Oziq-ovqat tarmoqlari boʻyicha takliflar taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining moʻl va arzon boʻlishini taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Fermer va tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar natijasida mahsulot yetishtirish hajmi oshmoqda. Xususan, 2022-yilda chorvachilikda 1 ming 400 ta loyiha amalga oshirilib, qoramollar soni 14 million, qoʻy-echkilar soni 24 million boshga yetgan. Parrandachilik xoʻjaliklari soni 1 ming 300 tani tashkil etib, tuxum yetishtirish 4 foiz, goʻsht 28 foizga oshgan. Baliqchilik yoʻnalishida 290 ta loyiha amalga oshirilib,
502 ming tonna tansiq goʻsht yetishtirilgan. 27 ming tonna asal yetishtirildi.
Shu bilan birga, bu tarmoqlarda ozuqa va yer yetishmasligi, aylanma mablagʻlar bilan bogʻliq bir qancha muammolar bor. Shu bois soha vakillarining fikrlari oʻrganilib, takliflar ishlab chiqildi.
Yigʻilishda mutasaddilar mazkur tarmoqlarda joriy yilga moʻljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berdi.
Xususan, Xalqaro qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti jamgʻarmasining grant mablagʻlari hisobidan hududlarda sut yigʻish markazlari tashkil etiladi. Ularga kamida 100 ta aholi xonadoni biriktirilib, kooperativ tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Klasterlar tomonidan 64 ta chorvachilik kompleksi barpo etiladi. Jahon bankining mablagʻlari jalb qilinib, chorva mollarini identifikatsiya qilish tadbirlari boshlanadi.
Parrandachilik xoʻjaliklariga ozuqa va aylanma mablagʻlar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 35 million dollar yoʻnaltiriladi. Mazkur kreditlar samaradorligini “Parrandasanoat” uyushmasi kuzatib boradi. Naslli joʻjalar importini qoʻllab-quvvatlash uchun subsidiya miqdori oshiriladi.
Bularning natijasida parranda goʻshti yetishtirish hajmini yiliga 800 ming tonnaga yetkazish moʻljallanmoqda.
Baliqchilik uchun ham bir qator qoʻshimcha imkoniyatlar belgilanmoqda. Xususan, bundan buyon tabiiy suv havzalarini ijaraga berish onlayn auksion orqali boʻladi. Tarmoqda 241 ta, jumladan, krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida baliqchilik loyihalari uchun 50 million soʻmgacha garovsiz kreditlar ajratiladi.
Bularning evaziga joriy yilda 850 ming tonna baliq yetishtirish mumkinligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tabiiy koʻllar va daryolarda baliq ovlash bilan cheklanib qolmasdan, ularning boʻyida mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qiladigan ekoturizm maskanlari barpo etish zarurligini taʼkidladi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish koʻlamini oshirish vazifasi qoʻyildi. 50 ming gektar bogʻ va 200 ming gektar dala chetlarida asalari uyalarini joylashtirish, qoʻshimcha sharoitlar yaratib, aholini asalchilikka jalb etish choralari belgilandi.