Pul tizimi tushunchasi va uning turlari.
Pul tizimi mamlakatda tarixan tarkib topgan va milliy qonunchilik bilan tasdiqlangan pul muomalasini tashkil qilish shaklidir. Hozirgi pul tizimi XVI–XVII asrlarda vujudga kelgan.
Muomaladagi pul turlariga qarab, vaqt o`tishi bilan pul muomalasining 2 tizimi ajralib chiqqan. Ular quyidagilar:
1. Metall tangalar muomalada bo`lgan pul tizimi. Bunda oltin va kumush tangalar muomalada bo`lgan, qog`oz pullar esa birinchi talab bilanoq metall pullarga almashtirilib berilgan. Metall tangalar bir yoki ikki xil metalldan zarb qilingan. Agar tangalar faqat bir xil metalldan, ya`ni oltin yoki kumushdan zarb qilinsa-monometall, aksincha, ikki xil metalldan, ya`ni oltin va kumushdan zarb qilinsa bimetall pul tizimi deyiladi. Bulardan tashqari muomalada mis chaqalar, kredit va qog`oz pullar ham mavjud bo`lgan. Ammo ularning salmog`i juda kam bo`lgan.
2. Kredit va qog`oz pullar muomalada bo`lgan pul tizimi. Bu tizimda oltin va kumush muomaladan batamom chiqarib yuborilgan, qog`oz pullar esa oltin yoki kumushga almashtirilib berilmagan.
Mamlakat Markaziy banki tomonidan muomalaga chiqarilgan banknotlar milliy pul birligiga aylangan. Pul muomalasida naqd pulsiz hisob - kitoblar ustun bo`lgan. Pul muoamalasi davlat tomonidan tartibga solib turilgan. Bu pul tizimi 1929-1933 yillardagi jahon iqtisodiy tangligi natijasida vujudga kelgan va hozirgi davrda barcha mamlakatlarda amal qilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi pul tizimi va uning o`ziga xos xususiyatlari
O`zbekistonning mustaqil davlat sifatida tanilishi uning mustaqil pul tizimiga ega bo`lishini taqozo etdi. Mustaqil pul tizimi tashkil topishining I-bosqichi 1993 yildan boshlab, muomalaga «so`m-kupon»larning chiqarilishi, II-bosqichi esa 1994 yil 1 iyuldan boshlab muomalaga milliy valyuta «so`m»ning kiritilishi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi pul tizimi O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 1995 yil 21 dekabrda qabul kilingan «O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki to`g`risida»gi, 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan «Banklar va bank faoliyati to`g`risida»gi qonunlariga muvofiq amal qilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining pul birligi – so`m,. So`m O`zbekistonda yagona cheklanmagan va qonuniy to`lov vositasi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga banknot va tangalar chiqarishda mutlaq huquqqa ega bo`lib, mamlakatda pul muomalasi holatiga javobgardir.
Markaziy bank banknot va tangalarning yangi namunalarini tasdiqlaydi, ularning tasvirini ommaviy axborot vositalari orqali e`lon qiladi. Hozirda muomalada 100,200,500,1000 5000, 10000, 50000, va 100000so`mliklar amal qilmqda.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul, kredit va valyuta boshqaruvi, naqd pulsiz hisob-kitoblar va xalqaro hisob- kitoblarni amalga oshirish, milliy valyutani chet el valyutasiga almashtirish tartib- qoidalarini va boshqalarni ishlab chiqadi, hamda joriy etadi..