8-modda. O‘zbekiston Respublikasi metrologiya xizmati Metrologiyaga oid faoliyat sohasining davlat tomonidan boshqarilishini metrologiya
bo‘yicha milliy organ — O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi
(bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi metrologiya xizmati davlat metrologiya xizmatidan, davlat va
xo‘jalik boshqaruvi organlari metrologiya xizmatlaridan, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi
organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlaridan iboratdir.
Davlat metrologiya xizmati maxsus vakolatli davlat organi va uning Qoraqalpog‘iston
Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalaridan, shuningdek O‘zbekiston milliy
metrologiya institutidan iborat.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari metrologiya xizmatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi
organlari huzuridagi maxsus tashkil etilgan hamda akkreditatsiya qilingan bo‘linmalardan iboratdir.
Yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari
hisoblanmaydigan maxsus tashkil etilgan hamda akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslardan va (yoki)
ular huzuridagi bo‘linmalardan (bundan buyon matnda yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari
deb yuritiladi) iborat.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari metrologiya xizmatlari va yuridik shaxslarning
metrologiya xizmatlari zarurat bo‘lgan hollarda o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash
bo‘yicha ishlarni bajarish hamda metrologiya tekshiruvini amalga oshirish uchun tashkil etiladi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari metrologiya xizmatlarining hamda yuridik shaxslar
metrologiya xizmatlarining huquq va majburiyatlari davlat metrologiya xizmati organlari bilan
kelishib olingan nizomlarda o‘rnatiladi.