(1-q.)
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari oʻzgargan taqdirda va ushbu Kodeksda
nazarda tutilgan boshqa hollarda soliqlarni toʻlash majburiyati kafillik bilan taʼminlanishi
mumkin.
(2-q.)
Kafillik tufayli kafil, agar soliq toʻlovchi tegishli soliq summalarini va tegishli
penyalarni belgilangan muddatda toʻlamasa, soliq organlari oldida soliq toʻlovchining soliqlarni
toʻlash boʻyicha majburiyatini toʻliq hajmda bajarish majburiyatini oladi.
(3-q.)
Kafillik fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliq organi va kafil
oʻrtasidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
(4-q.)
Soliq toʻlovchi kafillik bilan taʼminlangan soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatini
bajarmagan taqdirda, kafil va soliq toʻlovchi solidar javobgar boʻladilar.
(5-q.)
Toʻlanishi boʻyicha majburiyat kafillik bilan taʼminlangan soliq belgilangan muddatda
toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan taqdirda, soliq organi soliqni toʻlash toʻgʻrisidagi
talabnomani bajarish muddati tugagan kundan eʼtiboran besh kun ichida kafillik shartnomasi
boʻyicha pul summasini toʻlash toʻgʻrisida kafilga talabnoma yuboradi.
(6-q.)
Agar kafil kafillik shartnomasi boʻyicha pul summasini toʻlash toʻgʻrisidagi
talabnomani belgilangan muddatda bajarmasa, soliq organi ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda
tutilgan tartibda va muddatlarda ushbu kafildan toʻlash majburiyati uning kafilligi bilan
taʼminlangan summalarni majburiy ravishda undirish choralarini qoʻllaydi.
(7-q.)
Kafil shartnomaga muvofiq oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini bajargach, kafil
tomonidan toʻlangan summalarni, shuningdek shu summalar boʻyicha foizlarni hamda soliq
toʻlovchining majburiyatlari bajarilishi munosabati bilan koʻrilgan zararlarning oʻrni qoplanishini
soliq toʻlovchidan talab qilish huquqi unga oʻtadi.
(8-q.)
Yuridik yoki jismoniy shaxs kafil boʻlishi mumkin.
(9-q.)
Soliqni toʻlash boʻyicha bitta majburiyatga nisbatan bir vaqtning oʻzida bir nechta
kafilning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
(10-q.)
Soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash boʻyicha chora sifatida kafillik
belgilanishida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar soliq toʻgʻrisidagi qonun
hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, fuqarolik qonun hujjatlarining qoidalari
qoʻllaniladi.
(11-q.)
Ushbu moddaning qoidalari yigʻimlarni toʻlashdagi kafillikka nisbatan ham
qoʻllaniladi.
Dostları ilə paylaş: