“O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi Prezident farmoni loyihasi (o‘zbek va rus tillarida) muhokama uchun normativ-huquqiy aktlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
2017−2021-yillarga mo‘ljallangan strategiyadan ko‘zlangan maqsad — olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishdan iborat.
Hujjatda qayd etilishicha, mamlakat bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili bugungi kunda jahon bozorida kon’yunktura o‘zgarib, raqobat tobora kuchayib borayotganini har tomonlama hisobga olishni, shu asosda davlatni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha strategik yondashuv va tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Strategiya quyidagi beshta ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:
demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatimizni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi va davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotni tartibga solish borasidagi funksiyalarini qisqartirish, “yagona oyna” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini keng joriy etish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish va fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish yo‘lida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;
sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, yurtdoshlarimiz tomonidan odil sudlovga erishish darajasini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash uchun qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga e’tiborni yanada kuchaytirish;
iqtisodiyotning ochiqligi va raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, yetakchi ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilish, moliya-bank sohasini tubdan isloh etish, xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama himoya qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, turizm tarmog‘ini samarali rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish maqsadida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish;
ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirish, aholi bandligini ta’minlash masalasini samarali hal etish, fuqarolarni zamonaviy va arzon uy-joylar bilan ta’minlash, uy-joy va kommunal xo‘jaligini, sotsial infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiya qilish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash, ilm-fan, ta’lim-tarbiya tizimini, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish yo‘lida ijtimoiy sohani rivojlantirish;
davlatning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini vujudga keltirish, jahon hamjamiyatida mamlakatimizning ijobiy xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni yuritish.
Loyihada 2017−2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya hamda Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarni tuzish taklif qilingan.
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, kelgusi besh yilda mamlakatda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqqan, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda, amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |