O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Haraka-fayllar.org
2.2.O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasiga asosan qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish holati tahlili Iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash sharoitida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida, shu jumladan, agrar sektorda ham keng islohotlar amalga oshirilmoqda. Qishloq xo’jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy o’zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish O’zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, fermer va dehqon xo’jaliklari, agrofirmalar hamda qishloq xo’jaligi subyektlarini har tomonlama rag’batlantirish masalasi O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012-yil 22-oktabrdagi “O’zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-4478 sonli Farmoni9, 2015-yil 29-dekabrdagi PQ-2460 sonli “2016-2020 yillarda qishloq xo’jaligini isloh qilish va rivojlantirish choralari to’g’risida” gi Qarori10 shuningdek, 2015-yil 15-dekabrda “Fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 362-sonli qonuni bu boradagi fikrimizga huquqiy asos bo’ladi11. Ushbu normativ hujjatlar ijrosini ta’minlash hamda O’zbekiston Respublikasining 2017-2021-yillarga mo’ljallangan O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish bo’yicha ustuvor yo’nalishlarning uchinchi bandi qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish bo’yicha ustuvor yo’nalishlar bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida qanchalik dolzarb va ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz SH.M. Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish bo’yicha ustuvor yo’nalishlarni amalga oshirish maqsadida 2017- 2021 yillarga mo’ljallangan O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha “Harakatlar strategiyasi” Davlat dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dasturda bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish qanchalik dolzarb va ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlangan.
Ushbu “Harakatlar strategiyasi” Davlat dasturining hamda huquqiy-normativ hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida qishloq xo’jaligini jadal rivojlanishini har tomonlama qo’llab quvvatlash, ilg’or va samarali innovatsion agrotexnika va agrotexnologiya vositalaridan hamda rivojlanishning intensiv usulidan foydalangan holda sifatli yetishtirilgan meva va sabzavotlarni xorijiy mamlakatlatlarga eksport qilish va jahon bozorida o’zbek brendiga ega bo’lish iqtisodiyotimizning ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylangan. Mamlakatimizning eksport salohiyatidan yanada to’liq va samarali foydalanish, jahon bozorlarini marketing jihatdan chuqur tadqiq qilish asosida tashqi bozorlarda xaridorgir bo’lgan raqobatdosh yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yetkazib berish hajmlari va turlarini ko’paytirish belgilab olingan. Qishloq xo’jaligini tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish orqali agrar sektorning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish istiqbolda amalga oshirilishi ko’zda tutilgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi.