11-mavzu.Amir Temur davlatining tashkil topishi.
Reja
1. Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi
2. Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatga asos solinishi
3. Temuriylar davrida Movarounnahr va Xuroson
Tayanch so‘z va iboralar.
Siyosiy tarix, siyosiy tarqoqchilik, Hoji Barlos, Kesh
viloyati, Tug‘luq Temur, Amir Husayn, “Loy jangi”, Sarbadorlar, Mavlonzoda,
Konigil voqeasi, davlat boshqaruvi, qurultoy, qonuniy hukmdor, sufiylar, harbiy
yurishlar, Anqara jangi, siyosiy boshqaruv tajribalari, ma’muriy idora usuli, boshqaruv
tizimlari, yagona siyosiy tartib, Pirmuhammad, Halil Sulton, Jahongir Mirzo, Ulug‘bek,
SHohrux Mirzo.
O‘zbekiston davlatchiligi tarixining o‘rta asrlar davridagi yangi bosqichi buyuk
sarkarda va davlat arbobi Amir Temur ibn Tarag‘ay Bahodir nomi bilan bog‘liqdir.
Amir Temur 1336 yil 8 aprelda (hijriy 376yil, sha’bon oyining 25 kunida) Kesh
tumaniga qarashli Xo‘ja Ilg‘or (hoz. Qashqadaryo viloyati, YAkkabog‘ tumani)
qishlog‘ida barlos beklaridan biri Amir Tarag‘ay Bahodir ibn Barqal oilasida dunyoga
71
keldi. Temurning bolaligi va o‘spirinlik yillari Kesh va uning atroflarida o‘tib,
mahalliy amirlar, no‘yonlar va beklarning o‘zaro urushlari, nizolariga to‘g‘ri keldi.
Ma’lumki, XIV asrning 40-yillariga kelib Chig‘atoy davlati parchalanib,
davlatning Sharq iy qismi-Sharq iy Turkiston va Ettisuvni o‘z ichiga olgan
Mug‘uliston davlati tashkil topadi. Chig‘atoy ulusida nisbatan barqarorlikni saqlay
olgan Qozonxon (1336-1347yy.) o‘limidan keyin davlat hududlari parchalinish,
iqtisodiy vayronlik sari yuz tutib, Amir Qozog‘on (1347-1357yy.) davrida bu jarayon
yanada avj oladi. 1348 yilda Chig‘atoy avlodlaridan bo‘lgan Tug‘luq Temur
Mug‘uliston taxtiga o‘tiradi. U Chig‘atoy ulusidagi siyosiy parokandalikka barham
berish va Movarounnahrni bosib olish maqsadida bu hududlarga bir necha bor
talonchilik urushlari olib boradi. Xususan Tug‘luq Temur 1360 yilda Kesh viloyatini
bosib oladi. bu viloyatning hokimi bo‘lgan Temurning amakisi Hoji Barlos Xurosonga
qochadi. Manbalarning ma’lumot berishicha, Amir Temur Amudaryo bo‘yida
amakisini kuzatar ekan amakisiga shunday murojaat qiladi: “Agar ikkovimiz ham
vatanni tark etsak, merosiy yurtimiz shubhasiz begonalar qo‘liga o‘tib ketadi. Lozim
topsangiz men podshoh (Tug‘luq Temurxon) xizmatiga borsam.”
Amir Temur merosiy yurtni qo‘ldan bermaslik maqsadida Tug‘luq Temur
ishonchini qozonib (Amir Hoji Sayfiddin yordamida) uning xizmatiga o‘tadi va Kesh
viloyatining hokimi etib tayinlanadi. Ammo, Tug‘luq Temur o‘g‘li Ilyosxo‘jani
Movarounnahrning hokimi etib tayinlangach Amir Temur unga xizmat qilishdan bosh
tortib, Balx hokimi, Amir Qozog‘onning nabirasi Amir Husayn bilan ittifoq tuzadi.
O‘sha davrdagi vaziyat taqozosi bilan Temur Movarounnahrni tark etishga majbur
bo‘lib, Husayn bilan ittifoq tuzgan edi. 1361-1370 yillar davomida Amir Temur va
Amir Husayn dastlab do‘stona, keyin esa dushmanchilik munosabatda bo‘ldilar.
1363 yilda Mug‘uliston hokimi Tug‘luq Temur vafot etgach Ilyosxo‘ja
Movarounnahrdan haydaladi. Ammo, ko‘p o‘tmasdan Movarounnahr ustiga yangidan
yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi va 1365 yilda katta qo‘shin bilan Sirdaryo
tomonga yo‘lga chiqadi. Bundan xabar topgan Husayn va Temur harbiy kuchlarini
jangga tayyorlaydilar. Birlashgan kuchlar va Tug‘luq Temur qo‘shinlari o‘rtasidagi
jang 1365 yil 22 mayda CHinoz va Toshkent oralig‘ida qattiq yog‘ingarchilik paytida
bo‘ladi va tarixda “Loy jangi” (“Jangi loy”) nomini oladi. Bu jangda Temur va Husayn
kelishib harakat qilmaganliklari oqibatida ularning birlashgan qo‘shini mag‘lubiyatga
uchraydi. Ayrim manbalar bu mag‘lubiyatning sababini Amir Husaynning sust va
mayoqsizlik bilan harakat qilishi deb izohlaydi. Temurning o‘zi esa bu kabi holatlarni
Husaynning hasadgo‘yligida deb biladi. Xususan “Temur tuzuklari”da Amir Temur va
Amir Husaynning do‘stona munosabatlarini buzilishiga Husaynning molparastligi va
hasadchiligi sabab bo‘lganligi ta’kidlanadi. “Amir Husayn bilan murosayu-madora
qilishga shunchalik intildimki, hatto uning amirlariga ham bu ta’sir etib, menga
bo‘ysundilar.”
72
Sarbadarlar harakati XIV asrning 30-yillarida Xurosonda (Afg‘onistonning
shimoli-g‘arbi, Marv vohasi va Eronning shimoli-Sharq iy qismi) paydo bo‘lib, bu
hududlardagi mug‘ullar hukmronligi barham beradilar va markazi Sabzavor shahri
bo‘lgan Sarbadorlar davlatiga (1337-1381 yy.) asos soladilar Sarbadorlar harakati XIV
asrning 50-60-yillarida ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida Movarounnahrga ham yoyiladi
va uning markazi Samarqand edi. Sarbadorlarning harakatlantiruvchi kuchlari madrasa
toliblari, shayxlar, umuman, oddiy aholidan iborat edi. Harakat qatnashchilarining
asosiy maqsadi mug‘ul istilochilari va zulm o‘tqazuvchi mahalliy qatlamlarga qarshi
kurash edi.
Bu paytda Keshda bo‘lgan Amir Temur Ilyosxo‘janing mag‘lubiyati haqidagi
xabarni Amir Husaynga etkazadi va ular 1366 yilning bahorida Samarqandga etib
keladilar. Samarqand atrofidagi Konigil mavzeida qo‘zg‘olon rahbarlari bilan
uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Amir Husaynning buyrug‘i bilan bu erda sarbadorlarning
boshliqlari va aftidan, faol ishtirokchilari qatl etiladi. Temurning aralashuvi bilan faqat
Mavlanzoda omon qoldirilib, Xurosonga jo‘natiladi. Mu’iniddin Natanziy
ma’lumotlariga asoslangan A. Ziyoning fikricha, sarbadorlar g‘alabasidan so‘ng
samarqandliklar Mavlonzoda itoatiga o‘tib “uni imom va amir (sifatida) qabul
qilganlar”. YA’ni, Samarqandda ham diniy, ham siysiy hokimiyat Mavlonzoda qo‘liga
o‘tgan. Uning bu “imomligi va amirligi” Samarqandning o‘zida deyarli bir yil davom
etgan. SHu bois ham Amir Husayn sarbadorlar harakatining boshliqlari va faollarini
omon qoldirmasligi aniq edi. Amir Husayn uchun o‘z siyosiy raqiblarini zaiflashtirish
va mavridi kelsa ulardan qutulish siyosati nechog‘lik muhim bo‘lganini Konigil
voqeasidan so‘ng yuz bergan jarayon orqali ham bilib olish mumkin.
1366-1370 yillar Amir Temur va Amir Husayn o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayib,
bu kurash Husayinning o‘ldirilishi bilan yakun topdi. 1370 yil 9 aprel chorshanba kuni
o‘z davrining nufuzli amirlaridan bo‘lgan SHayx Muxammad suldo‘z, Kayxisrav
Xuttaloniy, O‘ljoytu apardi, Dovud dug‘lot, Sarbug‘o jaloyir, Joku barlos, Muayyad
dug‘lot, Badaxshon hokimi SHayx Muxammad, Husayn bahodir, Sayyid Baraka,
termezlik aka-uka sayyidlar Abu Maoliy va Ali Akbar kabilar huzurida Amir Tumr
hokimiyati tan olindi. Movarounnahrning amaldagi xonligi CHingizxon avlodiga
mansub bo‘lgan Suyurg‘atmish qo‘liga o‘tdi. Davlat boshqaruv tizimi esa
Movarounnahr amiri nomini olgan Amir Temur qo‘lida qoldi. Temur Kesh shahridan
Samarqandga ko‘chib, uni o‘z davlatining poytaxtiga aylantirdi. Zero, “Boburnoma”
da ma’lumot berilishicha, “Mug‘ul va turk ulusi uni Semizkand derlar. Temurbek
poytaxt qilur edi. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni
poytaxt qilgan emastur”.
Temur davlatiningbarpo etilishi . Amir Tumur hokimiyat tepasiga kelgach,
deyarli bir asrlik bosh boshdoqlik hukm surgan mamlakatga qonunlar joriy etib, tartib
o‘rnatish oson emas edi. Uni faqatgina kuchli siyosat yurgizib, mamlakat qudratini
73
mustahkamlab amalga oshirish mumkin edi. Temur o‘ziga mustahkam tayanch barpo
etish maqsadida dastlab barlos qabilasidan maxsus gvardiya tashkil qiladi. CHunki
bunday ishonchli gvardiya ayniqsa uning siyosiy va harbiy kurashlari uchun zarur edi.
SHuningdek, Amir Temur davlat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa-da, ammo
mavjud shart-sharoitda amaliy qadamlar qo‘yib borish nihoyatda og‘ir edi. Zero,
mamlakat yo biron-bir viloyat, yoki ijtimoiy tabaqa doirasida kattagina mavqega ega
bo‘lgan amirlar avval boshda uning hukmronligini tan olgan bo‘lsalar-da, ular bilan
Amir Temur o‘rtasidagi munosabat bundan buyon ularga va ularning namoyondasi
bo‘lmish ijtimoiy muhitga nisbatan yurgiziladigan siyosat bilan ko‘p jihatdan bog‘liq
edi. Aynan shuning uchun ham 1370 yilning o‘rtalarida Samarqandda o‘tkazilgan
qurultoyda Amir Temur barcha viloyatlardan nufuzli amirlar, lashkarboshilarni yig‘ib,
ularga har birining mavqei va martabasiga qarab biron-bir mansab va mulk (viloyat,
tuman, shahar) taqsimlab beradi, katta-katta sovg‘alar ulashadi. Bu haqda
Sohibqironning “Tuzuklarida” shunday deyiladi: “Bulardan mol-dunyoga hirs qo‘ygan
ochqo‘z va ta’magirlariga mol-ashyo va’da qildim, mansab-martabaga va
mamlakatlarni boshqarishga ko‘z tikkan amalparastlarga qo‘lim ostidagi mamlakat va
viloyatlardan birining hokimligini berdim”.
Amir Temur Movarounnahrning qonuniy hukmdori sifatida mamlakat
hududlarini birlashtirishga kirishar ekan, hududlar ustiga dabdurustdan harbiy
yurishlar qilmasdan, kelishuvchilik siyosatini tutdi. SHu bois ham u Amudaryo va
Sirdaryo oralig‘idagi erlarni, Farg‘ona, SHosh viloyatlarini o‘z tasarrufiga kiritishda
unchalik qiynalmadi. Ammo, Xorazmda ahvol boshqacha edi. Xorazmning o‘sha
davrdagi hukmdorlari (Husayn So‘fi, YUsuf So‘fi) Oltin O‘rda ta’sirida bo‘lib, elchilar
jo‘natilganligiga qaramay bir necha yil Amir Temur hokimiyatnini tan olmadilar.
SHuning uchun ham Amir Temur Xorazm ustiga besh marotaba (1371, 1373, 1375,
1379, 1388 yillar) qo‘shin tortishga majbur bo‘ladi. 1388 yildan so‘ng Xorazm Amir
Temur davlati tarkibiga kirgan.
Amir Temurning harbiy yurishlari 1386 yildan boshlab “uch yillik”, 1392 yildan
“besh yillik”, 1399 yildan “etti yillik” urushlar nomini olagn. XIV asrning 80-yillari
o‘rtalariga kelib butun Xuroson Sohibqiron ixtiyoriga o‘tadi. “Uch yillik” urush
davrida Amir Temur Ozarbayjon, Tabriz, Mozandaron, G‘ilonni bo‘ysundiradi.
SHundan keiyn u Kavkazga yurish boshlab Tiflis, Arzirum va Van qal’asini egalladi.
1387-1388 yillarda Xorazmga davogar bo‘lgan Oltin O‘rda xoni To‘xtamish Amir
Temurning yo‘qligidan foydalanib Movarounnahrga harbiy yurishlar uyushtiradi. 1388
yilning yanvarida Amir Temurning qaytishidan xabardor bo‘lgan dushmanlar chekina
boshlaydilar. Amir Temurdan topshiriq olgan amirlar, Husayn, SHayx Ali Bahodir va
boshqalar dushmanni Sirdaryo bo‘yidagi Sarisuv degan joyda quvib etib, unga katta
talofat etkazdilar. 1388 yilning oxiridagi yana bir to‘qnashuv (Sagaron, Kattaqo‘rg‘on
atroflarida) To‘xtamishning mag‘lubiyati va qochib ketishi bilan yakunlandi. 1395
74
yilning bahorida Kavkazdagi Terek daryosi bo‘yida To‘xtamish va Amir Temur
qo‘shinlari yana to‘qnashdilar. Bu jangda To‘xtamish qattiq mag‘lubiyatga uchradi,
poytaxt Saroy Berka ishg‘ol etildi va Oltin O‘rdaning qudratiga qattiq zarba berildi.
Ta’kidlash lozimki, Sohibqironning bir mamlakatga qilgan yurishlari uning
boshqa mamlakatlarga qilgan yurishlari bilan ketma-ket borgan. Xorazm, Xuroson,
Eron, Hindiston yurishlari bunga misol bo‘la oladi. Ma’lumki, Sohibqiron hokimiyat
tepasiga kelgan davrda Eron va Xurosonda ham bir nechta kichik davlatlar mavjud
bo‘lib, oddiy xalq va savdogarlar ulardan ko‘p jabr ko‘rar edilar. Amir Temur 1380
yildan boshlab Xuroson yurishlarini boshlaydi. Tus, Nishopur, Sabzavor shaharlari
unga jangsiz taslim bo‘ladilar.
Sohibqiron Ozaybarjonga bir necha bor hujum qilib 1387 yilda uni egallashga
muvaffaq bo‘ladi. 1392 yilda Armaniston va Gruziya Amir Temur izmiga o‘tadi.
SHimoliy Hindiston va Kashmir musulmonlari qaroqchilardan aziyat chekayotganligi
bois Temur Hindistonga ham yurish qilib, 1399 yil martida bu hududlarni ham
egallaydi. 1400 yilda Amir Temur qo‘shinlari turk sultoni Boyazid I va Misr sultoni
bilan kurash olib borib, o‘sha yili Misrsultoni Farajni tor-mor etdi. 1402 yilda Amir
Temur Anqara yonida Boyazid bilan ikkinchi marta to‘qnashdi va uni tor-mor etdi.
Temurning bu g‘alabasi ayniqsa evropaliklarda katta taasurot qoldirgan edi. Misol
uchun, Boyazid ustidan qozonilgan buyuk g‘alaba munosabati bilan Fransiya qiroli
Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV va Vizantiya imperatori Temurga o‘z
tabriknomalarini yuborganliklari manbalarda ma’lum. CHunki, tadqiqotchilar tili bilan
aytganda, Evropaga ulkan xavf solib turgan Boyazid boshchiligidagi usmoniylar
imperiyasiga berilgan zarba uchun endigina uyg‘onayotgan butun Evropa Amir
Temurdan minnatdor edi.
1404 yilning may oyida Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytib
keladi va Xitoyga bo‘ladigan yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. 1404 yilda
qahraton qishda Temurning 200minglik qo‘shini Samarqanddan Xitoy yurishiga
chiqadi. O‘sha yili qish O‘rta Osiyo tarixidagi eng qahraton qishlardan bo‘lgan edi.
Sirdaryoning suvi bir metrga muzlagan, askarlardan ko‘pining qo‘l-oyoqlarini, quloq-
burunlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o‘zi ham ko‘p o‘tmay shamollab qoladi.
1405 yil yanvar oyining o‘rtalarida O‘trorga to‘xtashga qaror qilishadi va bu erda 18
fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etadi.
Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar olib boradi. Ushbu yurishlar
natijasida ulkan saltanat barpo etildiki, uning tarkibiga Movarounnahr va uning
atrofidagi viloyatlar, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron,
Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator
davlatlari kirgan. Amir Temurning ulkan davlat barpo etishdagi faoliyati uning maqsad
va rejalariga ko‘ra ikki bosqichga bo‘linadi. Birinchi bosqich 1360-1386 yillarni o‘z
ichiga olib, bu davrda Sohibqiron Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlat
75
barpo etishga erishadi. Ikkinchi bosvich 1387-1404 yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda
Amir Temur mamlakat qudratini mustahkamlash payida bo‘ldi.
