21.12.1995. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) (1)
37-modda. Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelishining oqibatlari Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi ma’lum
bo‘lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har
qanday shaxsdan bu shaxsga bepul o‘tib qolgan mavjud mol-mulkini o‘ziga qaytarib berishni
uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli, ushbu Kodeksning 229-moddasi
ikkinchi
va
to‘rtinchi
qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan
uchinchi shaxslarga sotilgan bo‘lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha
batamom to‘lamagan bo‘lsalar, bu holda to‘lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib
kelgan fuqaroga o‘tadi.
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq to‘lashni nazarda tutadigan
bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning tirikligini
bila turib sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart.
Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni bo‘lmasa, uning qiymati to‘lanadi.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi bo‘yicha davlatga
o‘tgan va sotib yuborilgan bo‘lsa, fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor
qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 36 , 99 , 1009-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 309-moddasi , O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 37 , 48-moddalari , 160- moddasi birinchi , to‘rtinchi xatboshilari , O‘zbekiston Respublikasining 02.01.2014-yildagi “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasi .