269-modda. Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish Statsionar sud-tibbiy yoki sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasini olganidan so‘ng prokuror, tergovchi va surishtiruvchi qaror chiqargan sudni albatta xabardor qilgan holda shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish haqida qaror chiqaradi.
Sud ekspertizasi natijalariga ko‘ra shaxs aqli noraso deb e’tirof etilganda uning tibbiy muassasada bundan buyon bo‘lishi to‘g‘risidagi masala ushbu Kodeksning 61-bobi normalariga muvofiq hal etiladi, jabrlanuvchi, guvoh aqli noraso deb e’tirof etilgan yoki shaxsning psixiatriya yordami ko‘rsatish talab etiladigan boshqa turdagi ruhiy kasalligi aniqlangan hollarda esa, qonunchilikka muvofiq umumiy asoslarda hal etiladi.
32-bob. PROTSESS IShTIROKChILARINING XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh. SURIShTIRUV, DASTLABKI TERGOV VA SUDDA PROTSESSUAL MAJBURIYATLAR HAMDA TARTIBNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK 270-modda. Jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash Jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek ularning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlariga o‘ldirish, kuch ishlatish, mol-mulkini yo‘q qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoki o‘zga g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinayotir dyeyish uchun yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bu shaxslarning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, shuningdek aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishlari shart.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ichki ishlar organlariga ishda ishtirok etayotgan shaxslarning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini ta’minlovchi barcha zarur choralarni ko‘rish xususida yozma ravishda topshiriq berishga haqlidir.
Ichki ishlar organi xavf tahdid solayotgan shaxslarga doir jinoyat ishidagi mavjud ma’lumotlardan, bu xavfning ehtimol tutilgan xususiyati, manbalari, joyi, vaqti va boshqa holatlaridan xabardor etilishi lozim.