VI. Aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish Hukumat tomonidan ish haqini ko‘paytirish, bandlikni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va korxonalarning moliyaviy ahvolini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholining real pul daromadlari 2007 yilning shu davriga nisbatan 23,4 foiz, o‘rtacha nominal ish haqi 51 foiz, o‘rtacha pensiya miqdori 76,1 foiz o‘sdi.
Shu yilning birinchi yarimida aholining ta’lim, sog‘liqni saqlash, bolalar sporti va ijtimoiy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar davom ettirildi. Bu borada 13265 o‘quvchiga mo‘ljallangan 18 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey, 3784 o‘quvchiga mo‘ljallangan 19 ta umumta’lim maktabi, 6 qishloq vrachlik punkti, uzunligi 1023,5 kilometr suv quvuri va 451,8 kilometr gaz uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirildi.
Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan dasturlar doirasida bolalarni umumiy ta’lim, 9 sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘qish bilan 100 foiz qamrab olishni ta’minlaydigan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobga olingan holda, hududlar va mutaxassisliklar nuqtai nazaridan yoshlarning bandlik darajasi kompleks tarzda inventarizatsiya qilindi.
«Yoshlar yili» Davlat dasturini amalga oshirish davomida yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yangi ish joylarini tashkil etish, yosh oilalarning turar-joy va maishiy shart-sharoitini yaxshilash, yoshlar ta’limi sifatini oshirish orqali ularning farovonligini ta’minlashga qaratilgan qator tadbirlar bajarildi.
O‘tgan davr mobaynida 5,3 ming nafar ishsiz yigit-qiz bozor ehtiyojlari hisobga olingan holda qayta tayyorlandi, Qurolli Kuchlar safida xizmatini o‘tab qaytgan 9,7 ming nafar yigit ish bilan ta’minlandi. Kollejlar bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z ishini tashkil etishi uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 1480,9 million so‘mga teng mikrokreditlar ajratildi. Uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotib olish uchun qiymati 16,3 milliard so‘mlik imtiyozli iste’mol kreditlari, shuningdek, yosh oilalarga uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va xarid qilish uchun 17,1 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari berildi. Qishloq joylarda 241 yosh o‘qituvchi oilasiga yakka tartibda uy qurish uchun yer uchastkalari ajratildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishning yuqori sur’atlarini ta’minlash, iqtisodiyotda ijobiy tarkibiy va sifat o‘zgarishlarini davom ettirishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2008 yilda belgilab berilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish orqali erishildi. Bu esa iqtisodiyotda bozor islohotlarini jadallashtirish, aholi farvonligini oshirish va O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi uchun qulay kafolatlar yaratishga xizmat qiladi.