JK 15-moddasi 2-qismiga muvofiq,
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan
muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan
jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh
yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo
nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Jinoyatlarning boshqa turlariga qaraganda ushbu turkum jinoyatlar
qolgan uch turkum jinoyatlariga nisbatan kamroq ahamiyat kasb etadi.
Shunisi xarakterliki, jamiyat uchun unchalik katta xavf tug‘dirmaydigan
qilmishlarga ma’muriy preyuditsiya mavjud bo‘lgan hollarda
javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir
etiladigan jinoyatlar kiradi, ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs bir yil
davomida yana shunga o‘xshash huquqbuzarlikni sodir etsa, jinoiy
javobgarlikka tortiladi.
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyatlar nazarda tutilgan
moddalar sanksiya qismida ozodlikdan mahrum qilish jazosi bo‘lmasligi
mumkin (masalan, JK 140- yoki 192-moddalari). Ijtimoiy xavfi katta
bo‘lmagan jinoyatlar aks etgan moddalarning aksarida ozodlikdan mahrum
qilish jazosi nazarda tutilmagan (faqatgina ayrim ixtisoslashgan yoki o‘ta
ixtisoslashgan jinoyatlarda bu jazo qo‘llaniladi). Bu turdagi jinoyatlarga
quyidagi qasddan sodir qilinadigan JK 139-, 140-, 145-, 149-moddalari va
boshqalar, shuningdek, 280-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan
ehtiyotsizlikdan sodir qilinadigan jinoyatlar kiradi.
Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda
uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan
mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek,
ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga
ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi