O`zbekiston davlatchiligi tarixi


-mavzu.Xorazmshoh-anushteginiylar davlatining tashkil topishi



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə11/76
tarix20.11.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#162350
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   76
O`zbekiston davlatchiligi tarixi fanidan majmua 2022

10-mavzu.Xorazmshoh-anushteginiylar davlatining tashkil topishi
Reja
1. Xorazmshoh-anushteginiylar sulalosining tashkil topishi
2. Davlat boshqaruvi va siyosiy tizim
Tayanch so‘z va iboralar.
Xorazmshoh-anushteginiylar, Otsiz, Sulton Sanjar,
Gurganj, Amiri-oxur (miroxo‘r), Amiri-shikor, Tashtdor
Xorazm Somoniylar davrida ularga tobe viloyat hisoblanardi. X asr oxiri – XI
asrning boshlariga kelib Xorazm hukmdori Ma’mun I va uning o‘g‘li Ali ibn Ma’mun
Somoniylar davlati qo‘laganidan so‘ng mustaqil davlat tuzishga harakat qilib ko‘rdilar.
Xususan, 996 yilda SHimoliy Xorazm hukmdori Ma’mun ibn Muhammad ikki qismga
bo‘linib ketgan davlatni birlashtirib xorazmshoh unvoni oladi va Urganchni o‘z
poytaxtiga aylantiradi. Ammo, Movarounnahrdagi Qoraxoniylar va Xurosondagi
G‘aznaviylar davlati oldida Xorazm davlati juda kuchsiz bo‘lib, ko‘p hollarda
Mahmud G‘aznaviy va uning o‘g‘li Ma’sudga qaram edi. Xorazmning mustaqil davlat
sifatida shakllanishi va rivojlanishi Anushteginiy-Xorazmshohlar sulolasi davriga
to‘g‘ri keladi.
Ushbu sulolaning asoschisi yoki birinchi vakili Anushtegin kelib chiqishi
jihatidan o‘g‘o‘z turklaridan bo‘lib, yoshligida Garjiston (Gurjiston) da yashagan va
yollanma jangchi (mamluk) bo‘lgan. Saljuq sultoni Malikshoh Idavrida Anushtegin
tashtdorlik mansabiga (sulton hovo‘zlari va hammomlari ashyolari xazinachisi)


65
ko‘tarilgan edi. Manbalarning ma’lumot berishicha, tashtdorlik mansabiga sulton
o‘zining ishonchli odamlarini tayinlar edi va ko‘p o‘tmay Anushtegin sultonning
yaqinlaridan biriga aylanadi. Natijada 1076 yilda Sulton Malikshoh Anushteginni
Xorazm hokimi etib tayinlaydi. Anushtegin Saljuqiylarga tobe bo‘lib hokimiyatni
boshqaradi va 1097 yilda vafot etadi. O‘sha yili uning o‘g‘li Qutbiddin Muhammad
(1097-1128) Xorazm voliysi qilib tayinlanadi.
Qutbiddin Muhammad otasi davrida o‘z davrining yirik shaharlaridan biri
bo‘lgan Marvda ilm olgan, xususan, din ilmlarini yaxshi o‘rgangan edi. U Xorazm
voliysi bo‘lgach qobiliyatli hukmdor sifatida ulamolarga va din arboblariga homiylik
qiladi. Qutbiddin Muhammad Xorazmda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun
anchagina kuch-g‘ayrat sarflagan bo‘lsada, rasman Saljuqiylarga tobe bo‘lgani bois,
Sulton Sanjarga sadoqat bilan xizmat qildi. U Saljuqiylarning oliy hokimiyat uchun
o‘zaro kurashlarida ham faol ishtirok etganligi ma’lum. Tarixiy manbalarda
Xorazmshohning unvoni «Podshoh Qutbid-dunyo vad-din Abul-fath Mu’in Amiral-
mo‘‘minin» («Dunyo va din qutbi, g‘alabalar otasi Mo‘minlar amiri-xalifaning
yordamchisi») deb ulug‘lanishi Qutbiddin Muhammad Saljuqiylarga tobe bo‘lsa-da,
mavqei ancha baland bo‘lganligidan dalolat beradi. SHu sababli bo‘lsa kerakki, 1128
yilda Qutbiddin vafot etgach Sulton Sanjar Xorazm taxtini uning o‘g‘li Aloviddin
Otsizga (to‘liq nomi Al-Malik Abu Muzaffar Aloviddin Jaloliddin Otsiz; 1128-1156
yy) topshiradi.
O‘z davrining mohir sarkardasi va yaxshigina diplomati bo‘lgan Otsiz mustaqil
tashqi siyosat olib borishga harakat qilib Saljuqiylarning har bir xatosidan ustalik bilan
foydalandi. Otsiz birinchi marta Sulton Sanjarning itoatidan chiqib mustaqil harakat
qildi va Saljuqiylarga tegishli bo‘lgan Sirdaryoning quyi oqimidagi erlarni Jandgacha
(Kaspiy dengizi bo‘ylarigacha) bosib olib, Mang‘ishloq viloyatini ham o‘ziga
bo‘ysundirdi. Bundan g‘azablangan Sulton Sanjar Otsizga qarshi yurish qilishga qaror
qildi. CHunki o‘sha davr siyosatini yaxshi tushungan Sanjar, agar Otsizni
buysundirmasa o‘ziga tobe bo‘lgan Qoraxoniylar va G‘aznaviylar ham isyon
ko‘tarishini bilardi. SHuningdek u, o‘zining harbiy qudrati g‘oyat kuchli ekanligini
ham bilardi. Bularni hisobga olib Sulton Sanjar 1138 yilning oktyabrda Otsizga qarshi
Xorazmga qo‘shin tortdi va Xazorasp qal’asini qamal qildi. Sulton Sanjar Xorazmga
jiyani Sulaymonshohni voliy qilib tayinladi. Ammo, ko‘p o‘tmay, 1139 yil fevralda
Sulton Sanjar Marvga qaytgach, Otsiz o‘z qo‘shinlari bilan Xorazmga kelib
Sulaymonshohni haydab yuborib qayta taxtni egalladi.
1156 yilda Otsiz qoqshol kasaliga uchrab vafot etadi va taxtga uning o‘g‘li
Elarslon (1156-1172 yy) taxtga o‘tiradi. Elarslon otasiga qaraganda ancha qo‘lay
vaziyatda taxtni boshqardi. CHunki 1157 yilda Sulton Sanjar vafot etganidan so‘ng
Saljuqiylar davlati mayda viloyatlarga bo‘linib ketdi va Xorazmni mustaqil siyosat
olib borishi chun keng yo‘l ochildi. Elarslon Xurosondagi Saljuqiylarning o‘zaro


66
kurashlaridan foydalanib Kaspiy bo‘ylaridagi Dehistonni bosib oldi. SHuningdek u,
otasi davrida Xorazmga bo‘ysundirilgan ko‘chmanchi turkman va qipchoq qabilalari
yordamida Movarounnahrning ichki ishlariga ham tez-tez aralasha boshlaydi. 1158
yilda u katta qo‘shin bilan Movarounnahrga bostirib keldi. Bu vaqtda qoraxitoylarga
vassal bo‘lgan qoraxoniylar ko‘chmanchi qarluq qabilalari bilan jang olib borayotgan
edi. Elarslon qarluqlarga Buxoro va Samarqand uchun olib borilgan janglarida yordan
beradi. Lekin qoraxitoylar qo‘shinlari yordamga etib kelishi bilan Elarslon Xorazmga
qaytishga majbur bo‘ldi. U birnecha marotaba Xorazmga yurish qilgan bo‘lsa-da,
muvaffaqiyatga erisha olmadi.
1171-1172 yillarda qoraxitoylarning katta qo‘shini Xorazmshohning o‘lponni
o‘z vaqtida to‘lamayotganligini bahona qilib Xorazm ustiga yurish qiladi. Elarslonning
buyrug‘i bilan Sirdaryodagi katta to‘g‘onlar ochtirilib, Xorazm poytaxti yaqinidagi
yo‘llar suvga bostirildi. Bu qoraxoniylar qo‘shini yurishini qiyinlashtirdi va
Xorazmning poytaxti Gurganj (Urganch) talon-taroj qilishdan saqlab qolindi. Ammo,
qoraxitoylarning bu yurishi davrida Elarslon kasallikdan vafot etdi (1172 y). SHundan
so‘ng uning o‘g‘illari Aloviddin Takash va Sultonshoh Mahmud o‘rtasida uzoq yillar
toj-taxt uchun kurash bordir. Aloviddin Takash 1172 yilning dekabrida qoraxitoylar
malikasi CHen Tiyon yordamida rasman taxtga o‘tirgan bo‘lsa-da, aka-ukalar o‘rtasida
kurash davom etdi. CHunonchi, 1174 yilda Sultonshoh Mahmudning onasi Turkon
xotun Nishopur hukmdori Oy-Aboga qimmatli sovg‘alar yuborib, Takashga qarshi
ittifoq taklif qildi. O‘sha yili Gurganjdan 20 farsah uzoqlikdagi Subvurni shahri
ostonasida Oy-Abo qo‘shinlari Alovuddin Takash qo‘shinlari bilan to‘qnashdi. Bu
jangda Takashning qo‘li baland kelib, Oy-Abo asir olindi va qatl etildi. Turkon xotun
va Sultonshoh Kaspiy dengizining Sharq iy sohilidagi Dehistonga qochdilar.
Xorazmshoh Takash 1193 yilning dekabrida Marv shahrini fath etib, shahar va
uning atroflariga katta o‘g‘li Nosiriddin Malikshohni voliy etib tayinladi. Bag‘dod
xalifasi Nasr (1180-1225 yy) va G‘arbiy Saljuqiylar sultoni Tog‘rul II o‘rtasidagi
nizolardan foydalanib, Takash qo‘shinlari 1194 yilning mart oyida Tog‘rul II ga qarshi
urush ochdi va uni mag‘lub etib Hamadon shahrini egalladi.
Xorazmshohning tobora kuchayib borayotganligidan xavfsiragan xalifa Nasr
qo‘shinlari Takashga qarshi chiqdilar. 1196 yilning iyun oyida Takash qo‘shinlari
xalifa qo‘shinlarini engdi. SHu tariqa Afg‘oniston va Eronning katta qismi
Xorazmshohlar qo‘liga o‘tdi va Xorazm davlati hududlari birdaniga ikki baravar
kengaydi. Xorazm davlati endi Bag‘dod xalifasiga tegishli joylar va G‘uriylar bilan
chegaradosh bo‘lib qoldi. Ammo, ko‘p o‘tmasdan xalifa Nasr bilan Takash
munosabatlari yana yomonlashganligi tufayli Xorazmshoh Iroqi Arab va xalifalik
poytaxti Bag‘dodni bosib olishga qaror qildi. Lekin bu yurish paytida Takash
kasallanib, 1200 yil iyul oyida Xorazm bilan Nishopur orasidagi SHahriston shahrida
vafot etdi.


