O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’LI



Yüklə 113 Kb.
səhifə1/2
tarix27.04.2023
ölçüsü113 Kb.
#103688
  1   2
O’ZBEKISTONNING O’ZIGA XOS ISTIQLOL TARAQQIYOT YO’LI


O’ZBEKISTONNING O’ZIGA XOS ISTIQLOL TARAQQIYOT YO’LI
REJA:

  1. O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li

  2. O’zbek modeli

  3. Bizning iqtisodiyot, siyosat, davlat-huquq va sud sohasida amalga oshirayotgan ishlar

Shuni ta’kidlash lozimki, mustaqillikka erishish davri haqida, eski tuzum inqirozga duchor bo‘lib, sobiq ittifoq parokandalikka yuz tutgan bir paytda mamlakatimizda tobora keskin tus olgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat, o‘zligimizni anglash va toptalgan milliy g‘ururimizni tiklashga qaratilgan intilish kuchayib borgani, Vatanimiz mustaqilligini qo‘lga kiritish qanday sharoitda kechgani haqida yaxlit, yagona va xolis ko‘z bilan qarab baho beradigan jiddiy tahlil-tadqiqot hozirgacha amalda yo‘qligini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi.


O‘zbekiston mana shunday tahlikali va murakkab vaziyatda qanday maqsadlarni ko‘zda tutib, qanday amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirganini, bu harakatlarning ilmiy-tarixiy, mantiqiy va qonuniy zamini va omillari, kerak bo‘lsa, istiqlol o‘zbek xalqiga tuhfa tariqasida berilmagani – bularning barchasi haqida har taraflama chuqur yoritib va isbotlab beradigan izlanish va tahlil bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmaganini qayd etishimiz zarur.
Respublikamizning bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘li va oldimizda turgan vazifalarning ma’no-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritganda, bu yo‘lni alohida ikki davrga ajratish to‘g‘ri bo‘ladi. Hech shubhasiz, bu davrlarning har biri mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos va o‘ziga mos muhim o‘rin egallaydi.
Bugun 16 yil mobaynida boshimizdan kechirgan kunlar, haftalar, oylarni ana shu nuqtai nazardan baholar ekanmiz, qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, o‘tish davri va milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish bilan bog‘liq birinchi galdagi islohot va o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan dastlabki bosqich – 1991-2000 yillar mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ulkan iz qoldirgan o‘tish davri tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan davr bo‘ldi.
2001 yildan 2007 yilgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich – faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri esa iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotimizni, qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy-gumanitar sohalarni izchil isloh qilishni ta’minlashda g‘oyat muhim rol o‘ynagan davr bo‘ldi.

Biz mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eski mustabid sovet tizimidan voz kechib, mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga azmu qaror qildik.


Yangi davlat va jamiyat qurishda amalda o‘zini to‘la oqlagan quyidagi besh tamoyil asos qilib olindi:
birinchidan – iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va uning siyosatdan ustunligi. Boshqacha aytganda, avval iqtisod, keyin siyosat;
ikkinchidan – davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchi bo‘lishi, ya’ni uning mamlakatni davlatchilik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda yangilashga qaratilgan islohotlarning tashabbuskori bo‘lish vazifasini o‘z zimmasiga olishi;
uchinchidan – qonun ustuvorligi yoki barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi;
to‘rtinchidan – kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholini ijtimoiy nochor qatlam va guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishi;
beshinchidan – islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, “shok terapeyasi” deb atalgan turli usullardan voz kechish. Boshqacha aytganda, mamlakat inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy yo‘ldan rivojlanishi kerak. Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har qanday inqilobiy yo‘l hamisha xalqqa zulm va zo‘ravonlik, qon to‘kish va talafotlar keltirgan.
Ushbu tamoyillar avvalambor bizning kommunistik mafkuradan butunlay voz kechganimizning yaqqol ifodasi bo‘lib, yigirmanchi asrning 90- yillari boshidagi real hayotni o‘zida yorqin aks ettirdi va mamlakatimizni isloh etish bo‘yicha aniq prinsipial maqsad va vazifalarni belgilab olish imkonini berdi.
Biz aynan ana shu tamoyillardan kelib chiqqan holda, yangi davlat, yangi jamiyat poydevorini barpo etishga kirishdik. Aynan ana shu tamoyillarni amalga oshirish zarurati tufayli “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, “Islohotlar – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan, bugun ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan hayotiy shiorlar paydo bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizni isloh etish va yangilashga qaratilgan dasturiy vazifalarni bajarishda biz milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni saqlashga, xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga katta e’tibor qaratdik. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanadigan zamonaviy demokratik davlat qurishning o‘zini oqlagan jahon tajribasini chuqur o‘rganish va qabul qilish ham diqqatimiz markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq sovet hududida juda keskin va tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Bu esa boshboshdoqlikning oldini olish, huquq-tartibotni saqlash va aholining eng zarur, birinchi galda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan tegishli choralar ko‘rishni talab etdi.
Aziz do‘stlar, birodarlar, o‘sha qaltis va murakkab davrda yurtimizda bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh kunga yetadigan bug‘doy va un zaxirasi qolgani, mamlakat amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolganini o‘zimizga bir tasavvur qilaylik.
Tabiiyki, bunday hol avvalo butun sovet tizimiga xos bo‘lgan markazlashtirilgan usulda rejalashtirish va taqsimlashdek illatlarning ta’siri edi. Lekin, eng yomoni, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan xomashyo tayyorlashga yo‘naltirilgani, biryoqlama rivojlanish hisobidan mo‘rt va nochor holga tushib qolgan bo‘lib, iqtisodiyotga, ekologiya va aholi genofondiga halokatli ta’sir o‘tkazadigan paxta yakkahokimligi yurtimizdagi vaziyatni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan edi. Buning oqibatida ulkan tabiiy, mineral-xomashyo, mehnat va inson salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, respublikamiz sobiq SSSRda aholi turmush darajasi, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivoji bo‘yicha oxirgi o‘rinlardan birida turar edi. Buni aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha 1989 yilda o‘tkazilgan statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi.
Boz ustiga, amaldagi sovet puli o‘z qimmatini yo‘qotib bo‘lgan, yangi milliy valutamiz esa hali joriy etilmagan edi. Bunday sharoitda iqtisodiyotning fojiali ravishda inqirozga yuz tutishi va inflatsiyaning o‘ta keskin, hatto yiliga minglab foizga o‘sib ketishini jilovlash favqulodda muhim ahamiyat kasb etar edi. Birinchi galda ilgari shakllangan xo‘jalik, ishlab chiqarish va moliyaviy aloqalarning butunlay uzilishiga barham berish, ommaviy ishsizlikning oldini olish zarur edi.
Ichki va tashqi xavfsizlikni ta’minlash tizimining parchalanishi natijasida jamiyatda huquqiy bo‘shliq vujudga kelgani, millatlar va dinlararo, hududiy va turli guruhlar, urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning avj olib ketish xavfi, radikal kayfiyatlarning ayniqsa yoshlar o‘rtasida kuchayishi g‘oyat jiddiy xatarga aylangan edi. Qisqacha aytganda, tub ildizlari sovet davlatining so‘nggi yillariga borib taqaladigan ichki va tashqi mojarolardan mamlakatimizni asrab qolish talabi o‘ta keskin bo‘lib turar edi.
Bu o‘rinda avvalambor el-yurtimiz boshidan kechirgan 1984-1989 yillardagi mudhish qora kunlarni eslash kifoya, deb o‘ylayman.O‘sha davrda respublikamizda yuzaga kelgan og‘ir ijtimoiy ahvol sababli aholining kuchayib borayotgan noroziligining oldini olish va to‘xtatish uchun KPSS Markaziy komiteti qarori bilan O‘zbekistonga yuborilgan, xalq juda topib, “desantchilar” deb atagan guruh tomonidan sodir etilgan qonunsizlik va zo‘ravonlikni ko‘pchilik yaxshi eslaydi.
Bu haqda gapirganda, Quvasoy, Farg‘ona va Qo‘qon, Namangan, Bo‘ka va Parkent, Guliston, Toshkent va O‘shda ro‘y bergan fojiali voqealar odamlarimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatlarni, yurtimizga chet eldagi markazlar tomonidan moliyaviy ta’minlangan va boshqarilgan terrorchi to‘dalar Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlari orqali suqilib kirgan tahlikali kunlarni ham eslashimiz lozim. Agarki ana shu yovuz niyatli kuchlarning qabih va uzoqni ko‘zlagan buzg‘unchilik maqsadlari amalga oshganida bormi, mamlakatimiz fuqarolar urushi olovi ichida qolib ketgan va uning oqibatlari, hech shubhasiz, butun O‘rta Osiyodagi vaziyatni portlatib yuborgan bo‘lur edi.
Respublikada vujudga kelgan bunday o‘ta murakkab va fojiali sharoitda o‘zini yo‘qotmasdan, bosiqlik, chidam va bardosh bilan ish tutish, qat’iy siyosiy irodani namoyon etish, mamlakatni chuqur tanazzuldan olib chiqishga qaratilgan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etgan edi.
Biz siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot, davlat va jamiyat qurish strategiyasini barpo etishda xalqimizning tarixan shakllangan milliy va madaniy o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan, mamlakatimizning mavjud tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo va insoniy salohiyatini xolisona va jiddiy baholagan holda, jahon xo‘jalik aloqalari tizimida o‘zimizga munosib joy egallashni maqsad qilib qo‘yib, bunday marralarga erishishni asosiy vazifamiz sifatida belgilab oldik.
Shu borada mamlakatimizni isloh qilish va milliy davlatchilik poydevorini barpo etish bo‘yicha qabul qilingan ana shu strategiyani amalga oshirishdagi birinchi qadamlarimiz nimalardan iborat bo‘lganini yana bir bor eslash o‘rinlidir.
Avvalo, tarixan juda qisqa muddatda Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu qomusiy hujjatda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me’yorlardan ustunligi ham Konstitutsiyada muhrlab qo‘yildi.
Asosiy qonunimizda hech qanday mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi va ijtimoiy-siyosiy hayot siyosiy institutlarning rang-barangligi, mafkura va fikrlarning xilma-xilligiga asoslanishi belgilab berildi. Ayni paytda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi sharoitida xususiy mulkning ustuvorligi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yildi.
Ana shu tamoyillarni inobatga olib, davlat va iqtisodiyotni boshqarishning mustabid, markazlashgan tizimiga barham berish, mustaqil O‘zbekistonning yangi siyosiy va davlat tuzilishi asoslarini, avvalo qonunchilik tizimini shakllantirish, markazda va joylarda vakolatli hokimiyat organlarining yaxlit tizimini tashkil etishga qaratilgan ishlar aniq maqsadni ko‘zlab bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Ikkinchidan, murakkab o‘tish davrida qabul qilingan qonunlarning amalda bajarilishini ta’minlay oladigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan ijro hokimiyatining samarali tizimi va tuzilmalarini yaratish muhim ahamiyatga ega edi. Shu maqsadda tub ma’muriy islohotlar amalga oshirildi: markazlashgan rejalashtirish va taqsimlash tizimining tayanchlari bo‘lgan Davlat plan komiteti, Davlat ta’minot komiteti, Davlat narx komiteti, Davlat agrosanoat komiteti va ko‘plab tarmoq vazirliklari tugatildi, mahalliy hokimiyat organlari qayta tashkil qilindi – viloyat, tuman va shaharlarda hokimlik instituti joriy etildi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi tizimi – mahalla institutini rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Uchinchidan, sudlarni jazolovchi va faqat davlat manfaatlarini himoya qiluvchi organdan qonun ustuvorligini va inson huquqlari himoyasini ta’minlovchi organga aylantirishga qaratilgan yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi qo‘yildi va muvaffaqiyatli hal etildi. Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, umumiy yurisdiksiya sudlari, xo‘jalik sudlari joriy etildi. Jinoyat, jinoyat-protsessual, sud-huquq va boshqa yo‘nalishlarning qonunchilik asosini tashkil etuvchi baza yaratildi.
To‘rtinchidan, qisqa muddatlarda mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, konstitutsiyaviy tuzumni ishonchli himoya qiladigan, jamoat tartibini ta’minlaydigan, xalqaro terrorchilik, ekstremizm va narkoagressiya kabi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashadigan milliy xavfsizlik organlari tizimi shakllantirildi.
Mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni, mamlakatimiz xavfsizligiga bo‘lgan bugungi zamonaviy tahdid va xatarlarni chuqur tahlil etish asosida “O‘zbekiston Respublikasining harbiy doktrinasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizlik Konsepsiyasi to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari qabul qilindi. Shu tariqa yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni saqlashga xizmat qiladigan xavfsizlikni ta’minlashning yaxlit tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratildi.
Shuningdek, fuqarolik va jamoatchilik institutlari, xususan, parlament Ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va boshqa qator tuzilmalarni shakllantirish bilan bog‘liq masalalar ham bizning doimiy diqqat-e’tiborimizda bo‘ldi.
Biz shaxs va oilaning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyati va ongini oshirish vazifasini o‘zimiz uchun maqsad qilib qo‘yish bilan birga, bu masalani tom ma’nodagi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurishning muhim sharti sifatida belgilab oldik.
O‘tgan davr mobaynida milliy iqtisodiyotni shakllantirish va uni tubdan isloh qilish mamlakatimiz mustaqil taraqqiyotining eng muhim omili va asosini tashkil etganini alohida ta’kidlash zarur. Bu borada bizning oldimizda respublika va aholi ehtiyojini, birinchi navbatda yoqilg‘i-energetika resurslari, iste’mol va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni ishonchli tarzda qondirishdek dolzarb hayotiy vazifa turar edi.
Yurtimizda yoqilg‘i-energetika va g‘alla mustaqilligiga erishish muhim strategik vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Bu o‘rinda avvalo shuni aytish lozimki, O‘zbekiston tabiiy gaz, neft va gaz kondensati bo‘yicha aniqlangan ulkan sanoat zaxiralariga ega bo‘lganiga qaramasdan, ilgari iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojini qondirish uchun yiliga 6-7 million tonna neft va neft mahsulotlarini chetdan keltirish va buning uchun katta miqdordagi valuta resurslarini sarflashga majbur bo‘lar edi.
Bu jiddiy muammoni hal etish maqsadida qisqa fursat ichida o‘zimizdagi uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Yangi neft-gaz konlarini aniqlash, neft va tabiiy gazni qazib olish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar topildi, jumladan, xorij sarmoyasi jalb etildi. Buxoroda neftni qayta ishlaydigan yangi zamonaviy zavod barpo etildi, Farg‘ona va Oltiariqdagi neftni qayta ishlash zavodlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi, ularning barqaror va ishonchli faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratildi.
Shuningdek, o‘zining ishlab chiqarish va iqtisodiy salohiyatiga ko‘ra o‘xshashi bo‘lmagan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi kabi noyob inshoot barpo etildi. Ushbu korxonada tayyorlanayotgan suyultirilgan gaz, turli markadagi polietilen va boshqa mahsulotlarga nafaqat mamlakatimiz, balki chet ellarda ham talab katta ekanini qayd etish lozim.
Mustaqillik yillarida ana shunday yirik korxonalarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi natijasida hozirgi vaqtda yurtimizda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1990 yilga nisbatan 3 barobar ortdi. Bugungi kunda O‘zbekiston bu borada mamlakatning va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ta’minlash bilan birga, eksport hajmini ham ko‘paytirishga erishdi.
Asaka va Samarqand shaharlarida avtomobil zavodlarini barpo etganimiz tufayli mustaqillik yillarida avtomobillar soni keskin oshdi va har 100 oilaning avtomobil bilan ta’minlanish darajasi 6 barobar o‘sdi. O‘z-o‘zidan ayonki, respublikamizda benzin va yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga bo‘lgan talab ham shunga mos ravishda oshib bormoqda.
Aynan neft va neft mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish hisobiga biz bugun respublikamizning rivojlanayotgan sanoati va aholining keskin o‘sib borayotgan mana shunday talab va ehtiyojlarini ta’minlashga erishmoqdamiz.
Ma’lumki, mustaqillikning dastlabki kunlarida aholini non va non mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ham o‘ta og‘ir qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lgan edi. Bu muammoning sababi avvalo shundaki, O‘zbekiston sobiq SSSR va sotsialistik lagerga mansub mamlakatlar uchun asosan paxta xomashyosi tayyorlar, g‘alla va un mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojimizning 80 foizdan ortig‘i esa chetdan keltirilgan mahsulotlar hisobidan qoplanar edi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, o‘sha yillarda yetishtirilgan paxta xomashyosining 7 foizginasi mamlakatimizning o‘zida qayta ishlanar, qolgan qismi suvtekin narxda chetga chiqarilar edi.
Aholini oziq-ovqat tovarlari, jumladan, go‘sht va sut, yuz foiz chetdan keltiriladigan shakar mahsulotlari bilan ta’minlash borasida ham murakkab vaziyat vujudga kelgan edi. Ayniqsa, aholini kartoshka bilan ta’minlashning ahvoli bunga yaqqol misol bo‘ladi. O‘sha vaqtda yurtimizga har yili Rossiya, Belorussiya, Polsha va boshqa mamlakatlardan qariyb 1 million tonna kartoshka keltirilar edi.
Eng yomoni, bu mahsulot noyabr-dekabr oylarida keltirilgani uchun muzlab, uning katta qismi yaroqsiz holga kelar va chorvaga yem bo‘lardi. Bugun esa xalqimizning kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq o‘zimizda yetishtirilgan hosil hisobidan qoplanmoqda.
Ana shunday murakkab bir davrda biz g‘alla mustaqilligiga erishishdek hayotiy muhim masalani ham o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ydik. Birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilganimiz, mamlakatimiz iqtisodiyoti va ekologiyasiga katta zarar yetkazgan paxta monopoliyasiga barham berganimiz tufayli bu vazifani ham muvaffaqiyatli hal etishga erishdik. O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining g‘allaga bo‘lgan ehtiyojini qoplabgina qolmasdan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tarkibidagi qo‘shni mamlakatlarga, Afg‘oniston, Eron va boshqa davlatlarga g‘alla va un mahsulotlarini eksport qilmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, g‘alla mustaqilligining qo‘lga kiritilishi mamlakatimiz aholisini nafaqat un va non mahsulotlari bilan ta’minlash, ayni paytda uning go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ravishda o‘z hisobimizdan qondirish masalasini ham hal qilish imkonini berdi.
Bunday ulkan yutuqlar zamirida ana shu murakkab vazifalar yechimini o‘z zimmasiga olgan dehqon va fermerlarimiz, qishloq xo‘jaligida, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan millionlab mehnatkash insonlarning fidokorona mehnati mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Iqtisodiy rivojlanish haqida gapirganda, markazdan rejalashtirish va taqsimlash tizimi samarali mehnat, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, tashabbuskorlik va tadbirkorlik yo‘lida asosiy g‘ov-to‘siq bo‘lib kelganini ta’kidlash lozim. Shu sababli o‘zining mutlaqo yaroqsiz ekanini ko‘rsatgan bu tizimning barcha-barcha illatlaridan butunlay voz kechganimiz ayniqsa prinsipial ahamiyatga ega bo‘ldi.
Dastlabki yillardayoq biz uchun yangilik bo‘lgan bozor iqtisodiyotining asoslari yaratildi, bozor infratuzilmasi institutlarini tashkil etish va raqobat muhitini shakllantirish orqali bozor munosabatlarining mexanizmi ishga tushirildi.
Mamlakatimizda xususiy mulkchilik tiklanib, uning rivoji ustuvor ahamiyat kasb etdi. Xususiy mulk konstitutsiyaviy asosda ishonchli kafolatga ega bo‘ldi.
Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalarining butunlay davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi natijasida mamlakatimizda amalda ko‘p ukladli iqtisodiyot shakllandi, mulkdorlar va tadbirkorlarning yangi sinfi paydo bo‘ldi va bu sinf yildan-yilga yurtimiz hayotida tobora salmoqli rol o‘ynamoqda.
Ayni paytda biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan, bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan moliya va bank tizimini shakllantirish hamda o‘z milliy valutamizni muomalaga kiritish ham ulkan ahamiyat kasb etdi.
Albatta, milliy valutaga o‘tish va uning qat’iy to‘lov qobiliyatini ta’minlash oson kechgani yo‘q, lekin qanchalar qiyin va og‘ir bo‘lmasin, biz 2003 yildayoq uning erkin konvertatsiya qilinishiga erishdik.
Zamonaviy ikki pog‘onali bank tizimini yaratish orqali mustaqil pul-kredit siyosati yuritish, budjet va pul siyosatining mas’uliyat doirasini aniq belgilab qo‘yish, ularning o‘zaro samarali munosabatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Buning natijasida iqtisodiyotimiz manfaatlarini barqaror va ishonchli tarzda qondirib borishga erishildi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy mablag‘lardan foydalanish borasidagi mustaqilligi sezilarli darajada oshdi.
Ijtimoiy nuqtai nazardan boshlang‘ich bosqichda, iqtisodiyotni va butun jamiyatni isloh qilishning eng murakkab o‘tish davrida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish va aholini himoya qilishning o‘xshashi bo‘lmagan, samarali mexanizmi ishlab chiqilib, muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ko‘makka muhtoj oilalarga moddiy yordam berishda asosan o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tuzilmasi bo‘lmish mahalla instituti imkoniyatlaridan foydalanish o‘zini to‘la oqladi.
Bu avvalambor zarur moddiy va ma’naviy yordamni ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida aniq yo‘naltirish – aholining haqiqatan ham nochor qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘tish davrining qiyinchiliklaridan ishonchli himoya qilish imkonini berdi.
Shu tariqa biz yurtimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlabgina qolmasdan, ayni paytda islohotlar va mamlakatni yangilash borasida olib borayotgan siyosatimizning xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishiga ham erishdik.
Bu davrda amalga oshirgan ishlarimiz qatorida mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, uning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda Qurolli Kuchlarimizning shakllantirilishi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etdi.
Sobiq SSSR parchalanganidan keyin yuzaga kelgan sharoitda, qurolli kuchlarda boshqaruv, intizom va tartib amalda yo‘qotilgan, mamlakat xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlar kundan-kunga kuchayib borayotgan bir vaziyatda Mudofaa vazirligini, uning organlari va joylardagi qo‘mondonlik tuzilmalarini shakllantirish o‘z vaqtida qabul qilingan yakkayu yagona to‘g‘ri qaror bo‘ldi.
Kadrlar, eng avvalo, ofitserlar tarkibini saqlab qolish va mustahkamlash, armiya saflarini milliy kadrlar bilan to‘ldirish, ularning tayyorgarlik va qayta tayyorgarlikdan o‘tishini ta’minlash, eng muhimi, mamlakatimizdan jangovar texnika va qurollar olib chiqib ketilishining oldini olish o‘ta muhim ahamiyatga ega edi.
Keyinchalik, mintaqamizdagi tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan ijtimoiy-siyosiy va harbiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, armiyani isloh qilish bo‘yicha yangi prinsiplar negizida Qurolli Kuchlarni barpo etish va tashkil qilishga asoslangan, xavfsizlikka tahdid soladigan real xavf-xatarlarni nazarda tutadigan uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur shakllantirildi. Ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida milliy armiyamiz tashkiliy jihatdan yangicha tarkibiy tuzilishga ega bo‘ldi, qisqa muddatda harbiy okruglar, chegaraviy mintaqalar tashkil etildi, Qurolli Kuchlarni boshqarishning butun tizimi, birlashma va qismlarning tarkibi va joylashuvi qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, o‘ta muhim jangovar topshiriqlarni bajarishga yo‘naltirilgan Maxsus operatsiyalar bo‘yicha kuchlarning bo‘linmalari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Terrorizmga qarshi kurash korpusi tuzildi. Bu bo‘linmalar ehtimol tutilayotgan dushmanning har qanday tajovuzkorona harakatlariga qarshi munosib zarba berishga qodir qudratli kuch ekani Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlariga suqilib kirgan xalqaro terrorchilarning jangari to‘dalarini yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalarda namoyon bo‘ldi.
Ayni paytda muddatli harbiy xizmatning bir yilgacha qisqartirilgani, qo‘shinlarning sifat tarkibini yaxshilash va ularning safini to‘ldirish tartiblarining takomillashtirilgani, zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minlangani, safarbarlik-chaqiruv rezerv xizmatining joriy qilingani, shartnoma-kontrakt asosidagi xizmatga o‘tish jarayoni amalda yakunlangani armiyamizning qiyofasini, uning mazmun-mohiyati va jangovar qobiliyatini tubdan o‘zgartirganini qayd etish zarur.
Serjant va ofitser kadrlarni tayyorlashning axborot va kompyuter texnologiyalariga, zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlariga asoslangan samarali tizimi tashkil etildi.
Harbiy xizmatchilarni va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish, zarur turarjoy va maishiy sharoit bilan ta’minlash borasida ham ko‘p ish qilindi. So‘nggi besh yilning o‘zida harbiy unvonlar bo‘yicha maoshlar, harbiy xizmatdan bo‘shagandan keyin to‘lanadigan nafaqalar miqdori ikki barobardan ziyod oshirildi.
Bugun to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, Vatanimizning xavfsizligi Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli tarzda ta’minlanmoqda, armiyada xizmat qilish O‘zbekiston fuqarosi uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki nufuzli kasblardan biriga, tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylanib bormoqda.
Armiya xizmatini o‘tayotgan yigitlarimiz harbiy mutaxassisliklarni puxta egallash bilan birga jismoniy va ma’naviy jihatdan chiniqib, irodasi toblanib, qat’iy hayotiy pozitsiyasi shakllanmoqda, Vatan himoyasi yo‘lida doimo tayyor turadigan mard va jasur insonlar bo‘lib kamol topmoqda.
Tariximizning ana shu o‘tgan davrini sarhisob qilar ekanmiz, tashqi siyosat va diplomatik xizmatni shakllantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalmasdan o‘tolmaymiz.
Ta’kidlash joizki, mustaqillik davrigacha respublika Tashqi ishlar vazirligi apparatida bor-yo‘g‘i 10-15 nafar xodim bo‘lib, ular nomigagina vakillik vazifasi hisoblangan ishlar, ya’ni protokol majburiyatlari va turli tadbirlar, asosan chet ellik mehmonlarni qabul qilish bilan shug‘ullanardi, xolos.
Istiqlolning birinchi kunlaridan boshlab o‘ta muhim tashqi siyosiy masalalarni hal qilishga, davlatlararo siyosiy va iqtisodiy munosabatlar sohasida eng maqbul yo‘llarni topishga to‘g‘ri keldi.
G‘oyat qisqa fursatda bu sohada Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi, keyinchalik esa, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va boshqa qator davlat boshqaruv organlari tuzildi, diplomatik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi yaratildi.
Mustaqilikka qadar yurtimizda birorta ham xorijiy davlat elchixonasi yo‘q edi. Hozirgi vaqtda chet ellarda mamlakatimizning 48 ta diplomatik vakolatxonasi bor. O‘zbekistonda esa 86 ta elchixona va savdo vakolatxonasi akkreditatsiya qilingan.
Mamlakatimizning qulay geosiyosiy o‘rni, uning birinchi navbatda o‘z milliy manfaatlarini inobatga olgan holda olib borayotgan, har tomonlama chuqur o‘ylangan, mustaqil va izchil tashqi siyosati davlatimizning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi, xalqaro maydonda obro‘-e’tiborining ortib borishini ta’minladi.
Keyingi davrlarda o‘ziga obro‘ topmoqchi bo‘lgan “ko‘p vektorlik siyosat” olib borish degan turli qarash va yondashuvlar haqida chiqishlar bo‘lmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz olib borayotgan tashqi siyosatning tag-tomirida hech kimga sir bo‘lmagan bir maqsad turibdi – O‘zbekiston manfaati va yana bir bor O‘zbekiston manfaati. Bizning bu sohadagi barcha qadam va harakatlarimiz faqat ana shu ezgu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan, desam, ayni haqiqat bo‘ladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Konferensiyasi tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va qator ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar ishida faol ishtirok etib, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq, shuningdek, xalqaro hamjamiyat oldida turgan boshqa dolzarb muammolarni hal etish ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘z-o‘zidan ayonki, yangi davlat barpo etishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va zamonaviy demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi muhim prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yurtimizda o‘z Vatanining taqdiri, uning buguni va kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan kadrlarga ehtiyojni qondirish vazifasi biz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardanoq o‘ta muhim va hal qiluvchi masalaga aylangan edi.
Ana shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, 1997 yili 2009 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. O‘zining mazmun va mohiyatiga ko‘ra noyob bo‘lgan ushbu dastur 12 yillik ta’limga o‘tishni, uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini yaratishni ko‘zda tutadi. Dastur umumta’lim maktablaridagi to‘qqiz yillik o‘rta ta’limni, akademik litsey va kollejlardagi uch yillik maxsus kasbga tayyorlash tizimini o‘z ichiga oladi.
Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari huzurida tashkil etilgan akademik litseylar yoshlarga o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot olish uchun yanada chuqur bilim egallash, kollejlar esa maxsus fanlarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan har bir bitiruvchi yigit-qizga o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarish va jamiyatda munosib o‘rin topish uchun 2-3 mutaxassislik bo‘yicha o‘rta malakali kasb egallash imkonini beradi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida 2009 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi ham amalga oshirilmoqda.
Ta’lim sohasidagi milliy dasturlarni hayotga tatbiq etish boshlanganidan buyon 1 ming 140 taga yaqin akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 4 ming 680 tadan ziyod umumta’lim maktabi yangitdan qurildi va kapital ta’mirlandi, zamonaviy mebel, o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlandi, ularda kompyuter sinflari va lingafon xonalari tashkil etildi.
Yangi milliy ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, yangi darsliklar va maxsus o‘quv qo‘llanmalari yaratish orqali ta’lim jarayonining mazmuni tubdan takomillashtirildi. Shunisi ayniqsa muhimki, ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida akademik litsey va kollejlar uchun zamon talablariga javob beradigan yangi toifadagi o‘qituvchilarni tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Oliy ta’lim sohasida ham tub islohotlar amalga oshirildi, bakalavr va magistrlar tayyorlashning Yevropa tizimiga o‘tildi. Bugungi kunda mamlakatimizning 65 ta oliy o‘quv yurtida 850 yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha 300 mingga yaqin talaba bilim olmoqda.
O‘tgan yillar mobaynida zamonaviy, har tomonlama jihozlangan o‘quv yurtlarini barpo etish uchun 5 milliard dollardan ortiq budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar yo‘naltirildi.
Hozirgi kunda yurtimizda ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan xarajatlar hajmi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida 12 foizdan ortadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi.
O‘zbekiston o‘zining milliy Fanlar akademiyasiga ega bo‘lib, uning tarkibida ulkan ilmiy-texnik salohiyatga ega bo‘lgan 43 ta akademik institut muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Tabiiy va aniq fanlarning yadro fizikasi, issiqlik fizikasi, astrofizika, geliomaterialshunoslik, biologiya, mikrobiologiya, kimyo va tabiiy birikmalar kimyosi, seysmologiya yo‘nalishlarida va boshqa ko‘plab sohalarda istiqbolli tadqiqotlar olib borilmoqda.
Hech shubhasiz, bugun ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohasiga sarflanayotgan mablag‘lar mamlakatimiz kelajagining egasi bo‘lgan yosh avlodni, yuksak intellektual salohiyatli jamiyatni shakllantirish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsad-muddaolarga erishishda, barqarorlikni ta’minlash va mamlakatni yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni joriy etishda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab ulkan ishlarni amalga oshirib kelayotganimiz barchangizga yaxshi ma’lum.
Bu borada ayniqsa yurtimizda millatlar va dinlararo tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, ma’naviy va axloqiy tarbiyani kuchaytirish, tarixiy ildizlarimizga, milliy o‘zligimizga qaytish, aholining siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga doir aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarimiz muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlash joiz.
Bugungi kunda xalqimizga azaldan xos bo‘lgan hamjihatlik va bag‘rikenglik, mehr-oqibat, mehmondo‘stlik va saxovat kabi insoniy fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda va bunday ma’naviy muhit odamlarning ruhi va kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Biz bugun yurtimizda yangi hayot barpo etar ekanmiz, bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim. Ya’ni, kommunistik mafkura va axloq normalaridan voz kechilganidan so‘ng jamiyatda paydo bo‘lgan g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan “ommaviy madaniyat” yopirilib kirib kelishi mumkinligi barchamizga ayon bo‘lishi kerak.
Bunday uzoqni ko‘zlaydigan, aniq maqsadlarga ega bo‘lgan turli xuruj va g‘arazli intilishlar, xorijiy markazlar tomonidan katta kuch va mablag‘ sarflanayotgan harakatlar va bu kabi xavf-xatarlar bizga qanday zararli oqibatlar olib kelishidan ogoh bo‘lishimiz darkor.
Mamlakatimizni 1991-2000 yillar davomida isloh qilish va yangilash borasida qo‘lga kiritilgan natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, bugun ushbu bosqich milliy davlatchilikni shakllantirish va respublikamizni barqaror rivojlantirishda mustahkam zamin bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Tarixan qisqa vaqt ichida sovet davridagi eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga barham berildi, milliy davlatchilikni shakllantirishning puxta huquqiy asoslari yaratildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tarmoqlari tashkil etildi, ijtimoiy va fuqarolik institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, iqtisodiyotni erkin bozor munosabatlariga o‘tkazish jarayoni amalga oshirildi.
Eng muhimi, aholining ongu tafakkurida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi, ularning uzoq yillar mobaynida kommunistik va sovet mafkurasi tamoyillari asosida shakllantirilgan fikrlash tarzi va dunyoqarashi, bir so‘z bilan aytganda, odamlarning o‘zi o‘zgardi.
Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini jamiyatda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash bilan, mamlakatimizning kelajagini jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillari hayotga kirib kelmoqda.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlarni ortga qaytarib bo‘lmasligi, islohotlar muqarrarligining ishonchli kafolatidir.
Muxtasar aytganda, Vatanimiz va xalqimiz tarixida muhim o‘rin tutgan ushbu davrda tom ma’noda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi, xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyektiga aylangan, jahon hamjamiyatida o‘zining munosib va mustahkam o‘rniga ega bo‘lgan – O‘zbekiston deb atalgan yangi demokratik davlat barpo etildi. Bugun ana shu mustahkam poydevor asosida mamlakatimizni jadal isloh etish va modernizatsiya qilishning yangi davri – milliy taraqqiyotimizning keyingi mantiqiy bosqichi izchil davom etmoqda.
Ushbu bosqichning muhim dasturiy vazifalari – siyosiy va iqtisodiy hayot, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, mustaqil sud tizimini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish, fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishdan iboratdir.
O‘tish davri va milliy davlatchilikni barpo etish sharoitida obyektiv zarurat bo‘lgan kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga izchil va bosqichma-bosqich o‘tishga erishish ushbu davrda davlat tizimini isloh etishning asosiy va hal qiluvchi vazifasi bo‘lishi darkor. Bu davrda davlat va jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar natijasida mamlakatimizning qonun chiqaruvchi oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatali parlamentga aylantirildi.
Bu boradagi asosiy vazifa quyi palata – Qonunchilik palatasini muntazam faoliyat ko‘rsatadigan professional organga aylantirish, yuqori palata – Senatni hududlar manfaatlarini ifoda qiladigan vakillik organi sifatida shakllantirishdan iborat edi. Shu tariqa qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining sifatli va asosli bo‘lishiga erishish bilan bir qatorda, o‘zaro mutanosiblik va muvozanatni saqlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmoqda, umumdavlat va hududlar manfaatlarining o‘zaro muvozanati ta’minlanmoqda, aholining mamlakatimiz ijtimoiy va siyosiy hayotidagi ishtiroki ko‘lamini yanada kengaytirish imkoni tug‘ilmoqda.
Ikki palatali parlamentimizning huquq va vakolatlarini kengaytirish, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat o‘rtasidagi vakolatlarning yanada muvofiqlashuvini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni hal etishda Prezident vakolatlarining bir qismini yuqori palata – Senatga o‘tkazish, shuningdek, Bosh vazir huquq va vakolatlarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi mamlakat Prezidenti bir paytning o‘zida ijro etuvchi hokimiyat rahbari ham ekanini belgilaydigan normalarning o‘zgartirilishi muhim siyosiy-huquqiy qadam bo‘ldi. Bugungi kunda Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat rahbari bo‘lib, davlat hokimiyati organlarining o‘zaro uyg‘un va hamjihat faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
“Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi, hech shubhasiz, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish borasida asosiy va hal etuvchi rol o‘ynadi.
Hozirgi sharoitda siyosiy partiyalar fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, aholining ayniqsa saylov jarayonlarida xohish-irodasi va fikrini ifodalash, markazda va joylarda davlat hokimiyati organlarini shakllantirishning muhim ta’sir o‘tkazuvchi vositasiga aylanishi alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur vazifani hal etish maqsadida parlamentdagi ko‘pchilik va parlamentdagi muxolifat maqomini qonuniy tarzda belgilash, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlarini Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari etib saylash bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rildi.
Qabul qilingan ushbu huquqiy mexanizmlar siyosiy partiyalarning mamlakat parlamenti faoliyatini tashkil etishda, shuningdek, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini nazorat qilishdagi roli va ahamiyatini tubdan kuchaytirdi.
Xususan, Bosh vazir lavozimiga nomzod bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashish tartibi, uning parlament tomonidan tasdiqlanishining qat’iy belgilangan tartib va mexanizmining joriy etilgani davlat qurilishi sohasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalariga Bosh vazirni iste’foga chiqarish, mahalliy kengashlardagi partiya guruhlariga esa viloyat hokimlarini iste’foga chiqarish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqish huquqining berilishi ham mutlaqo muhim ahamiyat kasb etadi. Bularning barchasi siyosiy partiyalarning mamlakat hayotidagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganidan dalolat beradi.
Davlat hokimiyati markaziy organlarining bir qator vakolat va vazifalarini, avvalambor iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal etish, budjet tashkilotlarini, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirish, odamlarni ish bilan ta’minlash va aholi manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatlarini mahalliy hokimiyat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahallalarga bosqichma-bosqich o‘tkazish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha yangi konsepsiya hayotga tatbiq qilindi. Sudlar ixtisoslashtirildi, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha alohida sudlar tashkil etildi, sudlar sud qarorlarini ijro etish kabi o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilindi.
Jinoiy jazo tizimini erkinlashtirishga doir chora-tadbirlar ham ulkan sotsial va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Buning natijasida og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarning 75 foizga yaqini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi. Jinoyat kodeksidagi jinoyat sodir etgan shaxs yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagan taqdirda, sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish tariqasida jazo tayinlashga yo‘l qo‘ymaydigan normalar ancha kengaytirildi.
Mazkur o‘zgarishlar qabul qilinganidan so‘ng sudlarning ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni tayinlashi 2006 yilda 2000 yilga nisbatan qariyb 20 foizga kamaydi. Shuningdek, yarashuv instituti joriy etilgani ham bu borada muhim rol o‘ynamoqda.
2007 yilda O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 1 yanvardan mamlakatda o‘lim jazosini bekor qilish, shuningdek, fuqarolarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuraturadan sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qonunlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy kutib olindi va butun dunyoda katta aks-sado berdi.
O‘lim jazosi bundan buyon umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtiriladi va u faqat ikki turdagi jinoyat, ya’ni, javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm uchun tayinlanadi. Bunda jazoning mazkur turi xotin-qizlarga, 18 yoshga yetmagan va yoshi 60 dan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanmaydi.

O‘zbekistonda yuqorida qayd etilgan jinoiy jazo choralarining joriy etilishi bilan dunyoda jinoiy jazolashning eng insonparvar, huquqiy tizimlaridan biri tashkil etildi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’kidlash joizki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Germaniya va Polsha kabi davlatlarda 5 turdagi, Belgiya va Rossiya Federatsiyasida 6, Fransiyada 18, Gollandiyada esa 19 turdagi jinoyat uchun tayinlanadi.


Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish, uni amalga oshirishning aniq protsessual-huquqiy mexanizmini yaratish jinoyat protsessining sudgacha bo‘lgan bosqichida jinoiy ta’qib qilinadigan fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim kafolatiga aylanadi. Bu tergovchi va prokurorlarning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni tanlashda javobgarligini kuchaytirish, sud hokimiyatining nufuzini oshirish va mustaqilligini mustahkamlash, insonning ozodlikka bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ochiq va kuchli fuqarolik jamiyatini bugungi kunda aholining turli ijtimoiy guruhlari va keng qatlamlari manfaatlarini ifoda etadigan mustaqil va barqaror nodavlat notijorat tashkilotlar, erkin ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlangan tizimisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun mamlakatimizda 5 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilot, 870 dan ziyod gazeta va jurnal, 100 ga yaqin davlat va nodavlat teleradiostudiyasi faoliyat ko‘rsatayotgani diqqatga sazovor.
O‘tgan davr mobaynida fuqarolik jamiyati institutlarini erkin rivojlantirish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va qondirish, muhim ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarni bajarish borasida ularning faoliyat samaradorligni oshirishni ta’minlaydigan zarur me’yoriy-huquqiy baza, iqtisodiy va huquqiy kafolatlar yaratilgani ham bu sohadagi katta ishlarimizdan bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Aziz do‘stlar!

Mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz haqida gapirganda, biz ularga avvalo iqtisodiyotning rivojlanishi, uning o‘sish sur’atlari, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zaro mutanosibligi, inflatsiya darajasining pasayishi, milliy valutamizning barqarorligi va uning xarid qobiliyati, eksport va oltin-valuta zaxiramizning ortib borayotgani, bir so‘z bilan aytganda, butun iqtisodiyotimizning izchil tarzda rivojlanayotganidan kelib chiqqan holda baho beramiz.


Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, tub islohotlar va o‘zgarishlarning qonuniy natijasi sifatida so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sish sur’ati barqaror xususiyat kasb etdi. Birgina keyingi to‘rt yilning o‘zida yillik o‘sish sur’ati 7 foizdan oshgani ham buning yaqqol isbotidir.
Respublikamizda yalpi ichki mahsulot 1990 yilga nisbatan 1,3 barobar oshdi. Holbuki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining aksariyatida bu ko‘rsatkich hanuzgacha islohotlar boshlangan davrdagi darajaga ham yetgani yo‘q.
Shunisi muhimki, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlari jahon bozorida neft va gaz narxi oshib borayotgan bir sharoitda qator mamlakatlarda kuzatilayotgan holatdan tubdan farq qiladi. Ya’ni, bizning iqtisodiy rivojlanishimiz ekstensiv o‘sish va faqat uglevodorod xomashyosini zo‘r berib to‘xtovsiz qazib olish evaziga bo‘layotgani yo‘q. Aksincha, biz aniq maqsadga qaratilgan bozor islohotlarini, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, tarmoq va korxonalarni yangilash, texnik qayta jihozlash, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan iqtisodiy taraqqiyotga erishmoqdamiz.
Shu o‘rinda mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal o‘sib borayotgani iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga asoslanganini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. O‘tgan yillar davomida iqtisodiyotni isloh qilishning har bir bosqichida ustuvor vazifalarni aniq belgilashga alohida e’tibor qaratilib, ularni hal etish uchun zarur moliyaviy, moddiy va insoniy resurslar jalb etilmoqda.

Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati erkinligini va iqtisodiy mustaqilligini oshirish, keng tarmoqli bozor infratuzilmasini shakllantirish, davlatning nazorat va boshqaruv vakolatini keskin kamaytirish, uning korxonalar xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini cheklash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish – bularning barchasi islohotlarni chuqurlashtirishning hal qiluvchi yo‘nalishi hisoblanadi.


Ayniqsa, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Buning negizini mahalliy xomashyoni qayta ishlash va jahon bozoridagi keskin raqobatga bardosh bera oladigan mahsulotlar tayyorlashga asoslangan sanoat tarmoqlarining yetakchi o‘ringa chiqishi va xizmat ko‘rsatish sohalarining tez sur’atlar bilan rivojlanishi tashkil qiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, mustaqillik yillarida yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 11 foizdan 25 foizga, xizmat ko‘rsatish sohalarining ulushi esa 18 foizdan 42 foizga yoki 2 barobardan ziyod oshdi.
Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni jadal modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashni ta’minlash, yuksak texnologiyalar asosida ishlaydigan avtomobilsozlik va gaz-kimyo, elektr texnikasi va to‘qimachilik, oziq-ovqat va farmatsevtika, axborot va telekommunikatsiyalar tarmog‘i hamda boshqa yo‘nalishlardagi yangi va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini yuritishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar uchun qulay, har tomonlama imtiyozli investitsiya muhiti yaratildi. Natijada mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilindi. Buning 25 milliard dollardan ziyodini xorijiy sarmoyadorlarning mablag‘lari tashkil etadi.
Soliq yukini kamaytirish borasida ham izchil siyosat olib borilmoqda. Faqatgina 2000-2007 yillar davomida daromad solig‘i 38 foizdan 10 foizga, yagona ijtimoiy to‘lov 40 foizdan 24 foizga, kichik biznes subyektlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun yagona soliq miqdori esa 10 foizga kamaytirildi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar daromadining soliq stavkasi sezilarli darajada qisqartirildi. Shu tariqa keyingi 7 yilning o‘zida umumiy soliq yuki 40 foizdan 27 foizga kamaytirildi.
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ham tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xo‘jalik yuritishning sovet davridan qolgan, o‘zini oqlamagan shakllaridan voz kechib, ularning o‘rniga butun dunyoda keng joriy etilgan xususiy fermer xo‘jaliklari tashkil etildi.
Bugungi kunda fermer xo‘jaliklari tom ma’noda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy shakliga, uni barqaror va samarali rivojlantiradigan harakatlantiruvchi kuchga, ta’bir joiz bo‘lsa, bu yo‘nalishning lokomotiviga aylandi. Bu sohada bozor infratuzilmasi amalda qayta tuzildi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish va rag‘batlantirish sifat jihatidan yangi tamoyillar asosiga qurildi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 76 foizi, jumladan, sanoat mahsulotining qariyb 80 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va chakana savdo aylanmasi esa to‘lig‘icha iqtisodiyotning nodavlat sektorida yaratilmoqda. Yurtimizdagi korxonalarning 90 foizi xususiy va korporativ mulk shakliga o‘tgan, ularda jami ish bilan band aholining 77 foizi mehnat qilmoqda.
Kichik va xususiy biznesning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 45 foizdan ortib borayotgani va u mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yetakchi kuchga aylanib, bozorlarimizni zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi daromadi va farovonligini oshirishning asosiy manbai, odamlarni ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal etishning muhim omiliga aylangani e’tiborga sazovordir.
Ayni paytda yurtimizda transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirish masalasiga ham respublikamizni jadal taraqqiy toptirishning asosiy sharti va mezoni sifatida katta ahamiyat berilmoqda.
So‘nggi yillarda barpo etilgan, umumiy uzunligi 633 kilometrni tashkil qiladigan Navoiy-Nukus, 223 kilometrlik Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l magistrallari, Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan tezkor avtomobil yo‘lining bu boradagi o‘rni va ahamiyati qanchalik beqiyos ekanini hammamiz yaxshi anglaymiz. Bu yo‘llar mamlakatimizning barcha hududlarini yagona transport tarmog‘iga ishonchli tarzda birlashtirib, mintaqalarimizda mavjud bo‘lgan boy mineral-xomashyo va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
O‘tgan davrda qo‘lga kiritgan salmoqli yutuq va natijalarimiz xalqimizning daromadlari va farovonligini izchil ravishda oshirib borishni ta’minlash, keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berdi.
Barchamizga ma’lumki, aholi ish haqi va daromadlarining o‘sish sur’ati eng muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bu haqda gapirganda, aholi real daromadlarining 2006 yilda 2000 yilga nisbatan 2,5, 1992 yilga nisbatan esa o‘rtacha 12 barobar oshganini ta’kidlash lozim. Joriy yil oxiriga borib respublikamizda o‘rtacha ish haqi miqdorining 200 dollar darajasiga yetishi kutilmoqda.
Biz har uch yilda ish haqini 2-2,5 barobar oshirishni o‘z oldimizga muhim strategik vazifa qilib qo‘yganmiz. Shu tariqa, aholining xarid qobiliyatini hisobga olgan holda, biz yaqin yillar ichida xalq farovonligi va daromadlarini ta’minlash bo‘yicha yuksak marralarga erishayotgan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bugungi kunda yurtimizda zamonaviy mehnat bozori shakllandi – mustaqillik yillarida 5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ularning 70 foizdan ziyodi sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Ayniqsa, shahar va qishloqlarda birinchi navbatda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradigan, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida tashkil etiladigan kasanachilik jadal rivojlana boshlaganini ta’kidlash lozim.
Biz uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan aholini ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga katta e’tibor qaratib, bu borada aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni izchil amalga oshirayotganimiz mavjud ahvolni tubdan o‘zgartirish uchun imkon yaratdi. 2006 yilda ishsizlik darajasi 5,3 foizgacha kamaygani ham shundan dalolat beradi.

Mamlakatimiz aholisi, avvalo qishloq joylardagi odamlarning turmush sharoiti izchil tarzda yaxshilanmoqda. Istiqlol yillarida 36 ming kilometrlik suv quvurlari, 72 ming kilometrlik gaz tarmoqlari ishga tushirildi. Bu 1991 yilga qadar erishilgan natijalarga nisbatan tegishli ravishda 2 va 4 barobar ko‘p demakdir.


Natijada aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bugungi kunda 84 foizni, jumladan, qishloq joylarda 77 foizni, tabiiy gaz bilan ta’minlash 82 foizni, qishloq joylarda esa 78 foizni tashkil etmoqda.


Xalqimiz turmush sharoitini yaxshilashga doir chora-tadbirlar tizimida sog‘liqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish alohida o‘rin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.


O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi amalda to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda bu boradagi islohotlarning asosiy bosqichlaridan biri nihoyasiga yetmoqda. Aholiga bepul shoshilinch va yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yuksak talablarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan shifoxona va bo‘limlar tarmog‘ining tashkil etilishi bu bosqichning eng muhim va konkret natijasi bo‘lganini qayd etish zarur. Maxsus tashkil etilgan respublika markazi bu tizimga rahbarlikni va uning faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlamoqda.


Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida, ayniqsa, qishloq joylarda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Samarasiz ishlayotgan feldsherlik-akusherlik punktlari va qishloq ambulatoriyalari o‘rnida zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan 3 mingdan ziyod qishloq vrachlik punkti tashkil etilgani bu sohadagi katta qadam bo‘ldi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.


Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tizimining har tomonlama qayta ko‘rib chiqilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni sifat jihatidan sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Natijada keyingi 2-3 yilda soha xodimlarining ish haqi 2 barobardan ziyod ko‘paydi.


Yurtimizda yangi tashkil etilgan sog‘liqni saqlash tizimida eng yuksak zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va texnikasi bilan ta’minlangan ixtisoslashgan klinikalar muhim o‘rin egallamoqda. Ularda yuqori malakali mutaxassislar jahon miqyosidagi murakkab va noyob operatsiyalarni amalga oshirib, odamlar hayotini saqlab, ularning umriga umr qo‘shayotgani bu boradagi islohotlarimizning yana bir amaliy ifodasidir.


Sog‘liqni saqlash tizimida bo‘lajak onalar salomatligini muntazam nazorat qilib boradigan, sog‘lom bolalar tug‘ilishiga xizmat qiladigan keng tarmoqli skrining markazlarining o‘rni va ahamiyati qanchalik katta ekani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q.


Agar 1991 yilda onalar o‘limi bilan bog‘liq ko‘rsatkich har 100 ming nafar ayolga nisbatan 65 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 24 taga tushdi, go‘daklar o‘limi esa ilgari 1000 nafar chaqaloqqa 35 tadan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda 14 taga tushdi.


Shunisi e’tiborliki, bugun O‘zbekistonda chechak va ich terlama, kuydirgi, o‘lat va vabo kabi yuqumli kasalliklarga butunlay barham berildi.


O‘tgan davr mobaynida yurtimizda aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ham sezilarli ravishda ortganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Bu boradagi umumiy ko‘rsatkich 1990 yilda 67 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2006 yilda 72,5 yoshni tashkil etdi. Jumladan, erkaklar o‘rtasidagi o‘rtacha umr ko‘rish 66 yoshdan 70 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 70 yoshdan 74,6 yoshga uzayganini odamlar salomatligini muhofaza qilish va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning aniq va yaqqol natijasi sifatida baholash o‘rinli bo‘ladi.


O‘z-o‘zidan ayonki, O‘zbekiston jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, o‘z xalqining tinchligi va farovonligini ta’minlashga intilayotgan boshqa davlatlar qatori hozirgi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan murakkab davr o‘rtaga qo‘yayotgan talab va savollarga to‘liq javob beradigan, aniq va ravshan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiya va harakat dasturiga ega bo‘lishi zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.


Bu strategiya avvalambor tajribada o‘zini oqlagan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, tinchliksevar tashqi siyosat yuritish va jahon xo‘jalik tizimiga integratsiyalashishga qaratilgan yo‘limizni bundan buyon ham izchil davom ettirishni ta’minlashi darkor.


Faqat ana shunday siyosatgina o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli maqsad-muddaolarimiz – O‘zbekistonimizning dunyodagi rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olishiga erishish borasida zarur shart-sharoit va mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi mumkin.


“Hamma narsa inson uchun, uning kelajagi uchun” degan ezgu tamoyilni to‘liq amalga oshirish biz uchun doim eng muhim ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.


Bizning iqtisodiyot, siyosat, davlat-huquq va sud sohasida amalga oshirayotgan barcha o‘zgarish va islohotlarimiz pirovard natijada yagona maqsadga – xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning daromadi va farovonligini izchil oshirib borish, har bir insonga o‘zining intellektual, kasb va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur imkoniyatlar yaratib berishga qaratilishi darkor.





Yüklə 113 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin