O‘zgarmas tok mashinasining qo‘zg‘atish cho‘lg‘ami yordamida asosiy magnit oqim hosil qilinadi. O‘zgarmas tok mashinasining yakori qyidagi elementlardan: valdan, magnit o‘zakdan, kollektordan, cho‘lg‘amdan va boshqa yordamchi elementlardan iborat. O‘zgarmas tok mashinasining vali konstruktiv po‘latdan tayyorlanadi. Yakorning magnit o‘zagi qalinligi 0,350,5mm bo‘lgan elektrotexnik po‘lat tunukalaridan yig‘ladi, tunukalar bir-biridan maxsus izolyasiyalovchi laklar bilan qoplanadi, lakning qalinligi yakorning kuchlanishiga bog‘liq. Yakorning magnit o‘zagini yaxshiroq sovutish maqsadida yakorning o‘q bo‘yicha magnit o‘zak alohida paketlarga bo‘linadi Magnit o‘zakning o‘rta qismini sovutish qiyin bo‘lganligi uchun o‘zakning o‘rtasida joylashgan paketlarni o‘lchami kichik bo‘ladi. Yakorning paketlarga bo’lingan magnit o‘zagini sovutish uchun radial va aksial sovutish kanallaridan foydalaniladi. Bu kanallarning kengligi 10 mm gacha bo‘ladi. Yakorning cho‘lg‘amlari misdan tayyorlanadi. Cho‘g‘amlarni tayyorlash uchun cho‘lg‘amning yoyilgan sxemasi chiziladi, g‘altaklarning boshi va oxiri kollektor tunukalariga ulanadi. Kollektor o‘zgarmas tok mashinalarida mexanik to‘g‘rilagich vazifasini bajaradi.
O‘zgarmas tok mashinalarida kollektor misdan tayyorlangan alohida kollektor tunukalaridan yig‘iladi, so‘ngra valga o‘rnatiladi. Kollektor tunukalari orqali o‘zgarmas tok generatorlaridan elektr quvvat iste’molchilarga elektr cho‘tkalar orqali uzatiladi, dvigatel rejimida esa cho‘tkalar orqali yakor cho‘lg‘amiga elektr quvvati keltiriladi. Yakorning valiga o‘zgarmas tok mashinalarining sovutish sistemasini yaxshilash maqsadida havo purkagichi (ventilyator) o‘rnatiladi. Katta quvvatli o‘zgarmas tok mashinalarida podshipniklar alohida shitlarga o‘rnatiladi. Katta quvvatli o‘zgarmas tok mashinalarida magnit o‘zak segmentlar ko‘rinishidagi elektrotexnik tunukalaridan yig‘ilishi mumkin. O‘zgarmas tok mashinalarning yarmosi uning korpusi ham bo‘lib hisoblanadi. Mashinaning yarmosi asosan konstruktiv po‘latdan tayyorlanadi, ba’zi hollarda yarmoni tayyorlash uchun cho‘yan ham ishlatiladi.
O‘zgarmas tok mashinalarida, shuningdek, cho‘tkalar o‘rnatiladigan cho‘tka ushlagichlardan foydalaniladi. Cho‘tkalarni kollektor yuzasiga tegib turishini ta’minlash uchun po‘lat prujinalar qo‘llanadi. Kollektorning yuzasi cho‘tkaning sirpanishi va cho‘tka bilan kollektor orasidagi ba’zi hollarda hosil bo‘ladigan uchqunlar ta’sirida tez yemiriladi, yemirilgan kollektorni maxsus tekkislash stanoklarida tekislanadi.