oʻquvchilarning faoliyatini ragʻbatlantirish va asoslash metodlari guruhi ta’lim jarayonida
pedagogik ragʻbatlantirish orqali oʻquvchilarning yangi oʻquv materialini egallashlarida ishtiyoq va
faollikni ta’minlaydi. Mazkur metodlar oʻquvchilarning bilishga boʻlgan qiziqishlari, aqliy faolliklari,
yangi bilimlarni egallashga boʻlgan ehtiyojlari, muloqot madaniyati, oʻz-oʻzini nazorat qilish va
boshqarish, baholash koʻnikmalarini rivojlantirishga zamin tayyorlaydi. Shuningdek, ta’limning
ijtimoiy ahamiyatini tushuntirish, oʻquvchilarda ongli intizom, burch va ma’suliyatni tarkib toptiradi.
Oʻqitishda oʻquvchilarning faoliyatini ragʻbatlantirish va asoslash metodlari guruhiga oʻqishga
boʻlgan qiziqishni orttirish, didaktik oʻyin, oʻquv munozaralari, oʻquvchilarning tahsil olishdagi
burch va ma’suliyatini shakllantirish metodlari mansub boʻlib, ular quyidagi:
Oʻqishga boʻlgan qiziqishni orttirish metodlari oʻquvchilarda ijobiy hissiyotni vujudga
keltirish, qiziqarli analogiyalardan foydalanish, taajjublanish effekti, bilish quvonchini vujudga
keltirish, oʻquvchilarni ragʻbatlantirish va tanbeh berish uslubi. Didaktik oʻyin metodi oʻyin
syujetini tanlash, oʻyin vaziyatlarini vujudga keltirish, oʻquv-bilishga oid oʻyinlarni tanlash,
oʻquvchilarni ragʻbatlantirish uslubi. Oʻquv munozaralari metodi oʻquv bahslarini keltirib
chiqaradigan vaziyatni yaratish, ilmiy bahslarni vujudga keltirish, oʻquvchilarni muvaffaqiyatlarga
yoʻllash, oʻquvchilar fikrini bayon qilishi, ular javobidagi xatolarni toʻgʻrilash, oʻquvchilarni
ragʻbatlantirish uslubi. Oʻquvchilarning tahsil olishdagi burch va ma’suliyatini shakllantirish metodi
ta’lim-tarbiyaning ijtimoiy ahamiyatini tushuntirish, oʻqishning shaxsiy ahamiyatini tushuntirish,
oʻquv talablarini qoʻyish, oʻqitishda ragʻbatlantirish va tanbeh berish kabi uslublarni
mujassamlashtiradi.
Oʻqitishdagi nazorat va oʻz-oʻzini nazorat metodlari. Nazorat ta’lim jarayonining ajralmas
qismlaridan biri sanaladi. Nazoratning muntazamligi va izchilligi oʻquvchilarning faol aqliy mehnat
qilishga undaydi, ularda ma’suliyat, burch, diqqat, xotira, oʻz-oʻzini nazorat qilish va baholash
koʻnikmalarini rivojlantirishga zamin tayyorlaydi. Nazoratning toʻliqliligi, haqqoniyligi, keng
koʻlamliligi, muntazamliligi barcha metodlar kabi bu metodlarning ta’limiy, tarbiyaviy,
rivojlantiruvchi va oʻquvchilarga tafovutlab yondashish kabi funksiyalarini amalga oshirish imkonini
beradi. Bu metodlar guruhiga ogʻzaki va yozma nazorat, laboratoriya va amaliy ish yordamida
nazorat, oʻz-oʻzini nazorat, oʻzaro nazorat varagʻi va testlar yordamida nazorat metodlari misol
boʻladi. Ogʻzaki va yozma nazorat metodlari oʻquvchilarning bilimlarni mantiqiy izchil bayon
qilishga oʻrgatish, nutqni oʻstirish, oʻquvchilar javobidagi tipik xatoliklarni aniqlash va unga barham
berish.