aniqlovchi hujjatlar to‘plami;
kompetensiya — tegishli sohada kasbiy faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka va shaxsiy sifatlar majmui;
kasbiy faoliyat obyekti — predmetlar, voqeliklar, jarayonlar va faoliyat doirasida harakatga yo‘naltirilgan tizimlar;