67
1200 yilning avgust oyida Xorazmshohlar taxtiga Takashning o‘g‘li Qutbiddin
Muhammad o‘tirdi (1200-1221 yy) va otasining Aloviddin laqabini qabul qildi. U
taxtga o‘tirishi bilanoq ayrim muammolarga duch kelgan bo‘sa-da, ularni zudlik bilan
bartaraf etib, 1203 yilda qoraxitoylarning yordami bilan Xurosonni bosib oldi. Undan
keyin esa Hirot va uning atroflarini egalladi.
Aloviddin Muhammad 1207 yilda Movarounnahrga yurish qilib, Buxorodagi
Sanjar qo‘zg‘olonini bostirdi va Buxoroni egalladi. Xorazmshoh 1210 yilda qarluqlar
bilan ittifoq to‘zib qoraxitoylar ustiga yurish qildi. Bu yurish Xorazmshohning
g‘alabasi bilan tugadi va u qoraxitoylarning O‘zganddagi boy xazinasini qo‘lga kiritdi.
Umuman, Aloviddin Muhammad 1210 va 1212 yillarda qoraxitoylarga ikki marta
qaqshatqich zarba berib ularni butunlar tor-mor etdi. Buning natijasida uning obro‘yi
oshib ketib ikkinchi Iskandar, ikkinchi Sulton Sanjar laqablarini olishga mo‘sharraf
bo‘ldi. Aloviddin Muhammadning say’i-harakatlari tufayli 1217 yilga kelib butun
Movarounnahr, Ozarbayjon, Eron, Xurosondan Hindistongacha bo‘lgan erlarda
Xorazmshohlar hukmronligi o‘rnatildi. Ammo, mamlakatning ichki siyosiy holati
mustahkam emas edi. Bu holat mug‘ul bosqini paytida yaqqol nomoyon bo‘ldi.
Davlat boshqaruvi va siyosiy tizim. Harbiy boshqaruv. Xorazmshohlar davlatida
markaziy boshqaruv idorasi «al-majlis ul oliy al faxri at-toji» deb nomlangan bo‘lib,
uni vazir boshqargan. Vazir – mamlakatda sultondan keyingi eng yuqori mansabdor
shaxs bo‘lgan. Vazir sultonning bosh maslahatchisi bo‘lib, bevosita unga bo‘ysungan.
Vazir rasmiy marosimlarda, davlatlararo aloqalarda, mustamlakalar bilan olib
boriladigan mo‘zokaralarda xorazmshoh nomidan ishtirok etib, sulton va rayiat
(fuqarolar) o‘rtasida vositachilik qigan. Barcha davlat amaldorlari, jumladan, amirlar,
beklar va harbiy boshliqlar vazirga bo‘ysungan. Vazirning vazifalari qo‘yidagilardan
iborat bo‘lgan:
- ashob ad-davanin yoki devonxonalar amaldorlarining boshlig‘i. Yuqori
mansabli amaldorlarini ishga tayinlagan yoki ishdan bo‘shatgan;
- davlat amaldorlariga nafaqalar (arzak) va moddiy yordam (mavajib) joriy etish
ishlarini boshqargan;
- davlat amaldorlarini hayot uchun zaruriy ozuqa va ashyolar bilan
ta’minlanishini belgilagan;
- bojxona va xazina faoliyatini nazorat qilgan;
- sultonga muntazam ravishda hamrohlik qilgan, ba’zi paytlarda qo‘shin jo‘natib
ularga boshchilik qilgan.
Xorazmshohlar davlatida vazirlik lavozimi katta hurmatga ega bo‘lib, o‘rta asr
manbalarining birida vazir haqida shunday ma’lumot beriladi (Z. Bunyodov bo‘yicha):
«eng yuksak mahkama – vazorat (vazirlik) bo‘lib, barcha jamoat ishlari hamda
odamlar hayotining to‘g‘ri yo‘ldan borishi u bilan aloqadordir, buning natijasida
mamlakatning chiroyi va martabasi ortadi, davlatda tartib va qonunchilik o‘rnatiladi…