Sohibqiron Amir Temur vafotidan oldin o‘z taxtining vorisini tayinlab,
avlodlariyu a’yonlarini unga sodiq hizmat qilishga chaqirgan edi. Bu haqda Sohibqiron
tilidan manbada quyidagicha malumot beriladi: “... shu kundan e’tiboran farzandimiz
Pir Muhammad (ibn) Jahongirni o‘zimizga valiahd va toju taxt vorisi etib
tayinladikkim, Samarqand taxti uning amri farmonida bo‘lg‘ay, tamkinlik va istiqlol
bilan mulku millat, lashkar va raiyyatning muhim yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lsin,
sizlar esa unga tobelik va bo‘ysunish marosimini o‘rniga qo‘yinglar, birgalikda uni
qo‘llab-quvvatlanglar, toki olam buzilmasin...”
Ammo, amalda ahvol boshqacha edi. Amir Temur barpo etgan buyuk saltanat
(jami o‘z ichiga 27ta davlat va viloyatlarni jam etgan) garchi u hayotlik paytida uning
mahorati va kuch-qudrati bilan mustahkam turgan bo‘lsa-da, Temur vafot etishi
bilanoq ichki jihatdan siyosiy zaif va umumiqtisodiy asoslarga ega emasligi sezilib
qoldi. Bu holat, o‘g‘illar va nabiralarga mamlakatni qism-qismlarga bo‘lib berilganligi
hamda suyurg‘ol tartibining mavjudligi davlat parokandaligini kuchaytirishi (ko‘plab
o‘rta asrlar davlatlarda bo‘lgani kabi) bilan izohlanadi. CHunonchi, Temurning jasadi
Samarqandda dafn etilishi va motam marosimlari tugamasdanoq, shahzodalar o‘rtasida
toj-taxt uchun o‘zaro kurash boshlanib ketdi.
O‘sha vaqtdagi Qobul va SHimoliy Hind mulklarining hukmdori bo‘lgan
Pirmuhammadni taxtga o‘tkazish tarafdorlari ko‘p bo‘lsa-da, Mironshoh Mirzoning
o‘g‘li, Toshkent, Sayram, Turkiston erlarining hokimi Xalil Sulton 1405 yilning 18
martida o‘zining ming chog‘li askari bilan shoshilinch tarzda Samarqand taxtini
egallaydi. Xalil Sulton boshqa bir temuriy shahzoda Muhammad Jahongir Mirzo
(Temurning ikkinchi o‘g‘li bo‘lmish Jahongir Mirzoning o‘g‘li Muhammad Sulton
Mirzoning o‘g‘li)ni xon deb ko‘taradi va uning nomidan xutba o‘qitib, tanga zarb
ettiradi. Xalil Sulton vaqtincha Temurdan qolgan xazinalar evaziga Sohibqironning
nufuzli a’yon va kiborlari, ayrim amirlarini ma’lum qmsmini o‘z tomoniga og‘dirib,
Movarounnahr taxtini egallab olgan bo‘lishiga qaramay, ko‘p o‘tmasdan kuchli
norozilik va isyonlarga duch keladi.
Avvalo, Temurning kenja o‘g‘li SHohruh Mirzo Hirotda o‘z nomiga xutba
o‘qitib, tanga zarb etishni joriy qildi. SHundan so‘ng Turkiston hokimi SHayx
Nuriddin va Farg‘ona hokimi Amir Xudoydod Xalil Sultonga qarshi isyon ko‘taradilar.
Bu isyonga O‘tror hokimi Berdibek ham qo‘shiladi. Xalil Sultonning ukasi Mirzo
Sulton Husayn Amudaryo bo‘ylarida o‘z akasiga qarshi bosh ko‘taradi. Temur
taxtining asosiy valiahdi bo‘lgan Pirmuhammad Amudaryodan kechib o‘tib, Xalil
Sultonga qarshi Nasafga qo‘shin tortadi. Xalil Sultonni Iroq tomondan otasi
Mironshoh Mirzo qo‘llab-quvvatlab turgan bo‘lishiga qaramay, unga qarshi nizolar
kuchayib bordi. Natijada 1405 yilning oxirlariga kelib Xurosonda SHohrux Mirzo,
76
Balx, G‘azna va Qandahorda Pirmuhammad Mirzo, G‘arbiy Eron va Ozarbayjonda
Mironshoh Mirzoning o‘g‘illari Umar Mirzo bilan Abubakr Mirzolar hokimi mutlaq
bo‘lib oladilar. Sirdaryodan shimolda joylashgan viloyatlar: Turkiston, Sarbon, O‘tror,
Sayram Amir Berdibek tasarrufida qoladi. O‘ratepa bilan Farg‘onani Amir Xudoydod
egallab oladi. Xorazmni esa Oltin O‘rdaning taniqli sarkardalaridan biri Amir Idiku
O‘zbek ishg‘ol etadi.
Movarounnahr hokimi Xalil Sultonning o‘z holicha ish tutishi, temuriy
zodagonlar va amirlarning kamsitilishi, musulmon ulamolari, jumladan naqshbandiya
tariqatining taniqli shayxi Muhammad Porsoning tahqirlanishi natijasida Xalil
Sultonga nisbatan noroziliklar kuchayib bordi. Undan tashqari, o‘zaro urush va fitnalar
shahzodalarning halokati bilan yakun topa boshladi. Xususan, taxt vorisi
Pirmuhammad 1407 yil 22 fevralda o‘zining vaziri Pir Ali Toz tomonidan suiqasd
natijasida o‘ldiriladi (Pir Ali Toz keyinroq Hirotda SHohruh tomonidan qatl
etiladi).1408 yil 22 aprelda Qoraquyunli turkmanlarning qabila boshlig‘i Qorayusuf
bilan bo‘lgan jangda Mironshoh o‘ldiriladi. Natijada Ozarbayjon va Iroq temuriylar
tasarrufidan chiqadi.
1405-1408 yillarda SHohruh Mirzo Xalil Sultondan Samarqand taxtini tortib
olishga harakat qilgan bo‘lsa-da, buning uddasidan chiqa olmadi. Balx, Seyiston,
Xuroson va Ozarbayjonda temuriy shahzodalar va ayrim nufuzli amirlarning birin-
ketin ko‘tarilib turgan g‘alayonlari bunga jiddiy to‘sqinlik qilar edi, 1409 yilning
boshlarida Movarounnahrda ham siyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Bu vaqtda Amir
Xudoydod Xalil Sultonni Samarqand yaqinidagi SHeroz qishlog‘ida mag‘lubiyatga
uchratib, uning o‘zini asirlikka oladi. Xuroson hokimi SHohruh esa Mozandaron,
Mashhad, Seyiston va Kirmondagi g‘alayonlarni bostirib, bu viloyatlarda osoyishtalik
o‘rnatadi. So‘ngra butun e’tiborini Movarounnahrga qaratadi va 1409 yil 25 aprelda
Amudaryodan o‘tib, Samarqandga qo‘shin tortadi. Bu jangda Xalil Sultonni asir olgan
Amir Sulton qo‘shinlari tor-mor etilib, Xalil Sulton asirlikdan ozod qilinadi hamda
Ray viloyatining (Eronda) hokimligiga tayinlanib 1411 yilda vafot etadi.
1409 yilning oxiriga qadar Movarounnahrda tinchlik va isoyishtalik o‘rnatib,
Xalil Sulton va boshqa temuriy shahzodalar tarafdorlariga keskin choralar ko‘radi,
izdan chiqqan xo‘jalik hayotini, savdo-sotiqni tiklaydi, SHohruh Mirzo temuriylar
davlatining oliy hukmdori sifatida e’tirof etilib, uning deyarli 40 yillik (1409-1447yy.)
barqaror hukmronlik davri boshlanadi. Temur vafotidan so‘ng o‘tgan davr mobaynida
davom etgan taxt va hududlar uchun o‘zaro urushlar hamda isyonlar mamlakat
aholisining iqtisodiy ahvoliga keskin ta’sir qilib, xalqning jiddiy noroziligiga sabab
bo‘lgan edi. SHu bois, SHohruh Mirzo oddiy xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi
tabiiy edi. Aynan shuning uchun ham SHohruh Amir Temur hukmronligi ostida
bo‘lgan hududlarda o‘z hokimiyatini o‘rnatishga hamda mamlakatda doimiy tinchlik
va osoyishtalik o‘rnatishga jiddiy harakat qiladi.
77
Shohruh Mirzo Temurdan so‘ng tiklagan davlatda Movarounnahr mulklarining
alohida o‘rni bor edi. Davlatning markaziy poytaxti Hirot shahri hisoblansa.
Movarounnahrning markazi Temurning poytaxti qadimiy Samarqand shahri edi. 1409
yil Movarounnahr Xalil Sultondan olinganidan so‘ng Shohruh o‘g‘li Muhammad
Tarag‘ay Ulug‘bek Mirzoni (1394-1447yy) Movarounnahr hukmdori etib tayinlaydi.
Bu paytda 15 yoshdabo‘lgan Ulug‘bek davlat boshqaruv ishlari uchun yosh ekanligi
hisobga olinib, taniqli amir Muboriziddin Shohmalik unga otaliq etib tayinlanib,
boshqaruv ishlari amalda otaliqning qo‘lida mujassamlashadi. 1411 yilda Shohmalik
Shohruh bilan Hirotga ketgach, Ulug‘bek Mirzo Movarounnahrning “ yagona va
qonuniy sultoni” sifatida taxtni boshqara boshlaydi.
Xurosonda Shohruh Mirzo, Movarounnahrda Ulug‘bek Mirzo o‘z
siyosatlarining ustuvor yo‘nalishlari etib, avvalo mamlakat hududlarini kengaytirish
hamda markaziy hokimiyatni mustahkamlash deb bildilar va shunga mos siyosat olib
bordilar. Avvalo, Mirzo Ulug‘bek haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, u o‘z hokimiyati
sarhadlarini kengaytirish maqsadida, 1414-1415 yillarda Farg‘ona hududlarini
amakivachchasi Amirak Ahmaddan tortib oladi. 1416 yilda Qashg‘ar hokimi Shayx
Ali To‘g‘ay Ulug‘bek hokimiyatini tan oladi. SHimoldagi chegaralar daxlsizligini
ta’minlash maqsadida Ulug‘bek 1424 yil kech ko‘zida Mug‘ulistonga qo‘shin tortadi
va 1425 yil erta bahorda CHu daryosidan o‘tib Issiqko‘l yaqinida mug‘ullarni tor-mor
keltiradi. 1427 yilning boshida Ulug‘bek Dashti Qipchoqqa harbiy yurish qiladi va
mag‘lubiyatga uchraydi. SHundan so‘ng u yigirma yil mobaynida o‘zi bosh bo‘lib
harbiy yurishlarni amalga oshirmadi. Otasining vafotiga qadar (1447y.) Mirzo
Ulug‘bek hukmdor sifatidagi faoliyatini mamlakatning iqtisodiy va ayniqsa, madaniy
hayotiga qaratdi. U Movarounnahrni musulmon olamining ilmiy markaziga
aylantirishga harakat qildi. CHunki u, islom olamida ilk bora hukmdorlik va olimlikni
birgalikda olib borgan edi. Uning davrida Samarqand, Buxoro, Kesh (SHahrisabz) ilm-
fan va madaniyat markaziga aylandi.
Xuroson hukmdori Shohruh Mirzo 1413 yil Eroni o‘z qo‘l ostiga olib, o‘sha yili
Xorazmni Oltin O‘rda xonlari ixtiyoridan tortib oladi. Ammo, Shohruh hukmronlik
qilgan hududlarda toj-taxt uchun nizolar zimdan bo‘lib turar edi va Shohruh keksayishi
bilan bu nizolar yanada faollasha boshlaydi. Misol uchun, Shohruhning xotini
Gavharshodbegim nevarasi Alouddavlani taxt vorisi bo‘lishi tarafdori bo‘lsa,
Shohruhning yana bir o‘g‘li Muhammad Jo‘ki (1402-1444 yy.) ham taxtga da’vogar
edi. Undan tashqari, Fors va Iroqi Ajamda SHohruhning nabirasi Sulton Muhammad
1446 yilda bobosiga qarshi isyon ko‘tarib Hamadon va Isfahonni bosib oladi. SHohruh
bu isyonni bostirgan bo‘lsa-da, 1447 yil 12 martda xastalanib Ray shahrida vafot etadi.
Otasidan so‘ng Turkiston, Xuroson va Eronni bir markaz qilib birlashtirishga harakat
qilgan Mirzo Ulug‘bek buning uddasidan chiqa olmadi. CHunki mamlakat toj - taxt
uchun o‘zaro urushlar domiga tortilgan edi.
78
Avvalo, Boysunqur Mirzoning o‘g‘illari Alouddavla va Abdulqosim Bobur
Ulug‘bekka qarshi haraktni boshlab, Xuroson Alouddavla, Mozandaron va Jurjon
Abulqosim Bobur qo‘liga o‘tadi. Sultan Muhammad esa G‘arbiy Eron va Forsda o‘zini
mustaqil hukmdor deb e’lon qiladi. Muhammad Jo‘kining o‘g‘li Abu Bakr esa Balx,
SHibirg‘on, Qunduz, Bag‘lonni bosib oladi. Ulug‘bekning ushbu muammolarni tinch
yo‘l bilan echishdagi haraktlari zoe ketadi. 1448 yil bahorida Ulug‘bek va o‘sha
paytdagi Balx hokimi, uning o‘g‘li Abdulatifning 90.000 kishilik birlashgan qo‘shini
Hirot yaqinidagi Tarnob degan joyda Alouddavla qo‘shinlarini tor-mor keltiradi. Bu
jang g‘alaba bilan yakunlanishiga qaramasdan, ota-bola o‘rtasidagi ziddiyatni keltirib
chiqardi va bu ziddiyat Abdulatifning o‘z otasi Mirzo Ulug‘bekni qatl ettirishi (1449
yil, 27 oktyabr) bilan yakunlanadi.
Abdulatif ham taxtga uzoq o‘tira olmadi. 1450 yil 8 mayda Samarqand yaqinida
unga qarshi suiqasd uyushtirilib, u o‘ldiriladi. Samarqand taxti Ulug‘bekning jiyani va
kuyovi Mirzo Abdullo, Buxoro taxti esa Mironshohning nabirasi Sulton Abu Said
qo‘liga o‘tadi. Sulton Abu Said Dashti Qipchoq o‘zbeklari xoni Abulxayrxon
yordamida 1451 yil yozida Samarqand yaqinidagi SHeroz qishlog‘i yonida Mirzo
Abdullo qo‘shinlarini tor-mor etib, uni o‘ldiradi. SHundan so‘ng Movarounnahrda
Sulton Abu Said (1451-1469 yy.), Xurosonda esa Abulqosim Bobur (1452-1457 yy.)
hukmronligi boshlanadi. 1457 yilda Abulqosim Bobur vafot etganidan so‘ng Abu Said
Xurosonga yurish qilib Hirotni egallaydi va temuriylar davlatini ikkala qismini
birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. O‘z hukmronligi davrida Abu Said doimiy ravishda
hokimiyatni mustahkamlashga asosiy e’tibor qaratib, birmuncha iqtisodiy va madaniy
tadbirlar o‘tkazishga ham harakat qildi. Biroq, uning hokimiyati ham mustahkam emas
edi. Abu Said Xuroson, Eron va Xorazmdagi siyosiy tarqoqliklarga barham bera
olmadi. CHunonchi, Abulqosim Bobur vafotidan so‘ng yosh temuriy shahzodalardan
biri (Umarshayxning evarasi) Sulton Husayn (Boyqaro) Xuroson mulki uchun
harakatlarni boshlab yuborib, 1461-1464 yillarda Hirot, Obivard, Niso, Mashhad va
Xorazmda hokimiyat uchun goh muvaffaqiyatli, goh muvaffaqiyatsiz urushlar olib
bordi.
Sulton Abu Said Mirzo 1469 yil erta bahorda G‘arbiy Eron erlari uchun
Oqquyunli turkmanlariga qarshi jangga kirib ularning hukmdori o‘zun Hasan
tomonidan Ozarbayjonning Mug‘on dashtida o‘ldiriladi. Sulton Husayn Boyqaro
(1438-1506yy.) esa o‘sha yili Hirotni egallab, o‘zini Xuroson hokimi deb e’lon viladi.
Husayn Boyqaro davlati tarkibiga Xorazm, Xuroson va Eronning bir qismi kirar edi. U
temuriylar davri davlatchiligi tarixida oxirgi yirik davlat arbobi bo‘lib, deyarli 40 yil
hukmronlik qildi. Husayn Boyqaro davri o‘zaro kurashlardan xoli bo‘lmasa-da, lekin
mamlakatda iqtisodiy va madaniy hayot yuqori darajada saqlanib qoldi.
Movarounnahr esa ketma-ket Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Ahmad (1469-
4194yy.), Sulton Mahmud (1494-1496yy.) hamda Mahmudning o‘g‘li Sulton Ali
79
Mirzo (1496-1501yy.)lar tomonidan boshqarildi. Ammo, Sulton Ahmadning davlat
boshqaruvidagi kaltabinligi va sustkashligi, Sulton Mahmud va Sulton Ali
Mirzolarning davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yishi natijasida bu hukmdorlar
davrida o‘zaro siyosiy tarqoqlik yanada kuchayadi. O‘z davrining ko‘zga ko‘ringan
diniy arbobi Xo‘ja Ahror Vali siyosiy hayotga aralashib, mamlakat tinchligini
saqlashga harakat qilgan bo‘lsa-da, uning harakatlari vaqtinchalik bo‘lib chiqadi.
Xullas, Dashti Qipchoqda kuchuyib kelayotgan shayboniylarning Movarounnahrga
yurishi arafasida temuriylar davlati ichki kurashlar oqibatida g‘oyatda zaiflashib
qolgan bo‘lib, shayboniylar bu holatdan ustalik bilan foydalandilar.
Dostları ilə paylaş: |