NOTA BENE !
Huquqqa xiloflik deganda, qilmishni Jinoyat kodeksi Maxsus qismi
moddalari orqali taqiqlash tushuniladi, ya’ni shaxs jinoyat qonuni
taqiqlagan harakatni sodir qiladi yoki qonunda bajarilishi shart deb
ko‘rsatilgan harakatni bajarmaydi (harakatsizlik).
Huquqqa xiloflik belgisini faqat jinoyat qonuni Maxsus qismi
normalari dispozitsiyalari bilan chegaralab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi.
Maxsus qism normalarini Umumiy qism normalari bilan birga qo‘llash
kerak, chunki Maxsus qismda ko‘rsatilgan qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya
qilish va jinoiy javobgarlikni qo‘llash masalalari ularning birgalikdagi
kuchda bo‘lishi bilan aniqlanadi. Faqat shundagina bosh va asosiy masala
– o‘z ichiga ijtimoiy xavflilik darajasi va tabiatini olgan hamda jinoyat-
huquqiy taqiq o‘rnatuvchi jinoyat huquqi normalarida ifodalanuvchi
jinoyatning moddiy mohiyatini to‘g‘ri aniqlash mumkin.
Jinoiy huquqqa xiloflik va jinoyat-huquqiy taqiq tushunchalari aynan
bir xil bo‘lib, Maxsus qismning aksariyat normalari tuzilishi jihatdan
taqiqlovchi normalardir. Ma’lum holatlarda qilmishlarga yoki usul, yo‘sin
va hokazolarga taqiq qo‘yilgan (masalan, JK 148–149-moddalari). JK
Maxsus qismidagi normalar majburiyat yuklovchi xususiyatga ega. Ba’zi
bir hollarda Maxsus qism normalari muayyan bir qilmish sodir etishni
majbur qilib qo‘yadi.
Shu bilan birga, taqiqlar boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘zda
tutilgan bo‘lishi ham mumkin. Maxsus qismda o‘sha normativ-huquqiy
hujjatlar talabi buzilganligi uchun jazo chorasi – sanksiya belgilanadi.
Buni JK blanket normalari deyiladi.
Huquqqa xiloflik jinoiy qilmish orqali huquq normalarining
buzilishini ifodalaydi. Huquqqa xiloflik, umumiy ma’noda, huquq
normalariga qarshi borishdir.
Huquqqa xiloflik mavhum tushuncha, zero, uning tarkibi huquqning
turli sohalaridagi, jumladan, jinoiy, ma’muriy va boshqa huquq
sohalaridagi normalarning aniq xususiyatlariga bog‘liq emas.
120
Jinoyat huquqida huquqqa xiloflik tushunchasi jinoyatni boshqa
huquqbuzarliklardan farqlash uchun jinoyat huquqining boshqa huquq
sohalari bilan bog‘liqlikda bo‘lishini ifodalaydi. Shundan, huquqqa xiloflik
jinoyatning jazoga sazovorligi bilan, jinoyatning o‘zi esa, jinoyatni sodir
qilgan shaxs aybi bilan uzviy bog‘liq. Bu belgilar jinoiy huquqqa xiloflik
va jinoyat tushunchalarini umumiy tarzda ifodalaydi.
Huquqqa xiloflik obyektiv va nisbatan mustaqil tabiatga ega.
Qilmishning darajasi va zararini tavsiflovchi moddiy belgi hisoblangan
ijtimoiy xavflilikdan farqli ravishda huquqqa xiloflikni jinoiy
javobgarlikning formalligini ifodalovchi jinoyat qonunining buzilishi
sifatida baholash kerak.
Ijtimoiy xavflilik va huquqqa xiloflik belgilari birgalikda qilmishning
jinoiyligini va u uchun javobgarlik asosini belgilovchi omil hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, ijtimoiy xavfli bo‘laturib jinoyat qonunini
buzmagan yoki jinoyat qonuni normalarini buzgani holda ijtimoiy xavflilik
alomatlari mavjud bo‘lmagan qilmishga nisbatan jinoiy javobgarlikni
qo‘llab bo‘lmaydi.
Jinoyat tushunchasini izohlashda ijtimoiy xavflilik va huquqqa xiloflik
jinoyatning asosiy va bir-biriga aloqador belgilari ekanligini ko‘rish
mumkin. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik belgisining mavjud emasligi, o‘z
navbatida, huquqqa xiloflikning mavjud emasligini bildiradi, ya’ni faqat
jinoyat qonuni bilan ijtimoiy xavfli deb topilgan qilmishlargina huquqqa
xilof hisoblanadi. Qilmishning jinoyat huquqiga xilof deb topish asoslari
bo‘lib, bunday qilmishning ijtimoiy xavfliligi, u yoki bu qilmishga aynan
jinoyat-huquqiy vositalar bilan ta’sir etishning umumiyligi hisoblanadi.
Jinoiy huquqqa xiloflik qilmishga ijtimoiy xavflilik darajasini berib, aynan
shu daraja orqali qilmish jinoyat tavsifini oladi. Jinoyatning moddiy belgisi
ijtimoiy xavflilik bo‘lsa, jinoyatning formal belgisi huquqqa xiloflik
hisoblanadi.
Ayb – qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan u yoki bu huquqqa xilof
qilmishni ijtimoiy xavfli deb belgilovchi belgi.
121
|