68
Vazir – idora qilish qonunlarini biladigan, davlat kelajagini biladigan, hayotiy
tajribaga boy, yaxshi ishlarga undovchi, shon-shuhrat va yutuqlarga etaklovchi,
fuqarolar ahvolidan ro‘yi-rost xabardor qilib turadigan, ko‘rsatmalariga to‘la ravishda
ishonish mumkin bo‘lgan kishi bo‘lishi lozim…»
Vazirlarga sadr, dastur, xojayi bo‘zruk kabi unvonlar berilgan. Vazir
lavozimidagi shaxs o‘zining siyohdoni (dovot) va ma’lum xil movutdan o‘ralgan
sallasi (dastor) bilan ajralib turgan. Ular asosan arab-fors mansabdorlari muhitiga
mansub kishilar bo‘lib, arab hamda fors tili, ma’muriy ishdagi layoqati, saroy tartib-
qoidalarini bilishi shart bo‘gan. Xorazmshohlar davlatining vazirlari asosan Xorazm,
Buxoro, Nishopur, Isfaxon, Balx, Hirotdan chiqqan arboblar bo‘lgan. Xorazm
davlatiga qarashli viloyatlarning ma’muriy boshqaruvida ham vazirlar bo‘lgan. Ba’zan
shaharlarga ham vazirlar tayinlangan bo‘lib, ular o‘sha madaniy va iqtisodiy
markazning yagona hokimi ham edilar. Xorazmshohlar davlatida vazir lavozimi
dastlab Sulton Otsiz hukumatida paydo bo‘lgan.
O‘rta asrlar yozma manbalarida Xorazmshohlar davlat boshqaruvidagi ko‘pgina
mansab va lavozimlar haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Ularning asosiylari
quyidlagilaridir:
Bosh hojib yoki ulug‘ hojib (hojibul-kabir) – oliy hukmdor shaxsi bilan bog‘liq
masalalar, marosimlar, marosimlarning nazorati bilan aloqador ishlarga javobgar
bo‘lgan. Ular sultonning eng zarur topshiriqlarini bajarganlar hamda hukmdorga
doimiy ravishda hamrohlik qilganlar. Ular vazirlik devonining daftarlari, undagi
yozuvlar, arxivlar, moliya sohasidagi kotiblar va amaldorlarning hatti-harakatini
nazorat qilgan.
Ustozdor – xorazmshohlar saroyida xizmatkorlarga bosh bo‘lib, otxonalar,
oshxonalar, novvoyxonalar, sharobxonalar xo‘jaligini boshqarar edi. Oliy
hukmdorning birinchi chorlashidayoq ustozdor etib kelib, sulton topshiriqlarini boshqa
xizmatkorlarga etkazar edi. Ustozdor saroyning barcha chiqimlarini amalga oshirgan.
Saroy mansablarining barcha xarajatlari ham uning zimmasida bo‘lgan. Ustozdor
xazinadan chiqadigan barcha sarf-xarajatlar uchun doimiy ravishda sultonga hisobot
berib turgan.
Amiri-oxur (miroxo‘r) – sayischi, sulton otxonalari boshlig‘ining lavozimi. U
sultonga qarashli minib yuriladigan otlarga egalik qilgan. Miroxo‘rlar harbiy
yurishlarda ham faol ishtirok etganlar.
Amiri-shikor – sulton ovlarini tashkil etuvchi va boshqaruvchisi lavozimi.
Tashtdor – sulton hammomlari va hovo‘zlarining boshlig‘i. Uning qo‘l ostida bir
necha g‘ulom bo‘lgan. Tashtdorlar sultonga juda yaqin odamlar bo‘lgan. Ayrim
sultonlar tashtdorlarga malik unvonini ham berishgan. Ayrim tashtdorlar hatto o‘n
ming askarlarga boshchilik qilib, harbiy yurishlarga ishtirok etganlar, ba’zilari esa
sultonning shaxsiy elchisi vazifasini ham bajargan.


69
Sharobdor – sulton sharobxonasining boshlig‘i. Sharobxonada turli sharoblar
tayyorlash bilan birga shirin ichimliklar tayyorlash uchun shakar ham saqlangan.
Sharobdorlar amirlar orasidan tayinlanib, uning qo‘l ostida bir nechta g‘ulomlar
bo‘lgan.
Qissador – bir hafta davomida sulton nomiga yozilgan ariza va iltimosnomalarni
yig‘ib payshanbadan jumaga o‘tar kechasi sultonga topshirgan. Juma kuni esa
sultonning javobini ariza egalariga etkazgan. Xorazmshohlar saroyida qissador eng
obro‘li mansablardan biri hisoblangan.
Choshnigir (bakovul) – u dasturxon yozilganda sulton taomlaridan
zaharlanmasligi uchun o‘zi birinchi bo‘lib tatib ko‘rar edi.
Davotdor – sultonning xos kotibi, farmonlarini yozuvchi.
Farrosh – sulton o‘rin-to‘shaklari saqlanadigan farroshxona boshlig‘i. Uning
ixtiyorida gilamlar, chodirlar, poyondozlar, ko‘rpa-to‘shaklar bo‘lgan. Farrosh va
maxsus o‘rgatilgan g‘ulomlar sulton atrofida doimo hozir turar edilar.
Amirul-a’lam (a’lamdor yoki yalovbardor) – sulton bayroqdori yoki sulton
tug‘ining sohibi.
Xorazmshohlarning davlat tizimi Saljuqiylardan deyarli farq qilmagan. Ilgari
bo‘lgani kabi davlat boshqaruvi dargoh va devonlar majmuidan iborat bo‘lgan.
Dargohda hojib, ulug‘ hojib Xorazmshohlar davrida ham o‘z ahamiyatini saqlab
qolgan. Hojiblarga maxsus mo‘zokaralar olib borish, hatto vazirlar faoliyatini
tekshirish kabi muhim vazifalar topshirilgan. Hojiblarning viloyat hukmdori
bo‘lganliklari ham manbalardan ma’lum.
Xorazmshohlar davlati o‘zining paydo bo‘lgan davridan boshlab to inqiroziga
qadar doimiy qo‘shinlariga ega bo‘lgan. Manbalarning ma’lumot berishicha,
Xorazmshohlar o‘z davlatida majburiy umumxalq harbiy ta’lim tizimini joriy qilganlar.
Davlatdagi qo‘shinlar soni hukmdorlar harbiy yurishlarining ko‘lamiga qarab o‘zgarib
turgan. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, 1218 yilda Muhammad xorazmshoh yalpi
qo‘shinlar ko‘rigi o‘tkazib, unda «150 mingga yaqin otliq, 100 ming piyoda askar
qatnashdi».
Xorazmshohlar davlatining eng oliy harbiy boshqaruv idorasi devon-al arz (yoki
devon-al jaysh) deb nomlangan bo‘lib, uning boshlig‘i sohib devon-al arz (yoki sohibi
devon-al jaysh, yoki ariz-al jaysh) hisoblanar edi. Devon-al arz harbiylarga tegishli
bo‘lgan er-suvlar, ularga beriladigan maosh va har xil to‘lovlar, shuningdek, askarlarni
ro‘yxatga olish, ular va ular qo‘lidagi qurol-aslahalarni tekshirib kurish ishlari bilan
shug‘ullanardi. Bu devon hamma harbiylarga belgilangan maoshlarini (mavajib, arzak)
hamisha ma’lum vaqtda berib turarva harbiy boshliqlarning maoshini o‘z qo‘l
ostidagilarga to‘g‘ri taqsimlanishini nazorat qilar edi.
Xorazmshohlar qo‘shinlarining qo‘mondoniga qo’id yoki muqaddam degan
unvon tavsiya etilardi. Xorazmshohlar yangi zabt etilgan o‘lka yoki viloyat erlarini


70
amirlarga iqto tariqasida taqsimlab berar, mahalliy amirlar orasidan eng qobiliyatlisini
ularga boshliq qilib tayinlab unga amir-al umaro (amirlar amiri) nomini berardi.
Qo‘shindagi 10 ming kishilik suvoriylar guruhiga qo‘mondonlik qilgan kishilar
malik unvoniga ega bo‘lar edi. Janglarda alohida mardlik ko‘rsatgan maliklarga esa
xon unvoni berilgan. Qo‘shindagi choparlar chovush, ularning boshliqlari esa
muqaddam chovushiya deb yuritilgan. Maxsus xufiya va ayg‘oqchilar bo‘linmalari
josusiya deb atalgan.
Urush boshlanishidan avval yoki urush e’lon qilingan vaqtda Xorazmshohlar
harbiy kengash chaqirishar va unda oldinda turgan urush bilan bog‘liq masalalar
muhokama qilinardi. Ushbu kengashga Xorazmshohning o‘zi boshchilik qilib, unga
yirik harbiy arboblar, ulamolar, qonunshunoslar va munajjimlar taklif qilinar edi.
Kengashda barcha takliflar ko‘rib chiqilib, so‘nggi qarorni shohning o‘zi qabul qilardi.
Xullas, XIII asrning birinchi choragida Xorazmshoh Muhammadning harbiy va siyosiy
uquvsizligi tufayli Horazmshohlar davlati inqirozga uchradi. SHunga qaramasdan
o‘zbek xalqi o‘rta asrlar davri davlatchiligi tarixida Xorazmshohlar davlati muhim
o‘rin tutadi. O‘z davrida Xorazm davlati Movarounnahr, Xuroson, Mozandaron,
Kirmon, Fors Iroqi, Ozarbayjon, Sijiston, G‘azna va boshqa davlatlar hamma
viloyatlarni o‘z tarkibiga olgan edi. Xorazm saltanati XII asrning oxiri – XIII asrning
boshlarida musulmon Sharq ining eng yirik va qudratli davlati edi.

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   76




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin