Annotatsiya: Maqolada O‘zbekiston Respublikasi jahon kapital bozoridagi ishtiroki va uning istiqbollarini baholash masalalari o‘rganilgan. Annotatsiya: В стате исследуется участие Республики Узбекистан в мировом рынке капитала и отсенка его перспектив. Abstract: The article examines the participation of the Republic of Uzbekistan in the world capital market and the assessment of its prospects. Ta’kidlash joizki, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish moliya-bank tizimi, shu jumladan, kapital bozori imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni hamda ushbu tizimni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni talab qiladi.
Shu maqsadda kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida fond bozorini rivojlantirish uchun Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasida Respublika miqyosidagi kapital bozorining umumiy qiymatini 200 million dollardan 7 milliard dollarga yetkazish belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2023-yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham moliya bozorlari, jumladan, fond bozorini rivojlantirish yangi iqtisodiy sharoitda asosiy maqsadlarimizdan biri ekanligi qayd etilgan.
Bu boradagi islohotlarning dastlabki bosqichi sifatida jahon davlatlari tajribasidan kelib chiqqan holda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish va korporativ boshqaruv sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 13 apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6207-sonli farmoni va 2021-yil 3 apreldagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida”gi PQ-5053-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Kapital bozorini rivojlantirish departamenti tuzilib, uning asosiy vazifalari etib qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish va korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish belgilangan.
Kapital bozorini rivojlantirish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda emissiya qilingan aksiyalarning umumiy nominal qiymati 200 trillion so‘mdan ortiq bo‘lib, ulardan faqatgina 3,5 foizigina erkin muomalada harakat qilmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan hisoblaganda 1 foizdan kam hisoblanib, ushbu ko‘rsatkich Singapurda 188 foiz, Malayziyada 112 foiz va Rossiyada 34 foizni tashkil etadi. Mazkur holat O‘zbekistonda kapital bozori mamlakat iqtisodiyotida investitsiyalar va jamg‘armalar o‘rtasida vositachilik rolini sifat va miqdor jihatdan yuqoriga ko‘tarish uchun katta potensialga egaligini ko‘rsatadi.
Buning uchun qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va muomalada bo‘lishini, investitsiyalarni keng jalb etish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi kapital bozori rivojlanishining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish taqozo etiladi.
Mazkur strategiyada fond bozorini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, uni tartibga soluvchi qonun va qonun osti hujjatlarni bozori rivojlanayotgan davlatlar talablariga (“frontiers market”) muvofiqlashtirish, tarkibiga brokerlar, pensiya fondlari, sug‘urta kompaniyalari, banklar kiruvchi moliya bozorining ekotizimini yaratish, aholining bo‘sh turgan mablag‘larini fond bozoriga jalb qilishning jahon tajribasida qo‘llanilgan samarali institutlarni shakllantirish nazarda tutilishi kerak.
E’tiborlisi, 2019-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa qator xalqaro ekspertlar ko‘magida 2020-2025- yillarda O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish strategiyasining loyihasi ishlab chiqildi va keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamaga qo‘yildi. Mazkur strategiyaning asosiy vazifalaridan biri erkin muomaladagi jami qimmatli qog‘ozlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatini 2025-yil oxirigacha kamida 10-15 foizga еtkazish hisoblanadi.
Kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023-yil yakuniga qadar 45 trillion so‘mga еtkazish, bank tomonidan kreditlashga muqobil bo‘lgan samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish; xalqaro moliya bozorlari bilan faol integratsiyalashuv, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va xorijda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan ilg‘or yondashuvlarni qo‘llash orqali barcha toifadagi investorlar uchun kapital bozorining qulayligini oshirish; kapital bozorining uyg‘un faoliyati va uning barcha segmentlari rivojlanishini ta’minlash orqali 2023-yil yakuniga qadar respublika va hududiy investitsiya dasturlari doirasida loyihalarning qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismini 5 foizga еtkazish; sohaga ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha to‘siqlar va cheklovlarni bartaraf etish orqali fond bozorida rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan investitsiyalarni faol moliyalashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish; xalqaro mezonlar va tajribalarni joriy qilgan holda, kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini va tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni ta’minlovchi qonunchilik bazasini yaratish; kapital bozorini zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, istiqbolli, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratish; kapital bozori uchun soha mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish1.
Minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilimlari, ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023-yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.
Belgilangan vazifalarga erishish uchun investorlar bazasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, moliyaviy savodxonlikni yaxshilash orqali qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan talabni oshirish, emitentlar sonini ko‘paytirish va yangi moliyaviy instrumentlar orqali qimmatli qog‘ozlar taklifini kengaytirish, qonunchilik va nazorat tizimini takomillashtirish, kapital bozori infratuzilmasini yaxshilash va kapital bozorini muvofiqlashtiruvchi organning institutsional salohiyatini mustahkamlash strategiyaning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanishi maqsadga muvofiq. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, kelusi yil uchun asosiy vazifalardan biri mazkur strategiyani qabul qilish va unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishning uzviyligini ta’minlash hisoblanadi.
Mazkur strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar ulushini yalpi ichki mahsulotning 10-15 foiziga еtkazish, investitsiya loyihalarni moliyalashtirishning muqobil manbai sifatida fond bozori imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kabi yangi mexanizmlarni keng joriy etish, iqtisodiyotning bank sektoriga bog‘liqligini va davlatning bank sektoridagi ishtirokini kamaytirish, yashirin aylanmadagi qo‘shimcha mablag‘larni iqtisodiyotga jalb qilish va pirovardida O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal sur’atlarda o‘sishini ta’minlash kabi muhim va dolzarb masalalarni hal etishi kutilmoqda.
1 Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni. 2021 yil 13 aprel