61-modda. Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi (OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi modda matni)
(1-q.)
Soliq toʻlovchilarning xoʻjalik faoliyati boʻyicha jami moliyaviy natijasini hisobga
olgan holda foyda soligʻini (bundan buyon matnda soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan
guruhi boʻyicha foyda soligʻi deb yuritiladi) hisoblab chiqarish va toʻlash maqsadida, ushbu
Kodeksda nazarda tutilgan tartib hamda shartlarda tegishli shartnoma asosidagi ixtiyoriy
birlashmasi soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi deb eʼtirof etiladi.
(2-q.)
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisida tuzilgan
amaldagi shartnomaning tarafi boʻlgan va ushbu Kodeksda bunday guruh ishtirokchilari uchun
nazarda tutilgan barcha shartlarni qanoatlantiradigan yuridik shaxs soliq toʻlovchilarning
konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi deb eʼtirof etiladi.
(3-q.)
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi
shartnomaga muvofiq zimmasiga soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha
foyda soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash majburiyati yuklatilgan ishtirokchi soliq toʻlovchilar
konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi deb eʼtirof etiladi.
(4-q.)
Koʻrsatilgan soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashga oid huquqiy munosabatlarda,
foyda soligʻini toʻlovchilar kabi, soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul
ishtirokchisi shunday huquqlarni amalga oshiradi va majburiyatlarni zimmasiga oladi.
(5-q.)
Ushbu Kodeksga va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligiga muvofiq
tuzilgan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi
shartnoma soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi masʼul ishtirokchisining vakolatlarini
tasdiqlovchi hujjatdir.