V BOB. OSIYO DAVLATLARIDA AUDITORLIK FAOLIYATI
5.1. Yaponiyada auditorlik faoliyati
Ikki yoqlama yozuvning evropacha usuli Yaponiyada XIX asrning
o’rtalariga qadar mutlaqo ma’lum emas edi. Aynan shu davrga kelib bu orol davlat
AQShning bosimi ostida XVII asrning boshlaridan boshlab o’tkazib kelinayotgan
o’z-o’zini izolyatsiya qilish siyosatidan nihoyat voz kechdi. Ikki yoqlama yozuv
birinchi marta Yaponiyada 1865 yilda Edo davrida taqdim etilgan deb hisoblanadi.
Amaliyotda esa u Yaponiya Milliy bankining tegishli yo’riqnomalari ishlab
chiqilgandan so’ng va Moliya vazirligining Ginko Boki Seico (Bankdagi
buxgalteriya hisobi operatsiyalarining usuli) nomli me’yoriy hujjati e’lon
qilingandan keyin qo’llanila boshlandi.
1878 yilda Tokio va Osakada fond birjalari ochildi, keyinchalik esa
yomg’irdan keyingi qo’ziqorin singari ko’plab turli aktsionerlik jamiyatlari paydo
bo’la boshladi. 1890 yilda Tijorat kodeksi qabul qilindi. Unga muvofiq aktsioner
jamiyatlar jamoatchilikka mavjud aktivlar va buxgalteriya balansi to’g’risidagi
ma’lumotlarni taqdim etishlari shart etib qo’yildi. Aynan shu yildan boshlab
Yaponiyada buxgalteriya hisobi rivojlanishida kuchli taraqqiyot boshlandi.
Yaponiyada buxgalterlik kasbining paydo bo’lishida shuningdek, soliq
qonunchiligi ham sezilarli rol o’ynadi. Daromad solig’i 1896 yilda joriy etildi.
Shundan so’ng oddiy buxgalterlardan tashqari kompaniyalarga soliq to’lash
sohasida professional maslahat beruvchi soliq agentlari ham paydo bo’ldi. Shunday
qilib, XIX asrning oxirlaridayoq Yaponiyada ikki toifadagi buxgalterlar faoliyat
ko’rsatar edi: ularning birinchi toifasi kompaniyalarda hisob yuritar va moliyaviy
hisobotni tayyorlar edilar, ikkinchi toifadagilar soliq hisobi va maslahatlar taqdim
etishga ixtisoslashgan edilar.
1890 yildagi Tijorat kodeksi qoidalariga muvofiq shtatli auditorlar
tomonidan majburiy auditorlik tekshiruvlari tashkil etilgan edi. Shtatli auditor roli,
T.Kuk va M.Kikuyyalar ko’rsatib o’tganidek, g’arb mamlakatlaridagi ichki
auditorlar roliga o’xshash bo’lib, ularda professional buxgalter sertifikatining
87
mavjud bo’lishi talab etilmas edi. Haqiqatda bu kishilar nominal ravishda
auditorlar deb yuritilar va nazorat vazifasini bajarmas edilar.
Masalan, 1909 yilda Dai Nihon Seito Co. kompaniyasida firibgarlik faktlari
aniqlandi (Keyinchalik bu holat "Nitto Inc ishi" nomi bilan mashhur bo’lgan).
Firibgarlik hisobdagi noqonuniy operatsiyalarni yashirishga qaratilgan bo’lib, unda
Nazorat kengashi a’zolariga "dividendlar" to’langan va shu sababli ular ushbu
operatsiyalarga ko’z yumganlar. Natijada aktsiyalarga bo’lgan narxlarning
kutilmaganda pasayib ketishi kompaniyaning bankrot bo’lishiga olib kelgan.
Shundan so’ng o’sha davrda Britaniyaning Yaponiyadagi elchisi hisoblangan ser
Klod Maksvell Makdonald keskin tarzda auditorlar faoliyatining zarurligini
ko’rsatdi. Shunday qilib, Buyuk Britaniya amaliyotiga o’xshash yapon auditining
shakllanishiga asos solindi. Ta’kidlash lozimki, XIX asrning boshlarida Buyuk
Britaniyaning hisob va audit tizimi eng rivojlangan va ilg’or hisoblanar edi.
O’sha davrda ushbu masalada eng katta vakolatga ega bo’lgan Yaponiya
qishloq xo’jaligi va savdo vazirligi zudlik bilan Buyuk Britaniya, AQSh va
Evropada hisob tizimlarini tadqiq qildi. Ushbu tadqiqotning natijasi 1909 yilda
"Diplomga ega jamoat buxgalterlari tizimi (tayyorlash) tadqiqoti to’g’risida
Hisobot" nomi bilan nashr etildi. Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur davrda yapon
buxgalterlari orasida “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun qabul
qilishni yoqlab faol harakatlar boshlandi. Bunday qonunning birinchi loyihasi 1914
yilda tayyorlandi, ammo hal etilmagan bahsli jihatlar tufayli qabul qilinmadi.
Hammasi bo’lib ushbu qonun loyihalari 8 marta muhokamaga qo’yildi va faqat 13
yildan so’ng (1927 yilda) “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun
nihoyat qabul qilindi. Bu qonun ilgarigi loyihalarining rad etilishiga olib kelgan
sabab shunda ediki, Yaponiyada XX asrning boshlarida auditorlarni jamiyat
tomonidan qabul qilinishiga olib keladigan muhit shakllanmagan edi. Ko’plar
ushbu qonunchilikning zarurligiga shubha bilan qarayotgan edilar. Hatto 1927
yilda qabul qilingan “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun ham
talab darajasidan ancha yiroq bo’lib, avval boshdan namuna sifatida qabul qilingan
hisobning britancha usulidan ko’p jihatlari bilan farq qilar edi. Unda buxgalterlarni
88
himoya qiladigan bitta ham band kiritilmagan edi. Universitet (kollej)da
buxgalteriyani o’rgangan yoki hech bo’lmaganda bir yillik amaliy tajribaga ega
bo’lgan har qanday kishi professional buxgalter sifatida ro’yxatdan o’tishi mumkin
edi.
XX asrning 20-30 yillarida buxgalterlar misoli bo’yicha o’z faoliyatini
legallashtirishni istovchi soliq agentlari soni oshib bordi. Buning uchun zarur
bo’lgan shart-sharoitlar soliqlar sezilarli darajada oshgan 2-jahon urushi davrida
shakllandi. Soliq islohotlari bilan bog’liq siyosatni muvaffaqiyatli amalga
oshirishni ta’minlash uchun Yaponiya milliy hukumati tomonidan 1942 yilda soliq
agentlari to’g’risida Qonun qabul qilindi.
Yaponiyaning 2-jahon urushidagi mag’lubiyatidan so’ng keyingi barcha
islohotlar okkupatsiya kuchlari Ittifoqi (GHQ)ning Bosh shtabi tomonidan amalga
oshirilgan okkupatsion siyosatning tarkibiy qismi sifatida o’tkazildi. Ushbu
siyosatning bosh yo’nalishlaridan biri dzaybatsu – yapon moliyaviy birlashmalarini
tarqatib yuborish bilan bog’liq iqtisodiy siyosat bo’ldi. Okkupatsiya kuchlari
qo’mondonligi qimmatli qog’ozlar bozorini demokratlashtirish va yapon
iqtisodiyotiga xorijiy kapitalni jalb etish uchun zaruriy sharoitlarni (shu jumladan,
huquqiy sharoitlarni) barpo etishni ta’minlashga harakat qildi.
1948 yilda qimmatli qog’ozlar va fond bozori to’g’risida Qonun qabul
qilindi. Bu qonun investorlar manfaatlarini himoya qilish uchun moliyaviy
hisobotda zaruriy ma’lumotlarning majburiy ochiqligini va uning mustaqil
auditorlar tomonidan tasdiqlanishini talab qildi. Bu qonun deyarli AQSh
qonunchiligining (1933 yilda AQShda qabul qilingan Qimmatli qog’ozlar bozori
to’g’risidagi Qonun va 1934 yilda qabul qilingan fond birjasi to’risidagi Qonun)
to’liq nusxasi bo’ldi.
Audit tizimini barpo etish bilan bog’liq muammolar paydo bo’ldi, chunki
Yaponiyada professional auditorlar mavjud emas edi, ro’yxatga olingan
buxgalterlarni esa okkupatsion kuchlar qo’mondonligi yangi qonunchilik
sharoitida ishlash uchun tayyor emas deb hisoblar edi. Natijada 1948 yilda
diplomga ega jamoat buxgalterlari (SRA) to’g’risida Qonun qabul qilindi.
89
Yangi qonun eng kamida uch yillik amaliy tajribaga ega bo’lgan ro’yxatga
olingan buxgalterlar uchun maxsus imtihon o’tkazishni ko’zda tutar edi. Ilgari
amal qilgan hisob tizimi bekor qilindi. Agar ilgari ko’plab buxgalterlar hech
qachon auditorlik jarayonlarini o’tkazishni sinab ko’rmagan bo’lsalar, endilikda
okkupatsion kuchlar qo’mondonligining sa’y-harakatlari bilan ular buni
o’rganishga shuningdek, G’arbda qabul qilingan buxgalteriya hisobi tamoyillarini
o’zlashtirishga majbur edilar.
Okkupatsiya kuchlari qo’mondonligi tomonidan o’tkazilayotgan iqtisodiy
islohotlar yapon soliq tizimiga ham tegishli bo’ldi. 1949 yilda Yaponiyaga
Kolumbiya Universiteti professori Karl S. Shoun boshchiligidagi ekspertlar guruhi
tashrif buyurdi. Ushbu guruh soliq tizimini isloh qilish bo’yicha tavsiyalar ishlab
chiqishi lozim edi. Shoun guruhi tomnidan taklif qilingan bevosita soliqlarga
qo’llaniladigan progressiv soliq tizimi Yaponiyada hozir ham amal qiladi. Bundan
tashqari Shoun tavsiyalarida soliq agentlarining past malakasi ko’rsatib o’tilgan
edi. Shu sababli urushdan keyingi soliq ma’muriyatida tez-tez anglashmovchiliklar
uchrab turdi. O’tkazilgan kengash natijasida soliq agentlarining faoliyati bilan
bog’liq eski tizim bekor qilindi. 1951 yilda esa “Diplomga ega jamoat soliq
buxgalterlari to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu qonun bugungi kunda ham
faoliyat ko’rsatmoqda.
Shunday qilib, murakkab yo’lni bosib o’tar ekan, yapon buxgalterlarining
ikki professional toifasi vujudga keldi. Ulardan birinchisi – diplomga ega jamoat
buxgalterlari – buxgalterlik va auditorlik vazifalarini bajaradilar, soliq
buxgalterlarini o’zida birlashtirgan ikkinchi toifa buxgalterlar soliq hisobi
masalalariga ixtisoslashganlar. Har ikkala professional guruh diplomga ega
buxgalter darajasini olishga da’vogar buxgalter uchun qattiq talablar qo’ygan va
o’z tashkilotlarini tuzganlar.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, moliyaviy axborotni ommaviy oshkor qilish
va Yaponiya iqtisodiyotining nodavlat sektorida mustaqil audit tizimi 2-jahon
urushining oxirigacha deyarli mavjud emas edi. Amalda butun Yaponiya
iqtisodiyoti dzaybatsular tomonidan nazorat qilinar edi va ular barham topgandan
90
keyin o’ziga xos vakuum hosil bo’ldiki, u qandaydir yo’l bilan to’ldirilishi lozim
edi. Urushdan keyingi Yaponiyada kompaniyalar ilgari AQSh yoki Buyuk
Britaniyadagiga nisbatan boshqacharoq asosda birlasha boshladilar. Dzaybatsular
tarqatib yuborilgandan keyin ko’plab kompaniyalar uchun zaruriy mablag’larni
olishning qulay yo’li fond bozori yordamida bevosita moliyalashtirish emas, balki
bank tomonidan bilvosita moliyalashtirish bo’ldi. Shunga muvofiq ravishda
urushdan keyingi Yaponiyada g’arb kompaniyalari (korporatsiyalari) uchun
xarakterli bo’lgan hisobning konsolidatsiyalashgan tizimi yaratilmadi va ko’p sonli
bo’limlarga ega bo’lgan aksariyat kompaniyalar o’z ishlarini eskichasiga davom
ettirdilar. Bunday operatsiyalarni hisobga olish daromadlarni ko’plab yashirish,
foydadan turli maqsadlarda foydalanish hamda firibgarlik holatlarini keltirib
chiqarar edi.
Ayni vaqtda diplomga ega kam sonli yapon buxgalterlari audit o’tkazish
bo’yicha qandaydir tajribaga ega edilar, xolos. Bunday holatning sababi yuqorida
keltirib o’tildi. Auditni amalga oshirish malakali kadrlar etishmovchiligi tufayli,
albatta cheklangan edi. Faqat fond birjasida ro’yxatga olingan korporatsiyalargina
auditorlik tekshiruviga tortilar va shu sababli aynan shu korporatsiyalar 1948
yildagi “Qimmatli qog’ozlar va fond bozori to’g’risida”gi Qonun qoidalari asosida
faoliyat ko’rsatar edi. Ayni vaqtda qator yirik korporatsiyalar mustaqil auditga jalb
etilmas, amalda barcha o’rta va unchalik katta bo’lmagan kompaniyalar faqat
Tijorat kodeksiga muvofiq faoliyat ko’rsatuvchi ichki audit bilan qamrab olingan
edi. Ko’plab ichki auditorlar butun umr bitta kompaniyada ishlagan, buxgalteriya
hisobi va nazorat uslubiyati sohasida etarli bilimga ega bo’lmagan hamda ular
ob’ektiv bo’lish uchun etarli mustaqillikka ega emas edi.
Shunday qilib, auditning isloh qilinmagan tizimi oqibatida Yaponiyada
korporativ nazorat XX asr 40 yillarining ikkinchi yarmiga qadar zaif va samarasiz
bo’ldi. Ishonchsiz buxgalteriya hisobi sharoitida bunday nazorat Yaponiya uchun
juda zarur bo’lgan xorijiy investitsiyalarning tezda paydo bo’lishini katta so’roq
ostida qoldirar edi. Va nihoyat, urushdan keyingi dastlabki yillarda Yaponiyada
91
auditorlik firmalari mutlaqo mavjud emas, kamdan-kam auditorlik tekshirishlari
esa alohida diplomga ega buxgalterlar tomonidan amalga oshirilar edi.
Albatta, ba’zan audit bir necha birlashgan auditorlar tomonidan o’tkazilgan
vaqtlar ham kuzatilar edi, ammo ko’plab kompaniyalar SRA sertifikatiga ega
alohida ekspert-buxgalterlar bilan hamkorlik to’g’risida bitimlar tuzar edilar. Bir
nafar auditor esa gap yirik korporatsiyalar haqida ketganda barcha zaruriy ishlarni
jismonan bajara olmas edi. Biroq u korporatsiya taklif etadigan juda yuqori ish
haqidan manfaatdor bo’lib, uni o’z hamkasabalari bilan bo’lishmas edi. Shunday
qilib, mustaqillikni yo’qotib qo’yish uchun shart-sharoitlar vujudga kela boshladi,
chunki alohida auditorlar o’zlarining korporativ mijozlarini juda qadrlar va har
qanday sharoitda ham ularni yo’qotib qo’ymaslikni istar edilar. Bundan tashqari
madaniy va mentalitet xarakteridagi muammolar tufayli yapon auditorlari uchun
mustaqillik juda muammoli masala hisoblanar edi.
Yaponiyada keng miqyosli auditni kiritgunga qadar ko’p vaqt o’tib ketdi. Bu
faqat 1957 yilga kelib amalga oshirildi. Unga qadar (1951-1957 yillar) yapon
auditorlari sinov va tajribalar yo’li bilan kasbni egallashga harakat qildilar.
Majburiy audit joriy etilgandan so’ng (u alohida tushunmovchiliklarsiz
amalga oshirildi. Unga olti yillik tajriba davri ijobiy ta’sir ko’rsatdi) audit yapon
erida mustahkam o’rnashadigandek bo’lib ko’ringan edi, ammo amaliyotda ko’p
yillar davomida hukm surgan yashirincha dividend olishning firibgarlik sxemalari
tag tomiri bilan bartaraf etilmadi. Kompaniyalar tomonidan haqiqiy axborotni
yashirish bo’yicha ko’plab dalillarga bo’lgan e’tibor vaqtincha zaiflashdi. Bunga
XX asr 60 yillari boshlariga qadar davom etgan iqtisodiy o’sish sabab bo’ldi.
1963 yilda yapon iqtisodiyotida inqiroz boshlandi. Bu esa ayniqsa, 1964-
1965 yillarda ko’plab korxonalarning bankrot bo’lishiga olib keldi. Aynan shu
davrda haqiqiy foyda miqdorini yashirish va ikki yoqlama hisob yuritish bilan
bog’liq kompaniya rahbarlarining noqonuniy harakatlari oshkor etildi. Alohida
faoliyat yuritgan mustaqil auditorlarning ko’pchiligi inqiroz davrida o’zlarini
yaxshi tomondan ko’rsatmadilar. Shu sababli kompaniyalarning bir kishi
92
tomonidan audit qilinishi ta’qiqlandi va 1967 yildan boshlab SRAlarni o’zida
birlashtiruvchi birinchi firmalar tashkil etila boshlandi.
Amaliy faoliyat yuritayotgan auditorlarning aksariyat qismini o’zida
birlashtirgan JICPA qayta tashkil etildi. Bundan tashqari, ichki audit ham o’zini
yaxshi tomondan ko’rsatmaganligi tufayli yapon korporatsiyalarida ichki audit
tizimini mustahkamlash bo’yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Afsuski, amalga
oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan yapon auditorlari yangi muammolarga
duch keldilar.
Birinchidan, JICPA maxsus korporatsiya maqomiga ega bo’ldi. Bu esa ko’p
jihatdan bankrotlikka uchragan kompaniyalar (Ayniqsa, Sanyo Special Steel
Co.ning bankrotlikka uchrashi ibratli bo’lib, u Yaponiya tarixidagi eng shov-shuvli
janjal sifatida qayd etiladi) atrofidagi janjallarga nisbatan javob reaktsiyasi edi. O’z
ishini vijdonan bajarmagan auditorlarga nisbatan ro’yxatga olishni bekor
qilishgacha bo’lgan ma’muriy sanktsiyalar joriy qilindi.
Hukumat faqat shu sanktsiyalar bilan cheklanib qolmadi. JICPAning o’z-
o’zini tozalash va yangilanish qobiliyatiga unchalik ishonch bildirmagan Moliya
vazirligi ushbu tashkilotga ta’sir o’tkazishning aniq dastaklariga ega bo’ldi.
JICPAga maxsus korporatsiya maqomining taqdim etilishi ushbu tashkiliy tuzilma
turining o’ziga xosligi bilan shartlangan qattiq hukumat nazoratini o’rnatishni
ko’zda tutar edi (Yaponiyada maxsus korporatsiyalar hukumat tomonidan strategik
maqsadlarni ko’zda tutgan holda tashkil etiladi va hukumat tomonidan qattiq
nazorat qilinadi).
Ikkinchidan, buxgalteriya hisobi tizimini isloh qilish sekin sur’atlarda
kechayotgan edi. Faqat 1974 yilga kelib SRA tomonidan o’tkazilayotgan audit
korporatsiyalarda ishonchli ichki nazoratni tashkil etishga bo’lgan ehtiyojlarning
o’sib borishiga javob sifatida Tijorat kodeksi tomonidan tan olindi. Hisob tizimi va
auditni isloh qilish yopiq eshiklar orqasida o’tkazilar va amaliy faoliyatda bo’lgan
mutaxassislarning jarayonga ta’siri hukumat rahbarlariga nisbatan sezilarli
darajada past edi.
93
Uchinchidan, har yili korporatsiyalar hisobida firibgarlikning yangidan-
yangi turlari oshkor etila boshlandi. Ayni vaqtda bunga mas’ul bo’lgan
buxgalterlar va auditorlar bunday operatsiyalardan osonlikcha qutulib qolar edilar,
ya’ni odatda noqonuniy operatsiyalar oddiygina bekor qilinar edi, xolos. Hisob
tizimida aks etgan firibgarlik sxemalari uchun mas’ul bo’lgan menejerlar ham hech
qanday jazoga tortilmas edi.
Bunday sharoitda 90 yillarning boshlarida yapon iqtisodiyoti kuchli
depressiyaga duch keldi. 1996 yilda uy-joy qurilishiga ssuda berishga
ixtisoslashgan ko’plab korxonalar inqirozga yuz tutdi, 1997 yilda xuddi shunday
holat qator qurilish kompaniyalari bilan ham yuz berdi. Keyinchalik 1998 yilda
Hanwa bankining inqirozi va Yaponiya uzoq muddatli kreditlash bankining
bankrotlikka uchrashi yuz berdi. Shunisi e’tiborga molikki, ushbu holatlarning
barchasida auditorlarning xulosalari ijobiy xarakterga ega edi. Albatta,
korporatsiyalarning birin-ketin moliyaviy inqirozga uchrashlari natijasida
auditorlar mutlaqo asoslangan tanqidlarning kuchli alangasi ostida qoldilar.
Shunday qilib, AQShning yirik energetika kompaniyasi hisoblangan Enronning
bankrotlikka uchrashi Yaponiyada tushunish hissi bilan qabul qilindi. Negaki,
Yaponiyaning o’zi 90-yillarning ikkinchi yarmida xuddi shunday, ammo yirik
miqyosdagi bankrotliklarni o’z boshidan kechirgan edi.
Mustaqil auditorlik nazoratining zaiflashuvi ko’p jihatdan Yaponiya Moliya
vazirligining siyosati bilan bog’liq bo’lib, u JICPAni to’liq o’ziga bo’ysundirib
olgan edi. JICPA rahbariyatining ko’plab a’zolari Moliya vazirligining sobiq
mas’ul ishlovchilari bo’lib, ular formal mustaqil yapon auditorlari faoliyatiga
sezilarli ta’sir ko’rsatar edilar. Auditorlar bankrotlikka uchragan kompaniyalar
uchun ijobiy xulosalarni Moliya vazirligi tomonidan o’tkazilgan yuqori bosim
natijasida berganliklari ma’lum bo’ldi. Aynan shuning uchun ham potentsial
bankrot uchun ijobiy xulosalar bergan auditorlar hech qanday jazoga tortilmadilar,
Boshqacha bo’lishi mumkin ham emas edi, chunki aks holat Yaponiya Moliya
vazirligining o’zini o’zi ommaga oshkor qilishi bilan barobar edi.
94
Albatta Yaponiyada yuz bergan iqtisodiy inqiroz sabablarini faqat hisob va
audit muammolari bilan izohlab bo’lmaydi. Ammo shunga qaramasdan bu omilni
inqirozga olib kelgan asosiy omillardan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Yapon
korporatsiyalarida mustaqil audit va ichki nazorat tizimining iqtisodiy rivojlanish
darajasiga, shuningdek, bozor talablariga muvofiq kelmasligi inqirozni sezilarli
darajada chuqurlashtirdi. Mo’tadil hisob va audit tizimi sharoitida balki
inqirozning oldini olib bo’lmas, ammo uni yumshatish mumkin edi.
Garchi 1999 yildan keyin Yaponiyada CPA tomonidan o’tkaziladigan audit
sifatini oshirish bo’yicha qator chora-tadbirlar tizimi amalga oshirilgan bo’lsa-da
(auditorlarni muntazam ravishda majburiy o’qitish tizimi va JICPA tomonidan
doimiy tarzda auditor firmalar ishini tekshirishning joriy etilishi), ko’plab
mutaxassislar
yuzaga kelgan holatning tubdan yaxshilanishiga shubha
bildirmoqdalar. Afsuski, Yaponiya Moliya vazirligining auditga ta’siri sezilarli
darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa auditorlar va audit firmalari mustaqilligiga
ziyon etkazadi. Bundan tashqari, yapon korporativ madaniyati va menejmentining
o’ziga xosligi to’laqonli ichki auditni, masalan, AQShdagi ko’rinishda joriy etishni
muammoga aylantiradi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Yaponiyada buxgalteriya hisobi va auditning g’arb
modellarini joriy etishga qaratilgan urinishlar to’la amalga oshmadi. Xususan,
hisob va audit amaliyotini rivojlantirish va takomillashtirish kafolati bo’lib xizmat
qiladigan buxgalterlar va auditorlarning mustaqil professional tashkiloti tuzilmadi
(Amalda to’liq Yaponiya Moliya vazirligiga bo’ysunadigan JICPAdan tashqari).
Ichki audit yapon korporatsiyalarida yashovchan bo’lmadi, bu esa korporativ
nazorat samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Ko’rinib turibdiki, bunday
nomuvofiqlik noqulay holatlarga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: |