Qisqa xulosalar Bozor xo‘jaligining asosiy elementlaridan biri firma hisoblanadi. Firma esa,
egaligida alohida mol-mulki bo‘lgan va o‘ziga qarashli bo‘lgan korxonada
(korxonalarda) mustaqil xo‘jalik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik tashkilotdir.
Firma maksimal foyda olish va iqtisodiy ne'matlarni ishlab chiqarish maqsadida
resurslarni birlashtiradi. Firma tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi.
Mulk shakli bo‘yicha firmalar quyidagicha guruhlanadi: yakka mulk egaligi
(yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, fermer xo‘jaliklari, xususiy
firmalar); hamkorlikdagi mulk egaligi (xo‘jalik shirkatlari (to‘liq va kommandit),
mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar, qishloq xo‘jaligi
shirkatlari, kooperativlar boshq.); korporasiya (aksiyadorlik jamiyati).
Yakka mulk egaligi o‘z manfaatlari yo‘lida biznesni mustaqil tashkil etish
imkonini beradi. Yakka mulk egaligidagi firmalarning mulki bir kishiga tegishli
bo‘lib, bo‘linmasdir.
Hamkorlik biznesni tashkil etishning yakka tadbirkorlikka nisbatan
mukammalroq shakli hisoblanadi. Hamkorlikda ikki yoki undan ortiq sheriklar firma
tashkil etish va uni birgalikda boshqarishga kelishib oladilar. Bunda ular firmani ta'sis
etish jarayonida o‘zlarining moliyaviy mablag‘larini va ishbilarmonlik qobiliyatlarini
ham birlashtiradilar. Shu bilan birga biznesni yuritish bilan bog‘liq tadbirkorlik xatari
hamda foyda yoki zararlarni o‘zaro taqsimlaydilar.
Korporasiya biznesni mulk egalaridan aajratilgan tashkiliy-huquqiy shakli
hisoblanadi. Korporasiya (aksiyadorlar jamiyati) ishtirokchilari uning majburiyatlari
bo‘yicha javob bermaydilar va korporasiya faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun
131
o‘zlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar. Korporasiya uning
mulkdorlaridan alohida yuridik shaxs maqomidagi firma hisoblanadi.