O‘zbekistonda sanoat-innovatsion strategiyasini rivojlantirish yo‘llari
O‘zbekiston Respublikasida sanoat-innovatsion rivojlanish strategiyasi iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va modernizatsiya qilish, mahsulotlarning raqobatli turlarini ishlab chiqarish va tovarlar eksportini o‘stirish uchun sharoitlar yaratish asosida mamlakatning rivojlanishini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Iqtisodiyotning yengil sanoati va boshqa tarmoqlarida raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan tovarlar ishlab chiqarish davlat sanoat-innovatsiya siyosatida asosiy ahamiyatga ega. Biroq oxirgi yillarda mamlakatda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari asosan resurslarni ishlab chiqarish va eksport qilishning jadal rivojlanishi hisobiga erishildi va bu milliy iqtisodiyotning ishlab chiqarish inqirozini bartaraf qilishiga imkon berdi. SHu asosda O‘zbekiston jahon hamjamiyatida bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlat sifatida tan olindi. Qabul qilingan strategik rejaga muvofiq O‘zbekiston ochiq iqtisodiyotli, tovarlar eksportiga yo‘naltirilgan, dunyodagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va raqobatga asoslangan mamlakat sifatida shakllanmoqda. Shu bilan birga O‘zbekiston yirik yoqilg‘i va mineral xomashyo salohiyatini mujassamlashtirgan mamlakat sifatida sanoatning qayta ishlash tarmoqlariga investitsiyalar kiritish uchun jozibadorligi kam hisoblanadi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotini xomashyo resurslari bozoridagi kon’yunktura o‘zgarishlariga ta’sirchan va sezuvchan qilib qo‘yadi.
Mamlakatda iqtisodiyotning tashqi omillarga ta’sirchanligini kamaytirish uchun yuqori texnologiyali ishlab chiqarish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu sababli sanoat-innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirar ekan, O‘zbekiston raqobatbardosh va samarali milliy iqtisodiyotni shakllantirish uchun tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi va qulay sharoitlar yaratishi lozim. Bunda asosiy maqsad xomashyoga yo‘nalganlikdan boshqa yo‘nalishga o‘tishga, shuningdek, davlat sanoat- innovatsion siyosatining bosh predmeti hisoblangan qayta ishlash sanoati va xizmatlar sohasida uzoq muddatli istiqbolda raqobatbardosh va importga yo‘naltirilgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishga o‘tishga xizmat qiluvchi iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiyalash yo‘li bilan mamlakatning barqaror rivojlanishiga erishish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi sanoat-innovatsion siyosatida potensial raqobatbardosh, jumladan, iqtisodiyotning xomashyo yo‘nalishidagi sektorlarida faoliyat ko‘rsatuvchi eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni yaratish va rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega.
Bunda davlat sanoat siyosatiga barcha yondashuvlar uch toifaga borib taqaladi: investitsiyalarni muvofiqlashtirish, ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish va bozorni egallash. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoat-innovatsion rivojlanish strategiyasida ko‘zda tutilganidek, faol davlat siyosatining ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bevosita tadbirkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga yo‘naltirilishi mumkin: xaridorlarning ixtisoslashgan toifalari yangi bozor “nisha”larini shakllantiradi va mahsulot standarti bo‘yicha axborot manbasi hisoblanadi; asbob-uskunalar ta’minotchilari u bilan birga ishlab chiqarish tajribasini ham uzatadilar; resurslar ta’minotchisi ishlab chiqarishning yangi usul va g‘oyalarining paydo bo‘lishiga xizmat qiladi, raqobatchilar esa yangi g‘oyalarning boy manbasini taqdim etadilar. Bunda davlat rivojlanish institutlari orqali texnologik va iqtisodiy qo‘shilgan qiymat zanjirini ketma-ketlikda rivojlantirgan holda raqobatbardosh mahsulot yaratuvchi to‘laqonli ishlab chiqarish tizimini yaratishga yo‘naltirilgan loyihalarda ishtirok etishi lozim. Bu raqobatbardosh mahsulotning barcha ko‘rsatkichlariga javob beruvchi yakuniy mahsulotga ishlaydigan ko‘p tarmoqli korxonalar yaratishga imkon beradi. Mamlakatning innovatsion siyosati va infratuzilmasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi milliy innovatsion tizimini shakllantirish va rivojlantirish dasturi asosida takomillashtirilmoqda. Milliy innovatsion tizimning rivojlanishi ikkita asosiy yo‘nalishni ko‘zda tutadi - innovatsion infratuzilmani yaratish va rivojlantirish hamda innovatsion faoliyat sub’ektlari o‘rtasida samarali munosabatlar tizimini yaratish.
Mamlakatda sanoat-innovatsion siyosatni amalga oshirish uchun potensial raqobatbardosh, jumladan, eksportga yo‘naltirilgan, qo‘shilgan qiymat iqtisodiy zanjirini yaratuvchi ishlab chiqarish turlarini aniqlash maqsadida jahon bozorlarining rivojlanish tendensiyalari va tadbirkorlarning tashabbuslarini hisobga olgan holda vaqti-vaqti bilan iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish zarur.
Shu bilan bir paytda Respublikada tarmoq qo‘shilgan qiymat markazlarida o‘z o‘rnini topishni nazarda tutgan holda jahon bozori va mintaqaviy bozorlarni tadqiq etishni kuchaytirish zarur. Jahon tajribalarining ko‘rsatishicha, yangi ishlab chiqarish- texnologik tizimni shakllantirishda asos solishga ulgurgan mamlakatlar kapital qo‘llashning an’anaviy sohalaridan chiqib ketayotgan kapitalni tortish markazlariga aylanadi. Bu qatorga hozirgi kunda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakatlar (AQSH, Angliya, G‘arbiy yevropa mamlakatlari, YAponiya va boshqa ayrim mamlakatlar) kiradi.
Shu sababli maqsadli investitsion va ilmiy-texnik dasturlarni amalga oshirish, investitsion faollikni tartibga solish va innovatsion faollikni rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi sanoat-innovatsion rivojlanish strategiyasining eng muhim vazifalaridan biriga aylanadi. Bu esa, o‘z navbatida, sanoat-innovatsion rivojlanishning amaldagi davlat boshqaruv tizimini qayta ko‘rib chiqish va ma’lum ma’noda qayta qurishni talab qiladi. Ushbu vazifani hal etishning samarali bo‘lishi uchun amaldagi davlat rivojlanish institutlarining yangi tuzilmalari, xususan O‘zbekiston investitsion fondi, O‘zbekiston rivojlanish Banki, innovatsion fondni tashkil qilish lozim. Bu rivojlanish institutlari barqaror faoliyat ko‘rsatishi detsentralizatsiyalash, ixtisoslashuv va raqobat tamoyillariga asoslangan yagona tizimni shakllantirishi lozim.