276-modda. Fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atish Jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida o‘zini mulkiy ziyon ko‘rgan deb hisoblovchi shaxs yoxud uning vakili jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab to sud tergovi boshlangunga qadar fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Jinoyat sodir etish yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida mol-mulki yo‘qolgan yoki shikastlangan shaxs vafot etgan taqdirda uning merosxo‘rlari jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atish va uni quvvatlash huquqiga ega bo‘ladi.
Fuqaroviy da’vo yozma shaklda ham, og‘zaki shaklda ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Og‘zaki da’vo arizasi bayonnomaga yozib qo‘yiladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atish, uni ko‘rib chiqish va hal qilish uchun davlat boji undirilmaydi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atmagan shaxs, shuningdek da’vosi ko‘rilmasdan qoldirilgan shaxs uni fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida qo‘zg‘atishga haqlidir.
277-modda. Fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish Fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atilgan hollarda sodir etilgan qilmish oqibatida shaxsga mulkiy ziyon yetkazilgan deb hisoblasa, uni fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Qarorning yoki ajrimning nusxasi da’voni qo‘zg‘atgan shaxsga yoki uning vakiliga taqdim etiladi. Bunda fuqaroviy da’vogarga ushbu Kodeksning 57-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish rad qilingan shaxsga esa, qaror ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
278-modda. Ishda fuqaroviy javobgar tariqasida ishtirok etishga jalb qilish Ariza beruvchi fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgach va ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi to‘g‘risidagi masala qo‘yilgan shaxsning qilmishlari oqibatida yetkazilgan ziyon uchun qonunga ko‘ra boshqa shaxslar mulkiy javobgar ekanligi aniqlangach, tegishli fuqaroni yoki yuridik shaxsni ishda fuqaroviy javobgar tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Qaror yoki ajrim fuqaroviy javobgarga yoki uning vakiliga e’lon qilinadi. Bunda ularga ushbu Kodeksning 59 va 63-moddalarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar tushuntiriladi.