IX BOB. TAMOM BO‘LMAGAN JINOYATLAR
1-§. Jinoyat sodir etish bosqichlari tushunchasi,
turlari va ahamiyati
Jinoyat ijtimoiy xavfli qilmish sifatida jinoyatchining u yoki bu qasdi
muayyan vaqt (jinoiy niyatning paydo bo‘lishidan boshlab toki uni to‘liq
amalga oshirish va jinoiy maqsadga erishgunga qadar bo‘lgan davr)
oralig‘ida amalga oshiriladigan jarayon sifatida tushunilib, qisqa vaqt
davomida ro‘y berishi ham, uzoq vaqtga cho‘zilishi ham mumkin. Shu
bois, qonun chiqaruvchi qasddan sodir etiladigan jinoyatlarni amalga
oshirish jarayonini shartli ravishda muayyan bosqichlarga ajratadi, ular o‘z
navbatida, tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmagan jinoyatlardan iborat.
NOTA BENE !
Jinoyat sodir etish bosqichlari
jinoyat huquqi tomonidan qasddan
jinoyat sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish va bevosita bajarish bosqichlari
(jinoiy faoliyatning rivojlanish bosqichlari) sifatida tushunilib, jinoyatga
tayyorgarlik ko‘rishdan boshlanib, jinoiy oqibatlar kelib chiqishida
tamomlanadi.
Bu bosqichlar uchta: 1) jinoyat sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish
bosqichi; 2) jinoyat tarkibi obyektiv tomonini bajarish; 3) jinoyatning
tamom bo‘lishi va ijtimoiy xavfli oqibatlarning kelib chiqishi. Ular bir-
biridan aybli harakatlarning xususiyati va mazmuniga ko‘ra, shuningdek,
jinoiy qilmishning tamomlanganlik darajasiga ko‘ra farq qiladi.
Jinoyat qonuni jinoyat sodir etish bosqichi sifatida qasdning
shakllanishi va aniqlanishini bosqich sifatida tan olmaydi. Qasdning ayon
bo‘lishi jinoyat qonuni maqsadlariga ijtimoiy xavf solmaydi, chunki bunda
qonun muhofazasi ostidagi obyektlarga ijtimoiy xavf solinmaydi, shaxs
ham biron-bir muayyan harakat sodir etmaydi. Jinoiy qasdning
shakllanishi jarayoni, jinoyatni amalga oshirishning usullari, uning eng
263
samarali bajarish uslublarining tanlanishi faqat shaxsning niyati va
fikrlarini tavsiflab, ular hattoki jinoiy bo‘lgan taqdirda ham, javobgarlik
kelib chiqmaydi.
Qasd shakllanishi jazoga loyiq emasligi, xalqaro va konstitutsiyaviy
fikr va tafakkur erkinligi tamoyiliga asoslanadi. Xalqaro jinoyat
huquqining umumbashariy tamoyili quyidagicha yangraydi: «Cogitations
poenam nemo patitur» («Fikr jazoga sazovor emas»).
Ayni vaqtda, o‘z-o‘zidan ijtimoiy xavfli bo‘lgan hamda
jabrlanuvchining huquq va manfaatlariga real tarzda xavf tug‘dirayotgan
qasdning ayon bo‘lishi, qonun chiqaruvchi tomonidan alohida jinoyat deb
topilishi mumkin. Masalan, qasdning ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish
bilan qo‘rqitish (hatto so‘z orqali ham) kabi ko‘rinishi: o‘ldirish yoki
zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish (JK 112-moddasi) yoxud
tovlamachilikdagi qo‘rqitish (JK 165-moddasi) va hokazolar jinoyat
qonunida tamom bo‘lgan mustaqil jinoyat hisoblanadi. Qoida tariqasida,
bu tahdidning maqsadi – jabrlanuvchiga ruhiy zo‘ravonlik qilib, o‘z
manfaatlari yo‘lida tegishli xatti-harakatlarni amalga oshirishga zo‘rlash
bo‘lib, aynan shunda uning ijtimoiy xavfi namoyon bo‘ladi.
Xuddi shunday qasdning shakllanishini jinoyatni sodir etishda
dalolatchilik qilish, shuningdek, tuhmat (JK 139-moddasi), haqorat (JK
140-moddasi), targ‘ib qilish (JK 150-moddasi), da’vat qilish (JK 159-
moddasi 1-qismi) va boshqa shu ko‘rinishdagi «og‘zaki» deb
nomlanadigan jinoyatlardan farqlash lozim, zero, ularning har biri o‘z
obyektiga
–
shaxsning sha’ni, qadr-qimmatining daxlsizligini,
insoniyatning tinchligi va xavfsizligini, O‘zbekiston Respublikasi
konstitutsiyaviy tuzumi xavfsizligini va normal faoliyatini muhofaza
qiluvchi ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tajovuz qiladi.
Tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd kabi jinoiy xulq-atvor bosqichlari
tamom bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kiradi, biroq jinoyatlarning barcha
tarkiblarida ham bo‘lavermaydi.
264
|