o‘zaro hamkorlik aloqalari. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi dunyo mamlakatlari bilan ko‘p tomonlama aloqalar o‘rnatish bilan bir vaqtda taraqqiy etgan davlatlar va qo‘shni mamlakatlar bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirdi.
Keyingi yillarda yosh mustaqil davlatlar ichida Markaziy Osiyo davlatlari uchun dini, urf-odatlari va an’analari yaqin bo‘lgan SHarq mamlakatlari bilan o‘zaro aloqalar olib borish imkoniyatlari bu mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirdi. Shuningdek, O‘zbekiston 1992 yil 6 fevralda Turkiya, Pokiston, Eron tomonidan tuzilgan iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirdi va 1992 yil Eron, Turkiya, Pokiston, Turkmaniston, Qozog‘iston davlat va hukumat rahbarlari bilan imzolangan “Trans-Osiyo” temir yo‘l aloqasini tiklash maqsadida Tajan-Seraxs-Mashhad yo‘li qurilishi haqidagi bitimda faol ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston uchun dengiz yo‘llariga, xalqaro transport tarmog‘iga, tovar va kapital xalqaro bozoriga chiqish imkoniyatini berdi. Arab mamlakatlari bilan olib borilgan aloqalar madaniy va diniy tomondan ham uzviy bog‘liq bo‘ldi. Bu yo‘ldagi harakatlar natijasida savdo-sotiq, turizmni rivojlantirish va kadrlarni o‘qitish imkoniyatlariga yo‘l ochildi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida Qozog‘iston alohida o‘rin egallaydi. 2018 yilga kelib Qozog‘iston bilan o‘zaro hamkorlik aloqalariga oid 170 dan ziyod hujjatlar imzolangan bo‘lib, ular orasida “Abadiy do‘stlik” va “Strategik sheriklik” to‘g‘risidagi shartnomalar alohida o‘rin egallaydi. Oxirgi yillarda bu hamkorlik aloqalariga katta ahamiyat berilib, Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarlari o‘rtasida oliy darajadagi bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, 2017 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Prezident Sh.M.Mirziyoevning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirishda yangi sahifani ochdi. O‘zbekistonda qozog‘istonlik investorlar ishtirokida 260 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, qo‘shni davlatda yurtimiz ishbilarmonlari ishtirokida 105 ta biznes sub’ekti faoliyat olib bormoqda. 2017 yil Ostona va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tgan biznes-forumlar natijasi bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollari miqdoridagi kelishuvlarga erishildi. Siyosiy jabhadagi muloqotlar rivoji iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish uchun qulay muhit yaratadi. Bu nafaqat savdo aylanmasi va sarmoyalar hajmini kengaytirishga xizmat qiladi, balki madaniy-gumanitar aloqalar rivojini ham kafolatlaydi. O‘tgan yilning sentyabr oyida ikki davlat rahbarlari 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili hamda 2019 yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edi. Qozog‘iston Respublikasi 2018 yilni mamlakatda O‘zbekiston yili deb e’lon qildi. Bu qozoq eli va Qozog‘iston davlatining o‘zbek xalqiga hurmati, yurtimizga yuksak ehtiromi ramzidir. Shuningdek, 2017 yildan boshlab Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston davlatlari bilan ham o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasida qator amaliy ishlar hayotga tatbiq etildi. A’zo davlatlar rahbarlari 2017 yilgi Ostona sammiti yakunlarining ijrosini hamda jahon siyosati va iqtisodiyotida kechayotgan jarayonlar asnosida SHHTni yanada rivojlantirishga doir birinchi galdagi vazifalarni ko‘rib chiqdilar. Tomonlarning o‘zaro kelishilgan pozitsiyasi qabul qilingan Sindao deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.
A’zo davlatlar SHHT Xartiyasining maqsad va prinsiplariga rioya etgan hamda “SHanxay ruhi”ga tayangan holda SHHTni 2025 yilgacha mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirayotganlari qayd etildi. Bugungi kunda SHHT noyob, nufuzli va obro‘li mintaqaviy birlashma sifatida qaror topgani, Tashkilotga Hindiston va Pokiston a’zo bo‘lgandan so‘ng uning salohiyati sezilarli darajada oshgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, YAponiya, Germaniya, Turkiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi bilan aloqalari kengayib, bu davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik bir-birining ishiga aralashmaslik, xalqaro huquq normalarida belgilangan qoidalarga va tamoyillara asoslandi.
Hech bir mamlakat iqtisodiy hamkorliksiz rivojlana olmasligini hozirgi kun voqeligi isbotlab turibdi. O‘zbekiston rahbariyatining bu vaziyatga chuqur yo‘ndoshishi orqali tashqi iqtisodiy aloqalarda Respublikamiz iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb etishga katta ahamiyat berildi. Iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni jalb etishda O‘zbekiston quyidagi tamoyillarga amal qiladi:
- Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish;
- O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyadorlarni keng jalb qilishni ta’minlaydigan huquqiy ijtimoiy, iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish, tashkilotlar va muassasalar tuzish;
- Ilg‘or texnologiyaning kirib kelishiga, xo‘jalik tarkibini zamonaviylashiga ko‘maklashadigan xorijiy sarmoyalarga nisbatan “ochiq eshiklar” siyosatini o‘tkazish;
- Respublika mustaqilligini ta’minlaydigan o‘ta muhim sohalarni ishlab chiqarish vositalar bilan ta’minlash hamda raqobat bardosh mahsulot ishlab chiqarishga qaratish;
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishi va bu aloqalarni erkinlashtirishida huquqiy jihatdan ta’minlovchi qonunlarning ahamiyati katta bo‘ldi. “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”, “CHet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi va “Xorijiy investorlar va investitsiyalarga kafolat berish to‘g‘risida”gi, “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar shular jumlasiga kiradi. SHu qatorda respublika chet el investitsiyalarini ishonchli sug‘urta bilan himoyalashni ham ta’minladi. Bu huquqiy hujjatlar tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, xalqaro shartnomalar tuzish va ularni bajarish uchun shart-sharoitlar yaratdi. Amaldagi qonunlar chet ellik investorlar uchun kafolatlar bilan bir qatorda soliq sohasida keng imtiyozlar berdi. Birinchi navbatda O‘zbekiston iqtisodiga umumiy hajmi 50 million dollardan ortiq miqdorda qilinadigan investitsiyalar boj to‘lashdan ozod qilindi. Bu investitsiyalarning davlat investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarda ishtiroki natijasida etti yil mobaynida foydadan soliq to‘lashdan va korxonalar daromadlarining ishlab chiqarishni kengaytirishga va texnologiya bilan qayta jihozlashga sarflanadigan qismi ham soliq to‘lashdan ozod qilindi. Ishlab chiqarilgan tovarlarni import va eksport qilish uchun bojxona to‘lovlari ancha kamaytirildi.
Bu o‘rinda shuni aytib o‘tmoq lozimki, chet ellik investorlarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va muassasalar tarmog‘i tashkil etildi. Bular qatorida “O‘zbekinvest” Milliy eksport-import sug‘urta kompaniyasi, chet el investitsiyalari bo‘yicha agentlik, tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekistonga 12 milliard amerika dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. O‘zbekistonga kiritilgan chet el kapitali yordamida respublika hududida qayd qilingan qo‘shma korxonalarning soni esa shu kunlargacha 1810 taga etdi.
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarda o‘z mavqeiga ega bo‘lib borishi quvonarli holdir. Bu o‘rinda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab AQSH bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari bu ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni keng miqyosda olib borilishi xususida to‘xtab o‘tmoq lozim. O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan AQSH bilan O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan o‘zaro manfaatli shartnomalar asosida O‘zbekistonga AQSHning sarmoyalari kirib keldi.
Bu sarmoyalar ishtirokida respublikada qo‘shma korxonalar tashkil topib faoliyat ko‘rsatib turibdi. O‘zaro tuzilgan shartnomalarga ko‘ra, AQSH O‘zbekistondagi bepoyon er osti va er usti boyliklarini o‘zlashtirish uchun katta sarmoya mablag‘larni ajratishni o‘z zimmasiga oldi, natijada respublikaga Amerikaning zamonaviy texnikasi kirib keldi. O‘zbekistonda Amerikaning “Nyumont-Mayning” kompaniyasi bilan hamkorlikda oltin qazib oladigan “Zarafshon-Nyumont” qo‘shma korxonasi qurib ishga tushirildi.
SHuningdek, xorjiy sarmoyalar natijasida O‘zbekistonda “SamKuchavto”, “UzDEUavto”, Ko‘kdumaloq kompressor stansiyasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va boshqalar qurildi.
Koreya Respublikasi sarmoyadorlari bilan “O‘zDEUavto”, “O‘zDEU elektroniks” hissadorlik birlashmalari keng faoliyat natijasi o‘laroq O‘zbekiston jahondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi 28 mamlakat qatoridan o‘rin egalladi va yuqori baholarga sazovor bo‘ldi. Bu mamlakat bilan hamkorlikda telefon tarmoqlari yangilandi.
1991 yil 8 dekabrda Minsk shahri yaqinida sobiq ittifoqning barham topishi munosabati bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga asos solindi. MDHning vujudga kelishi haqidagi hujjatga dastlab Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Belorusiya davlatlari imzo chekdilar. 13 dekabrda Ashxobodda o‘tgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublika rahbarlarining kengashida hamdo‘stlikni kengaytirish zarur deb topdi. Natijada shu yili 21 dekabrda Almatida o‘tgan uchrashuvda jami 11 davlat MDHga a’zo bo‘lib kirdi. Ular bu bitimda davlatlarning hududiy butunligini tan olish, amaldagi chegaralar, ularning ochiqligi, fuqarolarning harakati erkinligiga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, harbiy harakat va qurol-yarog‘ tarqatishning oldini olishda birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar.
MDH a’zolarining birgalikdagi harakatlariga quyidagi vazifalar kiritildi:
- tashqi siyosiy faoliyatlarni muvofiqlashtirish, mudofaa siyosati va tashqi chegarani muxofaza qilish;
- umumiy iqtisodiy muhitni rivojlantirish va Umumevropa, EvroOsiyo bozorini shakllantirish;
- iqtisodiy islohot o‘tkazish;
- bojxona siyosatini birga olib borish;
- transport, aloqa, energetika tizimlarini rivojlantirish;
- ekologik, atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash;
- uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish;
Umuman aytganda, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga alohida ahamiyat berdi.
O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikka katta e’tibor berib, uning ishtiroki quyidagi holatlarda belgilab berildi:
- yangi mustaqil davlatlarning ko‘p yillar mobaynida tarkib topgan munosabatlari chuqurlashishi halqaro maydonda vaziyatni chigallashtirishga olib kelishi mumkinligi;
- respublika iqtisodiyoti yagona transport va energetika tizimiga ega bo‘lgan sobiq umumittifoq iqtisodiy makoni doirasida shakllanganligi, mustaqillik yillarida bo‘lsa, MDH doirasidagi davlatlarning o‘zaro aloqalarini uzib qo‘yishi ishlab chiqarish hajmlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkinligi;
- MDH doirasidagi davlatlarda chegaralarning ochiqligini saqlab qolish respublikada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni va millatlararo munosabatlarda totuvlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynashi;
- mustaqil davlatlarning o‘zaro hamkorligi xalqaro maqomda o‘z mavqeini saqlab qolishi uchun muhim omil bo‘lib hisoblanishi;
1991-2000 yillarda MDH davlatlari boshliqlarining 30 ga yaqin kengashlari bo‘lib o‘tdi va muhim hujjatlar imzolandi. Ular orasida xavfsizlik masalalari, tinchlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib olish uchun davlatlalaro iqtisodiy qo‘mita tuzish, iqtisodiy integratsiyani to‘laqonli amalga oshirish, bojxona va ittifoq to‘lovi masalalarini izga solib olish kabilar muhim o‘rin egalladi. O‘zbekiston MDH doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalar bo‘yicha shartnoma hamda kelishuvlarni Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa mamlakatlari bilan imzolab o‘zaro manfaatli hamdo‘stlik aloqalari uchun mustahkam asos yaratdi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston 1996 yil Venada sobiq ittifoqdosh davlatlar Gruziya, Ukraina, Ozarbayjon, Moldova davlatlari asos solgan o‘ziga xos tuzilmaga ham 1999 yil aprel oyida a’zo bo‘ldi. Natijada, bu tuzilma unga uyushgan davlatlarning nomidan olingan bosh harflar asosida GUUAM deb yuritila boshlandi. Mazkur tuzilma mintaqaviy hamkorlik doirasidagi Osiyo-Kavkaz-Evropa transport yo‘lagini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilib oldi. 2001 yil iyun oyida ana shu tashkilotga a’zo davlatlarning uchrashuvi bo‘lib, unda O‘zbekiston ham ishtirok etdi. YAltada bo‘lib o‘tgan sammitda hamkorlikni mustahkamlashga doir ayrim masalalar ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda GUUAM davlatlarining ko‘pchiligida ichki va tashqi siyosatida yuz bergan keskin o‘zgarishlar yuz berishi oqibatida O‘zbekiston bu tashkilotga a’zoligini bekor qildi.
Rossiya Federatsiyasi bilan mustaqillik yillarida bo‘layotgan o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlik yaxshi samara berayotganini ta’kidlab o‘tmoq joizdir. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi 1992 yil o‘rnatilgan diplomatik aloqalardan so‘ng siyosiy, iqtisodiy sohalarda 150 dan ortiq shartnomalar imzolandi.
2003 yilning avgustida ikki mamlakat Prezidentlarining navbatdagi uchrashuvi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Rossiyaning “Gazprom” va “Lukoyl” kompaniyalarining O‘zbekistonda neft va gaz manbalarini qidiruv ishlayotgan korxonalarni texnika jihatidan qayta qurish masalalarini muhokama qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar almashuv 2002 yili bir milliard AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2003 yili bu ko‘rsatkich 25 foizga oshdi.
2004 yili Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yana ham mustahkamlandi. SHu yili ikki davlat Prezidentlari jami etti marta uchrashdi. O‘zbekistonda 32 marotaba Rossiya hukumati delegatsiyalari tashrif buyurdi, shu jumladan, Rossiya davlati xavfsizlik kengashining raisi, Mudofaa, Tashqi ishlar, Transport vazirlari O‘zbekistonlik davlat rahbarlari bilan muhim masalalar bo‘yicha bitimlar tuzdi.
SHu yili 16 iyunda ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzildi. Bunda siyosiy, harbiy, harbiy-texnika, iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa masalalar bo‘yicha alohida bitimlar imzolandi.
O‘zbekistonda 350 korxona Rossiya investitsiyasi asosida ishlab, shundan 300 tasi qo‘shma korxonalarda, Rossiyada esa 100 dan ortiq O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonalari ishga tushdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlarga to‘xtalib: “...biz har xil sohalarda munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdormiz” - degan edi.
Bunday uchrashuvlar nafaqat Rossiya Federatsiyasi bilan, balki Ukraina bilan ham keng yo‘lga qo‘yildi. 1994 yili Ukraina Prezidenti Leonid Kuchma davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. O‘zbekiston va Ukraina davlat rahbarlarining o‘rtasidagi o‘zaro muloqotda iqtisodiy hamkorlik, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, mineral xom ashyo qazib olish, fan taxnika taraqqiyotidagi yutuqlarda o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan bitimlarni amalga oshirish bilan aloqador bo‘lgan masalalar asosiy o‘rin egalladi.
Nafaqat iqtisodiy, balki madaniy aloqalar ham yo‘lga qo‘yildi. Leonid Kuchma o‘zining O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston baynalminal madaniy markazida ham bo‘ldi. O‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti ham Ukrainaga uch marotaba safar qildi.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar hozirgi kunga qadar davom etib, tovar ayirboshlash hajmi 300 million AQSH dollaridan oshdi. O‘zbekiston Ukrainaga rangli metall, gazlama va boshqa turdagi mahsulotlarni etkazib bergan bo‘lsa, Ukrainadan O‘zbekistonga texnika asbob-uskunalari keltirildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 20 dan ortiq o‘zbek-ukraina qo‘shma korxonalari ishlab turibdi.
2001 yil MDH tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan Rossiya davlati poytaxtida MDH davlatlari rahbarlari ishtirokida sammit o‘z ishini boshladi. Sammitda o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlar sarhisob qilindi va o‘zaro savdodagi cheklashlarni bartaraf etish, tovarlar va xizmatlar oqimini ko‘paytirish uchun axborot-marketing markazlarini tuzish, ta’lim, madaniyat, soliq, bojxona sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalar, xo‘jalik sudlari hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
2017 yildan boshlab, MDH davlatlari bilan o‘zaro munosabatlar yangi sifat pog‘onasiga ko‘tarildi. Xususan, MDH davlatlari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi 20 % ga ko‘tarildi. MDH davlatlarining 2017 yil 11 oktyabrdagi Sochi sammitida unga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining “Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha” bayonoti, Hamdo‘stlikda 2019 yilni Kitob yili, 2020 yilni 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi yili, deb e’lon qilish haqida qaror qabul qilindi.
Hamdo‘stlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar ma’qullandi. SHuningdek, MDH mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana qator hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro iqtisodiy, savdo aloqalarni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish tarafdori.
1993 yil Markaziy Osiyo rahbarlarining Almatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga asos solindi. Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lgan davlatlarga milliy mudofaani kafolatlashga, ilmiy texnika taraqqiyoti yutuqlari va aloqa vositalari, yangi texnologiyaga erishish, xorijiy davlatlardan mahsulot tashish, zarur xom-ashyo va tayyor mahsulotlarni keltirish hamda o‘z mahsulotini jahon bozoriga olib chiqish, tabiiy ofatlar oqibatini tugatish, ekologiya sohasida tadbirlarni birgalikda o‘tkazish uchun imkoniyatlar yaratildi.
Din, e’tiqod, til birligi, azaliy qardoshlik munosabatlari bu davlatlar iqtisodiy taraqqiyotida shubhasiz katta ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda o‘ziga ruxan, urf-odatlari va an’analari bilan yaqin mamlakatlar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatish suveren O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu ishlar Turkiston xalqlarining asosiy manfaatlarini ifodalagani uchun, ular orasida qadimiy do‘stlik va birodarlikni mustahkamlash, o‘zaro iqtisodiy muammolarni echish, milliy-madaniy aloqalarni tiklash uchun juda qulay sharoit yaratib, kishilar qalbida mehr-oqibat, birodarlik tuyg‘ularini, uyg‘otib kelmoqda.
1994 yil 10 yanvarda Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti N.Nazarboevning O‘zbekistonga tashrifi Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga amaliy poydevorni qo‘ydi. Unda ikkala mamlakat rahbarlari “YAgona iqtisodiy hudud” barpo etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Bu shartnomada O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, sarmoyalar va ishchi kuchlarining erkin o‘tib turishini nazarda tutuvchi hamda o‘zaro kelishilgan kredit, hisob-kitob, byudjet, soliq, narx, boj va valyuta siyosatini ta’minlovchi yagona iqtisodiy makonni tashkil etish ko‘zda tutildi. Fan, maorif, sog‘liqni saqlash yo‘lida imzolangan hujjatlar bo‘lsa o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi omil bo‘lib qoldi. Bu shartnomaga Qirg‘iziston keyinchalik Tojikistonning ham kirishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy integratsiya jarayonining chuqurlashuviga katta imkoniyat yaratdi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Prezidentlarining bu oliy darajadagi uchrashuvining yangi nuqtasi 1994 yil Almati shahrida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Davlatlararo Kengash hamda uning doimiy ijroiya tashkiloti, Bosh Vazirlar kengashi, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi kengashini ta’sis etdilar. Kelishuvda qatnashgan mamlakat vakillarining davlatlararo ijroiya qo‘mitasi Almati shahrida joylashdi.
1995 yil 15 dekabr Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari davlatlararo Kengashining Jambul shahrida navbatdagi kengashi bo‘ldi. Mazkur kengashda Prezidentlar 2000 yilgacha bo‘lgan iqtisodiy integratsiya va birinchi navbatda sarmoya sarflanishi lozim bo‘lgan loyihalar dasturlarni hayotga joriy etish, kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish masalalarini muhokoma etdilar. Integratsiya dasturida 53 ta loyiha ishlab chiqildi.
Iqtisodiy sohadagi uzviy hamkorolikning davomi Markaziy Osiyo respublikalari prezidentlarining 1999 yil aprel oyida CHo‘lpon-Ota shahridagi uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni barchaning diqqat e’tiborida turgan Afg‘oniston hisoblanmish xalqaro terrorizm o‘chog‘ining xavfi masalasi keskinligini qayd etdi. O‘zbekiston Prezidenti yig‘ilish qatnashchilari hamda BMTni butun xalqaro hamjamiyatga tahdid solayotgan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi.
Uchrashuvda Tojikiston respublikasi rahbariyati va jamoatchiligi I.A.Karimovni tojik xalqining og‘ir kunlarda yordam beruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi haqiqiy birodari va do‘sti sifatida qabul qildi. Prezident I.Rahmonov I.A.Karimovni tojik xalqining “boshidagi toji, ko‘zidagi nuri” - dedi. Kengashda mintaqaning suv resurslaridan samarali foydalanish, Saraz ko‘lining toshish xavfining oldini olishda Tojikistonga yordam berishga e’tibor qaratildi. Bu hamdo‘stlik davlatchiligini qaror toptirish prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “bozor munosabatlariga o‘tishning murakkab davrida mintaqadagi mamlakatlarning kuch-g‘ayratlari va sa’y-harakatlarini jipslashtirishga qaratilgandir”.
Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy Osiyo respublikalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yib borar ekan, bu mintaqada iqtisodiy, madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi asosiy havf Afg‘oniston mojarosi ekanligini doimo diqqat markazida saqlab turdi. Bularga siyosiy jihatdan diniy ruhdagi ekstremizm, xalqaro terrorizm, korrupsiya va jinoyatchilik, narkotik moddalarni tarqatish, qurol-yarog‘ savdosi kabi muammolarni kiritish mumkin.
Markaziy Osiyo respublikalarining diqqat markazida turgan xalqaro terrorizmga qarshi jipslashish masalasi mintaqadagi respublikalar rahbarlarining 2000 yil 20-21 aprel kunlari Toshkentda Prezidentning Do‘rmon qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yana yuzaga chiqdi.
O‘zbekistonning xalqaro terrorizmga qarshi kurash Xalqaro markazi tuzish haqidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. To‘rt davlat rahbarlari mintaqada xalqaro terrorizm, siyosiy va diniy ekstremizm va boshqa tahdidlarga qarshi birgalikda harakat olib borish haqida hujjatni imzoladilar. SHuningdek, uchrashuvda ikki davlat Qozog‘iston va O‘zbekiston respublikasi Prezidentlari chegaralar masalasida ikkala davlat orasida erkin harakatlanish to‘g‘risida, yo‘lovchi va yuk tashish transportlarini kengaytirish to‘g‘risida kelishib olindi.
Ushbu mamlakatlarni birlashtirib turgan muhim muammolar qatorida Orol dengizi masalasi katta o‘rin tutadi. SHu bois bu masalani to‘la qonli hal etish mintaqadagi davlatlarning global muammolari qatoriga kiradi.
Sobiq ittifoq parchalanib ketgandan beri bu muammoni hal etish Markaziy Osiyo respublikalarining o‘zaro aloqalarida o‘z aksini topib bormoqda. Orol dengizi muammosi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Qizil O‘rda (1993), Nukus (1994), Toshhovuz (1995) uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvlarda asosan Orol dengizi muammosiga bag‘ishlangan chora-tadbirlarni ko‘rish belgilab olindi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi har tomonlama hamkorliklar qatorida Orol masalasi ham o‘ziga xos o‘ringa ega. Respublika rahbariyatining Orol bo‘yi masalasini hal etishda nafaqat Markaziy Osiyo, balki Osiyodagi bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, 2001 yil Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Tadao CHino O‘zbekistonga tashrif buyurib, Orol bo‘yida yuz bergan holat bilan tanishib chiqdi. Ushbu tashrif natijasida Tadao CHino O‘zbekiston hukumatining Orol bo‘yidagi suv taqchilligini tugatishga qaratilgan sa’yi-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. U YAponiyaning maxsus jamg‘armasidan beg‘araz grant ajratishni jadallashtirishini ta’kidlab o‘tdi.
2010 yil BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun O‘zbekistonda, xususan, Orol dengizi bo‘yida bo‘lib, asr ekologik fojiasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. 2017 yildan boshlab Orol mintaqasi bo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator amaliy harakatlar boshlandi.
Orol fojeasi, uning asoratli oqibatlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida alohida ta’kidlab, uning qurigan xaritasini jahon hamjamiyatiga namoyish qildi. Prezident SH.M.Mirziyoev tashabbusi bilan Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida 2018-2019 yillarda dengizning qurigan qismidagi deyarli 500 ming gektar erga cho‘lga chidamli saksovul va boshqa ekinlar ekilib, o‘rmon massivlarini barpo etish boshlandi. SHuningdek, Qoraqalpog‘istondagi ekologik fojeadan aziyat chekkan Mo‘ynoq va boshqa hududlarni tubdan obodonlashtirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ijobiy hal qilindi.
2002 yil 28 fevral 1 mart kunlarida Almati shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chekildi. Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining tuzilishi ularning boshqa davlatlardan uzoqlashishini ko‘rsatmaydi, balki murakkab o‘tish davrida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yordam va hamkorligini chuqurlashtirishga qaratilgandir. Respublikaning geosiyosiy va geostrategik ahvoli, iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyoti va boshqa omillardan qat’iy nazar davlatning tashqi siyosatidagi ustuvor prinsipi davlatlarning suveren teng huquqlilik prinsipi bo‘lib qoldi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro huquqiy tashabbuslari jahon hamjamiyati oldida turgan mintaqaviy va global muammolarni hal etishga qaratilgandir. Umuman, O‘zbekiston tarixiy jihatdan qisqa bir davrda xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish borasida bir necha yillarga arziydigan ishlarni amalga oshirdi.
O‘zbekiston o‘zining tinchliksevar, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro foydali hamkorlikka qaratilgan siyosati va faoliyati bilan butun dunyoga tanildi, jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egalladi, uning mavqei yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. 2016 yil oxirlaridan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro qo‘shni davlatlar bilan chegara, savdo-iqtisodiy, madaniy, xo‘jalik aloqalarni yanada yaxshilash bo‘yicha O‘zbkiston tomoni qator takliflar bilan chiqdi.
Xususan, 2018 yil 15 martda Astanada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2017 yilning 10 noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mazkur uchrashuvni o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. O‘shanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev birinchi uchrashuvni Astanada o‘tkazishni taklif qilgandi.
Oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Majlisi raisi Akja Nurberdieva ishtirok etdi.
Uchrashuvni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev ochdi. Sammitda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makondir. SHu nuqtai nazardan mamlakatlarimiz o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini beradi.
Davlat rahbarlari MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar mexanizmlari doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Uchrashuvda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarini ko‘p ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari bog‘lab turadi. Tarix, din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi.
Mintaqamizda dunyo tamadduni rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot mavjud bo‘lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajagi, barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘la oladi. Keyingi yillarda mintaqa davlatlari yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda.
Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish yo‘lida sobitqadam bo‘lmoqda. Davlatlar umummintaqa manfaatlaridan kelib chiqib chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari o‘tkir masalalarga samarali echim topmoqda.
Jumladan, bir necha yillardan buyon muammoli masala sifatida qarab kelingan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi hududi haqida shartnoma imzolandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z chegaralarining 85 foizi yuzasidan kelishuvga erishildi. Transport sohasidagi hamkorlik borgan sari kengaymoqda. Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklandi. Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘llari ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda etakchi korxonalari vakillari ishtirokida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi. O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 20-30 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega. Mamlakatimiz taraqqiyotining chegaralarimiz xavfsizligidan suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish mintaqa davlatlari bilan munosabatlarimizga bevosita bog‘liq.
Transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilmasdan, ularning yuksak darajada integratsiyalashuvini ta’minlamasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdori. So‘nggi ikki yilda davlatimiz rahbari Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga borib, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlarni qo‘ydi.
Birgina Qozog‘iston bilan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSH dollariga chiqarishga muvaffaq bo‘lindi. Tomonlar 2020 yilda mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard AQSH dollariga etkazishni rejalashtirgan.
Sovet davlati parchalanib ketgandan so‘ng Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga xalqaro terroristlar va diniy ektremistlar qo‘poruvchilik harakatlari bilan tazyiq o‘tkazishga harakat qilmoqdalar. Islom Karimov O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida, xalqaro tashkilotlarning majlislarida Tojikistondagi fuqarolar urushi, Afg‘onistondagi tolibonlar va diniy ekstremistlarning butun jahon xalqlari uchun xavfli ekanini qayta-qayta ta’kidlab aytgan edi.
90-yillar oxirlariga kelib hududiy mojarolar, diniy ekstremistik harakatlar O‘zbekiston mustaqilligi uchun xavfli tahdidligi ayon bo‘lib qolgan edi. Haqiqatan ham Afg‘onistonda o‘rnashib ko‘p mamlakatlar tomonidan madad olib turgan diniy ekstremistlar 1999 yil 16 fevralda, 1999-2000 yillari davlat chegaralarini buzishlar, 2003-2004 yillarda Toshkent va Buxoroda amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlari O‘zbekiston rahbariyatining fikrlarini tasdiqladi.
2001 yil 11 sentyabrda Nyu-Yorkdagi qo‘poruvchilik harakatlari yirik davlatlar rahbarlarining ko‘zini ochdi va O‘zbekiston tomonining qanchalik haq ekanligini ko‘rsatdi. Terrorizm butun dunyoni qamramoqda, uning uchun diniy, milliy ajratuvchilik, davlat chegaralari ham yo‘q.
1995-2003 yillarda faqat MDH davlatlari hududida 4.500 uyushgan jinoyatchilar guruhi tor-mor qilindi, 300 ming o‘qotar qurollar, 400 tonna portlovchi moddalar yo‘q qilindi.
2016 yil umumxalq tomonidan saylangan Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashqi siyosatda o‘zaro hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik, manfaatli munosabatlar, ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillarini ilgari surgan holda oshkoralik va shaffoflik masalalariga ham katta e’tibor qaratdi. Shu boisdan ham O‘zbekiston Prezidentining mazkur siyosati jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy e’tirof etilmoqda.
Xalqaro “The Economist” jurnali talqiniga bo‘yicha 2019 yil yakunlariga ko‘ra Prezident Sh.M.Mirziyoyev “Yil odami” deya e’lon qilindi.