59
5-mavzu. HUKM
• Hukm haqida umumiy tushuncha
• Sodda hukm va uning turlari
• Murakkab hukm va uning turlari
• Hukmlar o‘rtasidagi munosabat va uning modallikka ko‘ra turlari
1. Hukm haqida umumiy tushuncha
Kishilarning ongi moddiy olamni in’ikos etish jarayonida faqat
olamning voqea hodisalari to‘g‘risida tushuncha hosil qilish, ularning
mohiyatini anglash bilan chegaralanmaydi. U mazkur jarayonda
tushunchaning boshqa tushuncha bilan muayyan munosabatini o‘rganib,
olam haqida yangi bilim olishga intiladi. Narsa va hodisalar to‘g‘risida
fikr yuritilganda, bu jarayonda bir necha tushuncha ishtirok etishi
mumkin. Narsa va hodisalarning chin yoki yolg‘onligini tasdiq yoxud
inkor etilishi murakkab tafakkur shakllaridan biri bo‘lgan hukmda amalga
oshadi.
Hukm fikrni ifodalashning mantiqiy shaklidir. Bizning har bir chin
yoki yolg‘on fikrimiz voqelikdagi narsa va hodisalar o‘rtasida o‘zaro
munosabat mavjud yoki mavjud emasligi hamda bu munosabatlarning
doimiyligi, muvaqqatligi yoki tasodifiyligi haqida borgandagina fikrimiz
hukm shaklida ifodalanadi. Hukm biror narsa va hodisani tasdiqlab yoki
inkor qilib aytilgan tugal fikrdir. Agar fikrlash jarayonida tushunchada
narsa va hodisalarning muhim va umumiy belgilari aks ettirilsa, ulardagi
belgilar to‘g‘risida, ular o‘rtasidagi munosabat to‘g‘risida fikr
yuritilmaydi. Masalan, «Akademiya», «tinglovchi», «militsioner»
tushunchalari tugal fikrni bildirmaydi. Narsalar o‘rtasidagi munosabatni,
muayyan bir predmetda belgi bor yoki yo‘qligi haqida fikr yuritmaydi.
Agar «bu IIV Akademiyasi», «1-kurs tinglovchisi» desak, bunda tugal fikr
bor. Fikrda Akademiyaning IIVga qarashli ekanligi hamda u yerda
tinglovchilarning o‘qishi tasdiqlanmoqda. Demak, hukmda hamma vaqt
tasdiq yoki inkor qilib aytilgan fikr bo‘ladi.
Fikr to‘g‘ri (chin) yoki xato (yolg‘on) bo‘lishi mumkin. Ular obyektiv
voqelikka mos kelsa, haqiqat yoki chin fikrlar, obyektiv voqelikka mos
kelmasa, yolg‘on fikrlar deyiladi.
60
Formal mantiq fikrlar o‘rtasidagi munosabatni tekshirganda uning
rivojlanishini nazarda tutmaydi. Formal mantiqda fikrlar o‘rtasidagi
murakkab aloqalar tekshirilmaydi. Bu dialektik mantiqning vazifasidir.
Fikrlar o‘rtasidagi munosabatni formal mantiq nuqtai nazaridan
tekshirish, uning to‘g‘ri yoki xato ekanligini ajratishdan iborat.
Tasdiq yoki inkor har bir hukmga xos belgidir. Agar hukm o‘ziga xos
tasdiq yoki inkor belgisiga ega bo‘lmasa, u hukm bo‘la olmaydi. Hukmda
hamma vaqt fikr to‘g‘ri yoki xato, chin yoki yolg‘on bo‘lishi shart.
Demak, hukm narsa va hodisalar, ularning turli belgilari, xususiyat va
munosabatlari haqida tasdiq yoki inkor ma’nosida bildirilgan tafakkur
shaklidir.
Yuqorida ta’kidlanganidek, hukmlar chin yoki xato bo‘lishi mumkin.
Har qanday fanda to‘g‘riligi isbotlangan fikrlar tizimi mavjud. Shunday
fikrlar borki, ularning mavjudligi, obyektivligi tasdiqlangan, lekin
isbotlanmagan. Masalan, atomning mavjudligi qadimdayoq e’tirof etilgan
bo‘lsa-da, uning isboti esa yaqindagina hal bo‘ldi. Shuningdek, inson
shunday to‘g‘ri fikrlarni aytadiki, ular kundalik hayotda isbotlangan
bo‘ladi. Masalan, yozning qishga nisbatan issiq bo‘lishi, osmonga otilgan
narsaning yerga tushishi va boshqalar. Bu hayotdan olingan fikr bo‘lib,
uning isboti ham hayotning o‘zidadir.
Hukmning chin yoki xatoligi tasdiq yoxud inkor natijasida emas, balki
buyum va ularning belgilari haqidagi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri hukm
natijasida bo‘ladi. Hukmlarning xatoligini aniqlash uchun quyidagi
qoidalardan foydalaniladi:
– agar bir fikrning chinligi isbot etilgan bo‘lsa, uni chin deb tasdiqlash
ham chin bo‘ladi;
– agar bir fikrning chinligi isbot etilgan bo‘lsa, uni xato deb tasdiqlash
xato bo‘ladi;
– agar bir fikrning xatoligi aniqlangan bo‘lsa, uni chin deb tasdiqlash
xato bo‘ladi;
– agar bir fikrning xatoligi isbot etilgan bo‘lsa, uni xato deb tasdiqlash
chin bo‘ladi.
Hukm va gap. Agar tushuncha so‘zda reallashsa, hukm grammatik
gapda ifodalanadi. Gapda ifodalanmaydigan hukm bo‘lmaydi. Masalan,
«Toshkent – O‘zbekistonning poytaxti», «Ba’zi hayvonlar uy sharoitiga
o‘rgatilgan» kabi hukmlar grammatik gapda ifodalangan. Demak, gapning
hosil bo‘lish jarayoni ham hukm bilan bog‘liq.
Hukm turli grammatik shaklda ifodalanishi mumkin. Masalan, «Men
seni a’lochi tinglovchi deb bilaman» yoki «Men seni yomon tinglovchi
61
deb bilmayman». Bir hukm turli tilda turlicha ifodalanadi. Masalan, «u
tinglovchi», «on slushatel» va h. k.
Turli xil ifodalangan gap bir predmetni ifodalovchi hukmni tashkil
qiladi. Shuning uchun hukm bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilinganda,
o‘z mazmuni va tuzilishini saqlaydi. Bu til bilan tafakkurning birligini
ko‘rsatadi. Biroq tafakkur bilan til aynan bir narsa emas. Shuning uchun
hukm bilan gap ham aynan bir xil emas. Demak, ularning o‘rtasidagi birlik
farqlarni yo‘qqa chiqarmaydi. Hukm gapda ifodalanadi. Biroq har qanday
gap hukm bo‘lavermaydi. So‘roq va undov gaplar shakliga ko‘ra hukm
bo‘la olmaydi. Masalan, «Siz ma’ruza eshitishni xohlaysizmi?»,
«Uyalmasdan tezroq gapirsangchi!», «Bu yoqqa kel!» kabi gaplar hukm
bo‘la olmaydi. Chunki bunday gaplarda tasdiq yoki inkor qilib aytilgan
fikr yo‘q. Ularning chin yoxud yolg‘onligi (to‘g‘ri yoki xato ekanligi)
aniqlanmagan. Gap hukm shaklida bo‘lishi uchun tasdiq yoki inkor qilib
aytilishi hamda to‘g‘ri yoki xato ekanligi aniqlangan bo‘lishi shart.
Endi hukmning tarkibini ko‘rib chiqaylik.
Odatda, har bir hukmning uch asosiy elementi bo‘ladi. Bular subyekt
(lotin tilidagi «subjyektum» so‘zidan olingan), predikat (lotin tilidagi
«predikatum» so‘zidan olingan) va mantiqiy bog‘lovchidan iborat.
Masalan, «Ahmedov birinchi kurs tinglovchisidir». Bunda «Ahmedov» –
subyekt (mantiqiy ega), «birinchi kurs tinglovchisi» – predikat (mantiqiy
kesim), «dir» esa mantiqiy bog‘lovchi bo‘lib kelayapti. Hukmning
subyekti fikrdagi predmetni bildiradi. Shuning uchun hukmdagi fikr
nimaga qaratilgan bo‘lsa, shu uning subyekti hisoblanib, u «S» harfi bilan
belgilanadi. Hukmning predmetini tasdiqlab yoki inkor qilib aytilgan
kesim «predikat» deb ataladi va u «P» harfi bilan belgilanadi.
Bog‘lovchi subyekt bilan predikat o‘rtasidagi aloqani ko‘rsatadi va
«dir», «emas», «yo‘q», «zarur» kabi so‘zlar bilan ifodalanadi. Masalan,
«Axmedov 201- guruhning sardori».
Hukmning umumiy sxemasi quyidagicha: «S – P» bunda S – subyekt
(ega), P – predikat (kesim), «–» belgisi esa subyektning predikat bilan
munosabatini ifodalovchi bog‘lovchidir. Mazkur munosabat yozuvda «S –
P dir» deb belgilanadi.
Dostları ilə paylaş: |